Mashg‘ulot yakunlovchi qismining vazifalari va mazmuni. Mashg‘ulotning o‘yindan so‘nggi yakunlovchi qismi tobora sekinlashadigan intensiv sur’atdagi yurishni o‘z ichiga oladi. U umumiy qo‘zg‘aluvchanlikning pasayishiga va pulsning normallashishiga yordam beradi; yurish jarayonida bolalar bir necha nafas olish mashqlarini bajarishlari mumkin. Ba’zi hollarda yurish barcha bolalar ishtirokidagi kam harakatli o‘yin bilan almashtirilishi mumkin.Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari jarayonida bolalarda harakat ko‘nikmalarining rivojlanishi bilan bir vaqtda tezkorlik, chaqqonlik, chidamlilik, egiluvchanlik, kuch kabi jismoniy sifatlar tarbiyalanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida an’anaviy usuldagi jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini tashkil etish (turli yosh guruhlari uchun namunaviy mashg‘ulot).
1-mashg‘ulot mavzusi: “Quvnoq qadamchalar”.
Mashg‘ulotning maqsadi: tizimli asosda mashg‘ulotlarni tashkil etish orqali bolalarda harakat ko‘nikmalarini rivojlantirish, to‘g‘ri va ketma-ket yurishga o‘rgatish, egiluvchanlik kabi jismoniy sifatlarni tarbiyalash.
Jihozlar: 2 ta gimnastika skameykasi (balandligi 30-35 sm), 8-10 ta kubiklar (balandligi 6 sm), yarim guruhga yetarli (diametri 10-12 smli) to‘plar.
I qism. Bir qatorga saflanish, gavda holati va to‘g‘ri saflanishni tekshirish; bir qator bo‘lib qayta saflanish, bir qator bo‘lib oyoq uchida (tizzani bukmasdan) qo‘llarni belga qo‘yib yurish, bir qator bo‘lib saflanish.
II q i s m. Umumrivojlantiruvchi mashqlar.
1. D.h.: oyoqni oyoq yuzi kengligida ochib parallel qo‘yish, qo‘llar belda. 1-qo‘llarni yon tomonga uzatish; 2-qo‘llarni yuqoriga ko‘tarib, oyoq uchida ko‘tarilish; 3-qo‘llarni yon tomonga tushirish; 4-dastlabki holatga qaytish (4 marta).
2.D.h.: oyoqlar yelka kengligida, qo‘llar bosh orqasida. 1-gavdani o‘ngga burib, qo‘llarni yon tomonga ko‘tarish; 2-dastlabki holatga qaytish. Xuddi shuning o‘zi chap tomonga burilib bajariladi (4 marta).
3. D.h.: oyoqlar yelka kengligida, qo‘llar yonda. 1-qo‘llarni yon tomonga uzatish, 2-o‘ng (chap) oyoqqa tomon engashish, qo‘l barmoqlarini oyoqlarning uchiga tekkazish; 3-rostlanib, qo‘llarni yon tomon uzatish; 4-dastlabki holatga qaytish (4 marta).
4. D.h.: asosiy tik turish, qo‘llar belda. 1-2-cho‘qqayib, qo‘llarni oldinga uzatish; 3-4-dastlabki holatga qaytish (4 marta).
5. D.h.: asosiy tik turish, qo‘llar yonda. 1-o‘ng oyoqni yonga qo‘yib, qo‘llarni yon tomonga uzatish; 2-o‘ng qo‘lni yonga tushirish, chap qo‘lni yuqoriga ko‘tarish; 3- qo‘llarni yon tomonlarga uzatish; o‘ng oyoqni o‘z joyiga qo‘yish, dastlabki holatga qaytish. Xuddi shuning o‘zi chap oyoqda bajariladi (4 marta).
6. D.h.: asosiy tik turish, qo‘llar belda. 1-sakrab oyoqlarni kerib qo‘yish, qo‘llarni yon tomonga uzatish; 2-dastlabki holatga qaytish. 1-8 sanog‘ida 3-4 marta takrorlash. O‘rtacha sur’atda tarbiyachining sanog‘i yoki kuy jo‘rligida bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |