Otaqulova sarvinoz fozil qizining
Lirik ifoda va badiiy mahorat
Download 132.54 Kb.
|
DISSERTATSIYA2
Lirik ifoda va badiiy mahorat
O’zbek mumtoz adabiyotida janrlar va obrazlar taraqqiyoti, shubhasiz, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi va ijodiyoti bilan bog’liqdir. Ulug’ mutafakkirning nasriy asarlarida ham ko’plab tarixiy shaxs siymosi mahorat bilan tasvirlangan. Ulardan eng ko’p tilga olingani Bahrom siymosidir. Sharq adabiyotida Bahrom obrazi birinchi bo’lib “Xvataynamak”da uchraydi. Keyinchalaik Firdavsiyning o’z Shohnoma”sida Bahrom obraziga murojaat qilgan. Alisher Navoiy “Tarixi mulki Ajam” asarida Bahromni “Sab’ai sayyor” dostonidagidek mard, jasur, adolatli, ammo ichkilik va aysh-ishratga berilgan shaxs sifatida tasvirlaydi. Ayniqsa, u toj-u taxtni qo’lga kiritib, dushmanlarini yengganidan so’ng ichkilikka berilib, davlat ishlari bilan shug’ullanmay qo’ygani alohida ta’kidlab o’tiladi: “Chun ko’ngli bu jonibdin tindi, aysh va nashotqa mayl qildi. Va ul bobda mubolag’ani haddin oshurdi. Va chog’irki, mudovamati miyibi g’aflat va beparvolikdur, ani mulk ishidin forig’ qildi. Har oyinakim, har kishi har nekim ko’ngli tilasa qila boshladi. To mulkka ravnaq va sipohqa nasaq qolmadi.” “Sabb’ai sayyor” dostonida ham yuqoridagi tarixiy haqiqatni badiiy adabiyotga ko’chirib o’tadiki, bu asarning o’qishliligini kuchaytirgan. Bundan tashqari ulug’ shoir Bahrom obrazini she’riy devonlaridan o’rin olgan g’azal, tarjiband, lug’z, qasida, chiston, soqiynoma kabi janrlardagi asarlariga ham olib kiradi va bu bilan go’zal badiiy namunalar yaratadi. Masalan, “Badoye ul bidoya” devonidan o’rin olgan bir g’azalida yorini kiyik oviga chiqqan chavandozga o’xshatadi va chavandoz ( tom ma’noda ilohiy yor) ovlab egarga osib olgan kiyik bilan xayolan suhbat qurib, kiyik o’rnida bo’lib qolishni, muborak boshi uzangida turgan yor oyoqlariga tegishini, bu bilan o’zligini unitib yor bilan birlik hosil qilishni aytib, go’r uchun Bahromi kamand, ya’ni Bahromni tortib ketgan botqoqli halqa shart emas, balki yorining go’zal qaddi-qomati go’r Bahromni tortgandek o’z domiga tortib, alal-oqibat o’ldirishini quyidagicha tasvirlaydi: Qomati hajrida har yon yoradin qonlig’ ko’ngul, Bir kiyikdekdurki, o’q zaxmi bila bo’lmish figor Go’r uchun ochmoq nedur har lahza Bahromi kamand Chun seni Bahromdek aylar ajal go’ri shikor. Yuqoridagi baytda Bahrom va u bilan birgalikda qo’llanilgan kiyik, go’r kabi obrazlar lirik qahramonning ilohiy ishqdan sarmast bo’lgan holatini ochib berishga xizmat qilgan. Yana bir g’azalida yorining ko’zlarini qon to’kuvchi jallodga qiyoslab, ma’shuqaning bu xususiyatini Bahromga o’xshatadi, ya’ni Bahrom ham ovga berilganidan juda ko’p qon to’kishi lirik qahramon suyuklisining jallod ko’zlari bilan baqamti edi: Ne qotildur ko’zungkim, to’ksa qon Bahrom shaklidur Taammul qilsalar maqtulning har qatra qoninda. Shuning uchun shoir Bahrom bedodligidan to’kilgan har bir jonivorning qonini ko’rib xulosa chiqarishni, yorga yetishish maqsadini qo’yishdan avval o’quvchini mulohaza bilan o’ylashga chaqiradi. Chunki Navoiy oshiq bo’lgan go’zal faqat lirik qahramon ko’ngil dengizida yashovchi gavhar, bu gavharni esa foniy dunyodagi dengizlarni qancha izlamagin baribir topolmaysan: Bihamdillah, ko’z-u ko’nglimda sen yo’ q ersa topilmas Seningdek gavhari pokiza olam bahri koninda Yuqoridagi ikki g’azalda Bahrom obrazi ilohiy ishqdan abgor holga tushgan lirik qahramon ruhiyatida kechayotgan o’zgarishlarni badiiy ifoda bilan ko’rsatib berishga xizmat qilgan bo’lsa, quyidagi baytda ma’shuqasining xususiyatini ko’rsatib berish uchun shoir Bahrom obrazini yordamga chaqiradi: Ko’k mehridin ayyorroq, Bahromdin xunxorroq Sen yo falak g’addorroq, ey mehri yo’q mohim, degil. Birinchi misrada mehr so’zi quyosh ma’nosida qo’llanilgan. Tabiat hodisalarini kuzatish davomida guvohi bo’lganimizdek, zarrin nurlarini beminnat sochib turgan quyosh ba’zida ayyorlik qilib bulutlar orasiga berkinib oladi. Go’yo uning taftiga mushtoq bo’lgan tabiat olamiga qasd qilmoqchidek. Lirik qahramon yorini hajr bobida quyoshdan ham ayyorroq, shoh Bahromdan ham xunxorroq, ya’ni qon to’kuvchi sayyodga qiyoslaydi va bu bilan ma’shuqasini mehrsiz, yetib bo’lmaydigan oy yuzlim deb ataydi. Baytda mehr so’zi orqali so’z o’yini qilingan. Birinchi misrada mehr so’zi “quyosh”, ikkinchi misrada esa “mehr-muhabbat” ma’nosida qo’llangan. Bu esa tajnis san’atining go’zal namunasini yuzaga chiqargan. “Favoyid ul-kibar”dan olingan g’azalda shoir yorini ko’zining nuri, ko’nglining oromi ekanligini aytib, u go’zal lirik qahramonning dinini ham tuproq bilan qorishtirib yuboradi. Lekin shoir o’sha tarso qizi oldida islom ahlining taqvosi yer bilan barobarligini ta’kidlab, Olloh tajallisi tushgan shu qiz uchun dinidan ham voz kechishini bildiradi. Zamon shohiga murojaat qilib, Iskandar ko’zgusidan ham, Jamshid jomidan ham kelajagingni ko’rishing mumkin. Seni umringga zomin bo’ladigan narsa ajal emas, balki Bahromni o’limiga sabab bo’lgan sayd, ya’ni kiyikdir deb, o’zini fojiali o’lim topgan Bahromga, yorini esa shoh o’limiga sabab bo’lgan kiyikka o’xshatadi: Mening dinimni soldi dayr tufrog’iga bir tarso Ki yo’q tufrog’cha ollida taqvo ahli islomi Skandar ko’zgusiyu jomi Jam ichra ko’r, ey shahkim Seni go’r og’ziga tortar kamandi sayd Bahromi Shu devondan o’rin olgan Soqiynomada Alisher Navoiy bu foniy dunyo o’tkinchi ekanligi, ko’zing ochiqligida Olloh yodini unutmasdan, islomiy amalllarni o’z vaqtida bajarish kerakligini, zero, bu bevafo dunyo Rustam, Som, Bahrom kabi shahanshohlarga ham vafo qilmaganini ta’kidlab o’tadi. Qolmadi Rustam ila Som dog’i Yazdijurd o’ttiyu Bahrom dog’i Tengri yodini unutma bir dam O’zni g’ayridin ovutma bir dam “Hayrat ul-abror” dostonining ikkinchi munojotida olim Ollohning zotiy va ilohiy sifatlari haqida so’zlab, Uning buyukligidan xabar topgan Bahrom o’zining qatli uchun tig’ tayyorlagani va ahvoliga qilgan ishlariga afsuslangani aytilib, bu bilan Bahromning aysh-ishratga mukkasidan ketib, Haqni unutganligiga ishora qilingan. Alisher Navoiy o’quvchiga sen ham foniy dunyoning o’tkinchi hoy-u havaslariga berilib, keyin Bahromdek afsus-nadomat chekib yurma degan ulkan didaktik g’oyani singdirmoqchi bo’ladi: Tez etibon qatlig’a Bahrom tig’, Tortibon o’z holig’a har dam darig’ Tarjibanddan olingan quyidagi baytda shoir bu dunyo o’tkinchiligini, nimaiki bo’lsa, faqat Ollohdan ekanligini aytib , misol tariqasida tiriklik suvini topish uchun ranj chekkan Iskandarni ham butun jahonni jang-u jadallar bilan bo’ysundirishga uringan Bahromshohning ham oxir borar manzili qabr ekanligini eslatib, o’quvchini bu dunyoning mol-u dunyosiga emas, balki mana shu moddiyatni yaratgan Robbimga muhabbat qo’yish keeakligini ta’kidlaydi: Chekar go’r ichra oxir gar jahonni, Kishi Bahromdek qilsun muxassar. Quyidagi baytda esa Bahrom Chubin obrazi javobi poki bo’lgan lug’zda keltirilgan pokining johillik bilan insonlarning sochini olishini shoir Bahrom tig’ining doim el boshida ravon turishiga o’xshatib, Bahromning juda ko’p jang-u jadallar olib borib, xalqqa jabr-zulm yetkazganiga ishora qilgan: Magar Bahromi Cho’bin naslidandur, Ki ahvolida zohirdir xilofiy. Chunonchi, Bahrom Cho’binning ayovsiz va shafqatsizligini Alisher Navoiy “Tarixi mulki ajam” asarida ham Hurmuz binni Anushervonga qarshi urush ochgan Chin xoqoniga qarshi ajamlik Bahrom Cho’binni sipohsolorlikka tayinlaganligi, oxir-oqibat jangda Chin xoqoni va uning o’g’li Chubin qo’lida o’lim topganligini tarixiy haqiqat bilan quydagicha tasvirlaydi:”Ammo xoqoni Chin boshig’a Bahrom Cho’binakim, Ajam mulkidin erdi, sipohsolor qilib, Xurosonga yibordi, Bahrom xoqon bila urushib, xoqon va o’g’li Bahrom iligida qatlg’a yettilar”6. “Badoye ul vasat” devonidan o’rin olgan “Hiloliya” qasidasida ham ushbu obraz ikki o’rinda uchraydi. Qasida to’qson baytdan, to’rt qismdan, ya’ni nasib–lirik kirish(tabiat tasviri), gurizgoh–nasib bilan madhni bog’lovchi 4-5 baytdan tashkil topuvchi qism, madh–asosiy qism va qasd–mamduhga tilaklar bildirilgan qismdan tashkil topgan. Bahrom obrazi esa qasidaning nasib va madh qismidagi baytlarda keltirilgan: Yo xurusi charx qildi oshkoro shahparin, Yoki Bahrom ayladi zohir qilichi hiddatin. Bayt nasib qismidan olingan bo’lib, shoir oydin oqshomlardan birida osmonga sayr qilib yetti sayyorani uchratadi. Yangi chiqqan hilolni Husayn Boyqaroning taxtga chiqish holatiga o’xshatadi. Yuqoridagi bayda aynan hilolni shoir dunyo xo’rozi o’zining uzun patlarini namoyon qilishiga o’xshatadi. E’tibor beradigan bo’lsak, xo’rozning uzun patlari shakl jihatdan yarim oyga (hilolga) o’xshaydi. Ikkinchi tomondan esa “ Lison ut tayr” dostonining na’t qismida Semurg’ Makka shahriga bir parini tashlab o’tib ketadi. Bu par butun shaharni yoritdi deb, shu yorug’ parni payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga qiyoslaydi. Qasidada keltirilgan misrada ham qisman shunga yaqin ma’no anglashiladi . Ya’ni lirik qahramon bu bilan Yaratgan Olloh mamlakatni adolat nurlari bilan yoritish uchun o’zining ulkan patlaridan birini xalqqa oshkor qildi. Bu ulkan va ulug’vor par esa shoh G’oziy ramzi edi. Ikkinchi misrada ham hilol sifatini ko’rsatish uchun Bahrom obrazidan foydalanilgan. Unga ko’ra, yangi oyni Bahromning o’tkir qilichiga o’xshatadi. Bu bilan oyning yarqiroq va porloqligini qilichning yaltirab turgan keskir damiga o’xshatgan.Ushbu baytda ham Bahrom obrazining jang-u jadalga berilgan zolim shoh ekanligiga urg’u berilgan. Ikkinchi tomondan esa urush va jang ramzi hisoblangan Mushtariy (Bahrom) sayyorasiga ham ishora qilingan. Aslida sayyoraga Bahrom deb nom berilishining ildizi tarixiy shaxsning sifatlariga borib taqaladi. Dulug’odin tig’kim o’t sekretib, rangin qilib, Shu’lasi Bahrom vajhin, dudi Kayvon jabhatin. Bayt qasidaning madh, ya’ni Husayn Boyqaroning sifatlari sanab o’tilgan qismda keltirilgan. Shohning saxovatpeshaligi, yumshoqtabiatliligi shu bilan birga har qanday nohaqlik oldida o’z vajohatini namoyon etishi ta’kidlab o’tilgan va shoh dubulg’asiga tig’ tegishi natijasida chiqqan rangin olov uchqunlarini Bahrom vajhiga o’xshatadi. Bu o’rinda “vajh” so’zi izzat-hurmat va qimmatli mol-dunyo ma’nosida qo’llanilgan. Shunga ko’ra, shoir shoh dubulg’asidan sachragan har bir rangin uchqunni shoh Bahrom xazinasidagi bebaho toshlardek qimmatbaho ekanligini ta’kidlaydi. Undan hosil bo’lgan tutunni esa Kayvon ( Zuhal, Saturn) sayyorasining oqlikda tengsiz oy yuziga mengzaydi. Bu dasht sathida jomi Jam ichra ko’p boqtim, Qadah keturki, ne Bahrom zohir o’ldi, ne go’r. Ushbu baytni tahlilga tortishdan avval dasht, jomi Jam, qadah kabi tasavvufiy istilohlarga izoh berib o’tishimiz darkor. Dasht–ilohiy ishq ko’nglidan joy olgan oshiqlar boradigan maskan, Olloh ishqining chek-chegarasi yo’qligini ko’rsatib turuvchi timsoldir. Zero, ishqdan sarmast bo’lgan Farhod va Majnunning ham makoni dasht, sahro edi. Jomi Jam–Jamshid ixtiro qilgan jom nomi. Shoh unga nazar solish bilan jahondagi voqealarni ko’rib turgan ekan. Bu timsol tasavvufda yor jamoli akslanadigan mazhar hisoblanadi. Baytda esa foniy dunyo, mol-davlat, shohlik, ulug’vorlik ramzi sifatida qo’llanilgan. Qadah–e’tiqod ramzi, haqiqiy muhabbat, poklik sharobini yetkazuvchi vosita. Birinchi misrada lirik qahramon muhabbat dashtida yor vasliga yetishish uchun mol-dunyo va ulug’vorlik jomiga nazar soldim. Unda na Bahrom, na Go’rni ko’rdim deb, bu foniy dunyo zamona shohlaridan ham qolib ketganligiga ishora qilib, Haq vasliga yetishish uchun e’tiqod ramzi bo’lgan qadah so’raydi. Shoir fikricha, faqat piri murshid beradigan ma’rifat orqali yor jamoli zohir bo’ladigan qadah, bu dunyoning o’tkinchi hoy-u havaslari va lirik qahramonni haqiqat sirlaridan uzoqlashtiradigan shohlik jomidan afzalroqdir. Zero, jang-u jadal bilan qanchadan qancha boylik to’plagan Bahromdan ham bu dunyo qolgan. Ul so’yilg’on bargi gul chog’liq yuzing bo’stonida Bir qizil gul bargi butmish go’yi oq gul yonida Yo’qsa Oyning yonida Bahrom bo’lmish jilvagar Jilvasi Bahromning ne tong qamar davronida. Baytdagi gul istilohi tasavvufda yordan keladigan xushxabar, gulning qizil rangi esa xursandchilik ramzi. Shoir yorining yuzini oq gulga, uning jamoli tajalliysini namoyish etib, iltifot ko’rsatishini esa qizil gulga nisbat beradi. Ikkinchi baytda ruju san’ati orqali fikridan qaytib, bu holatni Oy yonida Bahromning jilva qilishiga o’xshatadi. Shoir Bahrom, ya’ni Mars sayyorasini g’azalga qo’llash bilan uning rangiga urg’u berganligini ko’rishimiz mumkin. Bu o’rinda bir tomondan Oyning oqligini Haq jamoli tajalliysiga, bundan oshiq ko’ngliga yetgan fayz, tarovatni Bahtom sayyorasining qizilligiga qiyoslagan bo’lsa, ikkinchi tomondan qamarni “Sabb’ai sayyor” dostonining bosh qahramoni hisoblanmish, oy yuzli Diloromga, uni yonida turgan Mars sayyorasini esa shoh Bahromga mengzab, mahoratli shoir bir so’z bilan butun bir asarga, asar vositasida ishqi xosga ishora qiladi. Yoki baytni Oydagi oq rang orqali vasl, Ollohning jamoli tajalliysiga, ya’ni Uning lutf, ehson va marhamatiga dalolat qilsa, urush va jang rahnamosi bo’lgan Bahrom esa Yaratganning jaloliy tajallisi bo’lmish buyuklik, izzat, kibriyo va qahr kabi sifatlarini anglatib kelgan deb talqin qilishimiz ham mumkin. Bu bilan Navoiy o’quvchiga Slloh bir paytni o’zida bandasiga marhamat ko’rsatib, yana O’zining qahriga duchor qilishi mumkinligini uqtirmoqchi bo’ladi. Sayyoralar orqali uch xil go’zal ma’no nozikliklarini ko’rsatish bilan iyhom badiiy san’atining betakror namunasi yuzaga kelgan. Chun chiqar Bahromi qotil ko’zlaring andishasi Xasta jonimni qatili xanjari ozor etar. Alisher Navoiyning ham “Navodir un nihoya”, ham “Xazoyin ul maoniy” devonidan o’rin olgan ushbu g’azali oshiqona g’azallar turkumiga kiradi. G’azalda shoir boshidan oxirigacha yorining turli sifat va xarakter xususiyatlarini har bir baytda bitta sayyoraga xos bo’lgan belgi orqali ochib berishga harakat qiladi. Chunnonchi, 2-baytda Zuhal, 3-baytda Mushtariy, 4-baytda Bahrom, 6-baytda Zuhra, 7-baytda Utorud, 8-baytda Oy, 10-baytda Quyoshga xos bo’lgan belgilarni ma’shuqasiga ko’chirib, original o’xshatishlarni beradi. Yuqorida keltirilgan baytda esa oshiq yorining ko’zlarini xayoliga keltirishi bilan Bahrom chiqib ishqdan xastalangan jonini olish uchun xanjar bilan ozor etishini aytadi. Boshqa tomondan esa suyuklisining Bahromga o’xshash qattol ko’zlarini hali ko’rmay, xayoliga keltirishining o’ziyoq lirik qahramon joniga ozor yetkazadi. Bahrom orqali shoir bir tomondan sayyorani nazarda tutgan bo’lsa, ikkinchi tomondan sosoniylar hukmdori shoh Bahromga xos qattollik xususiyatiga ishora qiladi. Xulosa qiladigan bo’lsak, Alisher Navoiy o’z asarlarida keltirib o’tgan bir martalik obrazlarga ham ulkan ma’no bera oladigan qalami o’tkir ijodkordir. Yuqorida ko’rib o’tgan Bahrom obrazini shoir o’z g’azallarida ilohiy ishqqa mubtalo bo’lgan oshiq holini ochib berish maqsadida tashbeh sifatida keltirgan bo’lsa, soqiynoma va munojot janrlarida o’tkinchi nafsoniy xurujlarga berilib, Yaratganni unutib qo’ymaslik kerakligini ta’kidlab, buning real hayotdagi yorqin isboti sifatida Bahrom Go’rning ko’p davlatlarni bosib olib, ulkan saltanat barpo etib, katta mol-dunyo to’plaganligini, bundan kibrlanib ichkilik va ishratparastlikka berilib ketganligi natijasida xalq, mamlakat parokanda bo’lganiligini aytib, bir tomondan hukmdorlarga dabvlatchilik masalalarida adolatli bo’lishlari kerakligini uqtirmoqchi bo’lsa, ikkinchi tomondan esa bu o’tkinchi dunyoning hoy-u havaslariga berilib, Olloh oldidagi burchimizni unutib qo’ymasligimizga ishora qilar ekanz, dunyo tan olgan Bahrom va unga o’xshash boshqa shohlar ham butun umri davomida yig’ganlarini Olloh o’lim lashkarini jo’natganda barchasini tashlab ketishidek ulkan ma’rifiy g’oyalarni o’quvchi ruhiyatiga singdirish maqsadida qo’llaydi. O’quvchining ma’naviy olamini kirlik va illatlardan tozalshga, kerakli xulosalarga kelishiga ko’maklashadigan didaktik fikrlarni berar ekan, shoir ruju tashbeh, tanosub, tamsil, bir so’z bilan bir necha ma’no beruvchi iyhom badiiy san’atlaridan unumli foydalanganligini ko’rishimiz mumkin. Bularning barchasini Bahrom timsolida ko’rsatib berish bilan poetik tasvirning takrorlanmas ifodalarini bergan. Download 132.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling