XII BO‘LIM
BUDJET TASHKILOTLARIDA BUXGALTERIYA
HISOBINING XUSUSIYATLARI
Respublikamizda xizmat ko‘rsatish sohalarida hisob-kitob ishlarini aniq yo‘lga qo‘yish, ular faoliyati xaqidagi ma’lumotlardan davlat miq-yosida foydalanish va davlat budjeti daromadlari va xarajatlarini to‘g‘ri shakllantirish muammolari bu sohalardagi buxgalteriya hisobining o‘ziga xos tomonlarini tashkil etadi. Bu sohaga mulkchilik turidan qat’i nazar, davlat budjetidan to‘liq yoki qisman moliyalashtiriladigan yoki xo‘jalik hisobida ish yuritayotgan xizmat ko‘rsatuvchi muassasa va tashkilotlar kiradi.
Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobini yuritishni tartibga so-luvchi asosiy me’yoriy hujjat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2010-yil 17-dekabrdagi 105-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomadir.
12.1. BUDJET TASHKILOTLARIDA BUXGALTERIYA HISOBINI TASHKIL QILISH
Budjet tashkilotlari budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha buxgalteriya hisobini O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida» gi Qonuniga, yuqorida ko‘rsatilgan yo‘riqnomaga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil qiladilar.
Tashkilotlarda buxgalteriya hisobi mazkur yo‘riqnomaga muvofiq buxgalteriya hisobi yuritishning memorial order shaklida olib boriladi.
Tashkilotning rahbari tashkilotda buxgalteriya hisobini tashkil qilinishini hamda to‘liq va aniq yuritilishini, moliya-xo‘jalik opera-tsiyalarini nazorat qilish tartibini, hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini, shuningdek, buxgalteriya hujjatlarining saqlanishini ta’min-lanishi shart.
Tashkilotlarning rahbarlari va bosh hisobchilari, hisobchilari o‘zla-rining tizimidagi tashkilotlarda buxgalteriya hisobini yuritilishini va moliyaviy hisobotlarning to‘g‘ri tuzilishini muntazam nazorat qilib turadilar.
Bosh hisobchi boshchilik qiladigan tashkilotning buxgalteriyasi mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanadi va tashkilotning boshqa biron– bir bo‘linmasi tarkibiga kiritilishi taqiqlanadi. Tashkilot bosh hisobchisi
bevosita mazkur tashkilot rahbariga, buxgalteriya hisobini yuritish, hisobotlarni tuzish va taqdim qilish masalalari bo‘yicha esa, yuqori tashkilot bosh hisobchisiga ham bo‘ysunadi hamda tashkilotda buxgalteriya hisobining yuritilishiga, moliyaviy hisobotlarning o‘z vaqtida va to‘liq topshirilishiga hamda normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning bajarilishiga javobgar bo‘ladi. Bosh hisobchi buxgalteriya xodimlari uchun xizmat vazifalarini har bir xodim uchun alohida belgilaydi. Buxgalteriyada xizmat vazifalari funksional belgilarga qarab taqsimlanadi, ya’ni xodimlarning har bir guruhiga yoki alohida bir xodimga ishning hajmiga qarab, ma’lum bir soha biriktiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |