O'tkir Xoshimovning " Ikki eshik orasi" romanida yozuvchi uslubi va ijodiy induviduallik


Download 44.38 Kb.
bet5/8
Sana12.03.2023
Hajmi44.38 Kb.
#1263216
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Komola Bahodirovna D


Do‘xtir kirdi. Palata tutun. Bunaqa holatda do‘xtirlarning jon-poni chiqib ketadi. «Siz bu yerga ishlagani kelganmisiz yoki davolangani?» deb ancha tanbeh berdi. O‘tkir do‘xtirdan uzr so‘rash o‘rniga yalt etib O‘lmasxonga qaradi-da: «Narsalarni yig‘ishtiring, uyga ketamiz», dedi. Er amri — vojib. O‘lmasxon narsalarni yig‘ishtira boshladi. Do‘xtirning hay-haylashiga qaramay ketvorishdi. O‘tkir uyga keliboq ijodxonasiga qamalib olgancha, hech narsaga qaramay yoza ketdi.


«Ikki eshik orasi» meni eng qiynagan kitob bo‘ldi, – deb yozadi u.– 1982 yilda «Erta kuz» degan qissa yozdim. Bu anchagina katta asar edi. Unda urush nomli kasofat odamlarning boshiga qancha kulfat solishi mumkinligi tasvirlanadi. «Erta kuz» qissasining qahramoni Ra’no vafot etmaydiyu o‘zi xohlamagan holda egri yo‘lga kirishga majbur bo‘ladi. Buning uchun birinchi navbatda urush aybdor.



Xullas, o‘sha qissa yozildi. Ammo asar o‘zimga yoqmadi. Unda nimadir yetishmayotganini his qilib turardim. Keyin bilsam, urush faqat janggohda yurgan..., front chizig‘idan uzoqda mehnat qilayotgan odamlarni o‘ldirish bilan ham cheklanmadi, urush o‘zidan keyin tug‘ilgan begunoh odamlarning umriga zavol bo‘ldi, degan maqsadni ochish uchun katta masshtabli asar kerak edi".

Qarangki, o‘sha kasalxonada boshlangan «Erta kuz» qissasi, ikki yuz sahifali qo‘lyozma birdan yirtib tashlandi. Ikki yuz sahifa ekan-ku, o‘ziga talabchan adiblar minglab sahifalardan, nashr etilgan kitoblaridan voz kechishi mumkin.


O‘tkir Hoshimov endi romanni boshqatdan yoza boshladi, o‘ta shiddat va g‘ayrat bilan yozardi. Nomini ham topdi: «Ikki eshik orasi», ya’ni hayot va o‘lim. Agar adib boshqa nom, masalan, «Erta kuz», «Taqdirlar» yoki o‘zgacha nom qo‘yganda ham roman qiziqish bilan o‘qilavergan bo‘lardi, ammo aynan «Ikki eshik orasi» degan o‘ychan nom tanladiki, bu yozuvchining oldiga qo‘ygan maqsadiga mos tushdi.


Romanni o‘qib bo‘lib yopdim-u o‘yga toldim. Bir afsona esimga tushdi. Luqmoni hakim ming yil umr ko‘ribdi va o‘lar chog‘ida «Men bu dunyoga bir eshikdan kirdimu, ikkinchi eshikdan chiqib ketayapman», degan ekan. Ming yil umr ko‘rgan odam shundoq desa, 20 yoshga kirmagan Kimsan nima desin? Urush fojiasining oqibatlari o‘laroq qurbon bo‘lgan Munavvar nima desin? Urush mashaqqatlariga chidolmay, nafsini tiymagan va oqibat o‘laroq umrini g‘urbatda xazon qilgan Ra’no nima desin? Urushning oqibati uchun muhabbatini qurbon qilgan, 30 yoshdan oshib baxt nimaligini tatib ko‘rmagan Muzaffar nima deb dod solsin? Bir umr mehnatdan qo‘li bo‘shamagan, boshi kulfatdan arimagan Oqsoqol, Husan duma, "Qora amma", Robiya, Shomurod, Komil tabib, Umar zakunchidan xivich yegan murg‘ak Olimjon, tinch hayotda bo‘sh-bayov bo‘lgan, ammo urush dahshatlarida qahramonlik ko‘rsatib halok bo‘lgan Ochil, yaxshilik evaziga qizidan ayrilgan Bashorat, urush yillarida och qolganidan birovning noniga changal solgan va olomon tepkisi ostida qolgan o‘ris bola umrning mashaqqatlaridan boshqa narsa ko‘rmadilar-ku!


Romanda 149 personaj qatnashadi, bu personajlar orasida asosiylari ham, ikkinchi darajalilari ham, hatto ko‘zga tashlanmaydigan uchinchi darajalilari ham bor. Boshqa romanlarda ko‘rilmagan bir hodisa borki, O‘tkir Hoshimov ana shu 149 personajning har biriga o‘ziga yarasha yuk qo‘ya olgan. Biron personajni roman matnidan ayro olib qo‘yib bo‘lmaydi. Shuhrat domla aytganidek, asardagi har bir harfni muallif «mixlab tashlagan».


Aytaylik, birovning noniga changal solib, yugurib ketayotgan joyida nonni chaynagan, olomon uni yerga yotqizib, ur kaltak qilganda ham non yeyishdan to‘xtamagan o‘ris bolani matndan bir chetga olib qo‘yilsa, front ortidagi dahshatlarning manzaralari kemtik bo‘lib qoladi. Romanning asosiy voqealarini yetaklovchi Oqsoqol — Husan duma — "Qora amma" — Shomurod — Ra’no — Robiya — Kimsan — Umar zakunchi - Bashorat — Fotima va Zuhra — Olimjon — Komil tabib munosabatlari va aloqalari orasidan uchinchi darajali Parcha olib tashlansa, Umar zakunchining «ko‘zi yomonligi»ni, Ra’noning urush mashaqqatlariaro fohishalardek «ochilib ketganligi»ni, Umar zakunchining «sharbat» ichiga ag‘darilib tushganligini bilmay qolamiz. Yozuvchi hatto personajlar gaplari orasidagina eslatilgan Stalin, Gitler, Jukovlarga ham ma’lum darajada badiiy yuk qo‘ya olgan.


Umar zakunchi kolxozga rais bo‘lib saylanganidan boshlab jiyron ot minib yuradi. Unga "Qorako‘z" deb ism bergan. Otning egasiga sadoqati ham, asovligi ham bor. Adib ana shu otni Umar zakunchining tabiati va badfe’lidan kelib chiqib, personaj darajasiga ko‘tara olgan. Tuman rahbari Abdurahmonov dalada kolxozchilar bilan majlis o‘tkazar ekan, Umar zakunchining zulmiga qarshi junbushga kelgan oddiy mehnatkashlarning talablari bilan uning raislik lavozimidan bo‘shaganligini aytganda, Umar zakunchi jahl bilan otining oldiga boradi, ammo ot dumini xoda qilib qochadi. Umar zakunchi uchun zulm quroliga aylangan ot ham uni tashlab ketdi. Chunki ot insonning yaxshi va yomonini ajrata oladigan maxluq. Ana shu detal bilan yomonlikning oqibatini adib ishonarli tarzda ko‘rsatadi.


Roman nashr etilgandan keyin qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Xuddi bir paytlar Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar«i, Oybekning „Navoiy“si qo‘lma-qo‘l bo‘lgandek… O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan kitobxonlik keskin kamayib ketganda ham O‘tkir Hoshimovning boshqa asarlari qatori „Ikki eshik orasi“ romaniga talab katta bo‘ldi.


Yaqin tariximizning uch davrini qamrab olgan bu roman o‘ziga xos epopeya edi. Said Ahmad yozganidek, bu roman „o‘zbek adabiyoti xazinasida o‘z o‘rnini topgan asarlardan biri bo‘lib qoldi. Bu asar xalqlar boshiga kulfat solgan Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risida yozilgan achchiq alamli yilnomadir“.


Romanda o‘ttizinchi yillardagi qatag‘on ham, urush yillaridagi mashaqqat ham, urushdan keyingi iqtisodiy tanglik ham, 60-yillardagi tinch hayot ham bor. Ammo adib har bir davrni tasvirlar ekan, o‘sha davrning achchiq alamlarini qalamga oladi. Yozuvchi o‘ttizinchi yillar qatag‘onini, urushning dahshatlarini ko‘rmagan bo‘lsa ham, ularni xuddi o‘zi shaxsan guvohi bo‘lgan voqealardek aniq-taniq tasvirlaydi, dehqonlarning, oddiy mehnatkashlarning turmushini o‘zi ko‘rgandek ko‘z oldingizda jonlantradi. Do‘mrobot qishlog‘ida o‘tgan asrning 50-yillarigacha kolxozlar bor edi. Iqtisodiy jihatdan quvvatsizlanib qolgan bu xo‘jaliklar tugatilib, qishloq Toshkent shahri tarkibiga kira boshlagan. Ammo qishloq manzaralari adib romanda tasvirlagandek edi. Do‘mrobot qishloq qiyofasida bo‘lganda adib yosh edi, o‘smir edi. Biroq yozuvchining kuzatuvchanlik qobiliyati va xotirasining tiniqligi oqibatida o‘sha davr manzaralarini, hatto 30-yillar ko‘riniglarini ishonarli tarzda tasvirlaydi.


Yozuvchi qalamga olgan davrlarda shaxs va jamiyat orasidagi muvozanat buzilgan, vayron bo‘lgan edi. O‘tkir Hoshimov ana shu izdan chiqqan muvozanatni mohirlik bilan badiiy tadqiq etgan.


Zamonlar o‘tar, odamlar o‘zgarar, taraqqiyot avj nuqtalarga ko‘tarilar, ammo O‘tkir Hoshimovning bu romani boshqa mumtoz asarlar kabi xalq nazaridan qolmasa ajab emas!




II-BOB. "IKKI ESHIK ORASI" romanida ijodkorning ijodiy individualligi haqida



Download 44.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling