Ekstralingvistika. Tilshunoslikning etnik, ijtimoiy-tarixiy, geografik va boshqa omillarni tilning taraqqiyoti hamda vazifasi bilan bog‘liq hodisalar sifatida o‘rganuvchi tarmog‘i.
Etnolingvistika. Makrolingvistikaning til bilan xalq o‘rtasidagi munosabatlarni, til faoliyati va taraqqiyotida lingvistik hamda etnik omillarning o‘zaro ta’sirini o‘rganuvchi tarmog‘i.
Evfemizm (grek. euphemismos < eu – yaxshi + phemi – gapiraman). Narsa, voqeya-hodisalarni yumshoq ifodasi; qo‘pol, beodab so‘zlar va tabu o‘rnida qo‘llanuvchi so‘z hamda iboralar. Masalan, o‘ldi so‘z o‘rnida vafot etdi, ko‘z yumdi, joni uzildi kabi so‘z va iboralarni qo‘llash.
Fleksiya (lot. flexio – egish, burish; o‘zgarish). Bir necha grammatik ma’noni bir yo‘la ifodalaydigan shakl yasovchi morfema.
Flektiv til. Grammatik ma’nolar fleksiya yo‘li bilan ifodalanadigan til. Flektiv tillarga hind-evropa va hom-som oilalariga mansub tillar kiradi.
Fonema varianti. Fonemaning nutqda yondosh tovushlar ta’sirida paydo bo‘ladigan ko‘rinishi. Masalan, v fonemasining lab-lab (ov, yayov, ovloq so‘zlaridagi) va lab-tish (vagon, va’da, vafo, visol so‘zlaridagi) variantlari.
Fonema. So‘z va morfemalarni shakllantiradigan hamda ularning ma’nolarini farqlash uchun xizmat qiluvchi, boshqa mayda bo‘laklarga bo‘linmaydigan ehg kichik tovush birligi.
Fonetik hodisalar. Nutq jarayonida yuz beradigan kombinator va pozitsion o‘zgarishlar.
Fonetik tamoyil. So‘z, asos va qo‘shimchalarni eshtilishiga muvofiq yozish. Masalan, burun, shahar so‘zlariga egalik qo‘shimchalari qo‘shilganda, ikkinchi bo‘gindagi unlilarni tushib qolishi: burnim, shahrim, shahrimiz kabi yozilishi.
Fonetika (yun. phonetike – tovushga oid < phone – tovush). Tilshunoslikning nutq tovushlari va tovush vositalarini o‘rganuvchi sohasi.
Fonologiya. Tilshunoslikning nutq tovushlarini so‘z va morfemalarning tovush qobig‘ini farqlovchi vosita sifatida o‘rganuvchi sohasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |