O`quv-uslubiy majmua (I kurs talabalari uchun mo`ljallangan) Navoiy -2021
Download 0.64 Mb.
|
manaviyatshunoslik
- Bu sahifa navigatsiya:
- 10-mavzu: Amir Temur va temuriylar davrida milliy ma’naviyatimizning qayta uyg‘onishi va yuksalishi Reja
- Tayanch so‘z va iboralar
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
Jaloliddin Rumiy haqida nima bilasiz? “Ma’naviy-masnaviy”da inson ma’naviyati to`g`risidagi qarashlar. Jaloliddin Rumiyning bag`rikenglik g`oyasi. Shams Tabriziy kim? Rumiy merosining dunyoda o`rganilishi masalasi. 10-mavzu: Amir Temur va temuriylar davrida milliy ma’naviyatimizning qayta uyg‘onishi va yuksalishi Reja: 1.Mo‘g‘ullaming yurtimizda taxminan bir yarim asr davom etgan istilosidan so‘ng madaniy-ma’naviy hayot jonlanishi. 2.Amir Temur va temuriylar davrida ma’naviy hayot. 3.Temur faoliyatining bosh g'oyasi “Kuch - adolatda” degan hikmatining umuminsoniy ahamiyatga egaligi. 4.Temuriylar davrida fan, madaniyat, adabiyot va san’atning rivojlanishi. Tayanch so‘z va iboralar: Temur tuzuklar, adolatli jamiyat, temuriylar davlat boshqaruvi, temuriylar davrida madaniy hayot, “Kuch – adolatda” , “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”, “Xamsa”, odil hukmdor. 1.Amir Temur va temuriylar davri ma’naviy merosi. XIII asrning 20-yillarida .Markaziy Osiyo mo‘g‘ul istilosiga tushib qoldi. Mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘rsatgan shaharlar to‘liq buzib tashlandi, aholisi esa bitta qo‘ymay so‘yildi. Samarqand, Xiva kabi poytaxt shaharlar, qator katta-kichik boshqa shaharlar er bilan tekislandi. Ko‘plab alloma shaxslar o‘ldirildi, yoki qul qilib olib ketildi, yurtimizdan muhojirlikka ketib qolgan ijodkorlar ham talaygina. Masalan, buyuk faylasuf Aziziddin Nasafiy, atoqli shoir Kamol Xo‘jandiy Eronga, shoirlar Muhammad Avfiy, Badriddin CHochiy, buyuk shoir Xusrav Dehlaviyning ota-bobolari Hindistonga ketib qoldilar. Ular va ularning farzandlari o‘sha erlarda ijodlarini davom ettirdilar. Jaloliddin Rumiyning otasi Balxdan Rumga (Turkiyaga) ko‘chib o‘tdi. Jaloliddin Manguberdi bilan ketib qolgan hamyurtlarimiz G‘arbiy Eron, Iroq, Suriya va boshqa mamlakatlarda hatto o‘z qishloq, va shaharlarini qurib oldilar. Tarkibida Hurmuz (xavraz) deb ataluvchi yoki shunga o‘xshash atamani o‘z tarkibiga olgan ko‘plab qishloq va shaharlar YAqin SHarq mamlakatlarida hozirgacha uchraydi. Ularning nomi «Xorazm» so‘zining arabcha talaffuzda o‘zgarishi bilan bog‘liq. Ularga mo‘g‘ul istilosi davrida muhorjirlikka ketgan yurtdoshlarimiz asos solgan. Ijodiy hayot mo‘g‘ullardan keyin yarim asr muzlab,qotib qoldi, madaniyat, ma’rifat va ma’naviyat chuqur inqirozni boshdan kechirdi. Lekin o‘tgan yarim asr biz uchun kulfat, qabohat davri bo‘lsa-da, bosqinchilar uchun «madaniylashish», aksariyati uchun ma’rifatga. ziyoga jalb etilish, islomiylashish davriga aylandi. XIII asrning 70-yillaridan madaniy-ma’naviy hayot yana asta-sekin jonlana boshladi. Mo‘g‘ul istilosi yurtimizda taxminan bir yarim asr davom etdi. YUqorida nomlari qayd etilgan ijodkorlardan tashqari, bu davrda Pahlavon Mahmud, Nosiriddin Rabg‘o‘ziy, Muhammad Roziy, Umar Juzjoniy, handasa (geometriya) ilmining atoqli namoyandasi Sayid SHamsiddin Muhammad ibn Ashraf al-Husayniy as-Samarqandiy, mashhur falakiyotchi olim va tabib xorazmlik Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-CHag‘miniy ijod qildilar. Mo‘g‘ul istilosi iqtisodiyotimiz va madaniyatimizni vayron etib, ma’naviyatimizni inqirozga uchratsa-da, uning dunyoqarash va e’tiqod asoslarini o‘zgartira olmadi. Mo‘g‘ullar bunga intilganlari yo‘q. Ular o‘zlari bilan, arablarga o‘xshab, yangi din va e’tiqod, yangi falsafa va ijodga rag‘bat olib kelganlari yo‘q, Mo‘g‘ul istilosi davrida ma’naviyatimizda, ijtimoiy ongda tushkunlik kayfiyati, irratsionalizm va diniy mistikaga moyillik kuchaydi. Bu keyinchalik ma’naviy madaniyatimiz, umuman jamiyatimiz rivojlanishiga ancha salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Asta-sekin ma’naviy hayotimizda xurofot unsurlari ustunlik qila boshladi. Jamiyatning taraqqiyot vektori – yo‘nalishi (XVI asrdan) yuqoriga qarab emas, tubanga, pastga qarab og‘di. Mo‘g‘ul istilosi abadiy davom etishi mumkin emas edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, jarohatlar bitib, yangi avlod etishib chiqdi. Bu avlod o‘zini mo‘g‘uldan kam bilmas, ota-bobolaridan farqli, urushda bevosita mo‘g‘ullardan engilmagan, ulardan qo‘rqmas edi. Bu vaqtga kelib mo‘g‘ullarning ko‘pchiligi turkiylashgan, ancha madaniylashgan, islomni qabul qilgan edi. Ammo hokimiyat ular qo‘lida bo‘lgani uchun, mamlakatni idora etish, mulkiy munosabatlar CHingizxon belgilab ketgan qonun-qoidalar asosida olib borilardi. Qo‘shin mahalliy aholi daromadlarining bir qismini tortib olish hisobiga kun ko‘rar, unga g‘aznadan maosh to‘lanmas edi. Bundan tashqari, markaziy hukumatga har yili katta miqdorda soliq – o‘lpon (xiroj) jo‘natilardi. Ilm-fan, adabiyot va san’at, madaniyat etarlicha rag‘batlantirilmas edi. YAngi avlod mo‘g‘ullarga xizmat qilishi jarayonida ularning harbiy-tashkiliy qoidalari va jang usullarini o‘zlashtirib oldi. Endi ozodlik bayrog‘ini ko‘tarib, yurt o‘g‘lonlarini birlashtiradigan shaxs kerak edi. Bunday shaxs bo‘lish SHahrisabz hokimi amir Muhammad Tarag‘ay o‘g‘li Temurbek zimmasiga tushdi. Mamlakatimiz, madaniyatimiz va ma’naviyatimiz tarixining eng qudratli, sifat jihatdan yangi davri Temur va temuriylar hukmronligiga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiyot, madaniyat, ma’naviyat yana qayta yuksalishi, ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishi turli qabila-urug‘lar, qavmlar, elatlar o‘rtasidagi mushtaraklikni kuchaytirdi, ularning milliy jipslashishini tezlashtirdi. Eski o‘zbek adabiy tili shakllana boshladi. U Taroz va YAssadan to Hirotgacha fors tili bilan bir qatorda umumiy aloqa va ijod vositasiga aylandi. Milliy ong, tafakkur, milliy adabiyot va san’at, ilm-fan rivojida kishilarning qaror topayotgan yangi tarixiy birligi ehtiyojlari o‘z aksini topdi. Biz bejiz bu davrdagi O‘rta Osiyo o‘troq turkiy xalqi tilini eski o‘zbek tili, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur ijodini mumtoz o‘zbek adabiyoti deb atamaymiz. Bugungi mumtoz o‘zbek adabiyoti, san’ati, ma’naviy madaniyatining oyoqqa turishi va rivojlanishida Temur va temuriylar davri hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mo‘g‘ullardan hokimiyat Temurga va temuriylarga o‘tgandan so‘ng ma’naviy hayotda hakikiy uyg‘onish davri boshlandi. Madaniyat, ma’rifat, hunarmandchilik, savdo-sotiq gullab yashnadi, shaharlar va qishloqlarda obodonchilik keng ko‘lamda olib borildi. Ariqlar, kanallar qazildi. YAngi erlar o‘zlashtirildi, bog‘lar barpo etildi. Karvonsaroylar, madrasalar, hammomlar, bozorlar, rastalar, saroylar, hashamatli imoratlar, suv quvurlari barpo etildi. Temur bu ishlarni faqat ota yurtidagina emas, zabt etilgan mamlakatlarda ham amalga oshirdi. Yirik imperiyaga birlashgan xalqlar, ularning madaniyatlari o‘rtasida muloqot kuchaydi. Turli xalqlar madaniyatlari bir-birlaridan o‘rgandilar, bir-birlarini boyitdilar. Imperiya garchi harbiy yurishlar natijasida tuzilgan bo‘lsa-da, uning ichki boshqaruvida zo‘ravonlik qo‘llanilmas, balki Amir Temurning «Kuch – adolatda» tamoyili asosida ish yuritilar edi. Amir Temur davlatida milliy madaniyatlarning o‘zaro ta’siri va bir-birini boyitishi aslo zo‘ravonlik natijasi emas, balki buyuk bunyodkorlik, xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi, hamkorligi natijasidir. SHu bois, biz yuqorida keltirib o‘tganimizdek, akademik N. I. Konrad Amir Temurni CHingizxonga emas, balki Aleksandr Makedonskiyga va Kanishkaga qiyoslaydi, ularning davomchisi deb hisoblaydi. Temur davridagi allomalar haqida gapirganda, avvalo, uning xos, yaqin kishilaridan bo‘lgan mavlono Abdulmalikni eslash kerak. U Burhoniddin Marg‘inoniyning avlodlaridan biridir. Abdumalik mudarrislik qilgan, she’rlar yozgan. Turkiy, arab va fors tillarini, turli ilmlarni mukammal egallagan shaxs bo‘lgan. U Temurning arab olimlari va fozilu ulamolari bilan suhbatlarida, bahslarida tarjimonlik qilgan. Temur bilan suhbat qurgan, bir qancha muddat uning qarorgohida yashagan buyuk alloma Ibn Xaldun va boshqa allomalar o‘z xotiralarida Abdulmalikka yuksak baho berganlar. Temur davrining dong‘i chiqqan olimlaridan Sa’duddin at-Taftozoniy, Said SHarif Muhammad al-Jurjoniy, Xoja Muhammad az-Zohid al-Buxoriyni ko‘rsatib o‘tish lozim. Hoja Muhammad az-Zohid al-Buxoriy Qur’oni karimni yuz jildda (!) tafsir qilgan. Musiqa ilmida shuhrat topgan bastakor va ustoz Abduqodir al-Marog‘iy nomi ham tarixda qolgan. Ibn Arabshoh yozishiga qaraganda, mavlono Ahmad ibn SHams ul Aimma turkcha, forscha, arabchada «malik ul-kalom» unvonini olgan. Bu uchala tilning podshohi deganidir. Ushbu munosabat bilan shuni alohida ta’kidlamoqchi edikki, o‘rta asrlarda ilmiy, adabiy va madaniy hayotning milliyligi qaysi tilda bitilgani bilan belgilanmagan. Avvalgi boblarda aytib o‘tilganidek, g‘arbiy Evropada ilmiy asarlar deyarli XVIII asr oxirigacha asosan lotin tilida yozilgan. Badiiy asarlar aksariyati esa XIV asr oxirigacha lotin tilida bitilgan. Adabiyot va san’atning milliy tillarga ko‘chishi Renessans davrida uzil-kesil hal bo‘ldi. Bizning mintaqamizda arab tili ilm tili sifatida XV asrgacha o‘z mavqeini saqlab turdi. Lekin fors tilining ilmiy mavqei ham bu davrga kelib ancha yuksalgan, hatto arab tili bilan tenglashib qolgan edi. XVI asrdan Markaziy Osiyo va Eronda so‘nib borayotgan tabiatshunoslik to‘la fors tiliga ko‘chdi. Badiiy ijodda IX asrdan boshlab fors tili etakchilik kila boshladi. Ahmad YUgnakiy, YUsuf Xos Hojib kabi atoqli shoirlar ijodi esa qoraxoniylar davrida turkiy tildagi adabiy yuksalish namunasidir. Lekin bu yuksalish chingiziylar davrida tanazzulga yuz tutgan edi. XV asrgacha mintaqamizda arab va turkiy tilda bitilgan asarlar, bu tilda ijod qilgan adiblar kam bo‘lmasa-da, ular orasida daho darajasidagi yirik ijodkorlar yo‘q edi. Lekin bu turkiy xalqlardan adabiyot soxasida bunday ijodkorlar XV asrgacha chiqmagan ekan degan tushunchani anglatmaydi. Hindistonning buyuk shoiri Mirzo G‘olibning zamondoshi Nayyor shunday deb yozgan ekan: «Hindistonda fors tilidagi she’riyat lochin urug‘idan bo‘lgan turkdan boshlanib (Amir Xusrav Dehlaviy – A. E.), oybek urug‘idan bo‘lgan turk bilan tugallanadi (Mirzo G‘olib – A. E.)». 48 Ular o‘rtasida qanchalar atoqli adiblar, Mirzo Bedil kabi daholar bor. Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy turklardan chikkan buyuk daho shoirlardir. Umuman bugun biz fors-tojik mumtoz adabiyoti deb ataydigan adabiyotning atoqli namoyandalari ichida turkiy xalqlar vakillari soni juda salmoqli. Mirzo Bedil, keyinchalik Saido Nasafiy va boshqa ko‘plab klassiklarning nafaqat turkiyligi, hatto turkiylariing qaysi urug‘, qabilasidan ekanligi ma’lum. Jaloliddin Rumiyning ham Balx turkiylaridan chiqqanligi ehtimoldan xoli emas. CHunki uning turkiycha she’rlari ham bor. SHu sababli bizning madaniy merosimiz ko‘prok zullisonayndir. Islom Karimovning biz, o‘zbeklar va tojiklar, aslida ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqmiz, degan gapida katta tarixiy haqiqat bor. Fors tilida ajdodlarimiz yaratgan durdonalar bilan biz bu tilda so‘zlashuvchi xalqlar kabi, xakqoniy ravishda faxrlanamiz. Temur va temuriylar davrida madaniyatimizning ikki-uch til vositasida rivojlanishi tabiiy edi. Temur tevaragida olimu fuzalolar, qatorida shatranj, nard o‘yinlari va turli sohalarning mohir ustalari ijod kildilar. O‘z zamonasida shatranj ilmining, san’atining sultoni hisoblangan Alouddin at-Tabriziyni Temur o‘ziga juda yaqin olgan. Biror-bir fazilati va sharofati bo‘lgan har qanday hunar va kasb sohiblariga Temur g‘oyat katta mehr qo‘ygan, ularni ulug‘lagan, martabasini yuksaltirgan, yoniga taklif qilgan. Temur Samarqandga barcha ilmlarning va san’atlarning sohiblaridan etakchilarini taklif qilgan va ularga ijod qilishlari uchun butun shart-sharoitlarni yaratib bergan. «Natijada Samarqandda, — e’tirof etadi Ibn Arabshoh, - har bir ajib fan ahli namoyandasidan va san’atlar g‘aroyib uslubidan fazilatli peshonasida nishoni bo‘lib, o‘z tengqurlaridan ustun turgan, o‘z fanida alloma bo‘lgan kishilar to‘plangan edi». Ta’kidlash joizki, Samarqandga va mamlakatimizning boshqa shaharlariga o‘zga yurtlardan ko‘chirib keltirilgan hunarmandlar, san’atkorlar, olimlarning, ular oila a’zolarining haq-huquqlari cheklanmagan, ular qulga yoki haq-huquqsiz xizmatkorga aylantirilmagan. Balki mahalliy aholi bilan bir xil sharoitda bir huquqqa ega bo‘lib yashagan va o‘z kasb-kori bilan shug‘ullangan. YUqorida iqtibos keltirilgan Ibn Arabshoh 12 yoshida Samarqandga oilasi bilan ko‘chirilgan edi. Uning Samarqandda har tomonlama bilim olib, etuk tarixnavis, shoir va adib, ko‘p fanlar bo‘yicha chuqur bilimdon bo‘lib etishgani yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. U eski o‘zbek, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Turkiyda she’rlar yozgan, hatto o‘zining ayrim tarixiy asarlarini, Qohiraga mamluk sultonlari xizmatiga borganda, turkiy tilga she’riy usulda tarjima qilib, doston shaklida baxshilardek mamluklarga kuylab bergan. Temur faoliyatining bosh g‘oyasi va amaliy shiori «Kuch — adolatda» degan hikmatki, u umuminsoniy ahamiyatga ega. Bu g‘oya hozir ham, bundan keyin ham eng e’zozli umuminsoniy ma’naviy qadriyatlardan, axloqiy va huquqiy me’yorlardan biri bo‘lib qolajak. Rostgo‘ylik, haqiqatgo‘ylik, adolatparvarlik, yurti va fuqarolari to‘g‘risida qayg‘urish, mamlakati tinch va osoyishta, obod va farovon bo‘lishiga butun kuch g‘ayratini, aql-zakovatini yo‘naltirish kabi Temurning xos fazilatlari uning chinakam buyuk ma’naviy shaxs bo‘lishiga, buyuk yaratuvchi davlat boshlig‘i sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirishiga xizmat qildi. Mazkur fazilatlar uning avlodlariga ibrat bo‘ldi va hozirgacha ibrat bo‘lmoqda. Davlat boshqaruvi, demokratiya tamoyillariga suyanish, ijtimoiy hayotni tartibga solish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquq ustuvorligini ta’minlash, xalqaro munosabatlarning teng, ikki tomonlama manfaatdor iqtisodiy aloqalar va hamkorlik asosida kurishga oid bugun tan olingan umumbashariy me’yorlar, qadriyatlarning birortasi yo‘qki, u Temurning amaliy faoliyatida va siyosatida kurtak sifatida mavjud bo‘lmasa. Temurning davlat ishlarining 90 foizi kengashu mashvarat, faqat 10 foizi kuch qilich (ma’muriy yo‘l) orqali hal qilinishi lozim degan tamoyili o‘z davri uchun davlatni maslahat asosida boshqarish, ya’ni o‘ziga xos demokratik boshqaruv me’yoridir. Xalq norozi bo‘lgan, adolatni buzgan hokimlarni vazifasidan chetlashtirib jazolashi yoki mamlakatning bir sarhadidan ikkinchi sarhadiga boshiga bir lagan javohirni qo‘yib o‘tayotgan bolakayning biror dona javohiri yo‘qolmaydigan tartib o‘rnatilgani adolat va hukuk ustuvorligining amalda ta’minlanishidir. Fapb davlatlari hukmdorlariga yozgan maktublarida mamlakatlar o‘rtasida urushlar emas, savdo-sotik rivojlanishi farovonlikka, obodonchilikka xizmat qilishi to‘g‘risidagi fikrlari va bunday aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha bildirgan amaliy takliflari bugungi xalqaro siyosiy va iqtisodiy aloqalar negizida yotgan tamoyilning o‘sha davrda nish urgan kurtagidir. YUqorida qayd etilgan tamoyillar, me’yorlar bevosita ma’naviyatning mohiyatli unsurlaridir. Ular turli tarixiy davrlarda turli ko‘rinishlar kasb etishi, shaklan va mazmunan boyishi tabiiy. Bugun biz buning guvohimiz. Lekin faxr bilan e’tirof qilishimiz mumkinki, zamonaviy umuminsoniy kadriyatlarning muayyan qismi o‘z ildizlari bilan bizning ajdodlarimiz ijodiga va faoliyatiga borib taqaladi. Temuriy shahzodalar, afsuski, o‘zaro taxt va mansab talashib, mamlakat barqaror va bir tekis rivojlanishini ancha qiyinlashtirdilar. Lekin ularning aksariyati keng bilimli, adabiyot va san’atga qizikuvchan, o‘zlari ijod borasida yuksak iqtidorli edilar. SHu bois ilm-fan, san’at va din arboblariga homiylik qildilar. O‘z mulklari, viloyatlari, yoki hokimiyat tepasiga kelib qolsalar, butun mamlakat miqyosida obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanishga, ma’rifatni qo‘llab-quvvatlashga intildilar. Ayniqsa SHohrux, Ulug‘bek va Husayn Boyqaro shaxslari bu borada alohida ajralib turadi. Temur o‘z vasiyatida to‘ng‘ich o‘g‘lidan to‘ng‘ich nabirasi Pirmuhammadni valiahd qilib tayinlagan edi. Ammo uning avlodi bu vasiyatga amal qilmadi. Toj-taxt uchun kurashlar oqibatida Temurning kenja o‘g‘li SHohrux hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Ammo, otasi vasiyati bo‘yicha davlat tepasiga kelmagani uchun bo‘lsa kerak, otasining taxtiga o‘tirishga jazm qilolmay, poytaxtni Hirotga ko‘chirdi va Samarqandni o‘g‘li Ulug‘bekka topshirdi. Bu hol uning ma’naviy-axloqiy fazilatining bir qirrasini ko‘rsatib turibdi. Samarqand va Hirot nafakat temuriylar davlatining, balki butun islom madaniyati, ilm-fani va san’atining ikki markaziga aylandi. Samarqandda Ulug‘bek atrofida o‘sha davrning buyuk riyoziyotchi olimlari va astronomlari, muhandislari, turli fanlar bo‘yicha boshqa olimlar to‘plandi. Qozizoda Rumiy usmonli turk mamlakatidan, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy Erondan Ulug‘bek oldiga keldilar va u bilan birga trigonometriya, geometriya va astronomiya sohasida, astronomik asboblar, globus yasash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdilar. Keyinchalik mahalliy yoshlardan daho olim Ali Qushchi etishib chiqdi. Ulardan tashqari Muhammad Havofiy, Alouddin al-Buxoriy singari qanchalar iste’dodlar, atoqli olimlar Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasida faoliyat ko‘rsatdilar, yoshlarga ta’lim berdilar, ilmiy kuzatishlar olib bordilar. Samarqandda o‘sha davrda jahondagi eng zamonaviy, mukammal observatoriya — rasadxona qurildi. 1018 ta yulduzning koordinatalari aniqlanib, jadvali tuzildi. U haqqoniy ravishda «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» yoki «Ziji Ulug‘bek» deb ataladi. Ulug‘bekning ilmiy maktabi al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy va ayniqsa al-Beruniy ilmiy merosini chuqur o‘rgandi, tahlil etdi, bu merosning haqiqiy vorisi, davomchisi bo‘lib, ilm-fan, ma’naviyat tarixi sahnasiga chiqdi. G‘iyosiddin Jamshid Koshiy va boshqalarning yozib qoldirishicha, Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» asari Ulug‘bek shogirdlari va hamkasblarining deyarli qo‘lidan tushmaydigan kitob, darslik bo‘lgan. Bu asarning turli boblari bo‘yicha munozaralar, ilmiy bahslar olib borilgan, ular og‘zaki va yozma talqin qilingan (hozirgi ilmiy referatlarning ilk ko‘rinishi). Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy rivojlantirgan falakiyot ilmi o‘zining oliy yuksalishiga Ulug‘bek maktabida erishdi. Teleskoplar ixtiro qilingunga qadar rivojlangan jahon falakiyot ilmining xulosasi va cho‘qqisi Ulug‘bek va uning hamkorlari ijodidir. Ma’lumki, Zij tuzish uchun osmon jismlari eng kamida 12 yil, o‘rtacha 24 yil, tugal bo‘lishi uchun 36 yil kuzatiladi. SHu bois, Ulug‘bekning davlat ishlaridan bo‘shagan paytlardagi asosiy vaqti rasadxonada yulduzlar va osmon jismlarini kuzatishga ketgan. Ulug‘bek zijini ta’riflab o‘tirishning hojati yo‘q. Uni butun dunyo tan olgan. Uning muallifiga SHarqu Fapb o‘rta asrlarning eng buyuk astronomi degan baho berilgan. YUNESKO Ulug‘bekning 600 yilligini butun dunyo mikyosida nishonladi. Davlatshoh Samarqandiy Ulug‘bekka «maoniy ilmida (ma’nolar ilmi — dunyoviy fanlar va mantiq. — A. E.) qilni qirq yoradi», deb baho beradi. «Uning davrida – yozadi Davlatshoh Samarqandiy, — olimu fozillar martabasi nihoyat baland cho‘qqiga ko‘tarildi... Fozillaru hakimlarning yakdil fikrlari shulki, islomiyat zamonida, balki Zulkarnayn zamonidin shu paytgacha Ulug‘bek ko‘ragondek olim va podshoh saltanat taxtida o‘ltirmagan».49 Jamshid Koshiy va Ulug‘bek tomonidan sinus bir gradusni hisoblash masalasini ikki orginal usulda echilishini zamonaviy xorij olimlari mukammal echim deb baholaganlar. Biz Ulug‘bekni ko‘proq buyuk falakiyotchi (astronom) olim sifatida bilamiz. Aslida u trigonometriya rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shgan. Umuman Ulug‘beq qiziqishi va bilimiga ko‘ra, har jihatdan qomusiy olim bo‘lgan. Uning “To‘rt ulus tarixi” degan yirik asari (afsuski tugallanmay qolgan) mustaqillik yillari xalqimizga etib keldi. Ulug‘bek ilmiy dunyoqarash tarafdori, ayni paytda komil musulmon edi. U islom aqidalarini, Qur’on oyatlari va hadislarni ratsional talqin qilar, xurofotni, mutaassiblikni qabul qilmas edi. SHu bois uni diniy mutaassiblar uncha xushlamaganlar. Bu Abdullatif ko‘rsatmasi bilan Samarqand ulamolarining Ulug‘bek taqdirini hal qilish borasida qabul qilgan hukmlarida yaqqol o‘z ifodasini topadi. Ulug‘bek maktabining yana bir dahosi – Ali Qushchining ilmiy xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak. Ali Qushchi o‘rta asrlarda yurtimizdan dunyoviy ilm-fan, tabiatshunoslik sohasida chiqqan oxirgi qomusiy dahodir. U o‘z zamonasidagi dunyoviy ilmlarga oid deyarli barcha fanlarni puxta egallagan. U matematika va astronomiya fanlari rivojlanishiga buyuk hissa qo‘shishi barobarida mantiq, falsafa, grammatika va adabiyot nazariyasi, tabobat, fiqh, tarix va boshqa sohalarga bag‘ishlangan asarlarida haqiqiy ilmiy usulni, ratsionalistik tahlil va umumlashtirishni, ilmiy xolislikni (ob’ektivlikni) himoya qildi. Ilm – fanda, tafakkurda, dunyoqarashda Ulug‘bek tamoyillarini davom ettirdi va himoya qildi. Ali Qushchi matematika faniga “musbat” va “manfiy” tushunchalarini kiritdi, o‘nli kasrlar nazariyasini boyitdi. Ayo Sofiya madrasasida bosh mudarris bo‘lganida 90 gradusdan kichik burchaklarning o‘tmas bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida bahslar yuritdi. Keyingi holatni noevklid geometriyasiga taalluqli ilk olib borilgan tadqiqotlardan biri, deb baholash mumkin. Astronomiya sohasida esa u Ulug‘bekning o‘ng qo‘li edi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” Ali Qushchi ishtirokisiz, balki tugallanmay qolgan bo‘lur edi. Uning sharhlarini arab tiliga tarjima qilib, butun jadvalga tartib bergan, Ulug‘bek qatlidan keyin saqlab qolib, butun dunyoga yoygan Ali Qushchidir. Ulug‘bek o‘z atrofiga olimlar bilan birga iste’dodli shoir va bastakorlarni, adiblarni, me’morlarni, rassom va naqshkorlarni, xattotlarni va san’atning boshqa sohalariga oid ijodkorlarni to‘pladi. Mumtoz o‘zbek adabiyoti shakllanishiga Navoiygacha zamin yaratganlardan biri atoqli shoir Sakkokiy Ulug‘bek atrofidagi ijodkorlardan edi. Hoji Ismatullo Buxoriy, Kamol Badaxshoniy kabi shoirlar, “ilmi hikmatda zamonasining yaktosi” Alouddin SHoshiy, mashoyix Hasan Attor kabi atoqli ijodkorlar Ulug‘bek davrida Samarqandning ma’naviy hayotini yuksaltirdilar. Buyuk faqih Abul Lays as-Samarqandiyning avlodlaridan xoja Fazlulloh Abulaysiy Alisher Navoiyga ikki yil dars bergan ulug‘ ustoz o‘z ijodiy faoliyatini Ulug‘bek davrida boshlagan. Ulug‘bek Samarqandda, Buxoroda, G‘ijduvonda oliy madrasalar (o‘sha dardagi universitet), boshqa shaharlarda ham ko‘plab maktablar va madrasalar qurdirdi. “Ilm olmoqlik har bir muslim va muslima uchun farz” degan hadisni o‘zi qurdirgan madrasasining tepasiga yozdirib qo‘ydi. Ulug‘bekning bu ishlarini ma’rifat yordamida jaholatga, avj olib borayotgan mutaassiblikka qarshi kurashning o‘sha davrdagi namunasi deyish mumkin. U olimlar va talabalar bilan turli munozaralar, bahslar o‘tkazib turgan. Bu bahslarga o‘zi shaxsan rahbarlik qilgan. G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning otasiga yozgan xatida guvohlik berishicha, ba’zan u ataylab murakkab, chalkash, xato fikrni o‘rtaga tashlagan. Kimdir bu xato fikrni yoqlasa, uni fosh qilgan va tuzatgan. Ulug‘bek qatlidan keyin dunyoviy ilm-fan asta-sekin orqaga keta boshladi. Mistika, diniy mutaassiblik ancha kuchaydi. Rasadxonadagi tadqiqotlar to‘xtab qoldi. Qarovsiz qolgan, ta’mirlanib turmagan rasadxona vaqt o‘tishi bilan buzilib, g‘ishtlari tashilib, ko‘milib ketdi. Jamiyatda ma’naviy muhit o‘zgardi. Ijodiy, tanqidiy fikr yuritishga, ilmiy xolislikka ehtiyoj pasaydi. Aksincha, madhiyabozlik, laganbardorlik kuchaydi. Irratsionalistik qarashlar, mistika va diniy mutaassiblik tabiatshunoslikka nisbatan bepisand qarashlarning, salbiy munosabatlarning avj olishini oziqlantirib turdi. Mamlakat taxtiga o‘tirgan Abu Said Mirzoning Ali Qushchiga shaxsiy munosabati hurmatli edi. Lekin, shunga karamasdan, ilmiy tadqiqot, ijod uchun muhit nokulay bo‘lganligi sababli Ali Qushchi oqibatda na Samarqandda, na Hirotda qoldi, Istanbulga yo‘l oldi. CHunki Abu Saidning fe’l-atvori murakkab, johillikka yon bosuvchi edi. U jamiyat ongida, ma’naviyatida yuz bergan salbiy burilishni o‘zgartirishga ojiz edi. Buni Ali Qushchi buyuk aql-zakovati bilan teran his etgan. Samarqandda asta-sekin ma’naviy turg‘unlik boshlandi. Bu esa xalqimizni oldinda kutib turgan chuqur ma’naviy-madaniy, iqtisodiy, siyosiy, harbiy, umuman, ijtimoiy inqirozning debochasi edi. Lekin Ulug‘bek davrida yaratilgan ulkan ilmiy va madaniy salohiyat birdaniga yo‘qolib ketgan emas. Poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilgan vaqtgacha, shahar Movarounnahrda etakchi ma’naviy markaz bo‘lib qolaverdi. Alisher Navoiyning Samarqandga kelib ta’lim olgani bejiz emas. Alisher Navoiy «Majolisun nafois» tazkirasida (tazkira 1491—1492 yillarda yozilgan) o‘sha davrda Samarqand shahrida yashab ijod qilayotgan o‘ziga zamondosh 31 shoirni sanab o‘tadi. Ulardan beshtasi, kelib chiqishiga ko‘ra, sherozlik, ikkitasi xorazmlik, ikkitasi kirmonlik. SHoirlar orasida qarshilik, xisorlik, badaxshonlik, qazvinlik, kumlik, yazdlik va boshqa joylardan kelganlar uchraydi. Bu Ulug‘bek qatlidan 40-45 yil keyin ham Samarqandga poytaxt va madaniy-ma’naviy markaz sifatida ijodkorlarning intilishi kuchli bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘zaro ichki nizolar, taxt talashlar bir oz susayib, Hirot taxtiga Husayn Boyqaro o‘tirgach, xalqimizning ma’naviy-madaniy hayotida yana o‘ttiz yildan ko‘proq muddatda gurkirab o‘sish kuzatildi. Ammo bu uyg‘onish bir oz chegaralangan, universal mazmunga ega emas edi. Birinchidan, bu davrda tabiatshunoslik fanlari ilgarigi mavqeini qayta tiklay olmadi. Aksincha, yiddan-yil ortga ketdi. Ikkinchidan, bu davr ma’naviyati asoslarida, negizida, ilgargidek ham tabiiy-ilmiy, ham diniy qarashlar emas, ko‘proq bir tomonlama diniy qarashlar, aniqrog‘i, nakshbandiya ta’limoti yotar edi. SHu bois ko‘proq gumanitar ilmlar, adabiyot va san’at rivojlandi. Navoiy «Majolisun nafois» asarining ettinchi majlisida 20 nafar temuriy shahzodalarning she’rlaridan parchalar keltirgan. 8 majlisini esa sulton Husayn Boyqaro ijodiga (21shoir) bag‘ishlagan. Navoiy ro‘yxatida atoqli shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomi keltirilmagan (asar yozilganda Bobur juda yosh bo‘lgan va uning ijodi Navoiyga ma’lum bo‘lmagan). Temuriylar orasida eng iste’dodlilaridan, devon tuzib, adabiyotda iz qoldirganlardan biri Husayn Boyqarodir. Husayn Boyqaro har jihatdan yirik shaxs edi, ko‘plab yuksak va noyob fazilatlar sohibi edi. U kuchli sarkarda va davlat boshlig‘i salohiyatiga ega bo‘lsada, o‘zga mamlakatlarga ko‘z olaytirmagan. Taxtga o‘tirgach, faqat mamlakati ichidagi ayirmachilik va sh. k.larni bostirgan, chetga qo‘shin tortmagan. Husayn Boyqaro obodonchilik va farovon turmushning asosi urush emas, balki tinchlik va siyosiy barqarorlik ekanligini yaxshi tushungan. Ma’rifatni, ilm-fanni, adabiyot va san’atni, hunarmandchilikni keng rivojlantirgan. Husayn Boyqaroning Navoiyga bo‘lgan munosabati, davlat ishlarida u bilan maslahatlashgani, Navoiyni iqtisodiy, lavozimiy, ma’naviy mavqeini, martabasini juda balandga ko‘targani uning ijodga, ma’rifat va ma’naviyatga bo‘lgan munosabatidir. SHu o‘rinda hozirgacha hammani lol qoldiradigan bir voqeani eslash lozim, deb hisoblaymiz: Navoiy «Xamsa”ni yozib tugatgach, safardan qaytgan Husayn Boyqaroga asarni taqdim etadi. Husayn Boyqaro otdan tushib, «Xamsa»ni yuz-ko‘ziga surtib, qabul qilib oladi va shu zahotiyoq Navoiyni o‘z otiga mindirib, otning jilovidan etaklab butun Hirotni aylantiradi. Bu insoniyat tarixida Husayn Boyqarogacha yuz bermagan va undan keyin ham mutlaqo takrorlanmagan voqeadir. Ispaniya, Fransiya yoki Angliya qirollarining Lope de Vega, Moler yoki SHekspirga nisbatan bunday muomala qilishini tasavvur qilish mumkin emas. Ingliz qiroli, SHekspir ishlaydigan teatri bilan saroyga taklif qilinganda, hatto buyuk adibga gap qo‘shishni lozim topmagan. CHunki Evropa zodagonlarining, jamiyatining ma’naviyati o‘zgacha bo‘lgan, insonga teng ko‘z bilan qaramagan. Inson iste’dodi, dahosiga qarab emas, nasl-nasabiga qarab baholangan. Bugungi demokratiya rivojlangan Evropada inson qadr-qimmati mezonlari endi tamomila boshqacha. Husayn Boyqaroning Navoiyga jilovdor bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rganligi uning qanchalik buyuk ma’naviyat sohibi bo‘lganidan, adabiyotni, san’atni, ijodni juda yuksak qadrlaganidan dalolat beradi. Lekin, ta’kidlash zarurki, Husayn Boykaroning harakati nafaqat uning qanday podshoh va inson bo‘lganini ko‘rsatadi, u jamiyat ma’naviyati yuksakligidan, podshohlarning yukoridagiga o‘xshash xatti-harakatlarini to‘g‘ri qabul kilib, munosib baholay olishidan ham dalolat beradi. Agar Xuroson va Movaraunnahrda Evropadagiday munosabatlar, qarashlar xukmronlik qilganda, oliy tabaqa va avom xalq Husayn Boyqaro iltifotini to‘g‘ri tushuna olmaganida, u xech qachon Navoiyga jilovdor bo‘lmas edi. Davlat boshlig‘ining o‘zi ijod bilan shug‘ullangani, ma’rifatga intilgani, ijod ahliga homiylik qilgani a’yonlarga ibrat va taqlid uchun namuna bo‘lgan. Husayn Boyqaro saroyida, viloyatlar hokimlari saroyida ijodiy muhit qaynab turgan. Hirotda SHohrux davridan boshlab, Samarqanddan farqli o‘laroq, ko‘proq ijtimoiy-gumanitar sohada ijodkorlik rivojlandi. CHunki SHohruxda dindorlik kuchli edi. Uning o‘zi shu bois riyoziyot va tabiatshunoslik fanlariga uncha moyillik ko‘rsatmagan. Bu fanlar Hirotda etarlicha rag‘batlantirilmagan, tadqiqotlar kam olib borilgan va Samarqand, Tus shaharlaridagi kabi yirik ilmiy maktablar vujudga kelmagan. Tabiatshunoslik SHohrux davrida Hirotda ko‘prok oliy ta’lim darajasida qolib ketgan. Husayn Boyqaro zamonida bunday xususiyat saqlanib qoldi. SHohrux davrida SHarafiddin Ali YAzdiy tarixnavislikda, Lutfiy she’riyatda, Jomiy tasavvufda va she’riyatda buyuk meros yaratdilar. Tasavvuf, xususan naqshbandiya tariqatining ma’naviy hayotdagi mavqei ancha yuksaldi, etakchilik ahamiyat kasb etdi. Husayn Boyqaro zamonida naqshbandiya mavqei yanada mustahkamlandi, aytish mumkinki, u rasmiy mafkura darajasiga ko‘tarildi. Jomiy va Navoiy daho shoirlar bo‘lishlari qatorida falsafiy, diniy masalalar, axloq, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, jamiyatni boshqarishni takomillashtirish, inson shaxsini tarbiyalash, ma’rifat va ma’naviyat borasida ham buyuk allomalar edilar. Mirxond, Xondamir, Zayniddin Vosifiy tarixnavislik bobida ajoyib asarlar bitdilar. 2.Temur tuzuklarida Temur ma’naviy qiyofasining aks etishi. Amir Temur jahon tarixiga qudratli va gullab yashnagan davlat barpo etib,o‘rta asr dunyosining asl madaniy va ma’naviy markazlaridan biriga aylangan,inson aqli va iste’dodining noyob ijodi bo‘lib,bugungi kunda ham saqlanib qolgan mislsiz me’moriy obidalar bilan mashhur Samarqandni unin gpoytaxtiga aylantirgan atoqli sarkarda va davlat arbobi sifatidagina kirgan emas. Amir Temur olimlar, faylasuflar,me’morlar,shoirlar, hofizu mashshoqlarga g‘amxo‘rlikqilishda ham nomqozongan, zamonlar sinovlarida parchalanib ketmaydigan yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lgan shaxs edi. SHu asoslarga ko‘ra Temuriylar davri ilm-fan, madaniyatvamaorifning ravnaqtopishini ta’minlagan ikkinchi Renessans, SHarq uyg‘onishdavri bo‘ldi. Amir Temur mintaqamizda yuz bergan Ikkinchi Renessansning asoschisidir. N.I.Konrad shunday yozadi: “Bu safar Iskandar va Kanishkaning ruhi, CHingizxonniki emas...” . davomida atoqli olim o‘z fikrini asoslashda Temurning bunyodkorlik va adolatparvarlik siyosati, hunarmandchilik va ziroatchilikni rivojlantirishi, ilm-fan, san’at, madaniyat, din ahliga homiylik qilishi, Samarqandga taklif qilib ijod uchun barcha sharoitni yaratib berishi kabi dalillarni keltiradi. Temurning bunday faoliyatisiz Navoiy davridagi ma’naviy yuksalish ham bo‘lmas edi, degan xulosa qiladi. «Temur tuzuklari»da birinchi maqola Temurning piri Zayniddin Abu Bakr Toybodiy da’vatlari bilan boshlanadi: ”Pirim Zayniddin Abu Bakr Toyobodiy menga yozmishlarkim: Abumansur Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni: 1) (o‘zing bilan) kengash; 2)(boshqalar bilan )maslahatu mashvarat ayla;3)hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar;4) ehtiyotkorlik qil. CHunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilganishlari va aytgan gaplari xato bo‘lgan johil odamga qiyoslash mumkin, uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik va nadomat keltirgay. SHunday ekan, saltanat boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilanish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan. Tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdurkim, qat’iylik, sabr, chidamlilik, hushyorlik, ehtiyotkorlik va shijoat bilan barcha ishlar amalga oshirilgay”(Maqolada keltirilgan iqtiboslar “Temur tuzuklari” Toshkent “SHarq” 2005 yilda nashr etilgan risoladan olindi). Ma’naviy ustozining ushbu maktubidagi yo‘l-yo‘riqni sohibqiron o‘zi barpo etgan davlatning ma’naviy ustuniga aylantirgan. Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi mashvarat, tadbir vakengash orqali qolgan bir ulushi qilich bilan bajarilishi Temurning yuqoridagio‘gitdan chiqarganqat’iy xulosasi. «Temur tuzuklari»ning pir o‘gitlari bilan boshlashmuallifning ma’naviyat va ilm sohibi ekanligini anglatadi. Ustoz maktubi vasohibqiron xulosalaridagi mantiqiy izchillik yuksak darajada. Sohibqiron mamlakatni boshqarishda aql, maslahat, hushyorlik, ehtiyotkorlikkatayanibgina adolatga erishish mumkinligini teran anglagan. Adolat Buyuk Amir Temurning saltanatni boshqarishdagi ilk va muhim xulosaviy tamoyili, bir umrlik rahnamosi bo‘lgan. Ko‘plab zamondoshlari Temurning uzoqni yoki biror ishni boshlasa natijasini oldindan ko‘rib turadi deb yozishgan. Bunituzuklar bilan ham asoslash mumkin. ”Ishlarimning barisida avval kengash – maslahat qo‘lladim, ishni bajarishga kirishar ekanman, oldindan chora-tadbirlar belgilab qo‘yardim,hamda bu ish qanday yakulanishi haqida fikr-mulohaza qilgan holda ish boshlardim; so‘ngra, kezi kelganda, to‘g‘ri tadbir va qat’iy jazm, yoxud mulohazakorlik va ehtiyotkorlik, yoki uzoqni ko‘rib ortini o‘yla-gan holda, uni (ko‘ngildagidek) nihoyasiga etkazardim”. “To‘kal bahodir ming otliq askar olib, mening ustimga keldi. Oltmish otliq yigitim va menga qo‘shilgan qaynog‘am Amir Husayn bilan birga ming otliq kishilik g‘anim lashkariga yuzma-yuz bo‘ldim va jangga kirishdim. Bu jangda shunday bahodirlik qilib,chidamlik ko‘rsatdimki, uning ming kishisidan ellik kishi qoldi, mening oltmish otliq yigitimdan o‘n kishigina qoldi. SHunday bo‘lsada zafar men tomonda bo‘lib, ularni qochirdim.” Bu zafarni sohibqiron yaxshilik alomati sifatida baholagan. Binobarin, ushbu jangdan keyingi lashkar to‘plash jarayoni ham salmoqli darajada tezlashib,Movarounnahr mulkini zabt etish sari qadam tashlandi. Kezi kelganda o‘zi haqidagi el ichida tarqagan gaplardan ham to‘g‘ri va oqilona xulosa chiqara bilmoqlikteran tafakkur sohibiga xos. “Jeta lashkari amirlari ustidan g‘alaba qozonganimdan keyin, saltanatgada’vogarlik qilganim uchungina huruj etganligim haqida Turonzaminda xabar tarqaldi. SHundan keyin men adolat bilan hukmronlik qilishga azmu-jazm etdim ”. “Temur tuzuklari”da Temur ma’naviy qiyofasining qanchalik teran ma’noga ega ekanligi uning kechirimlilik sifatida ham yorqin aks etgan.”Menga har turli yomonliklar qilib, cho‘chib yurgan va qilmishlariuchun“ meni o‘ldiradi” deb vahimada yurganlarni o‘zimga el qilib olish bobidagi kengashim”- deb yozadi. Sohibqiron tom ma’noda xalqparvar hukmdor bo‘lib, mamlakatda adolat,tinchlik va farovon hayotni ta’minlash uchun kurashadi. ”Amir Sohibqiron, - deydi Nizomiddin SHomiy, - raiyatlar ahvolini chuqur tekshirib, mazlumning dodini zolimdan oldi, mamlakatning xarobligu obodonligi borasida ma’lumotlar olishga iltifot ko‘rgazdi.Har kimning haq-huquqini o‘z o‘rniga qo‘ygan holdaxaloyiqning har bir toifasini turli tuman mehribonliklar bilan siyladi: sayidlarni ulug‘lashu ehtirom,amirlarni in’om, ulamolarni e’zozu ikrom, zaiflarni saxovatu ehson, raiyatni amonligu odillik bilan xushnudetdi. SHuning uchun uning muborak zoti Xudoyi taoloning lutfu inoyatiga sazovor bo‘ldi...”. U farzandlariga ham qo‘l ostidagi mamlakatlarga ko‘rsatilgan tarzda siyosat yuritishni topshirib, bunday degan: “ ushbu ulug‘ ishni shu yo‘sinda olib boringki, toki u adolat, haqiqat, hukmdorlik zaruriyatlari va raiyatparvarlik uchun kafolat bo‘la olsin hamda uning qoidalariga shunday bir tarzda amal qilsinki, toki u olamning obodligi va insoniyat tinch totuvligi bilan yakun topsin”. O‘rta asrlardayoq xorijiy mamlakatlar xalqlariga mehribonlik va do‘stlik ko‘zi bilan qarash Sohibqironning insonparvar va olijanob shaxs bo‘lganligini ko‘rsatadi. Temur davlatchilik siyosatida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhimahamiyatga egabo‘lgan.Tarixdan bilamizki, begona mamlakatlarni kamsitish hukmdorlar va ularning qo‘l ostidagi mansabdorlar uchun odat tusiga aylangan davrlarda ham AmirTemur bunday yo‘l tutmagan.Sohibqiron uzoqni o‘ylab davlat siyosatida adolat ustivorligini ta’minlagan. YUqoridak o‘rsatilganidek, har bir fuqaroga arziyu dardini tortinmay, cho‘chimay bevosita Sohibqironga bildirish huquqi berilishining ham ahamiyati katta. Bu o‘z navbatida Sohibqiron insonparvarligining sharqona demokratiyaning o‘ziga xos ko‘rinishi hamdir. Uchinchi Renessans ham avvalgi ikki Renessans kabi buyuk iste’dodlarga, daholarga ehtiyoj sezadi. Ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimining tubdan chuqur isloh qilinishining sababi ham, davlat rahbari ta’biri bilan aytganda: YAngi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoit yaratishimiz kerak. Muhit esa nafaqat ob’ektiv shart-sharoitlardan, shuningdek sub’ektiv olimlardan, odamlarning o‘zaro munosabatlari mazmunidan, ularning qanday maqsadlarni ko‘zlab, amaliy intilishlaridan ham iboratdir. Buning uchun yosh avlodga tariximiz, ulug‘ daholarimiz haqida chuqur bilim berish kerak, toki ularning hayoti yoshlarimizga namuna bo‘lsin. SH. M. Mirziyoev ta’kidlaganidek: “Bir haqiqatni barchamiz chuqur anglab olishimiz kerak: milliy tarixni xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizga milliy ruhda etkazish, ularning qalbiga, shuuriga singdirish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”. Amir Temur hayoti, faoliyati, ma’naviy qiyofasi Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga bel bog‘lagan xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz uchun saboq beradigan, xulosa chiqaradigan tarixiy qadriyatdir. SAVOL VA TOPSHIRIQLAR. Amir Temur hayoti va merosi Temuriylar davri ma’naviyati Temur tuzuklarida ilgari surulga asosiy g`oyalar. Amir Temur adolatli boshqaruv tizimi haqida nima bilasiz? Download 0.64 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling