O‘zbek аdabiy tili (morfologiya) toshkent nashriyoti
Download 0.76 Mb.
|
O‘zbek аdabiy tili (morfologiya) toshkent nashriyoti-fayllar.org (1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Miqdor -daraja ravishlari
- I.Tovushga taqlid so‘zlar.
- II. Holat, ko‘rinishga taqlid so‘zlar .
"O‘zbekcha" so‘zi ham qator darsliklarda ravish so‘z turkumiga kiritilgan2.
"O‘zbekcha" so‘zi morfologik o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega (o‘zbekcha (ni), o‘zbekcha(ga), o‘zbekcha (dan), shuning uchun "o‘zbekcha" so‘zini sifat deb baholash lozim. 4.Miqdor -daraja ravishlari miqdoriy sifat va darajani ifodalaydi: ko‘plab, sal, qarich-qarich, arang, ancha, xiyol, yana kabilar miqdor-daraja ravishlariga misol bo‘ladi. Miqdor-daraja ravishlari songa yaqin turadi, ammo noaniq miqdorni ifodalovchi sonlardan farq qiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan ravishlar tarkibiga diqqat qilsak, ularda turli so‘z yasash qoliplari borligini ko‘rish mumkin: [arabcha ot+an]; [ot+chasiga]; [ot+ona]; [ot+larcha]; [ot+lab] kabi. Qo‘shma ravishlar esa quyidagi qoliplarga ega: [olmosh+ot] (har gal, har zamon;[ravish+ot] (hali zamon);[son+ot] (bir yo‘la, bir dam). Boshqa tirkumdagi so‘zlarni takrorlash orqali ham ravish hosil qilish mumkin: yuzma-yuz, quruqdan-quruq va shu kabilar. Tilshunosligimizda ravish yasalishi masalasi ancha munozaralidir.Chunki ravishlarning asosiy qismi soddalashgan, ya'ni yaxlit birlikka (leksemaga) aylangan. Olimlar ravish turkumining yasalish sistemasiga ega emasligini -an, -ona qo‘shimchalarining arabcha va tojikcha birlik ekanligi bilan, -larcha, -chasiga, -lab kabilarning grammatik ma`no ifodalashi bilan va -iga/-siga; -chasiga qismi bo‘lgan so‘zlarning barmoq bilan sanarli darajada ekanligi bilan izohlaydilar. Ravishlar gapda ko‘pincha fe’lga bog‘lanib, hol vazifasida keladi; otga bog‘lanib sifatlovchi vazifasini bajaradi: Ular ancha yergacha asta borib, gaplashib ketdilar (O.). Taqlidlar o‘zbek tilida katta bir guruhni tashkil qiladi. Ular o‘zbek tilining bugungi grammatikasida mustaqil so‘zlar sirasiga kiritilgan. Chunki birinchidan, taqlidlar turkiy tillarda miqdoran juda ko‘p va ma’no jihatdan o‘ta rang-barangdir. Shuning uchun taqlidlar turkiy tillarning, jumladan, o‘zbek tilining muhim ifoda va tasvir vositasidir. Ularning ifoda tomoni mazmun tomonidan ma’lum bir xabar, darak berib turadi. Chunonchi, taq-taq, tars-turs kabi taqlidiy so‘zlarni olaylik. Bu so‘zlardagi tovushlar tizmasi ularning ma’nosidan xabar berib turadi. Shu sababli tilshunoslar taqlidiy so‘zlarda ifoda va mazmun tomonining ijtimoiy, sof ramziy, balki tabiiy bog‘lanish mavjudligini qayd etadilar [2; 4;]. Buni quyidagi so‘zlar qatorini solishtirish asosida ham ilg‘ab olsa bo‘ladi: 1) tiq-tiq / tuq-tuq/ /to‘q-to‘q/ taq-taq; 2) liq-liq / luq-luq/ laq-laq; 3) tirs-tirs / tars-tars/ tars-turs. Bu qatorlardan ko‘rinadiki, tor unlilar va qattiq undoshlarni olgan taqlidiy so‘zlardagi belgi darajasi keng unlilarni va qattiq undoshlarni o‘z ichiga olgan taqlidiy so‘zlar ifodalagan belgidan ko‘ra pastdir. Bu taqlidiy so‘zlarda shakl va mazmun orasida tabiiy bog‘lanish borligidan dalolat berib turadi [1, 77-78;]. O‘zbek tilidagi taqlidlar jamiyatning har bir a’zosi tushunadigan o‘ziga xos ma’nolarga ega. Tiq-tiq, taq-taq, chiq-chiq, ship-ship so‘zlari orasidagi ma’noviy farqni va bu so‘zlarning ma’nolari ma’lum voqelanishlar (Soat chiq-chiq etyapti; Hassa to‘q-to‘q qilyapti; Guli piq-piq yig‘laydi) bilan bog‘liq ekanligini hatto yosh bolalar ham tushunadilar. Ma’noviy g‘ayrioddiylik faqat taqlidlargagina xos emas. Masalan, olmoshlar atov lug‘aviy ma’nosiga ega emas. Ularning ma’nolari faqat matn tarkibidagina anglashiladi. Ammo olmoshlardagi ma’noviy “bo‘shlik” ularni mustaqil so‘zlar sirasiga kiritishga to‘siq bo‘lolmaydi. Bunday to‘siq taqlidlarga ham ta’sir qila olmagan va taqlidlar mustaqil so‘zlar sirasiga kiritilgan. Ikkinchidan, taqlidlar morfologik jihatdan o‘zgaruvchan: odamlarning g‘ovur-g‘uviri, eshikning taq-taqidan, to‘plarning gumbur-gumburini kabi. Uchinchidan, taqlidlar gap tarkibida biror so‘roqqa javob bo‘lib, ega, aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol, hatto, kesim vazifasida kela oladi: 1. Mahallada duv-duv gap (aniqlovchi). 2. Shabada g‘ir-g‘ir esmoqda (hol). 3. Arilar g‘uj-g‘uj (kesim). 4. Otlarning gupur-gupuri eshitildi (ega). 5. Tashqaridagi g‘ala-g‘ovurdan uyg‘ondi (to‘ldiruvchi). Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, turkiy tillardagi taqlidlar morfologik qurilishi va sintaktik qo‘llanilishi bilan flektiv tillardan farq qiladi. Taqlidlarning bir xili tovushga taqlidni ko‘rsatsa, ikkinchi bir xili harakar-holat, ko‘rinishga taqlidni ko‘rsatadi. I.Tovushga taqlid so‘zlar. Bular kishilar, jonivorlar, narsa va hodisalarning chiqargan tovushlariga taqlid qilish natijasida paydo bo‘ladi. Bularni yana quyidagicha guruhlash mumkin: 1.Kishilarning harakatidan paydo bo‘lgan tovushga taqlidlar: qult-qult, qah-qah, xur-xur… 2.Hayvon va jonivorlar tovushiga taqlidlar: g‘uv-g‘uv, miyov-miyov, mo-o-o… 3.Jonsiz predmetlar tovushiga taqlidlar: g‘ir-g‘ir, shiq-shiq, shivir-shivir. II. Holat, ko‘rinishga taqlid so‘zlar. Tovushga taqlid so‘zlar eshitish bilan bog‘liq hodisalarni ifodalasa, holat, ko‘rinishga taqlidlar ko‘rish bilan bog‘liq hodisalarni ifodalaydi. Bularning ham semantikasi har xildir: 1.Harakatni ifodalovchi taqlidlar: dik-dik, lip-lip, lapang-lapang, ship-ship, lop… 2. Holat, tashqi ko‘rinishni ifodalovchi taqlidlar: lang, hil-hil, jiq-jiq… 3.Yorug`lik tasvirini ifodalovchi taqlidlar: jivir-jivir, yalt-yult,yilt-yilt. Taqlid (tasviriy) so‘zlar yozma adabiyotda, og‘zaki nutqda, folklorda juda ko‘p ishlatilib, nutqqa badiiy bo‘yoq, ekspressivlik beradi. Ularning paydo bo‘lishi odamlar nutq organlarini juda yaxshi boshqara olish qobilitiga ega bo‘lgan davrlariga to‘g‘ri keladi. Yozma adabiyotning dastlabki namunalarida tasviruy so‘zlar juda kam ishlatilgan. Navoiy, Muqimiy, Zavqiy asarlarida esa ular salmog‘ining kengayganligini sezish mumkin. Bugungi kunda esa tasviriy so‘zlar miqdori ancha ko‘paygan, rang-barang ko‘rinishlarga ega. Har bir taqlid so‘zning o‘z ishlatilish o‘rni bo‘ladi. Masalan, Qiqir-qiqir kuldi; Piq-piq yig‘ladi deyish mumkin bo‘lsa ham, Piqir-piqir yig‘ladi deyish mumkin emas. Taqlid so‘zlar orasida ham ko‘pma’nolilik, shakldoshlik, ma’nodoshlik munosabatlari mavjud bo‘ladi. Bular tilshunos R. Qo‘ng‘irov tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Taqlidlar tuzilishiga ko‘ra sodda (shig‘, yalt, yarq, paq, shir), juft (shov-shuv, qiy-chuv, g‘ing-ping), takroriy (miyov-miyov, taq-taq, dag‘-dag‘) shakllarda bo‘ladi. Hammaga ma’lumki, so‘zlar ma’noviy belgisiga ko‘ra uch tipga bo‘linadi: a) mustaqil ma’noli so‘zlar (fe’l, ot, sifat, son); b)bo‘sh - ishora ma’noli so‘zlar (olmosh); v)yordamchi ma’noli so‘zlar (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama, ko‘makchi fe’llar). “Ishoraviylik” ramzi bilan ataluvchi olmoshlar boshqa leksemalardan ajralib turadi. O‘zbek tilshunosligida olmoshlarning doirasi va vazifasi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ancha cheklantirilib, “ot, sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi so‘zlar” deb behad tor tushunilgan. Vaholanki, bu bilan olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlidiy so‘z, undov gap va, hatto, matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan edi. Olmoshlar guruhiga men, sen, u, biz, siz, ular kabi shaxsga ishora quluvchi; kim, nima, bu, ana, mana, mana bu kabi predmetga ishora quluvchi leksemalar; qanday, bunday, shunday kabi belgiga; buncha, shuncha, qancha kabi miqdorga; qachon kabi paytga; qayer kabi o‘ringa; shunday bo‘lmoq, qanday qilmoq kabi harakat-holatga ishora etuvchi leksemalar kiradi. Shuni aytib o‘tish joizki, olmoshlar hamma vaqt ham qandaydir bir so‘zni “almashtirib”, uning o‘rnida kelavermaydi. Chunonchi: 1.Kim mehnat qilsa, u rohat ko‘radi. 2.Men kecha keldim. Sen buni bilasan. 3.Nima qilsam ham men o‘zim bilaman. 4.Hamma mehmonlar biznikida. 5.Barcha mushkulotlar oson bo‘ldi kabi gaplarda kishilik, belgilash, o‘zlik olmoshlari hech bir so‘zni almashtirmagan. Arab tilshunosligida olmoshlar alohida so‘z turkumiga ajratilmagan, balki har bir so‘z turkumi ichida “yashirin ma’noli so‘zlar” (zamirlar) sifatida alohida guruhlarga ajratilgan. Chunonchi, kitob, daftar, Abbos – ravshan ma’noli otlar bo‘lsa, men, sen, kim – yashirin ma’noli otlar (zamir otlar)dir. Yoxud oq, qizil, chiroyli ― ravshan ma’noli sifat hisoblansa, bunday, shunday kabilar “zamir sifatlar” dir. Olmoshlar shaxs, predmet, belgi yoki miqdorga xos bo‘lgan umumiy (mavhum) ma’noni anglatadi. Olmosh bildiruvchi ma’no nutq jarayonida aniq yuzaga chiqadi. Ular otlar kabi kelishik, egalik, ko‘plik qo‘shimchalarini qabul qilib, morfologik jihatdan o‘zgaradi va turli xususiyatlarni namoyon qiladi. Olmosh qaysi so‘z turkumi o‘rnida qo‘llansa, shu turkum bajargan sintaktik vazifani bajaradi: O‘qituvchi darsga kirdi. U o‘quvchilar bilan salomlashdi. Olmoshlar o‘zidan oldin aniqlovchi talab qilmaydi: Hamma xursand va shod. U kitobni o‘qidi. Olmoshlar ifoda etadigan ishoraviy ma’nosiga ko‘ra quyidagi ma’no guruhlariga bo‘linadi: 1.Kishilik olmoshlari. 2.Ko‘rsatish olmoshlari. 3.O‘zlik olmoshlari. 4.Belgilash olmoshlari. 5.So‘roq olmoshlari. 6.Gumon olmoshlari. 7.Bo‘lishsizlik olmoshlari. Download 0.76 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling