ko’rinadiki, demak, xulosa qilganimizda, shuni alohida ta’kidlash kerakki, yuqoridagilarga asoslanib aytish mumkinki, boshqacha qilib aytganda, xullas singari so’z va birikmalar mavjud. Xuddi ana shu til birliklari bir abzas ichida ham fikrlarni bir-biriga bog’lashga, izchillikka xizmat qilishi mumkin. Misol: Demak, adabiyot nazariyasi adabiy jarayonning tarixiy taraqqiyoti qonuniyatlari, adabiy-badiiy tafakkur va uning muhim sohalari, chunonchi, obraz va obrazlilik, xarakter va tip, adabiy metodlar va janrlar, badiiy nutq uslub rang-barangligi…kabi qator masalalarni atroflicha o’rganishga yordam beradi. Bugina emas. Adabiyot nazariyasi adabiyotning ijtimoiy ahamiyati, ya’ni jamiyat hayotida o’ynagan, o’ynayotgan va o’ynashi kerak bo’lgan roli, unga obyekt bo’lgan narsalarning sosial mohiyati haqidagi, shuningdek, badiiy asarlarni tahlil qilish metodikasi va prinsiplari haqidagi fan hisoblanadi (J.Hojimatov). - Tushuncha mantiqiyligi alohida olingan matnda fikriy ketma-ketlik, mantiqiy izchillik bo’lishini taqozo qiladi. Ammo bu talabni nutqiy jarayonning hamma ko’rinishlarida ham o’rtaga qo’yib bo’lmaydi. Masalan, vazifaviy uslublarda, xususan ilmiy va badiiy nutq uslublarida bu talabga qanday amal qilinishini olib ko’raylik. Ilmiy uslubda yozilgan asarlar yaxlit bir qurilishga ega. Unda kirish, asosiy qism va xulosa mavjud bo’lib, ular yagona bir halqaga birlashadi. Matnda bayon qilinayotgan fikrlar qat’iy izchillikda bayon qilinadi. Badiiy nutq qurilishi esa biroz boshqacha. Aytaylik, fikrlar bir maromda bayon etib kelinadiyu, birdaniga uzilish yuz beradi va endi boshqa voqyealar hikoya qilinib ketiladi. Bu narsa go’yo mantiqiy izchillikka putur yetkazganday ko’rinsa-da, aslida unday emas. Badiiy asarlarda, xususan, qissa, roman kabi janrlardagi keng ko’lamlilik tasvir kompozisiyasini ana shunday tuzishni taqozo qiladi. Mantiqqa putur yetmaganligi bunday asarlarning oxirida ma’lum bo’ladi.
- Badiiy asarlarning qurilishidagina emas, balki alohida olingan so’zlar o’rtasidagi logik-grammatik munosabatda ham izchillik buzilganday bo’lishi mumkin: qayg’uli quvonch, ojiz jasorat, totli azob, buyuk ahmoqlik kabi. Birikma tarkibidagi ma’nosi zid so’zlarning har birining ma’nosi saqlab qolingan holda yangi bir matniy ma’no kelib chiqadi va ular badiiy san’atlar doirasida oksyumoron deb ataladi.
- Xulosa qilganimizda, mantiqiy nutq deganda yaxlit bir tizim asosida shakllangan, fikrlar rivoji izchil bo’lgan, har bir so’z, ibora aniq, maqsadga muvofiq ravishda yuzaga keladigan nutqni tushunamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |