Nerv tizimi haqidagi ilm (neurologia)


-rasm. Ko‘ruv yo‘lining chizmasi


Download 0.54 Mb.
bet35/39
Sana28.12.2022
Hajmi0.54 Mb.
#1011476
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   39
Bog'liq
AXMEDOV A.G’.Odam anatomiyasi 4

151-rasm. Ko‘ruv yo‘lining chizmasi.
1-ko‘rish maydoni; 2-to‘r parda; 3-ko‘ruv nervi; 4-kiprikli tugun; 5-ko‘ruv reflektor yo‘lining V-neyroni; 6-ko‘ruv trakti; 7-o‘rta miyaning o‘zaklari; 8-yostiqcha va lateral tizzasimon tana; 9-ko‘ruv yo‘lining IV neyroni; 10-ko‘ruv markazi.

kesishmasini (chiasma opticum) hosil qiladi. Kesishmada o‘ng va chap ko‘zning to‘r pardasini ichki yarmidan kelayotgan tolalar ishtirok etadilar. Ko‘zning to‘r pardasini tashqi (chakka) qismidan kelayotgan tolalar esa o‘z tomonida qoladi va kesishmada ishtirok etmaydi. Shuning uchun ko‘ruv nervi kesishmasidan keyin hosil bo‘lgan ko‘ruv trakti tarkibida o‘z tomonidagi ko‘zning tashqi qismi tolalari va qarama-qarshi tomonidagi ko‘zning ichki qismi tolalari bo‘ladi. Ko‘ruv trakti po‘stloq osti ko‘ruv markazlari bo‘lgan tashqi tizzasimon tana va ko‘ruv bo‘rtig‘i yostiqchasida tugaydi. Po‘stloq osti ko‘ruv markazi hujayralari aksonlaridan hosil bo‘lgan to‘rtinchi neyron ichki kapsulaning orqa oyoqchalari orqali o‘tib, bosh miya ensa bo‘lagining medial yuzasida pix egati (sulcus calcarinus) sohasi po‘stlog‘ida joylashgan ko‘ruv markazida tugaydi. To‘r pardaga tushgan tasvir 0,05 sek davomida ko‘ruv markaziga yetib boradi. Ko‘ruv analizatorining po‘stloq osti markazlari va ko‘ruv trakti bir tomonlama jarohatlansa ko‘rish faoliyati shu tomondagi ko‘zning tashqi qismida, qarama-qarshi tomondagi ko‘zning ichki qismida yo‘qoladi. Agarda ko‘ruv kesishmasi sohasida jarohatlansa ikkala ko‘zning ichki qismlarini ko‘rish faoliyati yo‘qoladi. Ko‘ruv nervi sohasida jarohatlanish ro‘y bersa shu tomondagi ko‘z to‘liq ko‘rmay qoladi.


Ko‘ruv reflektor yo‘li olti neyrondan iborat. Bu yo‘lning birinchi neyroni tayoqchalar va kolbachalar, ikkinchi neyroni bipolyar hujayralar, uchunchi neyroni ganglioz hujayralar. Ganglioz hujayralarning aksonlari ko‘ruv nervi tarkibida to‘rt tepalikni ustki tepachalarida tugaydi. To‘rt tepalik hujayralaridan boshlangan to‘rtinchi neyron tolalari silviy suv yo‘li ostida kesishib Yakubovich o‘zagida tugaydi. Bu o‘zak hujayralari beshinchi neyronni hosil qiladi: uning tolalari ko‘zni harakatlantiruvchi nerv tarkibida ko‘z kosasida joylashgan kiprikli tugunda tugaydi. Bu tugun hujayralari oltinchi neyronni hosil qilib, uning tolalari qorachiqni toraytiruvchi mushak va kiprikli mushaklarda tugaydi. Bu yo‘l qorachiqni yorug‘likka to‘g‘ri va hamkor reaktsiyasini ta’minlaydi. Bu yo‘lning buzilishi qorachiqni kengayishiga olib keladi.

Dahliz-chig‘anoq (eshituv va muvozanat) a’zosi


Dahliz-chig‘anoq a’zosi (organum vestibulocochleare) tuzilishi va faoliyati jihatidan bir-biri bilan bog‘langan uch qism: tashqi, o‘rta va ichki quloqdan iborat. Tashqi quloqqa quloq suprasi va tashqi eshituv yo‘li; o‘rta quloqqa nog‘ora bo‘shlig‘i, so‘rg‘ichsimon katakchalar va eshituv nayi kiradi. Ancha murakkab tuzilishga ega ichki quloq suyak va parda labirintdan iborat bo‘lib, u eshituv (chig‘anoq) va muvozanat (dahliz va yarimdoira kanallar) qismlariga bo‘linadi. Tashqi va o‘rta quloq vazifasiga ko‘ra eshituv a’zosiga tegishli.

Dahliz-chig‘anoq a’zosining taraqqiyoti


Dahliz-chig‘anoq a’zosi homila taraqqiyotida juda erta paydo bo‘ladi. Parda labirintning kurtagi homila hayotining 3 haftasida nerv plastinkasining yon tomonida ektodermaning kengaymasi shaklida vujudga keladi. 4-haftada ektoderma plastinkasi bukilib eshituv chuqurchasini hosil qiladi. U esa eshituv pufagiga aylanib ektodermadan ajraydi va 6-haftada ichkariga botadi. Murakkab takomillashuv yo‘li bilan pufakchadan uchta yarimdoira kanallar, bachadoncha va qopcha hosil bo‘ladi. Homila hayotining 3 oyida parda labirint asosan hosil bo‘lgan bo‘lib, ovoz qabul qiluvchi apparat - kortiev a’zo esa hosil bo‘la boshlaydi. Oltinchi oyda esa uning tuzilishi murakkablashadi. Parda labirint taraqqiyoti bilan birga uni atrofida mezenxima to‘planib keyin tog‘ayga aylanadi. Tog‘ay va parda labirint o‘rtasida suyuqlik bilan to‘lgan perilimfa bo‘shlig‘i hosil bo‘ladi. Keyinchalik tog‘ay kapsula suyakka aylanadi. Ichki quloq taraqqiyoti bilan bir vaqtda tovush o‘tkazuvchi apparat (o‘rta quloq) ham hosil bo‘ladi. Birinchi vistseral ravoqning distal qismidan nog‘ora bo‘shlig‘i va eshituv nayi hosil bo‘ladi. Eshituv suyakchalari I-II vistseral ravoqlarning tog‘ay qismidan rivojlanadi. Quloq suprasi esa ektoderma egati atrofida joylashgan mezenxima orolchalaridan rivojlanadi.
Tashqi quloq
Tashqi quloq (auris externa) quloq suprasi va tashqi eshituv yo‘lidan iborat. Quloq suprasi (auricula) elastik tog‘ay moddasidan (cartilago auriculare) tuzilgan bo‘lib, usti teri bilan qoplangan, murakkab shaklga ega. Uning pastki qismida tog‘ay o‘rnida yog‘ to‘qimasi bo‘lgan yumshoq qismi (lobulus auriculae) bor. Quloq suprasi tog‘ayining erkin qirrasi buralib burma (helix ) hosil qiladi. Uning oldingi qismi tashqi eshituv yo‘li ustida burma oyoqchasi (crus helix) bo‘lib tugaydi. Burmadan ichkariroqda unga paralel yo‘nalishda qarshi burma (antihelix) yotadi. Ularning o‘rtasida qayiqsimon chuqurcha (scapha) bor. Tashqi eshituv yo‘lining oldida supacha (tragus) joylashgan. Qarshi burmaning pastki qismida supachaga qarama-qarshi qarshi supacha (antitragus) joylashgan. Orqa tomondan qarshi burma, old tomondan supachaning o‘rtasida tashqi eshituv yo‘liga davom etuvchi botiqlik - chig‘anoq chuquri (cavum conhae) bor.
Tashqi eshituv yo‘li (meatus acusticus externus) gorizontal sathda joylashib «S» shaklida bo‘ladi. Uning tashqi tomoni ochiq bo‘lib, ichkarida nog‘ora parda vositasida o‘rta quloqdan ajralib turadi. Tashqi eshituv yo‘lining o‘rtacha uzunligi 35 mm, kengligi boshlanish sohasida 9 mm, tog‘ay qismini suyak qismiga o‘tish joyidagi tor qismida 6 mm. Tashqi eshituv yo‘lining tog‘ay qismi quloq suprasining davomi bo‘lib, uning uzunligini 1/3 qismini tashkil qiladi. Uning suyak qismi esa 2/3 qismini tashkil qilib, chakka suyagi piramidasi ichida joylashgan. Tashqi eshituv yo‘li teri bilan qoplangan bo‘lib, u yupqalashib nog‘ora pardaga o‘tib ketadi. Eshituv yo‘lining tog‘ay qismi terisida alohida turdagi oltingugurtga boy modda ishlab chiqaruvchi tseruminoz bezlar (glandulae ceruminosae) bor.
Nog‘ora parda (membrana tympani) oval shaklidagi o‘lchamlari 11x9 mm bo‘lgan yupqa plastinkadan iborat. U tashqi eshituv yo‘lining oxirida chakka suyagi nog‘ora qismi egatida joylashib, tashqi eshituv yo‘lini nog‘ora bo‘shlig‘idan ajratib turadi. Uning pastki keng tarang qismi (pars tensa) va ustki 2 mm kenglikdagi chakka suyagining palla qismiga tegib turgan bo‘sh qismi (pars flacida) tafovut qilinadi. Nog‘ora pardaning o‘rtasida bolg‘achaning dastasi birikishidan hosil bo‘lgan botiqlik nog‘ora parda kindigi (umbo membrana tympani) bor. Nog‘ora parda tashqi eshituv yo‘li pastki devoriga nisbatan 45-55o hosil qilib qiya joylashadi. Nog‘ora pardaning tarang qismida fibroz qavat bo‘lib, u tashqi tomondan teri, ichki tomondan shilliq parda bilan qoplangan. Bo‘sh qismida esa fibroz qavat bo‘lmay, faqat teri va shilliq pardadan iborat.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq quloq suprasi tog‘ayi yumshoq, uni qoplagan teri yupqa bo‘ladi. U aylana shaklida bo‘lib, balandligi 34 mm bo‘ladi. Quloq suprasining bo‘lakchasi uncha katta emas. Quloq suprasi bola hayotining birinchi ikki yilida va 10 yoshdan keyin eniga nisbatan bo‘yiga o‘sadi.Tashqi eshituv yo‘li yangi tug‘ilgan chaqaloqda tor va uzun (15 mm), qiya joylashgan. Uning devorini halqasidan boshqa qismi tog‘aydan iborat. Uni qoplagan teri yupqa va nozik. Bir yoshda tashqi eshituv yo‘lining uzunligi 20 mm bo‘lsa, 5 yoshda 22 mm bo‘ladi. Nog‘ora parda yangi tug‘ilgan chaqaloqda nisbatan katta, uning balandligi 9 mm, kengligi 8 mm bo‘ladi. Nog‘ora parda uch yoshgacha gorizontal holatga yaqin eshituv yo‘li ustki devoriga 1700 burchak hosil qilib joylashadi. Tashqi eshituv yo‘lining shakli va o‘lchamlari o‘zgarishi natijasida nog‘ora pardaning joylashish burchagi 1400 ga kamayadi. Yosh bolada nog‘ora pardaning rangi to‘q kulrang bo‘lib, kattalarga nisbatan birmuncha qalin bo‘ladi.
O‘rta quloq
O‘rta quloq (auris media) tarkibiga nog‘ora bo‘shlig‘i va eshituv (Evstaxiy) nayi kiradi. Nog‘ora bo‘shlig‘i (cavum tympani) chakka suyagi piramidasi ichida joylashgan, ichi shilliq parda bilan qoplangan, hajmi 1 sm3 ga teng havo bilan to‘la bo‘shliq. Uning oltita devori tafovut qilinadi: 1.Yuqorgi devori (paries tegmentalis) nog‘ora bo‘shlig‘ini kalla bo‘shlig‘idan ajratib turuvchi yupqa suyak plastinkadan (tegmen tympani) iborat. 2.Pastki bo‘yinturuq venasiga qaragan devori (paries jugularis) bo‘yinturuq chuqurchasi sohasiga to‘g‘ri keladi. 3.Medial labirintga qaragan devori (paries labyrinthicus) nog‘ora bo‘shlig‘ini suyak labirintdan ajratib turadi. Bu devor o‘rtasida nog‘ora bo‘shlig‘iga turtib chiqqan do‘ng (promontorium) bor. Undan yuqoriroq va biroz orqaroqda dahlizga olib boruvchi oval teshik - dahliz oynasi (fenestra vestibuli) joylashgan bo‘lib, uni uzangi asosi berkitib turadi. Do‘ngdan orqada va pastroqda yumaloq teshik - chig‘anoq oynasi (fenestra cochleae) bor. U nog‘ora bo‘shlig‘ini nog‘ora narvonidan ajratib turuvchi ikkilamchi nog‘ora parda (membrana tympani secundaria) bilan qoplangan. 4.Orqa so‘rg‘ichsimon devorni (paries mastoideus) pastki qismida piramida tepaligi (eminentia pyramidalis) bo‘lib, uning ichidan uzangi mushagi (m.stapedius) boshlanadi. Orqa devorning yuqori qismida nog‘ora bo‘shlig‘i so‘rg‘ichsimon g‘orga (antrum mastoideum) davom etadi. 5. Oldingi devor (paries caroticus) nog‘ora bo‘shlig‘ini ichki uyqu arteriyasi kanalidan ajratib turadi. Bu devorning yuqori qismida eshituv nayini ichki teshigi bor. 6.Lateral devorni (paries membranaceus) nog‘ora parda va chakka suyagining uni o‘ragan qismi hosil qiladi.
Nog‘ora bo‘shlig‘ida 3 eshituv suyakchalari, boylamlar va mushaklar joylashgan. Eshituv suyakchalari (ossicula auditus) (152-rasm) mayda suyakchalar bo‘lib, o‘zaro birikib, nog‘ora pardadan oval teshikkacha tortilgan suyaklar zanjirini hosil qiladi.
Bolg‘achada (malleus) boshcha (caput mallei), dasta (manubrum mallei) tashqi va oldingi o‘simtalari (processus lateralis et anterior) tafovut qilinadi.
Sandonchada (uncus) bolg‘achaning boshi bilan bo‘g‘im hosil qiladigan bo‘g‘im yuzasi bo‘lgan tanasi (corpus incidus) va ikkita: qisqa va uzun oyoqchalari (crus breve et longum) tafovut qilinadi. Uchi kengaygan uzun oyoqchasini yasmiqsimon o‘simta (processus lenticularis) deyilib, u uzangining boshchasi bilan birlashadi.
Uzangida (stapes) boshcha (caput stapedis), oldingi va orqa oyoqchalar (crus anterior et crus posterior) bor bo‘lib, ular uzangi asosi (basis stapedis) vositasida birikkadi. Uzangining asosi oval teshikka uning aylanma boylami (lig. annullare stapedis) vositasida mustahkamlanadi. Bolg‘achaning dastasi nog‘ora pardaga birikadi. Uning boshchasi bilan sandonchaning bo‘g‘im yuzasi o‘rtasida sandoncha-bolg‘acha bo‘g‘imi (art. incudomalleoris), sandonchaning yasmiqsimon o‘simtasi bilan uzangini boshchasi o‘rtasida art. incudostapedia hosil bo‘ladi. Suyakchalar o‘rtasidagi bo‘g‘im juda mayda boylamlar bilan mustahkamlanib, nog‘ora pardaning tebranishini oval teshikka o‘tkazib beruvchi suyaklar zanjirini hosil qiladi. Suyaklar harakatini ikkita: nog‘ora pardani taranglovchi mushak (m. tensor tympani) va uzangi mushagi (m. stapedis) boshqarib turadi.
Eshituv nayining (tuba auditiva) o‘rtacha uzunligi 35 mm, kengligi 2 mm. U halqumdan nog‘ora bo‘shlig‘iga havo o‘tishini va nog‘ora bo‘shlig‘i bosimini tashqi bosim bilan bir xil turishini ta’minlaydi. Eshituv nayi suyak (pars ossea tubae auditivae) va tog‘ay (pars cartilaginea tubae auditivae) qismlardan iborat.




Download 0.54 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling