O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi


Kometalar («dumli yulduzlar»)


Download 1 Mb.
bet49/78
Sana18.06.2023
Hajmi1 Mb.
#1584470
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   78
Bog'liq
O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi

Kometalar («dumli yulduzlar»)
«Kometa» — yunoncha so'z bo'lib, «sochli» degan ma'noni anglatadi. Kometalarga «sochli» yoki «dumli yulduzlar» degan nom
ularning Quyosh yaqinida o'tayotgan-dagi ko'rinishlariga ko'ra berilgan bo'lib, aslida harakatlari davomida ularning ko'rinishlari keskin o'zgarib boradi. Xususan, kometa Quyoshdan juda uzoq masofada bo'lganda (u payt-da kometa planetamizdan ham uzoq masofada turadi), uning asosiy massasi mujassamlashgan yadro deb ataluvchi qismi xira yulduzcha shaklida ko'zga tashlanadi. U Quyoshga yaqinlashgan sayin yadro atrofini кота deyiluvchi siyrak gaz buluti o'raydi. Shuningdek, bu davrda komadan Quyoshga qarama-qarshi tomonga qarab ravshan «dum» cho'ziladi (101-rasm).
Kometa Quyoshga yaqinlashgan sayin kometaning diametri va «dumi»ning uzunligi orta boradi. Qizig'i shundaki, diametri million kilometr-gacha tartibdagi kometa yadrosini o'rovchi koma ham va uzunligi bir necha yuz million kilometrgacha yetadigan «dum» ham kattaligi — atigi bir necha kilometr keladigan yadrodan, u Quyosh temperaturasidan «bahramand» bo'lgach, ajraladi.
Kometaning yadrosi koma bilan birgalikda uning boshi deyiladi. «Bosh» va «dum»dan tashkil topgan bu antiqa «yulduz» o'zini fanga hozirgidagidek tanishtirgunga qadar, o'z ko'rinishi bilan odamlarni ko'p tashvishga solgan osmon jismlaridan hisoblanadi.
Hatto XVII asrda G'arbda tarqalgan «Mo'jizalar tarixi» to'p-lamida ham «dumli yulduzlar» xudo g'azabining elchilari deb talqin qilingan. Xususan, eslatilgan «tarix»da shunday so'zlar bitilgan edi. «Kometa baxtsiz hodisalarning aniq belgisi bo'lib xizmat qiladi. Har doim kishilar Oy tutilishini, kometani ko'rishgach, Yerning qimirlashi, suvning qonga aylanishi va shunga o'xshash baxtsizliklar ro'y berib, shundan so'ng ko'p o'tmay dahshatli voqealar — qon to'kishlar, odam o'ldirishlar, buyuk monarxlarning o'limi, sotqin-liklar, imperiya va qirolliklarning barbod bo'lishi, ochlik, qimmat-chilik, xullas bir so'z bilan aytganda, insoniyatni baxtsizlik o'z iskanjasiga oladi. Shuning uchun ham hech kim qiyomat va dah­shatli suron yaqinlashayotganligidan, aniqrog'i, ostonada turib eshik qoqayotgandan darak beruvchi samoning bu elchilari va mo'jizalariga shubhalanmasligi kerak».
Yaqin-yaqin yillargacha ham kometa baxtsizlik elchisi deydi-ganlar topilib turardi. Fanda esa salkam XVI asrning oxirlariga qadar kometalar Yer atmosferasining yashin yoki qutb yog'dusi kabi hodi-salaridan biri deb qaralar edi. 1577- yili mashhur daniyalik tadqi-qotchi, astronom Tixo Brage kuzatishlar asosida kometalar — plane-talar orasida harakatlanuvchi osmon jismlari ekanligini tasdiqladi. Shundan so'ng ko'p o'tmay, XVII asrning boshlarida I.Kepler va G.Galiley «dumli yulduzlar» Quyosh sistemasini to'g'ri chiziq bo'ylab kesib o'tadi va keyin unga butunlay qaytmaydi deb taxmin qildilar.
Kometa ko'rinishlarining o'zgarishida uning harakat trayek-toriyasini o'rganish muhim rol o'ynaydi. Bu borada Brage va Keplerdan so'ng taniqli polyak astronomi Geveliyning xizmati katta bo'ldi. Kometalar haqidagi o'z tadqiqotlari asosida Geveliy kometalarning trayektoriyasi egri chiziqdan iboratligini aniqladi. 1681-yili Georg Derffel kometalarning orbitalari parabola ko'ri-nishida bo'lib, ularning fokusida Quyosh turishini aniqladi. Biroq kometalar harakatining parabolik orbitalar bo'ylab kuzatilishini buyuk ingliz fizigi Nyuton isbot qildi.
Kuzatilgan barcha kometalarning orbitalarini boshqa bir ingliz olimi, Nyutonning shdgirdi — Edmund Galley hisobladi. U 1337- yildan 1698-yilgacha davrda kuzatilgan 24 ta kometa haqida ma'lumot yig'ib, ularning orbita elementlari aks etgan katalogni 1705- yilda nashr qildirdi.
Qizig'i shunda ediki, bu kometalardan uchtasining, aniqrog'i 1531, 1607, 1682-yillarda kuzatilganlarming orbita elementlari deyarli bir xil bo'lib chiqdi. Bu hoi tasodifiy emasligiga qattiq ishongan E.Galley 1705-yilda shunday yozadi: «1531-yili Apian tomonidan, 1607- yilda Kepler va Longomontan tomonidan kuza­tilgan kometa, 1682-yili men o'zim kuzatgan kometaning aynan o'zi bo'lishi kerak degan fikr menga tinchlik bermaydi. Bu uchala kometaning elementlari bir-biriga aniq mos keladi. Shuning uchun ham men bu kometaning 1758- yili qaytib kelishini ishonch bilan ayta olaman. Agar u qaytib kelsa, u holda boshqa kometalarning ham Quyosh yaqiniga qaytib kelishlanga (ya'ni davriyligiga) shubha qolmaydi».
Olim ko'p yanglishmagan edi. Galley bashorat qilgan «dumli yulduz» 1759- yilning 12- martida perigeliydan o'tdi. Kometani hammadan oldin — 1758-yilning 25-dekabrida Drezden atrofida yashovchi dehqon — astronomiya ishqibozi G.Palich ko'rdi. Fransiyada birinchi bo'lib kometani 1759-yilning 21-yanvarida Parij Dengiz observatoriyasining xodimi Messye ko'rdi.
Shunday qilib, Galleyning basho-rati qoyilmaqom bo'lib tasdiqlandi. Bu esa, o'z navbatida, Nyutonning torti-shish qonunining haqligini isbotladi. Natijada, Quyosh sistemasining a'zosi ekanligi tasdiqlangan kometa uning kashfiyotchisi sharafiga Galley deb ata-ladigan bo'ldi. 102- rasmda Galleykometasining 1986- yilda Quyosh yaqinidan navbatdagi o'tishi paytida O'zbekiston FA Astronomiya instituti xodimlari tomonidan olingan fotografiyasi aks etgan.
Hozirgi zamon kometa astronomiyasining asoschilaridan sanalgan, rus tadqiqotchisi F.A.Bredixin XIX asrning ikkinchi yarmida barcha asosiy kometa hodisalarini tushuntira oladigan ixcham mexanik nazariyani yaratdi. Bu nazariyaga ko'ra, Quyosh-ning kometaga ta'sir etuvchi tortishish kuchidan bir necha marta ortiq kattalikka ega bo'lgan itarish kuchi ham borligi topildi. XIX asrning o'rtalaridayoq ingliz fizigi J.Maksvell nurning oqimi uning yo'liga qo'yilgan to'siqqa bosim bilan ta'sir qilishini nazariy yo'l bilan aniqladi. Biroq bu bosimning miqdori nihoyatda kichik bo'lib, uni tajribada ko'rsatish juda katta san'at talab qilar edi. 1900- yili rus olimi N.N.Lebedev tomonidan bunday nozik tajriba qoyilma-qom qilib bajarildi. Ma'lum bo'lishicha, nurning bosimi haqiqatan ham mavjud bo'lib, ayniqsa siyrak gaz molekulalari yoki mayda chang zarrachalariga bo'lgan uning qiymati sezilarli darajada katta ekan.
Nurning bunday bosimiga tayanib, kometa dumidagi siyrak gazlarning Bredixin bashorat qilgan itaruvchi kuchlar ta'sirida Quyoshdan teskari tomonga cho'zilishini tushuntirish qiyin bo'lmadi.
Kometalarning yadrosi muzlagan gazlar va ularga yopishgan turli o'lchamdagi chang, tosh va metall zarrachalardan tashkil topadi. Muzlagan gaz aksariyat holda ammiak, metan, karbonat angidrid, sian va azotdan iborat bo'lib, kometa Quyoshga yaqin-lashayotganda yadro uning taftidan intensiv bug'lana boshlaydi va yadro atrofida qalin gaz qatlami — komani vujudga keltiradi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari komani tashkil etgan gaz mole-kulalarini «uyg'otadi». Natijada komaning spektrida uni tashkil etgan neytral gazlarning (azot, sian, karbonat angidrid, metan va boshqalar) yorug' tasmalari paydo bo'ladi.
Kometalarning dumlari, eslatilganidek, Quyosh nurlarining bosimi va Quyosh «shamoli» (korpuskular zarrachalarining oqimi) ta'sirida paydo bo'ladi. Kometa Quyoshga yaqinlashgan sayin, komaga gaz va changning intensiv ajralib chiqishi oqibatida unga ta'sir etuvchi bosim kuchi ham ortib, kometaning dumi kun sayin cho'zila boradi. Kometaning dumini tashkil etgan gaz va chang, odatda, juda siyrak bo'ladi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari ta'sirida gaz molekulalari ionlashadi va parchalanib nurlanadi. Shuning uchun ham bunday gazli dumlarning spektrida ionlashgan azot, karbonat angidrid va is gazining emission chiziqlari paydo bo'ladi.
Changli kometa dumlarining spektri Quyosh nurlarini qaytar-gani tufayli Quyosh spektri bilan bir xil bo'ladi.
Kometa massasining asosiy qismi uning yadrosida mujassam-lashgan bo'lib, eng yirik kometalarda ham u Yer massasining yuz milliondan bir qismidan ortmaydi. Komaning zichligi esa atigi 10~12 — 10"13 g/sm3 ni tashkil qiladi. Kometa bosh qismining dia-metri, uning massasi va Quyoshdan uzoqligiga ko'ra 25 ming km dan (xira kometalarda) 2 mln. km gacha (ravshan kometalarda), dum qismi esa 150 mln. km gacha boradi. Kometalarga tegishli bu ma'lumotlarning ko'pchiligi 1986- yilda Quyosh yaqinidan Galley kometasining navbatdagi o'tishida «Jotto» (Buyuk Britaniya), «Planeta» (Yaponiya) va «Vega» (sobiq Ittifoq) avtomatik stansiya-lari yordamida qo'lga kiritildi.
Oddiy ko'zga ko'rinadigan kometalar juda kam uchrab, har bir necha yilda bittaga to'g'ri keladi. Biroq teleskoplar yordamida astronomlar deyarli har yili ularni kuzatishadi.
1950- yilga qadar 1500 dan ortiq kometa qayd qilindi, shu-lardan 400 ga yaqini teleskoplar ixtiro qilingunga qadar, qol-ganlari esa teleskoplar yorda­mida ochilgan.
Astronom Boldenning «Кометы до начала 1948 года» kitobida 1619 ta kuza-tilgan «dumli yulduz» haqida ma'lumot keltirilgan. Agar 1948- yildan to 1972- yilgacha kuzatilgan kometalar bu songa qo'shilsa, kuzatilgan kometa-larning soni 1834 taga yetadi. Albatta, bularning ichida qu-rollanmagan ko'z bilan kuzatilganlari juda kam miqdorni tashkil qiladi. Davriy kometalardan bir guruhining Quyosh atrofida aylanish orbitalari 103- rasmda keltirilgan.
Kometalar qayerda «tug'iladi»? Bu savol kometalar masalasida hali to'la yechilmagan, jumboqlarga boy savollardan hisoblanadi. Birinchi bo'lib bunday savolga Laplas javob berishga harakat qildi. U o'zining «Olam sistemasining bayoni» asarida kometalar «... tumanliklarning tashkil etgan moddalaridan vujudga kelib, Quyosh sistemasiga tashqaridan keladi» deb yozgan edi.
1929—30-yillarda rus olimi S.K.Vsexsvyatskiy qisqa davrli kometalarning har daf'a navbatdagi ko'rinishlarida, ravshanlik-larining o'zgarishi asosida ularning yoshi bir necha o'nlab yildan bir necha yuzlab yilga teng bo'lishi mumkinligini aniqladi. Bu dalillar, o'z navbatida, qisqa davrli kometalar Yupiter sistemasi­ning chegarasida tug'ilishidan darak beradi. Bu dalillarga tayangan holda, o'z tadqiqotlari asosida S.Vsexsvyatskiy qisqa davrli kome­talar, Yupiter yoki uning yo'ldoshlaridan uloqtirilgan materiyadan tashkil topadi degan gipotezani o'rtaga tashladi. Biroq ko'plab parabolik orbitaga ega bo'lgan uzun davrli kometalarning paydo bo'lishini bunday gipoteza asosida tushuntirib bo'lmasligi, ular Quyosh sistemasiga tashqaridan kelishi haqidagi gipotezani qabul qilishni taqozo qiladi.
Golland astronomi Y.Oort yaqinda o'tkazilgan o'z tadqiqot­lari asosida, bunday kometalarning manbayi — Quyosh sistemasini o'rovchi va Quyoshdan qariyb 20 ming astronomik birlikka qadar cho'zilgan chegara ichida yotuvchi ulkan hajmli kometa bulutlari-dir, degan xulosaga keldi.
Ko'pchilik «dumli yulduzlar» orbitalarining perigeliylari Quyoshdan va Yerdan juda uzoqda yotganliklari tufayli ularni ko'rib bo'lmaydi. Bunday o'ta uzun davrli kometalar doimo muzlagan holatda bo'lganliklaridan, orbitalarini milliardlab yillar davomida o'zgartirmay yashashlari mumkin. Biroq, hisoblashlar yaqin joylashgan «dumli yulduz»larning ayrimlari Quyosh sistemasi planetalarining ta'siri oqibatida vaqt o'tishi bilan Quyosh sistemasini butunlay tashlab ketadigan parabolik orbitalarga o'tib ketishlari ham mumkinligini ko'rsatadi.



Download 1 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   78




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling