O. M. Mirtazaev epidemiologiyadan amaliy mashg
Epidemik jarayonning rivojlanish mexanizmi
Download 1.27 Mb.
|
эпид китоб лотин
Epidemik jarayonning rivojlanish mexanizmi
Epidemik jarayonning rivojlanish mexanizmi, ya’ni o’zgaruvchan ijtimoiy va tabiiy muhitda xo’jayin va parazitlar populyatsiyasi munosabatlarining rivojlanishi uchta nazariya asosida: yuqish mexanizmi, kasallikning tabiiy o’choklilik va epidemik jarayonning o’z-o’zini boshqarishi to’g’risidagi nazariyalar asosida o’rganiladi. Infeksiyaning yuqish mexanizmi - bu kasallik qo’zg’atuvchilarning evolyutsiya jarayonida yuzaga kelgan bir organizmdan ikkinchi organizmga o’ta olishi va shu bilan qo’zg’atuvchining tur sifatida saqlanib qolishini ta’minlovchi xususiyatlaridir. Shuning uchun zoonoz kasalliklarda "kasallikning yuqish mexanizmi" degan tushunchani kasallik chaqiruvchilarning hayvonlar orasida aylanib yurish jarayonigagina qo’llash to’g’ri bo’ladi. Bunday hollarda kasallik qo’zg’atuvchilarning aylanib yurish jarayoniga odamlar ham kirib qolganda kasallikning yuqish mexanizmi to’g’risida gapiriladi. Yuqish mexanizmining 3 davri tafovut qilinadi: a) Qo’zg’atuvchining zararlangan organizmdan ajralib chiqishi. b) Qo’zg’atuvchining tashqi muhitda bo’lish davri. v) Qo’zg’atuvchining sog’lom organizmga kirish davri. Bu davrlarning birinchi va ikkinchisida yuqtirish omillari kasallikning bir organizmdan ikkinchisiga o’tishida ishtirok etadigan tashqi muhit elementlari hisoblanadi. Evolyutsiya jarayonida ba’zi kasallik qo’zg’atuvchilari ma’lum o’tkazish omillariga moslashishgan. Bu omillar ular uchun maxsus muhit hisoblanadi. Yuqish mexanizmining birinchi davrida kasallik qo’zg’atuvchilari tushib qolgan tashqi muhit elementlari birlamchi omil hisoblanadi. Kasallik qo’zg’atuvchilarini navbatdagi organizmga o’tkazuvchi omil yakunlovchi omil hisoblanadi. Agar yuqish mexanizmida ishtirok etuvchi birlamchi omil qo’zg’atuvchini oxirigacha etkaza olmasa, u holda birlamchi va yakunlovchi omil o’rtasida oraliq omil ham ishtirok etadi. Epidemik jarayonning ma’lum hollarida kasallik qo’zg’atuvchilarining bir organizmdan ikkinchi organizmga o’tishini ta’minlovchi tashqi muhit elementlari yoki ularning yig’indisi yuqish yo’lini belgilaydi. Yuqish mexanizmi va kasallik qo’zg’atuvchilarining odam organizmida asosiy joylanishi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. L.V.Gromashevskiy barcha yuqumli kasalliklarni kasallik qo’zg’atuvchilarining odam organizmida joylashgan asosiy o’rniga va yuqish mexanizmiga binoan 4 guruhga bo’lgan. Yuqori nafas yo’llari shilliq qavatida joylashgan kasallik qo’zg’atuvchilarining yuqish mexanizmini "havo-tomchi" orqali yuqish mexanizmi deb ataladi. Haqiqatda esa odam organizmining turli organlarida joylashgan kasallik qo’zg’atuvchilari aerozolning uchala fazalari: tomchi, yadrocha va chang orqali ham o’tishi mumkin. Kasallik qo’zg’atuvchilari yuqish mexanizmining birinchi bosqichida gaplashish, nafas chiqarish, yo’talish va aksirish jarayonida tashqi muhitga havoga ajralib chiqadi. Yuqish mexanizmining ikkinchi bosqichi aerozolning tomchi, tomchi-yadrocha va chang fazalari orqali amalga oshadi. Kasallik qo’zg’atuvchilarining yangi sog’lom organizmga o’tishi nafas olish jarayonida yuz beradi. Yuqish mexanizmining fekal-oral turida kasallik qo’zg’atuvchilarning tashqi muhitga ajralib chiqishi (1-bosqich) defekatsiya akti bilan bog’liq bo’ladi. Kasallik qo’zg’atuvchilarining yangi sog’lom organizmga tushishi (3-bosqich) infeksiya bilan zararlangan ovqat yoki suvni is’temol qilganda ro’y beradi. Birlamchi omillar bemorning yoki bakteriya tashuvchisining ifloslangan qo’li, uy-ro’zg’or buyumlari bo’lishi mumkin. Asosiy yakunlovchi omillar bo’lib suv, oziq-ovqat mahsulotlari, yosh bolalar qo’li va uy-ro’zg’or buyumlari hisoblanadi. Oraliq omillar bo’lib pashshalar, ifloslangan qo’l, tuproq hisoblanadi. Yuqish mexanizmining bu turida yuqish suv orqali, oziq-ovqat mahsulotlari orqali amalga oshadi. Kasallik qo’zg’atuvchilarining qonda joylashishini yuqish mexanizmining transmissiv turi belgilaydi. Bu yerda birinchi bosqich qon so’ruvchi hashoratlarning odamni chaqishida, bemor qonini so’rishida amalga oshadi. Bu hashoratlar organizmida kasallik ko’zg’atuvchilarining maxsus ko’payish, rivojlanish jarayoni o’tadi (2-bosqich). Kasallik qo’zg’atuvchilarining teri va tashqi shilliq qavatida joylashishida ba’zan qo’zgatuvchilar bemor kishidan sog’lom kishiga to’g’ridan-to’g’ri yuqadi (tanosil kasalliklar). Bunday holda yuqish mexanizmi (kontakt) bevosita muloqot orqali yuqish deb ataladi. Hozirgi vaqtda vertikal yuqish mexanizmi mavjud bo’lib, bunda kasallik qo’zg’atuvchilari onadan tug’ilayotgan bolaga yo’ldosh orqali yuqadi. Zoonoz yuqumli kasalliklarda epidemik jarayonning qanday rivojlanishini o’rganish uchun kasalliklarning tabiiy o’choqlilik to’g’risidagi nazariyasini bilish kerak bo’ladi. E. N. Pavlovskiyning ushbu nazariyasi hayvonlar orasida aylanib yurgan kasallik qo’zg’atuvchilari odamlar organizmiga o’tib qolganda epidemik jarayon qanday rivojlanishini ochib beradi. Kasallikning tabiiy o’chog’i - areali kasallik qo’zg’atuvchilar uchun haqiqiy xo’jayin organizm hisoblangan hayvonlar arealiga to’g’ri keladi. Kasallikning tabiiy o’chog’i deb yirtqich hayvonlar, kemiruvchilar orasida kasallik ko’zg’atuvchilari yashashi uchun ma’lum shart-sharoitlar mavjud bo’lgan er kurrasining ayrim hududlariga aytiladi. Kasallikning tabiiy o’chog’i bilan bir qatorda sinantrop va antropurgik o’choqlar ham mavjud. Sinantrop kasallik o’chog’i deb - kasallik qo’zg’atuvchilari sinantrop (xonaki) hayvonlar orasida aylanib yuradigan hududga, antropurgik o’choq deb esa odamlarda uchraydigan kasallik o’choqlariga aytiladi. Sinantrop va antropurgik o’choqlar orasida aniq bir chegara yo’q. Epidemik jarayoninig rivojlanishini to’liq tushunish uchun L.V. Gromashevskiyning yuqish mexanizmi va E. N. Pavlovskiyning tabiiy o’choklilik to’g’risidagi ta’limotlari bilan bir qatorda, 1975 yilda V. D. Belyakov tomonidan yaratilgan epidemik jarayonning o’z-o’zini boshqarishi to’g’risidagi ta’limoti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqumli kasalliklar bilan og’rigan bemorlarni mikrobiologik tekshirish natijasida aniqlangan mikroorganizmlar populyatsiyasining bir xilga o’xshab ko’rinishi, tekshirilayotgan mikroorganizmlar sonining ko’pligidan ularning tekshirilayotgan belgilarining geterogenligini (xilma-xil ekanligini) aniqladi. Kasallik qo’zg’atuvchilar populyatsiyasi tarkibining tahlil qilinayotgan belgilar bo’yicha doimiy o’zgarish mavjudligi epidemik jarayon rivojlanishining ichki populyatsiyalari yuzaga chiqishidir. Kasallik qo’zg’atuvchilarining antigenlik variantlarining o’zgarishi aholi immunologik qatlamining o’zgarishi bilan tushuntiriladi. Antibiotiklarga chidamli shtammlar antibiotiklarni qo’llash natijasida to’planib boradi. Xo’jayin populyatsiyasining parazitlarga moyillik darajasi genotip bilan bog’liq holda geterogen bo’ladi. Shuning uchun bir xil sharoitda ba’zi bir kishilar kasallanib, boshqalari esa kasallanmasliklari mumkin, kasallik esa har xil kishilarda klinik ko’rinishlari bilan turlicha kechadi. Xo’jayin populyatsiyasi immunitet hosil qilish va saqlash xususiyatlari bo’yicha ham har xildir. Kasallikka moyillik belgisi bo’yicha jamoadagi odamlarning o’zgarishi, Shu jamoadagi odamlarning yoshiga, moyillikning vaqtga qarab o’zgarishiga, migratsiyaga va organizmning chidamliligini (qarshiligini) pasaytiruvchi boshqa muhit ta’sirlariga bog’liq. Kasallik qo’zg’atuvchilarining o’z-o’zini boshqarish jarayonidagi rezervatsiya va epidemik tarqalish fazalarining almashib turishi, epidemik jarayonning borishida tuzilishi, har xil va o’zgaruvchan bo’lgan parazitlar va xo’jayin populyatsiyalarining o’zaro munosabatlari bilan tushuntiriladi. Kasallik qo’zg’atuvchilarining rezervatsiya fazasida bo’lishi o’ziga xos immunologik gomeostazi bo’lgan odamlar orasida tashuvchilikning har xil ko’rinishi hisobiga hamda kasallikning subklinik, belgisiz turlari hisobiga bo’ladi. Epidemik shtammning yuzaga kelishi va rezervatsiya fazasidan epidemik tarqalish fazasiga o’tishi odamlar moyilligining ma’lum chegarasidan o’tgandan so’ng boshlanadi. Epidemik fazasi parazit va xo’jayin organizmining o’zaro munosabatlarida qo’zg’atuvchilar virulentligining oshishi hisobiga kasallikning manifest ko’rinishlari yuqori darajada bo’lishi bilan tushuntiriladi. Bunday holat kasallikning tarqalish imkonini beradi (yangi joylarni "egallash"). Boshlang’ich va potensial geterogenliklari esa ularga yashash sharoitining o’zgarish jarayonida o’z faoliyatini yana qayta o’zgartirish imkonini beradi. Epidemik jarayonning o’z-o’zini boshqarishi, har qanday tirik jonzot faoliyatining ichki mexanizmi hisobiga o’zaro ta’sir qiluvchi elementlarni ular yashab turgan sharoitning o’zgarishiga qarab moslashishi hisobiga amalga oshiradi. Epidemik jarayon rivojlanishining hududlar bo’yicha, aholining turli guruhlari orasida va vaqt mobaynida turli xil taqsimlanishi bilan ifodalanuvchi miqdor va sifat o’zgarishlari o’zgarib turuvchi ijtimoiy, tabiiy sharoitlar, biologik omillar ichki mexanizmi ta’siri natijasidir. Har xil yuqumli kasalliklarda epidemik jarayon rivojlanishi uchun zarur bo’lgan ijtimoiy va tabiiy muhit elementlari o’zgaruvchan va nisbatan turlichadir. Bu kasallik qo’zg’atuvchining organizm bilan o’zaro ta’siri ma’lum ko’rinishlarda bo’lishiga, har qaysi kasallik qo’zg’atuvchilar genofondiga va ekologik saqlanish joyiga bog’liq bo’ladi. Kasallikning alohida nozologik turida epidemik jarayonning o’z-o’zini boshqarishi va uning rivojlanishi uchun zarur bo’lgan ijtimoiy va tabiiy sharoitlar ko’lami kasallik profilaktikasidagi yo’nalishni belgilaydi. Oxiri borib bu yo’nalish zanjirning eng "kuchsiz halqasini" topish va bilimlarni hozirgi zamon darajasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni qo’llashga olib keladi. Epidemik jarayon to’g’risidagi ta’limotning 2 ta o’zaro bog’liq bo’lgan qismini: bu jarayonning omillari va rivojlanish mexanizmini, ya’ni yuzaga kelish va rivojlanish sababi va sharoitlarini ko’rib chiqdik. Epidemik jarayonning 3 qismi uning qanday namoyon bo’lishidir. Download 1.27 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling