Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti musiqa madaniyati fakulteti
Download 0.67 Mb.
|
BMI TURGUNOVA YAYRA (2)
Chormaqom ijrochilik maktabi. XIII asrga qadar maqomlar soni aniq belgilanmagan. Keyinchalik o`n ikki maqom tizimi ishlab chiqilgan. Uning negizida har xil milliy va mintaqaviy maqom turlari va turkumlari vujudga kelgan bo`lib, bular o`zbek va tojiklarda maqom, turkman va uyg`urlarda muqom, ozarbayjon va armanlar, Eron xalqlarida mug`om yoki dastgoh, turklarda makam, arab xalqlarida maqam shaklida aytiladi.
O`zbek mumtoz musiqasida Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg`ona va Toshkent maqom yo`llari mavjud. Ko`p asrlardan buyon Buxoro va Xorazmda aytib kelingan yirik musiqa asari - “Shashmaqom” (olti maqom) tarkibiga Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlari kiradi. Bu maqomlarning har biri uch qism – Mushkulot (Xorazmda “Mansur” deb ataladi), Nasr (Xorazmda “Manzum”) va Ufordan iborat. Mushkulot – maqomning instrumental cholg`u qismi bo`lib, bunga tasnif, tarji, gardun, muxammas, saqillar kiradi. Nasr maqomning matn qismi bo`lib, sarahbor, talqin, nasrlarni o`z ichiga oladi. Ufor esa maqomning raqs qismi bo`lib, ansambl jo`rligida umumiy xor bilan ijro qilinadi. Maqom shu qism bilan tugaydi. Maqomning bu uch qismidagi nomlar olti maqomning hammasida uchraydi. Odatda Shashmaqom yo`llari doirasiz ijro qilinmaydi. Maqom va uning shoxobchalari doira zarblari bilan bir tekis aytiladi. Maqom ijro etuvchi hofizlar doirani ustalik bilan chertib, ashulalariga jo`r qilib boradilar. Har bir maqomning mushkulot qismi “Tasnif” bilan boshlanib, “Saqil” bilan tamomlanadi. Nasr qismi esa “Sarahbor” bilan boshlanib, “Siporish” bilan tugaydi. Maqomning nasr qismida ko`p taronalar aytiladi. Tarona maqomda bir kuydan ikkinchisiga o`tish uchun “bog`lovchi qism” hisoblanadi. Nihoyat, maqomning oxirgi qismi “Ufor” boshlanadi. Ufor cholg`u ansambli jo`rligida ashula va raqs bilan ijro etiladi. Uzoq yillardan buyon ijro etib kelinayotgan Shashmaqomning nasr qismida aytiladigan she`rlar asosan ishqiy-lirik g`azallardir. Bu she`rlar XIV-XVII asrlarda yashab ijod qilgan Sa`diy, Hofiz, Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy, Jomiy, Bobur, Hiloliy singari o`zbek-tojik va fors shoirlari tomonidan yozilgan. Maqomlardagi bu lirik she`rlarning ayrimlari vaqt o`tib yangilari bilan almashgan. Xususan, Muqimiy va Furqat g`azallari asosida ham maqomlar ijro etilgan. Shashmaqom Buxoro va Xorazmda keng tarqalgan bo`lsa, Toshkent va Farg`ona vodiysida kam ijro etilgan. Mazkur viloyatlarda ko`proq Chormaqom keng urf bo`lgan. Chormaqomga Dugoh Husayn, Chorgoh, Bayot va Gulyori shahnoz kiradi. Chormaqom kuylari Shashmaqomga nisbatan qisqa bo`lib, unda Shashmaqomning mushkuloti yo`q. Shashmaqomning ikkinchi nasri, ya`ni vokal qismi yirik ashula va taronalardan iborat bo`lgani holda, Chormaqom faqat to`rt yoki besh bo`lakdan iborat, xolos. Bulardan Gulyori shahnoz besh qismli, Gulyor, Shahnoz, Chapandoz, Ushshoq, Ufordan iborat. “Dugoh Husayn”, “Chorgoh” va “Bayot”ning ikkinchi qismi “Savta” deb yuritiladi, qolganlariga nom berilmagan. Ular maqomning asosiy qismiga qo`shilib yuritiladi. Masalan, Chorgoh-1, Chorgoh-2, Chorgoh-3 va hokazo. Chormaqomni Toshkent va Farg`onada faqat professional maqomchilargina emas, havaskor ashulachilar ham ijro etadilar. O`zbek milliy maqom san`ati darg`alariga to`xtaladigan bo`lsak, ulardan biri “Shashmaqom” taronalarini, Buxoro xalq ashulalarini zo`r mahorat bilan ijro etgan Domla Halim Ibodovdir. U 1878 yilda Buxoro shahrida olacha to`quvchi kosib oilasida tug`ilgan. 10 yoshidan boshlab doira chertib, xalq qo`shiqlarini ijro eta boshlagan. Dastlab Sharifxon ustozdan, keyin Ota Jalol, Ota G`iyos kabi atoqli san`atkorlardan ta`lim olgan. Buxoro Shashmaqomi yo`llaridan asosan Savtlar (Qashqarchai Mug`ulchai Segoh, Savti Sarvinoz, Iroq, Mug`ulchai Dugoh, Nasrulloyi, Qashqarcha, Ushshoq va boshqalarni baland (katta) avjlar bilan kuylagan. Maqom san’ati tarixini o‘rganishda O‘rta asrlar (XIII - XVII) Sharq olamida mashhur bo‘lgan O‘n ikki maqom tizimi muhim o‘rin tutadi. Chunki, mutaxassislarning fikricha, bizga qadar yetib kelgan maqomot turlari (Shashmaqom, Xopazm maqomlari, Farg‘ona - Toshkent maqom yo‘llari) aynan shu O‘n ikki maqom asosida shakllangan ekan. Shuni aytish kerakki, O‘n ikki maqom tizimining bizning diyorimizda uzil-kesil qaror topishi va uning ilk mumtoz ko‘rinishi Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. Mazkur maqomlarning buyuk davlat saroy musiqasidan munosib o‘rin olishida bobomiz Amir Temurning xizmatlari katta bo‘lgan. Zero, Hazrat Sohibqironning bevosita sa’y-harakatlari ila bu murakkab san’at ilmining bilimdon ustozlari turli mamlakatlardan bizning diyorimizga keltirilgan edi. Muarrix ibn Arabshohning «Temur tarixida taqdir ajoyibotlari» kitobida ta’kidlanishicha, Samarqandga keltirilganlar qatorida mashhur musiqachi va musiqa ilmida ustoz Abdulqodir al-Marog‘iy va uning o‘g‘li Safiuddin, kuyovi Nasriyn, Qutb al-Mousilin, Ardasher al-Changiy va boshqalar bo‘lgan. Muhimi, bu ustozlarning ilmiy-amaliy faoliyat ko‘rsatishlari uchun saroyda zarur shart-sharoit yaratib berilgan edi. Shu asnoda tovushpardalarining musiqa amaliyoti uchun zarur bo‘lgan eng mukammal uyushmalari aniqlanib, shulardan «maqom» nomini olgan 12 tasi oliy navli deb topilgan. Bu maqomlar quyidagicha xususiy nomlarga ega: Ushshoq, Navo, Busalik, Rost, Husayniy, Hijoz, Rohaviy, Zangula, Iroq, Isfahon, Kuchak (Zirafkand), Buzruk. 101 Shuni aytish kerakki, O‘n ikki maqom tartibida musulmonlarning ulug‘ haj safariga ham ishoralar mavjud bo‘lgan. Bunda, ayniqsa, «Hijoz» va «Iroq» maqomlarining nomlari serma’no tushunilgan. Hijoz — muqaddas Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara shaharlari joylashgan sarhadni anglatsa, Iroq — ma’lum mamlakat nomiga nisbat beriladi. Ma’lumki, o‘tmishda muqaddas Hijoz manziliga yetishmoq yo‘lida Iroq cho‘llaridan o‘tilgan. Shularni nazarda tutgan holda «Hijoz» va «Iroq» nomlari ulug‘ haj safariga tashbeh etilgan. Bunga quyidagi she’riy misralar ham misol bo‘lishi mumkin: Gar Sifohonda Navo topmasang, ey yori Buzurg, Qilg‘asan, azmi Iroq, aylab ohangi Hijoz. (Hofiz Xorazmiy) Ey Navoiy, sen dog‘i qilsang tama’ sayri Hijoz, Qil Iroq ohangi, tark aylab Xuroson men kebi. (Alisher Navoiy) Shunday qilib, aytish mumkinki, O‘n ikki maqom tizimi doirasida yuksak insoniy tuyg‘ular, ustuvor ijtimoiy g‘oyalar tarannum etilgan edi. O‘n ikki maqom an’analari temuriylar davrida va undan keyingi asrlarda ham ijodiy davom ettirilib, jumladan, XVIII — XIX asrlarda «Shashmaqom», «Xorazm maqomlari» va «Farg‘ona — Toshkent maqom yo‘llari» kabi maqomotning yangi turlari qaror topishida muhim asos bo‘lib xizmat qildi. 1920-yilda Buxoroda musiqa maktabi tashkil etilgach, eng mohir sozanda va xonandalar qatorida bu maktabga domla Halim Ibodov ham taklif qilinadi. U yoshlarni o`zining ashula aytish san`ati bilan tanishtiradi. 1928 yilda Samarqandda tashkil qilingan musiqa xoreografiya ilmiy-tekshirish institutida o`qituvchi bo`lib ishlaydi. Keyinchalik Buxorolik mashhur tanburchi Abdurahmon Umarov bilan O`zbekiston radiosiga ishga o`tadi. 1937 yilda Moskvada o`tkazilgan o`zbek adabiyoti va san`ati dekadasida qatnashib, ovoz diapozonining kengligi bilan Moskva tomoshabinlarini, ayniqsa “markaz”dagi taniqli ashulachilarni hayratda qoldiradi. Domla Halim Ibodov ovozining o`tkirligi va yoqimliligi, ayniqsa, kuylash usuli bilan tinglovchilarni o`ziga maftun etardi. Mohir san`atkor umrining oxirgi kunlariga qadar ham (1940 -yil 10- mayda vafot etgan) katta avj ashulalarni hech qiynalmasdan ijro etgan. U ko`p shogirdlar tayyorladi. Shonazar Sohibov, Fazliddin Shahobov ijro mahorati bilan ustozlari an`analarini davom ettirishgan. Toshkentlik hofiz Mulla To`ychi Toshmuhammmedov esa 1866- yilda bo`zchi oilasida tug`ilgan. 15 yoshida musiqaga qiziqib, turli to`y va marosimlarda ijro etiladigan kuy va ashulalarni zavq bilan tinglab, ularni asta-sekin o`rganib, hofizlarga qo`shilib ayta boshlagan. 30 yoshga kirganda o`sha davrning mashhur hofizlari – Muhammad Umar, Abduqahhor va Nazarxondan ashula aytish yo`llarini o`rganadi. Tez orada uning nomi butun O`zbekistonda taniladi. 1904-1907 yillarda o`zbek xalqining kuy, ashula va maqomlari grammafon plastinkasiga yoziladi. To`ychi hofiz ijrosida yozib olingan Chormaqomning “Dugoh Husayn”, “Chorgoh”, va “Bayot” qismlari va boshqa ashulalar tinglovchilar orasida katta shuhrat qozonadi. To`ychi hofiz 1924 yilda O`zbekiston san`atkorlari bilan butunittifoq qishloq xo`jaligi ko`rgazmasida, 1937 yilda Moskvada o`tkazilgan O`zbekiston adabiyoti va san`ati dekadasida qatnashib, mahoratini namoyish etadi. Xizmatlari hisobga olinib, O`zbekiston xalq artisti unvoni berilgan. Umrining oxirgi 16 yilini O`zbekiston radiosida o`zbek milliy ashulachilik san`atini targ`ib qilish bilan o`tkazgan. Shorahim Umarov, Nurmuhammad Toshmuhammedov, Abduqodir Nazarov, Ortiqxo`ja Imomxo`jaev, Turg`un Karimov To`ychi hofiz tarbiyasida etishib chiqqan xassos hofizlardir. O`zbek xalq ashulalari va Shashmaqomni ijro etishda Hoji Abdulaziz Abdurasulov alohida o`rin tutadi. Hofiz 1854 yilda Samarqandning Ko`kmasjid mahallasida kosib oilasida tug`ilgan. 13 yoshida ota-onasidan ajralib, etim qolgan Hoji Abdulaziz tog`asi qo`lida tarbiyalandi. U maktabdan tashqari vaqtlarida ko`pincha dutor chalishni o`rganar edi. 16 yoshidayoq yaxshi dutorchi bo`lib tanildi. So`ngra tanburga havas qo`ydi, unga tanbur chertishda tengi yo`q hamshahri Hoji Rahimqul ustozlik qildi. Hoji Abdulaziz ustozi orqali Shashmaqom kuylari bilan tanishib, har ikkala sozda mukammal chertishni o`rganadi. So`ng ashulalar ham ijro eta boshlaydi. Xonandaning ingichka va nafis tovushi tinglovchilarga xush yoqardi. Maqom yo`llarini ijro qilganda ham dutordan ustalik bilan foydalanardi. Hoji Abdulaziz o`zbek milliy san`atini chet ellarda ham namoyish etdi. Bombey, Hijoz, shuningdek, Misr va Gresiyaning bir qancha shaharlarida gastrolda bo`ldi. Keksayib qolganiga qaramay, musiqa to`garaklariga rahbarlik qilib, yoshlarga soz chalish va ashula aytish sirlarini o`rgatdi. Mashhur san`atkor Yunus Rajabiy maqomning Samarqand yo`llarini Hoji Abdulazizdan o`rgangan. 1926 yilda unga xalq hofizi unvoni berildi. 82 yil umr ko`rgan taniqli san`atkor 1936 yil 9 yanvarda vafot etdi. Elda “Levicha hofiz” nomi bilan tanilgan Levi Boboxonov 1873 yilda Buxoroda tavallud topgan bo`lib, maqom yo`llarini tanbur va doira jo`rovozligida o`ziga xos uslubda mahorat bilan ijro etgan. Levicha hofiz 1900 yildan boshlab Buxoro amiri saroyida xizmat qilgan. 1921-1923 yillarda Buxoro Sharq musiqa maktabida dars bergan. So`ng Samarqandga ko`chib kelgan. Uning ijodini Mushe Boboxonov va nevarasi Ali Boboxonov davom ettirgan. Biz uchun eng ahamiyatlisi, ko`hna maqom san`ati bugun o`zining barkamol badiiy-estetik ahamiyatini tiklab, zamonaviy musiqa jarayonining ajralmas qismi sifatida beqiyos ijodiy, ijroviy va ilmiy salohiyatini namoyon etayotir. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbek milliy maqom san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida Shahrisabzda o`tkaziladigan xalqaro maqom san`ati anjumani esa ko`hna va boqiy maqom san`atini yanada taraqqiy qildirish, yosh avlodni tarbiyalashda uning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish, maqom san`atining xalqaro nufuzini oshirish va keng targ`ib qilish, ma`naviy hayotimizdagi ahamiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Download 0.67 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling