Otaqulova sarvinoz fozil qizining


Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati


Download 132.54 Kb.
bet5/8
Sana16.06.2023
Hajmi132.54 Kb.
#1500886
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
DISSERTATSIYA2

Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati: tadqiqotning ilmiy ahamiyat ishida ushbu obrazning uslubiy va poetik xususiyatlari janrlar nuqtayi nazaridan monografik tadqiqot obyekti sifatida o’rganilganligi, tadqiqot mazmun-mohiyatini ochib berishda tarixiy-qiyosiy tahlil metodidan keng foydalanilganligi, hozirga qadar Alisher Navoiy asarlaridagi Bahrom Go’r obrazi yetarlicha va chuqur o’rganilmaganligi sababli shoir devonlaridagi she’riy matnlar va ularda ushbu obrazning tutgan o’rni masalalariga ko’proq e’tibor qaratilganligi, tarixiy va badiiy asarlarda qahramonning o’ziga xos xususiyatlari, tarixiy faoliyat va taqdirlari to’g’risidagi ma’lumotlar shoirning o’zi va ustozlari asarlari asosida solishtirilganligi bilan ilmiy-nazariy manba sifatida xizmat qiladi.
Tadqiqotning amaliy ahamiyati Bahrom Go’r obrazining badiiylik va tarixiylik jihatdan solishtirib o’rganilganligi, ushbu obrazning Navoiy ijodida tutgan o’rni, qahramon orqali shoir aytmoqchi bo’lgan didaktik fikrlar, davlatchilik masalalari kabi g’oyalar mufassal ochib berilganligi bilan personaj haqidagi tarixiy va badiiy ilmlarni yosh avlodga yetkazishdan iborat.

I BOB. ALISHER NAVOIY SHE’RIYATIDA BAHROM GO’R OBRAZINING BADIIY TALQINLARI

    1. Poetik obraz tabiati va lirik qahramon xarakteri

Bahrom Go’r yoki Varaxran V— Eronda hukmronlik qilgan sosoniylardan Yazdigardning o’g’li. Yaman podshohi Nu’mon va uning o’g’li munzir tarbiyasida o’sgan. Yazdigard zulmidan bezor bo’lgan xalq u vafot qilgandan so’ng Ardasher nasliga mansub Kisro (ba’zi manbalarda Xisrav, Xusrav)ni taxtga ko’taradi. Bu voqeadan xabar topgan Bahrom lashkar tortib Eronga keladi. U otasining xatolarini takrorlamaslik va mamlakatda adolat, tinchlik o’rnatishga o’z a’yonlari va xalq oldida qasamyod qiladi. An’anaviy shartga muvofiq ikkita sherni o’ldirib, ular o’rtasidagi tojni oladi va podshohlik taxtiga o’tiradi. Uning sevgan mashg’uloti go’r (qulon) ovi bo’lganligi uchun ham u go’r laqabini olgan. Bahrom go’r davrida Eronda zardushtiylik dinini mustahkamlash va keng yoyish maqsadida yangi-yangi otashkadalar qurildi. Bahrom go’r shoir va bastakor-sozanda ham bo’lgan. U sosoniylar orasida birinchi bo’lib she’r va musika vaznini ijod etgan. Sharqning mashhur olti musiqa usuli (Shodiyona, Duyan, Axloqiy, Nanreziy, Ravona, ulusiy)dan eng sho’x va quvnog’i — Shodiyonaning bastakori. Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiyning «Haft paykar», Xisrav Dehlaviyning «Hasht bihisht» va Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostonlarida Bahrom go’r adolatli shoh, jasur sarkarda, ayni vaqtda maishatparast, xudbin shaxs sifatida tasvirlangan. Ma’lumotlarga ko’ra, Bahrom go’r 63 yil (ba’zi manbalarda 70 yil) umr ko’rgan. Firdavsiy tarixiy solnomalarni o’rganib chiqib, ularni xronologik jihatdan tartibga solib chiqqan. Yangi tarixiy va badiiy materiallar asosida uni qayta ishlab, o’zining estetik qarashlariga mos holda bayon qiladi. U o’zining jangovarlik eposida asosan odil podshoh obrazini adolat uchun qahramonona kurashuvchi va sarguzashtlarga boy inson qiyofasini yaratishga harakat qilgan. Bu g’oyalar “Shohnoma”dagi Bahromning ezgulik yo’lida amalga oshirgan ishlarini yorituvchi qator hikoyalarida o’z aksini topgan. Ular o’z tuzulishi va mazmuni jihatdan xalq og’zaki ijodi sarchashmalari bilan chambarchas bog’lanib ketgan. Yozma adabiyotda uning shaxsi badiiy obraz darajasiga ko’tarilgan. Ayni paytda bu obraz Navoiy she’riy devonlarida keltirilib, shoirning xarakter-xususiyatlarini ko’rsatib berishga xizmat qilgan.Lirik qahramon xarakteri deganda ijodkor shaxs tabiatiga, uning ruhiy-psixologik holati, ichki ma’naviy olamiga o’z ta’sirini o’tkazuvchi omillarga aytiladi. “O’tmish asrlar va xalqlarning rivoyatlari, folklor dostonlaridagi epik qahramonlar ham inson xarakteriga ta’sir etishi mumkin. Xarakterning spetsifikasini belgilovchi elementlar rang-barang va ko’p qirralidir ” Poetik obraz esa xalq orasida mashhur bo’lgan qahramon, bir so’z bilan aytganda, barchaga birdek tushunarli, tanish bo’lgan shaxs bo’lishi mumkin. Masalan, mumtoz adabiyotdagi zohid, obid, orif, oshiq, darvesh, rind,faqr kabilar obraz darajasiga ko’tarilgan bo’lib, lirik qahramon o’zining irfoniy mulohazalarini tuqorida sanab o’tilgan obrazlar tilidan bayon etadi. Bunday bayonning yorqin namunalarini biz Alisher Navoiy ijodida salmoqli qismni tashkil etishini ko’rishimiz mumkin. Tadqiqotimizda ham ilmiy ishimizning obyekti hisoblangan Bahrom obrazining lirik qahramon xarakteriga ta’sir ko’rsatishi natijasida Navoiy menligining poetik obrazlar bilan o’rin almashgani va uning vositasida shoir o’zining o’quvchiga yetqazmoqchi bo’lgan ma’naviy ma’rifiy fikrlarini tadqiq etamiz. Bahrom obrazi Alisher Navoiyning she’riy devonida 11 o’rinda o’z fikrini isbotlash uchun keltirilgan. Hozir mana shu 11 bayt vositasida lirik qahramon xarakterini o’rganib chiqamiz:
Qolmadi Eustam ila Som dog’i
Yazdi jurd o’ttiyu Bahrom dog’i.
Shoir soqiynomasidan olingan parchada Navoiyda rind tabiatini ko’rishimiz mumkin. Rind so’zi forschadan olingan bo’lib,”chaqqon, olg’ir, mug’ombir, dovyurak, botir” degan ma’nolarni anglatadi. Tasavvufda botinan xudojo’y, taqvodor bo’lsa-da, zohiran mayxo’r, ishratparast bo’lib yashovchi shaxsning timsolidir. Shoir soqiydan qadah to’la may tutishini so’rab iltijo qiladi. Soqiy tasavvufda tariqat yo’liga kirgan solikni to’g’ri yo’lga boshlab boruvchi piri murshid, qadah–orif qalbining, may esa ishq, pir tomonidan beriladigan ilohiy ma’rifat, fayz ramzi hisoblanadi.Ya’ni lirik qahramon piri murshiddan qalbini barcha kirliklardan tozalab, Haqqa bo’lgan muhabbatini oliy cho’qqiga yetkazishga xizmat qiluvchi, g’ayb asrorlaridan boxabar etib, o’zini ilohga yaqinlashishga yordam beradigan ma’rifatdan bahramand qilishini so’raydi. Ayni paytda shafaqgun (qizil) may talab qilishida ham rind ruhiyatiga xos g’am-qayg’uni unutish, o’tayotgan damlarni g’animat bilish kabi sifatlarni ko’rishimiz mumkin. “Chunonchi, qizil rang qadimdan turkiy xalqlar orasida ishq-muhabbat, visol va sadoqat mazmunlarini ham bildirgan”2. Eng asosiysi, Navoiy Haq yo’lida doim sobit bo’lish uchun yuqorida o’zi ta’rif etgan maydan zamona shohi Husayn Boyqaroning ichishini so’raydi:
Shah ani Xizr suyidek yutsa
Menga ham durdi jomini tutsa.
Birinchi misrada Xizr suyi–tiriklik, boqiy umr ramzi. Shoir shohdan bu bilan butun umri davomida Yaratganga bo’lgan muhabbatni qalbida mustahkamlab, yolg’iz o’ziga tavakkul qilishi kerakligini ta’kidlaydi. Qadah ostida qolgan may quyqasini esa Navoiy o’zi uchun so’rab oladi. Zero, tasavvufda may durdi ishqning oliy darajasining timsoli sifatida qo’llanadi. Soqiynomaning Bahrom obrazi keltirilgan baytida Navouyning rindlarga xos bo’lgan dovyuraklik, erkin shaxs xarakterini ko’ramiz. Ushbu baytda shoir Rustam, Som, Bahromday dunyo tan olgan shohlardan ham mol-dunyo va saltanat qolib ketganligini, bir kun kelib sen ham shu toj-u taxt va saltanatni tashlab ketasan deb, Husayn Boyqaroni o’z o’g’li Baddiuzzamon bilan hammadan qoladigan yer-mulk uchun ziddiyatga bormay, undan ko’ra ko’nglidagi bu shohlarga xos kibordan Ollohga bo’lgan muhabbat va din yo’lidagi sa’y-harakatlarini yanada kuchaytirish orqali xalos bo’lishini haqiqiy rondlarga xos hurfikrlik va haqiqat bilan gapiradiki, bu borada mamalakat hukmdoridan ham hayiqmay o’zining shaxsiy fikr-mulohazalarini yuksak madaniayat bilan erkin bayon etadi.
Bu dasht sathida jomi Jam ichra ko’p boqtim
Qadah keturki, ne Bahrom zohir o’ldi ne go’r.
“Favoyid ul kibar” devonidan olingan bu g’azali Ollohga bo’lgan muhabbat tarannum etilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. G’azal davomida jomi jam, dayr, mug’bacha, qadah istilohlarining qo’llanganligini ko’ramiz. Bu esa uning rindona g’azal ekanligini belgilab bergan. Ammo shoir fikrlari rind tilidan emas, balki orif obrazi tomonidan berilgan. Orif ilohiy ma’ridatni egallagan odam. Uning uchun bu dunyoning o’ziga tortuvchi yaltir-yulturlari, boylik, mansabi bir xaschslik ham ahamiyatga ega emas. Orif uchun asosiy mohiyat, hayotning mazmuni bu Yaratganga bo’lgan cheksiz muhabbati va islom arkonlarini o’z o’rnida to’la-to’kis ado etishida namoyon bo’ladi. Obraz uchun taqvodan maqsad Jannat emas, balki Olloh vasliga yetishmoqlikdir. Bu jihatdan esa ko’pincha orif va oshiq obrazlari sinonimik variant sifatida beriladi. Shoir mazkur g’azalda xasta ko’ngliga ishq tig’i ozor berayotganini go’yo qalbiga g’am-anduh ramzi bo’lgan chumolilar to’dasining bostirib kirishiga qiyoslaydi. Bu bilan lirik qahramon ishq uchquni tushgan har qanday kishini bu zarra uchqun kuydirib kul qilishini, oxir-oqibatda o’zini va o’zligini-da unutib yuborishga olib kelishi mumkinligini uqtirmoqchi bo’ladi. Shu o’rinda Imom G’azzoliyning “Mukoshafat ul qulub” asarida berilgan quyidagi hikoyani yodga olsak. Hikoyada keltirilishicha, Iso qavmidan bir kishi payg’ambar oldiga kelib, Ollohdan o’ziga Uning ishqini so’rab berishini iltimos qiladi. Iso Ollohga bandasining iltijosini yetkazganda, Undan Ollohning ishqiga zoti tuproq bo’lgan inson tugul, hatto yillar sinovidan o’tib kelayotgan tog’lar ham bardosh berolmasligi haqidagi vahiy keladi. Payg’ambar bu so’zlardan g’arib insonni ogoh etadi. Shunda haligi oshiq hech bo’lmaganda ko’ngliga ishqidan bir kichik uchqunni solishini aytib yolvoradi. Uning bu ahvolini ko’rib, Olloh uni O’zining ishqi bilan siylaydi. Oradan ancha vaqt o’tgach, Iso Masih o’sha telba oshiqni tog’ tepasida osmonga tikilib turgan holda ko’radi va uning ahvolini bilish uchun chaqiradi, lekin u inson hech narsani eshitmas, anglamas edi. Shunda Iso Ollohga murojaat qilib, bu insonga nima bo’lganligini so’raydi. Yaratgandan qalbiga zarra muhabbatim uchquni tushgan bandamdan bundan ortiq nima kutganding?- degan sado keladi. Navoiy ham bu borada ishq masalasida shohlik jomi bilan boqdim. Unda Bahrom ham, go’r ham ko’rinmadi deb, Bahromning mazhar hisoblanmish Diloromga oshiq bo’lgandan so’ng shohlik ishlaridan qo’l yuvganligiga ishora qilib, kishi o’zligidan, nafs qutqularidan tozalanmay turib mutlaq husn sohibining muhabbatiga sazovor bo’lolmasligini, Haq tajallisini esa shohlik jomidan emas, balki ruhiy-ma’naviy huzur, shavq va vajd holi hisoblangan qadahdan izlashi kerakligini ta’kidlab, o’zining ma’rifiy-irfoniy qarashlarini orif obrazi tilidan bayon etadi. Lirik qahramon yuqoridagi baytda Bahrom obrazidan o’zining orifona fikrlarini o’quvchiga aniq va tushunarli yetkazish uchun foydalangan. Bir vaqtning o’zida shoir lahzalik xarakter -xususiyatlarini ham ko’rsatishga xizmat qilgan.
Yo’qsa aning yonida Bahrom bo’lmish jilvagar
Jilvasi Bahromning ne tong qamar davronida.
Ijodkor bu g’azalida yor jamolini qizil gulga, uning la’ldek labini esa qizil gul bargiga qiyoslaydi. Keyingi misrada esa Oyning oldida Bahrom sayyorasi turganligini aytib, sayyoralar rangiga slohida urg’u beradi. Oq rang ilohiy nur, tajalli, ma’rifat, fayz-tarovat, shu bilan birga nuri Muhammadiyaga ham ishora qiladi. Qizil rang esa xursandchilik, g’am-qayg’uni unutish, yoshlik va jo’shqinlik, ishq-muhabbat ramzidir. Navoiy keyingi baytda ham qizil va oq ranglar qiyosini davom ettirib, yorining ilohiy sifatlar bilan ihota qilingan yuzini “yadi bayzo”, ya’ni Qur’oni Karimda Muso alayhissalomning bir harakat bilan oppoq nurli bo’lishlariga ishora qilib, mana shu go’zal fayzdan oshiqni bahramand etishini oppoq qo’ldagi tirnoqlardan birining xina rsngiga kirishiga muqoyasa qiladi. Bu o’rinda tirnoqlarni ma’shuqaning oshiqqa noma’lum bo’lgan sifatlari va sirlari deb baholasak, go’zal jonona mana shu sifatlaridan mingdsn birini lirik qahramonga oshkor qiladi va bu ma’lum qilingan asrorni shoir bejizga qizil rangda tasvirlamaydi. Zero, mahbubasi bilan aloqador bo’lgsn bir jihatdan voqif bo’lish oshiq uchun katta baxt edi. Shu sababdan ham shoir o’z ruhiyatida kechayotgsn jo’shqinlik, yuqori kayfiyatni anglatish uchun qizil gul, qizil sayyora (Bahrom), qizil tirnoq elementlaridan unumli foydalanadi. Va may tasviri keltirilgan yuqoridagi g’azalda shoirni xos ishqiga mubtalo bo’lgan haqiqiy oshiqqa xos bo’lgan xarakterda ko’ramiz.
Yo xurusi charx qildi oshkoro shahparin
Yoki Bahrom ayladi zohir qilichi hiddatin.
“Hiloliya” qasidasidan olingan yuqoridagi baytda Husayn Boyqaroning taxtga chiqish marosimiga yetti qavat osmonda o’rin tutgan sayyoralar katta tayyorgarlik ko’rayotganini tasvirlab, yangi chiqqan oyni Bahromshohning keskir qilichining yarqiroq damiga qiyoslaydi. Bu belgi bilan hikmdorning adolatli, qattiqqo’l, yangi oy islom ramzi bo’lganligini inobatga oladigan bo’lsak, ayni paytda haqiqiy vijdon va diyonat sohibi ekanligini ochib bergan. Bahromga xos xususiyatlar vositasida Husayn Boyqaroga xos bo’lgan xususiyatlarni ko’rsatgan bo’lsa, lirik qahramonnning o’zini esa ushbu qasidada kuchli siyosatchi, ayni paytda tarixni badiiy bo’yoq bilan o’quvchi ko’z o’ngida gavdalantirgan haqiqiy shoir va tarixchi obrazida ko’rishimiz mumkin.
“G’aroyib us sig’ar” devonidan olingan quyidagi g’azal ham shaklan, ham mazmunan “Sabb’ai sayyor” dostonidagi shoh Bahrom va u bilan bog’liq voqealar asosiga qurilganligi sababli g’azalning to’liq tahlilini keltirib, undagi lirik qahramon xarakter-xususiyatlarini ochib berishga harakat qildik:
Chiqti ov azmig’a javlon aylab ul chobuksuvor,
Jon nisor ul sayd uchunkim, jon anga qilg’ay nisor
Ushbu baytda chavandoz ov qilish niyatida otini o’ynatib chiqqanligi keltiriladi. U ovchi yo’lda bir o’lja ko’rib qoladiki, bu shikor uchun jonni fido qilsa arziydi, balki jonning o’zi bu ovga fido bo’ladi. Bu o’rinda sayd so’zi umumiy shikordan tashqari kiyik ma’nosida ham qo’llanilgan. Demak, yuqoridagi mulohazalardan ayon bo’ladiki, shoir ta’riflayotgan ovchi Bahromdir. Chunonchi, “Sabb’ai sayyor” dostonida Bahromning kiyik ovida tengsiz ovchi va chavandoz ekanligi alohida ta’kidlab o’tilgan. Shundan kelib chiqadigan bo’lsak, birinchi baytda shoirni to’laligicha dunyoviy shaxs, ayni paytda ov borasida ustasi farang shoh xarakterida ko’rishimiz mumkin.
Bu edi qasdimki bir kun saydi fitrok aylagay
Qilg’anim umre kiyiklar birla suhbat ixtiyor
Shoir birinchi misrada kiyikni qo’lga kiritishni niyat qilganligini aytib, Olloh ishqiga yetishlikni nazarda tutgan va misradagi kiyik ilohiy mazhar sohibi, ya’ni yor timsoli sifatida qo’llanilgan. Ikkinchi misrada esa lirik qahramon bu niyatga kelishiga sababni kiyiklar bilan qilgan suhbati ekanligi bilan izohlaydi. Kiyiklar suhbati deb Bahrom Go’rning yetti qasrda yetti ajnabiy sayyoh bilan qilgan suhbatlariga ishora bor. Aynan mana shu niyatga kelishiga mohiyatan ilohoy muhabbat ramzi bo’lgan go’zallar bilan oshiqning ishqiy sarguzashtlari aks etgan irfoniy hikoyalarning o’rni katta edi. Shuning uchun ham shoir yetti sayyoh turli yo’l va ta’rif bilan tavsiflagan yorga, ya’ni Ollohning yerdagi mazhari hisoblangan xos ishqiga yetmoqlikni maqsad qiladi. Ko’rib turganimizdek, birinchi misradagi kiyik yor timsoli bo’lsa, ikkinchi misradagi kiyiklar sayyohlar ramzi bo’lib kelgan. Ma'lumotlariga ko'ra «Navoiy ota masobasida bo'lgan, tasavvufda ta'bi xo'b Sayid Hasan Ardasherni e'tirof etib, uning xonadonida bo'lib turadigan oriflar majlisiga muntazam ishtirok etib turgan».3 Yuqoridagi ma'lumotdan kelib chiqadigan bo'lsak, kiyiklarni Hasan Ardasher xonadonida o'tkaziladigan majlis qatnashchilari, oriflar timsoli deb talqin qilishimiz ham mumkin. Chunonchi, « Orif darveshlar ham oddiy kishilarni, jumladan, go'zal ayollarni sevganlar, ammo bu sevgi hirsiy-jinsiy intilishlar bilan xotima topadigan sevgi bo'lmay, balki Navoiy aytganiday «pok ko'zni pok ko'ngil bilan pok yuzga solish» va shundan bahra olish edi. Bu pok yuz oshiq uchun ilohiyot fayzi aks etgan mazhar o'rnida bo'lgan».4 Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqadigan bo'lsak, Navoiyni ilohiy muhabbat asrorlari va irfoniy ilmdan voqif bo’lgan haqiqiy orif xarakterida ko’ramiz.
Chun kiyik qatlini istar, koshki ruhim uchub
Bir qatl etgan kiyik jismi aro tutqay qaror
Ushbu bayt to’liq ilohiy ruhda yozilgan bo’lib, birinchi misradagi kiyik yuzdan qaraganda Bahromning, botinan esa lirik qahramonning qatl etilishini istaydi. Baytdagi kiyik obrazi to’g’ridan to’g’ri yor, Olloh timsoli sifatida kelgan. Bu bilan ikki g’oya ilgari surilgan. Birinchidan, inson o’lmay turib Ollohga yetisholmasligi uqtirilgan bo’lsa, ikkinchidan, jismoniy o’lish deganda tasavvufdagi inson ruhiy kamolot bosqichlarining ikkinchisi hisoblangan var’a, tana parhezi nazarda tutilgan. Alisher Navoiy “Nasoyim ul muhabbat” asarida ko’z, qo’l, til, oyoq, ko’ngil var’alarini ajratib, insonning yomon narsalarni ko’rishlikdan, o’g’rilik qilish, egriqo’llikdan, tildan yomon so’zlar chiqishligidan, oyoqning yomon joylarga borishligidan saqlash, eng muhimi, ko’ngildagi Ollohga bo’lgan muhabbatdan boshqa barcha narsalarni o’ldirishni alohida ta’kidlab o’tadi. Shoir yuqorida keltirgan misrada ham aynan jismoniy o’lish deb jismni moddiy dunyo tashvishlari va rohatidan butkul uzib qo’yish kerakligini aytmoqchi bo’ladi. Ikkinchi misrada shoir uqtirmoqchi bo’lgan fikr oydinlasha boshlaydi. Menligini o’ldirgandan so’nggina inson ruhi uchib kiyik jismiga kiradi va ruhiy birlik hosil qiladi. Bu bilan Navoiy “vahdat-ul vujud” g’oyasini ham ilgari surganligini ko’rishimiz mumkin. Lirik qahramon baytda yori uchun jon berishga tayyorligi bilan oshiq, ulkan irfoniy g’oyani ilgari surganligi bilan orif qiyofasida namoyon bo’ladi. Bu o’rinda adabiyotshunos Najmiddin Komilov bejizga “ Tug’ma iste’dodli har bir shoir qalbida orif insonning e’tiqodi, pok niyatining shami yoqiq va har bir ilohsevar,riyosiz haqiqiy darveshning yuragi shoirona hayajon, ilhom-u vahiylik ehtirosi bilan harakatda. Orif darvesh payg’ambarona ruhi bilan xayr va ezgulikni elga tuhfa etsa, shoir buni toza tuyg’ular, otashin so’z kuchi bilan amalga oshiradi”5,–deb ta’kidlamaganligiga guvoh bo’lamiz.
Toki yetkursam rikobig’a boshimni, koshki
Qilsa shaxsimni qazo it shakli birla oshkor
Baytning birinchi misrasida shoir “rikob” vositasida so’z o’yini qilib, ikki xil ma’no nozikliklarini yuzaga chiqaradi. Navoiy Bahrom ovlab, uzangiga bog’lagan kiyikning poyiga bishini qo’yishni orzu qiladi. Rikob so’zining shoh huzuri ma’nosi ham mavjud bo’lib, shoir zohiran shoh, botinan Olloh huzuriga yetishishni orzu qiladi. Buning uchun esa boshiga itdek xorlikni solib, shaxsini, menligini o’ldirishini so’raydi. Baytlardagi lirik qahramon Alisher Navoiyning o’zi bo’lib, ayni damda shoir Bahrom Go’r tilidan so’zlaydi. Chunonchi, Navoiyning ko’plab asarlarida it obraz darajasiga ko’tarilgan bo’lib, shoir oshiqlikda itdan ham past bo’lishi kerakligini alohida ta’kidlab, turli ibratli hikoyalar keltirib, bu hikoyalarni, asosan, Najmiddin Kubro hayoti bilan bog’lab tasvirlaydi. Baytda shoirni darvesh oshiq xarakterida ko’ramiz.
Qomati hajrida har yon yoradin qonlig’ ko’ngul
Bir kiyikdekdurki, o’z zahmi bila bo’lmish figor.
Shoir yorning qomatini bir ko’rish ilinji hamda mahbubasidan ayriliq hajri natijasida oshiq ko’ngli yaralanganligini ikkinchi misrada ovchi kiyikni o’q otib yaralaganda kiyik chekkan azoblarga muqoyasa qiladi. Nega lirik qahramon aynan yorining qomati hajrida o’rtanishi mumkin? Biz bilamizki, mumtoz adabiyotda yorning qaddi-qomati arab alifbosidagi alifga o’xshatilagan. Ayni paytda alif yakka-yagonalik, birlik ma’nosini ham ifodalab kelgan. Bu o’xshatish bilan shoir zimdan har qanday sheriklikdan pok, vohid hisoblangan Ollohga ishora qilgan. Chunki diniy, irfoniy ilmlari yuksak bo’lgan Navoiy hech qachon avom ishqi hisoblangan go’zalning qaddi hajrida o’rtanmaydi. Shoir faqat boshdan oxir yaratgan asarlarida bosh g’oya va mavzu darajasiga ko’tarilgan Olloh ishqi, Unga yetishish yo’lidagina shunchalik azoblanishi mumkin. Ushbu baytda ham shoir haqiqiy oshiq obrazida namoyon b’ladi.
Go’r uchun ochmoq nedur har lahza bahromiy kamand
Chun seni Bahromdek aylar ajal go’ri shikor
Yuqorida shoir qabr uchun bahromiy kamand, ya’ni Bahromning o’limiga sabab bo’lgan, o’z domiga tortuvchi halqali botqoqlik ochish shart emasligini aytib, sen oshiq bo’lgan go’zalning o’zi Bahromning ajalidek senga ham shoh qismatini yozadi deb ta’kidlaydi. Baytda bir o’rinda go’r so’zi qabrni ifodalab kelgan bo’lsa, ikkinchi misrada esa bu so’z Bahromshohning laqabi sifatida qo’llanilgan.
Ey Navoiy, ul quyoshning soyasida ko’r itin
Komronu yo’q sanga ollida itcha e’tibor.
Baytning birinchi misrasida shoir quyosh deb yorni nazarda tutadi va uning soyasinigina ko’rishga muyassar bo’lish niyatida ishqida yonib yurgan oshiqlari bisyor ekanligini ta’kidlasa, ikkinchi tomondan ushbu misra “Layli va Majnun” dostonidagi quyidagi voqeani ham eslatadi. Majnun Laylining mahallasidagi itni ko’rib qolib, yig’lagan holda: “ …Hatto sen mendan baxtliroqsan. Chunki Laylining mahallasida u yurgan yo’ldan yurib, iziga, soyasiga bo’lsa-da, yetish baxtiga erishgansan”-deydi. Ikkinchi misrada esa shoir o’ziga: “ senga esa shu itga nasib etgan e’tibordek ulkan baxtga yetishishni ham iloji yo’q”,- deb nadomat chekadi. So’nggi baytda ham Navoiyni Bahrom qiyofasida, oshiq xarakterida ko’ramiz. Yuqorida tahlilga tortilgan g’azal ham mazmunan, ham shaklan “Sabb’ai sayyor” dostonidagi shoh Bahrom va u bilan bog’liq voqealar asosiga qurilgan. G’azalning har bir baytida Navoiy shaxsiyatiga xos turli xarakterlar namoyon bo’ladi. Dastlabki ikki baytda dunyoviy shaxs va Bahrom Go’rga xos bo’lgan xususiyatlarni ko’rsak, uchinchi baytdan shoh obraziga kuchli irfoniy g’oyalar orqali orif va oshiqlarda uchraydigan belgilarga duch kelamiz. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Alisher Navoiy she’riyatida Bahrom obrazini o’z fikrining isboti tariqasida qo’llar ekan, shoirni oshiq, orif, zohid, yetuk tarixchi va siyosatshunos sifatida ko’ramiz. Chunonchi, g’azal janrida Navoiyni Haqqa bo’lgan ishqdan yonib-o’rtanguvchi oshiq, islom arkonlarida sobitqadam zohid va orif xarakterida, soqiynoma janrida erksevar, dovyurak, hurfikr rind obrazida, chiston kabi kichik, qasidadek yirik hajmli adabiy janrlarda tarixchi, siyosatchi, ijodkor shaxs xarakterida o’zini namoyon etadi. Alisher Navoiy ko’pqirrali ruhiy-ma’naviy olamini ko’rsatishda Bahrom obrazidan ham shaxs, ham sayyora sifatida foydalanib, shaxs sifatida Bahrom Go’rning xarakteridan, sayyora sifatida esa Bahrom planetasining rangidan unumli foydalanganligini ko’rishimiz mumkin.




    1. Download 132.54 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling