Dekadentlik (Fransuzcha decadent – tushkunlik so’zidan) yoki Modernizm (Fransuzcha moderne – zamonaviy so’zidan) – XIX asrning oxirida Fransiyadagi burjua adabiyotida paydo bo’lgan oqim.
Modernizmning vujudga kelishiga Shopengauyer va Nitsshening irratsional falsafasi, Bergson intuitivizmi, E.Gusselning fenomenologiyasi, Freyd va Yung psixoanalizi, Xaydegger, keyinroq Sartr va Kamyu ekzistensializmi, Frankfurt maktabi ijtimoiy falsafasi g’oyalari asos bo’lib xizmat qildi. Modernizm ma’lum ijtimoiy davr mahsuli edi, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida jamiyat hayotida yuz bergan ijtimoiy va ma’naviy tushkunlik (bu dekadentlik atamasi bilan nomlanadi) adabiyot va san’atga o’z ta’sirini ko’rsatdi. Modernizmning paydo bo’lishi bir tomondan jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarga norozilik ifodasi edi, zero ular ijtimoiy o’zgarishlar, inqilob-u to’natrishlar bilan insonni baxtli qilib bo’lmasligini anglab yetdilar; modernizm oqimining g’oyaviy asosini tashkil qiluvchi falsafa insonning ijtimoiy tomoniga emas, ruhi, qalbiga asosiy e’tiborni qaratdilar.
Modernizmga tushkunlik mafkurasini ifodalovchi hodisa sifatida salbiy baho berib kelindi. Biroq uning buyuk namoyondalari bu fikrning biryoqlamaligi, adolatsizligini isbotladilar. Frans Kafka, Jeyms Joys, Alber Kamyu asarlarida chirigan jamiyatning inson shaxsiga ta’siri, uni mahv etishi o’zining yorqin ifodasini topsa-da, insonga, uning kelajagiga ishonch tuyg’usi ham ufirib turadi. Modernistlik ijod mahsullarida fojiaviy taqdirga mahkum inson fojiaviylik zamirida ham baxtga intiladi, najot axtaradi.
Detektiv adabiyot (lotincha detectio – ochish so’zidan) – burjua sarguzasht adabiyotining bir turi. Bu adabiyot ayg’oqchilarning murakkab sarguzashtlarini hikoya qiluvchi romanlar, povestlar va hikoyalardan iboratdir.
Didaktik poeziya (yunoncha didacticos – ibratli so’zidan) – kitobxonning osongina eslab qolishini nazarda tutib, ilmiy va axloqiy qoidalarni, pedagogic fikr va nasihatlarni she’riy formada bayon etgan asarlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |