O`quv-uslubiy majmua (I kurs talabalari uchun mo`ljallangan) Navoiy -2021


Download 0.64 Mb.
bet44/103
Sana25.03.2023
Hajmi0.64 Mb.
#1294293
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   103
Bog'liq
manaviyatshunoslik

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

  1. Johiliy davri haqida tshuntiring.

  2. Islom dini

  3. Islom dining Markaziy Osiyoda tarqalishi

  4. Islomning muqaddas kitobi “Qur’oni karim”

  5. Hadislar qanday manba?

  6. Sahih hadislar



9-mavzu: Rumiyning ilmiy merosida ma’naviyatning o`rni
Reja:
1.Rumiyning hayoti va ijodi
2. Rumiyning ilmiy merosi
3. Jaloliddin Rumiy ma’naviy merosining umuminsoniy harakteri


Tayanch so‘z va iboralar: “Ma’naviy-masnaviy”, “Raqsi samo’ ”, mazhab, suluk, firqa, rofiziya, xorijiya, jabariya, qadariya, jahimiya, murjiya, ilohiy ishq, ilohiy mohiyat.

Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asarida keltiriladikim, Jaloliddin Rumiy o‘z zamondoshi Mavlono Sadriddin Qazviniyni xushlamas edi. Bir kuni suhbat asnosida gap islomdagi mazhablar haqida borganda, Rumiy Qazviniyga qarab: “Men etmish uch mazhab bilan birdirman” deydi. Mavlono Sadriddin shogirdlaridan biriga “Sen katta bir izdihom ichida Rumiydan mazkur gapni aytganmidingiz, deb so‘ra. Agar iqror bo‘lsa, og‘zingdan kelgancha so‘k va ranjida qil”, deb buyurdi. SHogird paytini topib, haligi savolni berganda, Rumiy: “Ha, aytganman”, deya tan oladi. SHunda u qabih so‘zlar aytib, Rumiyni haqorat qila boshlaydi. Ammo Jaloliddin Rumiy hech bir jahli chiqmay, tabassum qilib: “Men sening aytganlaring bilan ham birdirman”, deydi. Mavlono Sadriddinning shogirdi o‘zi uyalib majlisni tark etadi.


Ushbu hikoya nimaga ishora etadi? Nega Jaloliddin Rumiy o‘zini etmish uch mazhab bilan birgaman deb e’lon qilgan va nima sababdan bu Mavlono Sadriddin Qazviniyga yoqmagan? Bu savollarga javob berishdan oldin, qisqacha bo‘lsa-da, o‘quvchilarga etmish uch mazhab nimaligi haqida ma’lumot berishimiz lozim. Etmish uch mazhab—bu islomdagi siyosiy, ijtimoiy va mafkuraviy kurashlarni ifodolab kelgan har xil oqimlar, guruh va firqalardir. Avvalo, shuni ham qayd etmoq joizki, bu ibora ba’zi manbalarda “etmish ikki mazhab” shaklida ham uchraydi. Sababi etmish uchinchi mazhab islomning asosiy an’anaviy yo‘li hisoblangan sunna va jamoa mazhabidir, qolgan etmish ikki mazhab ana shu sunna va jamoadan ajralib chiqqan, deb qaraladi.
Endi etmish ikki mazhabning o‘ziga kelsak, ularni dastlab olti guruhga ajratadilar. CHunonchi: rofiziya (o‘z qavmini, safini tark etganlar), xorijiya (ajralib chiqqanlar), jabariya (taqdiri azal hukmini qat’iy deb biluvchilar), qadariya (insonning erki o‘zida deb biluvchilar), jahimiya (Jahm bin Saffon tarafdorlari—barcha masalalarni do‘zax va jannatga bog‘lab tushuntiruvchilar), murjiya (Xudo bandasini noumid qilmaydi deguvchilar). Mazkur olti guruhning har biri yana o‘n ikki firqaga ajraladi. Masalan, rofiziya oqimi firqalari: alaviya (hazrati Ali ham payg‘ambar edi deguvchilar), abadiya (Ali payg‘ambarlikka sherik deguvchilar), shia (kimki Alini barcha sahobalardan afzal deb bilmasa, kofirdir deguvchilar) ishoqiya (payg‘ambarlik tamom bo‘lgan emas deguvchilar), zaydiya ( imomlikka faqat Ali avlodi munosib deydiganlar), abbosiya (Abbos ibn Abumutallibdan boshqa imomni tan olmaydiganlar), imomiya (g‘oyibdan keluvchi imom er yuzida doim bor deguvchilar), norisiya(kimki o‘zini boshqalardan afzal deb hisoblasa, kofirdir deydiganlar), mutanosixiya (jon chiqqandan keyin yana boshqa vujudga kirishi mumkin deb ishonuvchilar), lo’iniya (Sahobalardan Talxa, Zubayr va bibi Oishani la’natlovchilar), roji’iya (Ali yana dunyoga keladi deguvchilar), murtaziya (musulmon podshosi bilan jang qilish ravo deydiganlar). Albatta, barcha mazhablar haqida bu maqolada batafsil to‘xtashning iloji yo‘q. Faqat shuni aytmoqchimizki, rofiziya va xorijiya firqalari shiachilik aqidalariga asoslansa, ya’ni hazrati Ali va uning avlodini ulug‘lashni maqsad qilib olsa, qadariya va jabariya firqalari sunna oqimiga mansub bo‘lib, ilmi kalomning nazariy sxolostik aqidalari atrofida bahs qilganlar. Murjiya, jahimiya firqalari ham shia ham sunna mazhabiga tortadigan maslaklardan iborat. Bularning ba’zilari fiqh masalalarida,ba’zilari namoz, ibodat tartiblari, ba’zilari iymon mazmuni ustida tortishadilar. Ammo ular orasida islom dini ahkom va aqidalarini inkor etadiganlari ham bor. CHunonchi, mo‘‘tazila mazhabiga ko‘ra, yomonlik ilohiy taqdirdan emas, balki insonlarning o‘zidandir; fosiq kishining imomligi harom; iymon esa bandasining tajribasi(o‘zlashtirganidan) hosil bo‘ladi, oldindan belgilanmaydi; Qur’on yaratilgandir, vahiy emas, Me’roj Quddus shahrigachadir va bu faqat ruhga tegishli,jismga emas; qiyomatda gunoh- savobning hisob kitobi, tarozi yo‘q, avliyolarning karomati yolg‘on, qiyomatda Haq taoloni ko‘rish mumkin emas,jannat ahli ham uxlaydilar, ovqatlanadilar va vafot etadilar… Sirojiya ahli fikricha, o‘lib ketgan odamlarning so‘zi hujjat bo‘lolmaydi, ularni inkor etish mumkin (demak, payambar hadislarini ham). Muhkomiya oqimi bo‘yicha esa, Xudoyi taoloning bandalariga hech bir hukmi yo‘q. Xudo olamni va odamni yaratgan, ammo odam barcha faoliyatda ixtiyor o‘zida. Lafziya ahli deydilarki, Qur’on ish Kalomidir, ilohiy so‘z emas, biroq Qur’onning ma’nosi ilohiydir. Riyoziya bo‘yicha iymon sunnat, xolos, ya’ni ezgu so‘z, ezgu amal, ezgu niyatdir.
SHunday qilib etmish ikki mazhab bo‘lsa, etmish ikki xil qarash mavjud. Ular orasida yuqorida ko‘rganimizday, an’anaviy sunniy mazhabi aqidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan qarashlar ko‘zga tashlanadi. Bu mazhablar har biri o‘zinikini ma’qullab, o‘zini “chin musulmon” deb o‘ylar, boshqa mazhab tarafdorlarini esa kofir, dushman hisoblardi. Natijada, bu mazhablar faqat nazariy-mafkuraviy maydonlarda olishib qolmay, balki qattol urushlarni ham vujudga keltirdilar, orada yuz minglab odamlar qirilib ketardi. Endi yuqoridagi rivoyatimizga qaytadigan bo‘lsak, ma’lum bo‘ladiki, Mavlono Sadriddin Qazviniy sunniy mazhabining ashaddiy himoyachisi bo‘lganligi sababli boshqa mazhablarni yoqtirmagan va shu bois Rumiyning “men etmish uch mazhab bilan birdirman” degan so‘zini kufr deb hisoblagan. Ammo Jaloliddin Rumiy nazarida unday emas. Rumiy uchun bu mazhablarning o‘zaro bahsu munozaralari hali balog‘atga etmagan odamlarning dinu diyonat, islom va iymonning mohiyatiga etmay, zohiriy narsalar, atamalar ustida ma’nisiz va maqsadsiz tortishuvlari bo‘lib tuyulgan. Nega? CHunki biror mazhabda ham Xudoning O‘zi, Uning biru borligi inkor etilgan emas. Mazhablar Xoliq haqida emas, balki maxluqot, ya’ni yaratilgan narsalar, odamlar o‘zi o‘ylab topgan rasm- rusumlar, qoida -qonunlar, aqidalar haqida bahs-munozara qiladilar. Tasavvuf ahli esa Haq ta’oloning O‘zi, uning zoti va javhari, ya’ni mohiyatlar mohiyatiga etishish uchun intilganlari sababli bu rasm-rusumlar, qoidalarga e’tibor qilmasdilar. Ular shariatni qattiq hurmat qilganlar. Biroq shariat shariat uchun emas, shariat haqiqat uchun vosita deb qaralgan. SHunday bo‘lgandan keyin vosita turlicha bo‘lishi mumkin, maqsad esa bitta—Haqqa etishmoq, deb uqtiriladi Jaloliddin Rumiy asarlarida. Mana shu ma’noda Rumiy, men barcha mazhablar bilan birdirman, degan. Bugina emas, Jaloliddin Rumiy fikricha, dunyo dinlari mohiyatan birdir. CHunki ularning hammasida ham tavhid g‘oyasi bor. Parvardigori olamga sig‘inish, Undan madad olish, U sari intilish mavjud. Rumiyning “Ichindagi ichindadir” (“Fiyhi ma fiyhi”) asarida keltiriladi: “Bir kun bir yig‘inda va’z o‘qilardi. Musulmonu kofir hamma yig‘lar, turli ahvolga tushardi. Birov: “Kofirlar nega yig‘lashadi, ustiga ustak tilni bilishmaydi. Musulmonlarning ham mingdan biri arang tushungan va’zdan ular nimani anglayaptiki, bu qadar yig‘lab siqtashadi? —deb so‘radi. Mavlono buyurdiki: “So‘zning o‘zini tushunishga hojat yo‘q. Ular mohiyatini, maqsadni anglashmoqda. Ular ham Ollohning birligini e’tirof etishadi. Uning YAratguvchi, Razzoq, hamma narsani o‘z tasarrufida tutuvchi ekanini, nihoyat hamma Unga qaytajagini, avfu jazo undan bo‘lajagini anglashadi”. Jaloliddin Rumiy buni yana soddaroq qilib tushuntirish uchun misol keltiradi: ko‘rmayapsanmi, Ka’baga SHimolu SHarq, Janub va G‘arbdan, Iroqu ajam, Hindu YAmandan odamlar yo‘lga chiqadi. Ularning yo‘llari har xil, ammo maqsadlari bir. Yo‘lda ixtiloflar, tortishuvlar bo‘ladi, ammo Ka’baga etgach, bahslar to‘xtaydi, ixtiloflar barham topadi. “Yo‘lda bir- birlariga: “Kofirsan, falonsan- pistonsan” deganlar Ka’baga kelishlari bilan maqsadlari bir ekanini anglaydilar”, deydi Rumiy. Kelishmovchiliklar ma’noda emas, shaklda, so‘zdadir. Ma’noga etishganlar orasida nizo yo‘q. Rumiy ta’kidlaydiki, Xudoni chin dildan sevish, Undan umidvor bo‘lish, Unga suyanish har bir inson qalbi tubida balqigan muqaddas bir hisdir. Xudoni hamma ham mutlaq Qudrat va abadiy- azaliy zot deb biladi. Bu ma’no inson qalbida shunday o‘rnashganki, uning na inkor, na tasdiq ko‘rinishi bor. Uning ismi ham ifodasi ham yo‘q. Ammo ma’no so‘zga aylanishi, shaklga kirishi bilan kufr yoki iymon, inkor yo tasdiq paydo bo‘lib, muhokamalar, ixtiloflar boshlanadi. Zero, Parvardigor Buyuk bir g‘oya, mavhumiyat. U biror shaklga,suvratga sig‘maydi, garchi jami shakllar, suvratlar Undan bo‘lsa ham. Farqlar shakllarda ifodalanadi, shu bois maxluqiyat dunyosi, bizning o‘zimiz va bizni o‘rab ko‘rinib turgan moddiy dunyo behisob shakllar, o‘zgarishlar, almashinishlardan iborat. Parvardigor olamida bu xususiyatlar yo‘q. Parvardigor diydoriga oshiq insonlar ham qaysi din, mazhab va millat yoki irqqa mansub bo‘lishidan qat’i nazar, qalban bir maslakdagi odamlardir.
SHu uchun Rumiy deydi:
Har valivu har nabiro maslakest, Lek, to Haq meravand jumla yakest.
(Har valiy va nabiyning o‘z maslagi bor, ammo Haq oldiga borganda hammasi bir bo‘ladi).
SHunday qilib, buyuk so‘fiy shoir dinlar va mazhablarni bir-biridan farqlanadigan, ammo bir manzilga olib boradigan yo‘llar deb biladi: “Yo‘llar xilma-xil bo‘lsa ham lekin maqsad birdir”, deb qayd etadi u. Odamlarning bir-birini tushunmasligi, birinchidan ma’noga emas, balki nomlar, atamalar, tashqi ko‘rinishlarga qarab hukm qilishda, ikkinchidan, Xudoni sevish va Unga beg‘araz, nafsu tama’dan xoli holda iymon keltirmasdan, balki manfaat yuzasidan munosabatda bo‘lish, aniqrog‘i, Xudoni o‘zining g‘arazli niyatlarini amalga oshirish uchun ro‘kach qilish, madadgor deb hisoblashdan kelib chiqadi.
Mohiyatni tushunmasdan so‘zdagi farqqa qarab o‘zaro ixtilof qilishni Rumiy mana bu rivoyat bilan tushuntirgan: To‘rt millatdan to‘rt kishi— turk, fors, arab va yunon yo‘lda birga ketayotganlarida ularga birov bir dirham pul beradi. To‘rtovlon bir-birining tilini tushunmagani sababli pulga nima sotib olish kerakligi ustida janjallashib qoladilar. Fors “angur”(uzum) olamiz desa, arab “man angur emayman, “inab”(uzum) istayman deydi. Turk “uzum” olmiz deb turib olsa, yunonlik “Yo‘q, istofil (uzum) emoqchiman” deb musht o‘qtaladi. Natijada, ular bir-birini tushunmay, yoqalashib ketadilar. SHu payt “yuz tilni biladigan sirlar sohibi” bir odam yo‘liqib, ularning nizosiga quloq solib, pulni qo‘llaridan olib, bozordan uzum sotib olib berganida, to‘rtalasi ham bir narsani xohlaganini ko‘rib hayron qolishadi, istaklari amalga oshib, yarashib ketadilar. Rumiy ushbu rivoyat bilan nafaqat nomlar, ifodalarning xilma-xilligi ma’no-mohiyatini yashirib, odamlarni adashtirishini anglatish barobarida muhim bir g‘oya—Xudoning mohiyatini anglashda insonlarning hushyorligi, aqliy va ma’rifiy kamolotiga asosiy e’tiborni qaratadi. Odam qanchalik nodon bo‘lsa, u shuncha xurofotga, so‘zlar sehriga, shakllarga mahliyo bo‘ladi, rasm-rusumga, aqidalarga beriluvchan bo‘ladi. Va, aksincha, odamning ma’rifati, bilimi oshgan sari, u Iloh ilmiga, g‘aybga yaqinlashib boradi, mazhabparastlik, aqidaparastlikdan yuqori ko‘tarilaveradi, haqiqat oshig‘i bo‘lib, Haq sari talpinaveradi. Mazhabparastlik insonni kichraytiradi, ma’naviy dunyosini toraytirib, muayyan bir sxolostik tushunchalar kishaniga solib qo‘yadi. SHuning uchun so‘fiylar o‘zlarini mazhablarga, shariat chorcho‘basiga bog‘liq qilib qo‘ymaganlar. So‘fiylar zohirni emas, botinni rostlash, qalbning, ruhning sharaflanishi, kamoloti uchun kurashardilar. Jaloliddin Rumiyning ta’biri bilan aytganda: “Insonning ichi hurriyat olamidir”. Ha, inson qalban hurdir. Ollohga bo‘lgan muhabbat, hayotga bo‘lgan muhabbat ham hurlikdan paydo bo‘lgan shavqdir. Bu shavq kuydiruvchi ishqqa aylanib, insonning o‘zini ham olamlarni o‘z ichiga sig‘diruvchi buyuk bir xilqatga aylantiradi. YA’ni Ollohga qarin etadi. Bu ishq, boya aytganimizday, har qanday dunyoviy va uxraviy manfaatparastlikdan, g‘arazlardan xoli, pokdir. Bunda toat-ibodatdan, ahkomlarni bajarishdan ko‘ra, samimiyat, yoniq harorat bilan jonfidolik qilish hissi ustun. SHu o‘rinda Rumiydan yana bir rivoyatni naql etmoqchimiz. “Ma’naviy Masnaviy”da keltiriladiki, Muso payg‘ambar bir yaylovdan o‘tayotganida bir cho‘ponga duch keladi. CHo‘pon Xudoga nola qilib der edi: “Ey Xudojon, sen qaerdasan, kel, sochlaringni tarayin, chorig‘laringni tikayin, naki o‘z jonim, balki qo‘ylarim, farzandlarim ham senga fido bo‘lsin. Qaerdasan, borib dastyoring bo‘lsam, sut qaymog‘im bilan qorningni to‘ydirayin, boshing og‘risa, boshingni silayin, yuzqo‘lingdan o‘payin, oyoqlaringni uqalayin…”Muso buni eshitib, cho‘ponni koyiydi: “Ey ahmoq, kofir bo‘lding, Xudoning chorig‘i ham, to‘ni ham yo‘q, u emaydi, ichmaydi, Uni o‘zingga o‘xshatma. U go‘yo quyosh, sen bir chivin…” CHo‘pon Musoning bu gapidan qattiq xafa bo‘ladi va jimib qoladi.
SHunda Parvardigori olamdan Musoga vahiy keladi: “Ey Muso, nima qilding, bandamizni bizdan ayirding, qo‘y aytsin, sen bandalarning dilini Parvardigorga ulash uchun yuborilgansan, ajratib tashlash uchun emas. Biz har odamga, har bir elga o‘z darajasida, o‘z tilida muhabbat izhor etish uchun imkon berdik. Hindlarni hind tilida, sindlarni sind istilohida so‘zlatdik.”
Bu rivoyatda ham Rumiy tashqi belgilar, so‘zlar shakliga e’tibor qilmaslik, balki so‘zning ma’nosiga, samimiyligiga e’tibor berish lozimligini ta’kidlaydi. CHo‘ponning so‘zlari juda to‘pori, sodda. CHo‘pon Xudoni o‘ziga o‘xshatib tasavvur etadi. Ammo uning so‘zlari, muhabbati soxta emas, tama’g‘arazga asoslanmagan. U bor budini Xudo yo‘lida sarflashga tayyor. Albatta yurakdan aytilgan gaplar qanday tilda bo‘lmasin aytuvchining sadoqatini ifodalaydi.
Mo burunro nangaremu qolro, Mo darunro bingaremu holro.
(Biz tashqi tuzilishga va so‘zga qaramaymiz, biz ichkariga va holga boqamiz), deydi Xudovand Musoga qarab. Bu Qur’ondagi oyatning she’riy tarjimasi ekani ko‘rinib turibdi.
Zero, inson qalbi Ollohning uyi, bu uy qancha toza, sarishta bo‘lsa, Olloh nuri, Olloh ilmu hikmati unda shuncha aks etadi. Ko‘ngil— bu javhar, so‘z esa – araz(hodisa) deydi Rumiy. Agar kishi fikrini so‘z bilan ifodalasa ham, lekin bu so‘z ko‘ngildan chiqdimi yoki yo‘qmi –muhimi shu! So‘z – qurol, maqsad esa – ko‘ngil. Ko‘ngil o‘rtanmasa, ehtiroslarga to‘lishmasa, so‘zda ta’sir bo‘lmaydi:
CHand az in alfozu izmoru majoz, So‘z xoham, so‘z, bo on so‘z soz!
(Qachongacha bu so‘zlar, kinoya va majozlarni keltirasan, olov istayman, olov, olov bilan qizitgin).
Olov —Ollohning ishqi, olov— ma’no, olov— Haq ishqida yongan ko‘ngil dardi.Demak, Mohiyatga ishq olib boradi. SHu bois Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy Masnaviy” asarini inson tafakkurini olovlantirib, ilohiy mohiyatni anglash sari olib boradigan Ishqning tafsiri desa bo‘ladi.
Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay…
deb boshlanadi bu muazzam falsafiy doston. Nay — Aslidan ajralgan ruh timsoli, oshiq qalb ramzi. U asliga qarab tinimsiz ravishda intiladi, nola-iztiroblar bilan o‘zligini va o‘z Robbini anglab boradi. Rumiy bu ma’noni olamjahon hikoyat va masallar keltirib, Qur’on oyatlari va hadislardan foydalanib tushuntirib beradi. Uning o‘tkir mushohadalari “Ichindagi ichindadir” asarida ham yorqin namoyon bo‘lgan. Bu asarda ham tashqi va ichki olamlar qiyosi, maqsad, g‘oyani, haqiqatlarni sharhlash asosiy o‘rinni egallagan. Odamlar ko‘p hollarda ko‘zga ko‘ringan tashqi belgilar, surat-shakllarga qarab hukm chiqaradilar, deydi mutafakkir. Siyrat va mohiyatni anglashga ojizlik qiladilar, shunda ular odatlar, marosimlar, aqidalarga yopishib oladilar: mazhabbozlik, tarafkashlik bilan shug‘ullanadilar. Xolbuki, Iloh talabgori bulardan yuqori ko‘tarilishi lozim. Darveshlar, so‘fiylar ana shunday odamlardir. Mohiyatni idrok etmay tavhid sirini, iymon nurini egallash, ilm-ma’rifat qozonish mumkin emas. Iloh haqida tasavvurlar ham har xil. Bu tasavvurlarning haqiqati to‘plansa, balki Olloh ma’rifatiga yaqinlashish iloji topilar? Rumiy quyidagi masalni keltiradi: to‘rtta ko‘zi ojizga filning qanaqa ekanligini anglatmoqchi bo‘libdilar. Filni ularning oldiga olib kelibdilar. Ulardan biri filning xartumini ushlab, ha, ilonga o‘xshar ekan debdi. Ikkinchisi oyoqlarini paypaslab, fil binoning ustuniga o‘xshash ekan debdi. Uchinchisi qornini ushlab, qopga o‘xshar ekan debdi, to‘rtinchisi filning quloqlariga qo‘l tekizib, supraga o‘xshar ekan debdi.
Demak, ularning birortasida ham fil haqida to‘liq tasavvur yo‘q. SHu kabi odamlarda ham alohida-alohida olinganda Xudo haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Faqat qalb ko‘zi bilan idrok etadiganlar bu Mohiyatga yaqinlashib boradilar. Suratga ishqiboz zohirbinlar esa bundan mahrumdirlar. Rumiy keltirgan mana bu masal ham shu o‘rinla ibratli:
Bir tulki sherdan qutilish uchun unga qarab: o‘rmonda sendan ham zo‘r bir jonvor paydo bo‘libdi, u senga hujum qilib emoqchi, debdi. SHerning qahri kelib, qani o‘sha maxluq, deb so‘rabdi. Tulki sherni quduq boshiga olib borib, suvga qaragin ko‘rasan, debdi. SHer suvga qaragan ekan, o‘z aksini ko‘ribdi va hali senmi meni eydigan deya o‘zini quduqqa tashlabdi va halok bo‘libdi. Rumiyning xulosasi: suratparastlik, hovliqmalik, manmanlik taqlidchilikni yuzaga keltiradi. Manmanlik esa oxir-oqibatda insonni halokatga olib boradi.
SHunday qilib, inson ruhi Ollohdan ajralib, “Ollohga qaytar ekan”(Qur’on oyati), u albatta yuksalib irfon nuridan bahramand bo‘lib borishi lozim. Bo‘lmasa, mohiyatlar mohiyati, jamiki haqiqatlar haqiqati – Haq ta’oloni anglamay, hodisalar, arazlar, suratlar ichida o‘ralashib qoladi. Albatta, Rumiy surat va hodisalar olamini inkor etuvchi emas. U tajalliyot falsafasining mutafakkiri sifatida Olloh nurining butun mavjudot bo‘ylab tarqalishi, har bir nafislik ohanglar, harakatlarda bu nur zuhur etishini g‘azallarida tarannum etgan. Ammo u hodisa va surat bilan cheklanishga qarshi. Kishi olamning o‘zini, hodisalarini idrok etish bilan chegaralanmasdan, hodisadan mohiyatga qarab borishi darkor. SHunda u shariat bosqichidan haqiqat martabasiga ko‘tariladi. Kamolot sari intilganlar yo‘lda to‘xtab qolishi mumkin emas. Ana shu ma’noda Jaloliddin Rumiy barcha dinlar va mazhablarni ham o‘zimga sig‘diraman va yana barchasidan o‘zib ketaman, deydi.
Bu o‘rinda shuni ham qayd etmoqchimizki, Rumiy barcha mazhablar va dinlarni birlashtirishni maqsad qilgan emas yoxud ular o‘rniga yangi umumjahoniy din taklif qilgani ham yo‘q. (Ma’lumki, XX asr boshida Eronda Bahoullo degan kishi o‘zini payg‘ambar deb, bahoiya dini dunyoning yagona dini deb e’lon qilgan edi. Bu din tarafdorlari hozir ham bor. Ammo ular tasavvufni ham Rumiyni xush ko‘rmaydilar). Jaloliddin Rumiy o‘zining barcha qarashlarida islom falsafasi, Qur’on g‘oyalariga tayanadi. Payg‘ambarimiz hadislaridan ko‘plab misollar keltiradi. Umuman olganda, chuqur o‘ylagan odam Rumiy ta’limoti islomning o‘zagidan kelib chiqishini yaxshi anglab etadi. Nega? CHunki islom dini nisbatan yangi din bo‘lganligi sababli oldingi dinlarning irfoniy jihatini mustahkamladi, zotan, islom butparastlikka qarshi kurashib shakllangan din. Butparastlik esa suratparastlik, zohirbinlikdir. SHuning uchun islomda tavhid birinchi o‘rinda turadi: Xudo mutlaq va yagona yaratuvchi zot ekanligi chuqur isbotlanadi. Islomda, shuningdek, suvratga emas, ma’noga, g‘oyaga e’tibor qilish etakchi fikrdir. Tasavvuf aynan ana shunga suyanadi va islomiy iymonni, tavhidni yana ham rivojlantiradi. SHu bois Rumiyning fikrlarini islomiy tavhidning yanada chuqurlashuvi, irfoniy mazmun kashf etishi deb bilishimiz lozim.
SHu erda Rumiyning yana bir fikrini o‘quvchilarga etkazmoqchiman. Rumiy deydiki, Ollohning yaratgan odamlari cheksiz bo‘lganiday, Uning ilmi ham cheksizdir va Qur’oni karim Olloh ilmining hammasi emas. Qur’on bu ilmning bir qismi – Muhammad sollallohu alayhi vasallamga arab tilida yuborilgan ilm. Olloh ilmi oldingi payg‘ambarlarga boshqa tillarda ham yuborilgan edi, demak, keyin ham bu ilm kashf etilishi mumkin. SHunday bo‘lgach, dinlarni birlashtirish mumkinmi? Yo‘q, mumkkin emas, deydi Rumiy. “Ichindagi ichindadir” kitobida u yozadi: “Siz qanday qilib dinni bir qilasiz? Bu faqat qiyomatda mumkin. Bu er dunyodir va shuning uchun ham dinning bir bo‘lishi mumkin emas. CHunki bu erda ularning turli-tuman istagi va tilagi bordir. Din Dunyoda birlasholmaydi, faqat qiyomatda bir bo‘ladi. Qiyomatda ularning hammasi birlashadi, bir quloq, bir til holiga keladi”.
Ha, dunyo kasrat (ko‘plik) olami. Kasrat esa xilma-xillik, turli xil qarashlar, tushunchalar, istak va xohishlar demakdir. Din ana shunga mos ravishda ko‘pdir. Qiyomatda ular birlashadi, chunki hamma yagona Parvardigor huzurida bo‘ladi, istaklar Olloh istagiga kelib ulanadi. Olloh—vahdat. Vahdat esa kasratni birlashtiradi. Demak, dinlarning, mazhablar, ta’limotlar, qarashlarning turli-tuman bo‘lishi qonuniyat, tabiiy hol. Unda bular orasidagi janjal va tortishuvlar ham qonuniyatmi?
Jaloliddin Rumiy buni ochiq aytmagan. Ammo “din dunyoda birlashmaydi” degan fikrning o‘zi ular orasidagi farqlar, demakki, “mening dinim haq”, “mening mazhabim to‘g‘ri” degan tortishuvlar saqlanaveradi, degan ma’noni ham anglatadi. Zero, bu tortishuvlar zamirida dunyoviy manfaat yotadi. Diqqat qilinsa, Rumiy “din dunyoda birlashmaydi” deyish bilan din, garchi Xudoga e’tiqodni talab qilsa-da, oxirat haqida so‘zlasa-da, ammo u dunyoviy hodisadir. (Bu o‘rinda muallif mansux bo‘lgan dinlarni nazar tutgan—N.I.) Dunyoga emas, balki Ollohga bog‘lanish, haqqa etishish uchun riyozatlarni rohat deb ulug‘ muhabbat bilan intilish faqat tasavvuf ta’limotiga xos. Ana shu jihati bilan tasavvuf ahli, ayniqsa, Rumiy, Ibn Arabiy, Jomiy, Mashrab kabi ulug‘ oriflar barcha dinlar va mazhablardan yuqori turganlar, mazhablararo tortishuvlarni ma’nisiz va behuda narsa deb qarab, odamlarni buni anglashga va birlashishga chaqirganlar. Tasavvuf gumanizmining umumjahoniyligi va o‘lmasligi ham shundadir.
Bu maqolada biz “Ma’naviy Masnaviy”ning birgina jihatini gapirdik, xolos. Rumiy buyuk mutafakkir inson sifatida dunyo ziddiyatlari, ziddiyatlarning o‘zaro vobastaligi (“qarama-qarshiliklar birligi”), dunyoda milliard shaklu shamoyilda mavjud bo‘lgan ashyolarning o‘zaro aloqasi, bir-biriga o‘tish—evrilishlari, modda almashinishning zarradan koinot qadar amal qilishi, hayot va o‘lim sabablari (hayot— ziddiyatlar “kelishuvi”, “yarashishi”, o‘lim — ziddiyatlar “jangi”), jism va ruh, olam va Iloh haqida yozadi, bularni ajabtovur o‘tkir mantiq bilan tahlil va tadqiq etadi. “Masnaviy”da bir necha yuz hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Qur’oni karimning yuzlab oyati tilga olinib, tafsir etilgan. 690 hadisga rumiyona sharh berilgan. Ko‘z oldimizda ham kalom ilmining ulug‘ bilimdoni, ham tasavvuf ta’limotini sarbaland cho‘qqiga olib chiqqan orif inson va ham muqtadir daho shoir gavdalanadi. Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy-so‘fiyona ma’nolar chiqaradi, teran tafakkuri doiradan doiraga, darajadan darajaga ko‘tarilib boradi. “Qur’onning uch qabat botiniy ma’nosi bor”, deb qayd etadi u va ana shu ma’nolarni izchil bizga tushuntiradi.
Butun “Masnaviy” boshdan oxirigacha ikki muhim g‘oyaning talqiniga bag‘ishlangan desam xato qilmayman. Bu g‘oyalarning biri—taqlidchilik, zohirbinlikning jaholatdan ekanligini isbotlash bo‘lsa, ikkinchisi—ilohiy ma’nolar, Haq haqiqatiga erishgan chin so‘fiylarni ulug‘lashdir. Asarning boshidan boshlab nayga murojaat qilgan shoir, nayning botiniy olami, nolasi, asroridan ko‘plar bexabar ekanligini ta’kidlaydi.Va mana shu bexabarlikning o‘nlab ko‘rinishlarini, salbiy oqibatlarini tamsil, hikoyalar sharhi bilan ochib beradi. Nay – ruhi Ilohdan ajralgan va o‘sha asliga qarab shiddat bilan intilayotgan oshiq orifdir. Butun “Masnaviy” shu oshiq orif qalbining tafsiridir. Bu qalb – SHams Tabriziyning, shayx Husomiddinning, ulug‘ Jaloliddin Rumiyning qalbidir, ularning pok ruhlari taratgan nurdir. Bu orif qalbi – kasrat dunyosini obdon o‘rganib, vahdat olamiga parvoz etadi, shu olam shavqida ilohiy hikmatlarni tizib tashlaydi. SHu bois Rumiy asarlarini anglash, undan bahra olish kishiga huzur bag‘ishlaydi, bu asarlar ma’naviyatning koni, ma’nolar xazinasidir.

Download 0.64 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   103




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling