6 – AMALIY MASHG‘ULOT
VALLARNING LOYIHA VA TEKSHIRUV HISOBI
Ishdan maqsad: Vallar va o’qlar haqida umumiy tushunchaga ega bo’lish, vallarni hissoblashni o’rganish, vallarning mustahkamlaigini hisoblashning aniqlashtirilgan usuli bilan tanishish, vallarning bikirligini hisoblash bilan tanishish, vallarning vibrabardoshligini hisoblashni o’rganish, vallar va o’qlarni sanoatda ishlatilishi haqida umumiy ma’lumotga ega bo’lish.
Nazariy ma’lumot
Vallar va o’qlar – tishli g’ildirak, shkiv va shu kabi aylanuvchi qismlarni o’rnatish uchun ishlatiladigan asosiy detallar. Ko’pincha ular silindrik sterjenga o’xshash bo’ladi. Tuzilishi jixatidan olganda o’q bilan valning deyarli hech qanday farqi bo’lmaydi. Lekin bajaradigan vazifasiga qarab, ular bir-biridan katta farq qiladi. O’qlarning asosiy vazifasi detallarning mo’ljaldagi joyda aylanishiga sharoit yaratib berishdir. Bunda o’qning o’zi detal bilan birga aylanishi ham, aylanmasligi ham mumkin. Masalan, temir yo’l vagonlarining g’ildiraklari o’q bilan birga aylanadi (6.1 – rasm.), yuk ko’taruvchi mashinalar tarkibidagi blok o’qlari esa qo’zg’almas bo’ladi.
6.1 – rasm. Temir yo’l vagonlarining g’ildiraklari
Vallarning vazifasi undagi detallarning aylanishini ta’minlash bilan birga, burovchi moment uzatishdan ham iborat.
Demak, o’q bilan valning tuzilishi, ko’pincha bir xil bo’lsada, ishlash sharoiti har xil: o’q faqat eguvchi kuchlanish ta’sirida, val esa eguvchi kuchlanish bilan bir vaqtda burovchi momentdan hosil bo’ladigan kuchlanish ta’sirida ishlaydi.
Ayrim hollarda o’qlar bilan vallar tuzilishi jixatidan ham farq qiladi. O’qlar doim to’g’ri bo’lgani holda vallar tirsakli (ichki yonuv dvigatellarida) yoki egiluvchan (Tish davolashda ishlatiladigan mashinalarda) qilib tayyorlanadi. Val va o’qlarning tayanchlarga mo’ljallangan qismi sapfa deyiladi. Val yoki o’qning ichida joylashgan sapfa ship deb, o’rtasida joylashgani bo’yin deb ataladi. Agar val yoki o’qning sapfasi ularning uzunligiga tik tekislikda joylashgan bo’lsa, bunday sapfa tovon deyiladi. (6.2 – rasm). Qaysi shakldagi ship yoki tovon ishlatilishi valning ishlash sharoitiga bog’liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |