O. T. Xusanov o‘zbekiston respublikasining konstitutsiyaviy huquqi darslik toshkent – 2012 Xusanov O. T
§ 5. Konstitutsiya qonunchilik asosi
Download 1.95 Mb.
|
О.Хusanov Kons huquq.lotin.
§ 5. Konstitutsiya qonunchilik asosi.
Konstitutsiyaning yuridik xususiyatlaridan biri sifatida uning boshqa huquqlar uchun baza asos bo‘lishi ko‘rsatilgan edi. Qonun huquq ifodalanadigan asosiy hujjatlardan biri bo‘lganligi sababli, uning vujudga kelishida ham Konstitutsiyani asos, baza deb hisoblashimiz mumkin. Eng avvalo shunga e'tibor berish kerakki, qabul qilinadigan qonunlar Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi kerak. Bu qonunlarni yaratishdagi asosiy prinsip. Ikkinchidan, qabul qilinadigan qonunlar konstitutsiya normalariga tayanishi, uni hayotga tatbiq qilishni nazarda tutishi, Konstitutsiyada nazarda tutilgan qoidani yanada to‘laroq tartibga solishni maqsad qilishi shart. Masalan, Konstitutsiyaning 37-moddasi: “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir” deb belgilangan. Bu mehnat munosabatlarining asoslarigina hisoblandi, mehnat munosabatlari shular bilangina tugamaydi. Ular juda keng. Endi shu asosiy mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa munosabatlar mehnat qonunlari bilan tartibga solinadi. Demak Konstitutsiya mehnat qoinunini yaratish uchun asos bo‘ldi. Xuddi shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy ta;minot olish masalasi, tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish masalalari yoki atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish masalasi, harbiy xizmat o‘tash burchlari ham har tomonlama tartibga soluvchi qonunlar bo‘lishini taqozo qiladi. Konstitutsiyaning ko‘pchilik moddalarida esa shu masala qonun bilan tartibga solinishi tartibi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Masalan, referendum masalasini belgilagan 9-modda, fuqarolik masalasini belgilagan 21-modda, fuqarolarning murojaat qilishi haqidagi 35-modda, Prezident saylovlariga taalluqli 90-modda, Vazirlar Mahkamasiga taalluqli 98-modda, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga taalluqli 102, 103-moddalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga taalluqli 105-modda, saylov tizimiga taalluqli 117-modda, Prokuratura faoliyatiga taalluqli 119-modda, qurolli kuchlar faoliyatiga taalluqli 125-moddalarida shu masalalar qonun bilan tartibga solinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Konstitutsiya qonunchilik asosi deganda Konstitutsiyaning o‘zida qonun qabul qilish va e'lon qilish jarayoni asoslari belgilab qo‘yilganligini ham ko‘rsatish mumkin. Konstitutsiyaning 78-moddasida Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. 83-moddasida qonunchilik tashabbusiga ega sub'ektlar doirasi belgilangan va 84-moddada qonun yaratish jarayoni mustahkamlangan. Unga asosan, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma'qullanib, Prezident tomonidan imzolanib, e'lon qilingach kuchga kiradi. Qonunlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan, konstitutsiyaviy qonunlar mutloq ko‘pchilik ovoz bilan (O‘zbekistonda uchdan ikki qism ovoz bilan) qabul qilinadi. Qonun qabul qilish jarayoni keng ravishda darslikni boshqa mavzularida bayon qilinadi. Download 1.95 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling