Nerv tizimi haqidagi ilm (neurologia)
Bel chigali Bel chigali (plexus lumbalis)
Download 0.54 Mb.
|
AXMEDOV A.G’.Odam anatomiyasi 4
- Bu sahifa navigatsiya:
- (r. femoralis)
- (r. anterior)
- (rr. muscularis)
- (rr. cutanei cruris medialis)
Bel chigali
Bel chigali (plexus lumbalis) yuqorigi uchta bel ( LI-III), shuningdek qisman XII ko‘krak (ThXII) va IV bel (LIV) orqa miya nervlarining oldingi shoxlaridan hosil bo‘ladi. Bel chigali bel umurtqalarining ko‘ndalang o‘simtalarini old tomonida, belning kvadrat mushagining oldingi yuzasida, katta bel mushagining orqasida joylashadi. Uning shoxlari katta bel mushagining chekkalaridan yoki uni teshib chiqib, qorin devoriga, oyoqqa va tashqi tanosil a’zolarga yo‘naladi. Bel chigalidan quyidagi shoxlar chiqadi: 1. Mushak shoxlari (rr. muscularis) ko‘p sonli bo‘lib, belning kvadrat mushagi, katta va kichik bel va belning ko‘ndalang o‘simtalararo mushaklarni innervatsiya qiladi. 2.Yonbosh-qorin osti nervi (n. iliohypogastricus) belning kvadrat mushagining oldingi yuzasidan chiqib, tashqi tomonga qovurg‘a osti nerviga paralel yo‘naladi. Qorinning ko‘ndalang mushagini teshib o‘tib, u bilan qorinning ichki qiyshiq mushagi o‘rtasida qorin to‘g‘ri mushagiga yo‘naladi. Bu nerv qorinning yon guruh va to‘gri mushagini, shuningdek oldingi teri shoxi (r. cutaneus anterior) qorinning oldingi devorini pastki qismi terisini innervatsiya qiladi. Uning lateral teri shoxi (r. cutaneus lateralis) dumbaning ustki lateral yuzasi va sonning lateral yuqori sohasi terisini innervatsiya qiladi. 3.Yonbosh-chov nervi (n. ilioinguinalis) yuqoridagi nervga paralel yo‘naladi. Bu nerv qorinning ko‘ndalang va ichki qiyshiq mushaklari o‘rtasidan o‘tib, qorinning yon guruh mushaklarini innervatsiya qiladi va chov kanaliga kiradi. Chov kanalining tashqi teshigidan chiqqach chov va qov sohasi, erlik olati ildizi, yorg‘oq (ayollarda katta uyatli lablar) terisini innervatsiya qiladi. 4.Tanosil-son nervi (n. genito-femoralis) katta bel mushagini teshib o‘tib ikki: tanosil va son shoxlariga bo‘linadi. Tanosil shoxi (r. genitalis) chov kanaliga kirib erkaklarda moyakni ko‘taruvchi mushakni, moyakning go‘shtdor pardasini va terisini, hamda sonning medial yuzasi terisini innervatsiya qiladi. Ayollarda bachadonning yumaloq boylamini, katta uyatli lablar terisini, shuningdek son kanali tashqi teshigi sohasi terisini innervatsiya qiladi. Son shoxi (r. femoralis) tomirli lakunadan o‘tgach, son uchburchagi sohasi terisini innervatsiya qiladi. 5.Sonning lateral teri nervi, (n. cutaneus femoris lateralis) katta bel mushagining lateral chekkasidan chiqib, yonbosh mushagining oldingi yuzasida pastga va tashqariga yo‘naladi. Chov boylamining lateral qismi ostidan songa o‘tadi va sonning lateral yuzasi terisini tizza bo‘g‘imigacha innervatsiya qiladi. 6.Yopqich nerv (n. obturatorius) katta bel mushagining medial chekkasidan pastga yo‘nalib kichik chanoq bo‘shlig‘iga tushadi. O‘z nomidagi arteriya va vena bilan birga yopqich kanal orqali o‘tib sonning yaqinlashtiruvchi mushaklari o‘rtasiga chiqadi. Yopqich nerv bu yerda ikki shoxga bo‘linadi. Oldingi shox (r. anterior) taroqsimon, qisqa va uzun yaqinlashtiruvchi mushaklarni va sonning medial yuzasi terisini innervatsiya qiladi. Orqa shox (r. posterior) qisqa yaqinlashtiruvchi mushakni orqasidan yo‘nalib, tashqi yopqich, katta yaqinlashtiruvchi mushaklarini va chanoq-son bo‘g‘imi xaltasini innervatsiya qiladi. 7.Son nervi (n. femoralis) bel chigalining eng katta shoxi. U katta bel va yonbosh mushaklarining o‘rtasidagi egat bo‘ylab yo‘nalib, mushakli lakuna orqali son uchburchagiga chiqadi. Chov boylamidan biroz pastroqda son nervi quyidagi shoxlarga bo‘linadi: a) mushak shoxlari (rr. muscularis) tikuvchilar, taroqsimon va sonning to‘rt boshli mushaklarini innervatsiya qiladi; b) oldingi teri shoxlari (rr. cutanei anterior) 3-5 ta bo‘lib, sonning oldingi medial yuzasi terisini innervatsiya qiladi; d) yashirin nerv (n. saphenus) son arteriyasi bilan yaqinlashtiruvchi kanalga kirib, uning oldingi teshigi orqali chiqadi. So‘ngra tikuvchilar mushagi payi ostidan o‘tib, son suyagi ichki do‘ngsimon o‘simtasi orqasidan pastga yo‘nalib sonning serbar fastsiyasini teshib o‘tadi. Tizza bo‘g‘imi sohasida tizza bo‘g‘imi ichki yuzasi, tizza qopqog‘i, boldirning yuqori qismi oldingi yuzasi terisini innervatsiya qiluvchi tizza qopqog‘i osti shoxini (r. infrapatellaris) beradi. Yashirin nerv boldirda katta yashirin venaning yonidan yo‘nalib, boldirning oldingi medial yuzasi terisini innervatsiya qiluvchi shoxlarni (rr. cutanei cruris medialis) beradi. Oyoq panjasida esa yashirin nerv uning medial chekkasi terisini to bosh barmoqgacha innervatsiya qiladi. Download 0.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling