O‗zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, asosiy yo‗nalishlari


Download 0.86 Mb.
Pdf ko'rish
bet15/19
Sana20.06.2023
Hajmi0.86 Mb.
#1633896
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19
Bog'liq
tasavvuf

 
TASAVVUF VA FALSAFA 
Shariat bilan tariqat orasidagi masala g‗oyat nozik masaladir. Bu jihatni 
anglamagan odam shubhasiz biror tomonga putur yetkazishi mumkin. Chinakam 
musulmon bo‗lgan, islomni chuqur anglab, uning ma‘rifati, hikmat va falsafasidan 
bahramand bo‗lgan, musulmonlikni Alloh yodida pok yashash deb bilgan kishi 
hech qachon tariqatni o‗ziga yot deb bilmaydi. Musulmonlikni faqat rasm-rusmlar, 
odatlar va boshqa tashqi belgilar yig‗indisi deb biluvchi kishi uchun, turgan gap, 
tariqat mavhum va hatto zararli narsa bo‗lib tuyuladi. Bu o‗rinda shuni aytish 
kerakki, shariat ahlining hammasini ham tariqat bilan kurashib kelgan, tariqatga 
muxolif bo‗lgan deb ayta olmaymiz. Ko‗pgina shariat peshvolari tariqat ahliga 
hurmat bilan qaraganlar, shayxlar bilan do‗stlashganlar. Bundan tashqari, darvesh 
sulukiga kirgan faqihlar, shayxulislomlar, obidlar bor edi, masjidlar va xonaqolar 
orasida aloqa bo‗lib turardi. 
Shunga qaramay, shariat va tariqat ahllari orasida muxoliflik davom etib keldi. 
Zohirbin ulamolar nazdida surunkali taqvo, doimiy ro‗za, riyozat uchun o‗zini 
qiynoqlarga solish Hazrati Payg‗ambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga xilof. Inson 
hayotdan, ya‘ni Alloh bergan ne‘matlardan bahramand bo‗lishi va ham o‗z 
Tangrisiga shukrona sifatida toat-ibodat bilan shug‗ullanishi, bandalik xizmatini 
bajarib turishi lozim. O‗zini qiynoqlarga solish Allohga xush kelmaydigan ishdir, 
deydi shariat ahli. 


Ammo muxolifatning bosh sababi bu emas edi, zohidlar, «osoyishta» so‗fiylar 
shariat ahlini unchalik bezovta qilmaganlar. Shariat ahliga tashvish keltirgan narsa 
– bu tasavvufning fano, tavhid, ishq va vasl kabi g‗oyalari edi. Chunki mazkur 
tushunchalar hurfikrlilikni, haqiqatni izlash yo‗lidagi mantiqiy-tafakkuriy jihatni 
kuchaytirar, vahdat, ruh, Iloh va inson haqida teranroq bilim berar, olam asrorini 
anglashga yo‗l ochardi. Bu esa zohiriy bilim bilangina cheklangan odamlarga 
yoqmasdi. Boz ustiga, Haq ishqida bexudu devona bo‗lgan valiylarning 
«shathiyot»lari, ya‘ni zohirda «kufr» bo‗lib ko‗ringan gaplari (chunonchi, 
Hallojning: «Analhaq» deyishi, Boyazidning «Sharaflanganman, sharaflanganman, 
sha‘nu sharaf menga» degan gapi, Mashrabning «Yorsiz ham bodasiz Makkaga 
bormoq na kerak, Boshimga urayinmu Ibrohimdan qolg‗on ul eski do‗konni» 
deyishi) tabiiyki aqidaparast kishilarni tashvishga solar va ular buni iymondan 
chekinish deb baholardilar. 
Shuning oqibati bo‗ldiki, tasavvuf maslagining eng yorqin fikrli aziz farzandlari 
Mansur Halloj, Yah‘yo Suhravardiy, Aynulquzzot Hamadoniy, Imomiddin 
Nasimiy, Badriddin Hiloliy, Boborahim Mashrab muqallid ulamolar fatvosi bilan 
rasmiy ravishda qatl etildilar. Mansur va Suhravardiyning bir necha shogirdlari 
ham qatl etilgan. Shu kabi Zunnun Misriy, Boyazid Bistomiy, Abdulloh Ansoriy, 
Farididdin Attor, Inb Arabiy, Jaloliddin Rumiy kabi mashhur mutafakkir shayxlar 
umr bo‗yi shariat ahli bilan kelisholmay, ba‘zan esa johil hokimlar, amirlarning 
tazyiqi ostida umr o‗tkazganlar. 
Maqomot va valiylik sirlaridan birinchi bo‗lib so‗z ochgan Zunnun Misriy Misr 
ulamolari raisi Abdulloh bin Hakim tomonidan ta‘qib ostiga olinadi, Zunnunning 
qarashlari inkor qilinadi. Zunnun aytgan gaplar ilmi kalom ulamolari aytgan 
gaplarga to‗g‗ri kelmaydi, deb uni zindaqa (dunyoning asosida ikki kuch – 
Yovuzlik va Ezgulik yotadi degan e‘tiqodni olg‗a suruvchi Zand dini) tarafdorisan, 
kofirsan deya toshbo‗ron qiladilar. Abdulqosim Sulamiy o‗zining «Tabaqatus 
so‗fiya» kitobida mazkur ma‘lumotlarni keltirib, yana davom etadikim, shayx 
Abusulaymon Doroniy farishtalarni ko‗raman va ular bilan suhbat-lashaman, 
degani uchun Damashqdan badarg‗a qilingan. Bistom shahri aholisi ham Boyazid 


Bistomiydan munkir bo‗ldilar. Sababi u: men ham Payg‗ambar singari Me‘rojga 
ko‗tarildim, degan ekan. Sulamiyning yozishicha, Sahl bin Abdulloh Tustariy 
debdurkim, farishtalar, shaytonlar va jinlar uning oldida hozir bo‗ladilar va u bilan 
so‗zlashadilar. Lekin odamlar bunga ishonmay rad etadilar va Sahlni yomon otliq 
qiladilar. Natijada Sahl Tustardan Basraga qochib borib, o‗sha yerda vafot etdi. 
Ulug‗ shayx va shoir Farididdin Attorni «Javharuz zot» (Zot gavhari) asari 
uchun rofiziylik (shialik)da ayblagan Nishopur ulamolari uni Mansur kabi qatl 
etmoqchi bo‗ladilar. Biroq shoir qochib jon saqlaydi, lekin mol-mulkidan butkul 
ajraladi. Yana qizig‗i shundaki, XV asrda, xuddi shu dostonni ko‗chirgan 
Nizomiddin Haydar Bobuniy degan kotib Samarqandda mullalarning g‗azabiga 
duchor bo‗lgan va qattiq jazoga hukm etilgan. Xayriyatki, Hirot olimlari bundan 
xabar topib, Nizomiddinni qutqarib qoladilar (YE.E.Bertels. «Sufizm i mufiyskaya 
literatura». 372-373-betlar). 
Shariat va tariqat orasidagi muxoliflik ilmiy-nazariy yo‗nalishda ham davom 
etib turgan. Bir qancha risolalar yozilib, so‗fiylarning so‗zlari va amallari tanqid 
qilindi. Shunday kitoblardan biri 1153 yilda vafot etgan Ibn Javziyning arab 
tilidagi «Talbis iblis» (Iblis vasvasasi) nomli kitobidir. Eronlik olim Sayid Guharin 
«Tasavvuf istilohlari sharhi» nomli kitobning muqaddimasida Ibn Javziy asari 
ustida batafsil to‗xtab o‗tgan. Biz ushbu manba‘dan ma‘lumot uchun ba‘zi 
iqtiboslarni keltirib o‗tmoqchimiz. 
Ibn Javziy tasavvuf tarixini ikki davrga bo‗ladi. Birinchisi – zohidlik davri 
bo‗lib, u davrda so‗fiylar shariat talablariga qat‘iy rioya qilganlar. Ikkinchisi – 
darveshlik davri bo‗lib, bu davrda fikru shuurda islom aqidalariga to‗g‗ri 
kelmaydigan qarashlar yuzaga kelgan, tariqat qabul qilgan rasm-rusmlar ham ilk 
islomda yo‗q edi, deydi Javziy. Chunonchi, xirqa kiyib alohida jamoa bo‗lib 
yurish, raqsu samo‘ majlislari tashkil qilish, kuy-qo‗shiq eshitish, chilla o‗tirish, 
zikr tushish va hokazolar islomga xilof. So‗fiylarning bu ishlari odamlarni yo‗ldan 
ura boshladi, deb yozadi Ibn Javziy, chunki so‗fiylar bag‗oyat taqvodor kishilar 
bo‗lganligi sababli dindorlarga ta‘sir o‗tkazardi, ammo ikkinchi tomondan, o‗yin-
kulguga berilgan dunyoparast kishilar ham so‗fiylarning ilmini o‗rganishdan ko‗ra, 


karomat va sehrga e‘tibor beradilar, bu esa shaytonning ray‘iga ergashishdir. Ibn 
Javziy yozadi: «Keyingi davrlarga kelib, Iblis ularning ishlariga aralashdi va 
vasvasaga soldi. Ularning tobe‘lari ham bu vasvasaga uchdilar. Iblis 
vasavasasining mohiyati shundan iboratki, u so‗fiylarni ilm va donishdan qaytarib, 
ularga maqsad-muddao ilm emas, balki amaldir, deb ko‗rsatdi. Va ular uchun ilm 
chirog‗i so‗ngan-dan keyin zulmat ichra qoldilar va yo‗ldan adashdilar». 
Bu tasavvufga qo‗yilgan katta ayb edi. Amalda Ibn Javziy so‗fiylarni bilimsiz, 
nodon kishilar deb tahqirlagan. To‗g‗ri, tasavvufda shariat ilmi aqliy-mantiqiy ilm 
sifatida olib qaraladi va so‗fiy bu ilmning o‗zi bilan chegaralansa bo‗lmaydi, u ishq 
va botiniy taraqqiyot oraqli g‗aybiy-laduniy bilimlar sohibi bo‗lsagina, maqsadga 
erishadi, degan qarash bor. Biroq buni shayton vasvasasi yoki nodonlik deb atash 
xato. Axir Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xoja 
Ahrori vali kabi ulug‗ shayxlarni shariat ilmidan bexabar deb bo‗ladimi? Ular bu 
ilmni suv qilib ichgan odamlar edilar. Ular ana shu shariat ilmidan tashqari yana 
botiniy-ilohiy ilm ham jo‗sh urib turgan. Ana shu fazilat bilan ular oddiy dindorlar, 
muhaddisu mufassirlardan ustun edilar. 
Ibn Javziyga shariat ilmini ilmi zohir, tariqat ilmini ilmi botin deyish ham 
yoqmagan, uning nazarida bu tariqatni shariatdan afzal hisoblashdir. «Ko‗p och 
yurish, surunkali chilla o‗tirish, parhezkorlik bu odamlarning miyasini aynitgan. 
Shuning uchun ular bid‘at va kufr so‗zlarni aytadilar, xayollariga har xil narsalar 
ko‗rinadi», deb yozadi Ibn Javziy so‗fiylar haqida. So‗fiylar o‗zlarini islom 
asoslariga daxldor qilish uchun chahoryorlar – Abubakr, Usmon, Umar va Ali 
raziyallohu anhularni, bir qism sahobalarni ilk so‗fiylar deb aytadilar va hatto 
Hazrati Payg‗ambarimizdan ham so‗fiylik sifatlarini qidiradilar, Qur‘oni Karim 
oyatlarini so‗fiyona ruhda shahrlaydilar, deydi Ibn Javziy. 
«Talbis Iblis» kitobidan: «Odamlarning bu qavmga (ya‘ni so‗fiylarga) mayli 
kuchligiga bois shuki, tariqatning tashqi ko‗rinishini ibodatga moslaganlar, ammo 
botinini raqsu samo‘ bilan to‗ldirganlar, odamlarga esa bu yoqadi». 


Yana: «Avvalgi so‗fiylar shoh va amirlardan nafratlanardilar, ularning 
in‘omlarini olmasdilar. Keyingi so‗fiylar taxtu toj ahlining yaqin do‗stlariga 
aylandilar». 
Yana: «Abdurahmon Sulamiyning keltirishicha, Amru Makkiy (Mansurning 
piri) hikoyat qilibdurkim, Mansur Halloj bilan Makka ko‗chalarini kezardik. Men 
Qur‘oni Majiddin bir oyat o‗qidim. Mansur mening qiroatimga quloq solib dedi: 
men ham shunga o‗xshash so‗zlarni ayta olaman». 
Va yana: «So‗fiylarning ko‗pi xotinlarga qarashni nojoiz hisoblaydilar. Lekin 
chiroyli yigitlar bilan suhbat qurishni yoqtiradilar… Ularning fikricha, Xudo 
go‗zallar jismiga singgandir, go‗zallar yuziga boqib, Xudoning jamolidan bahra 
olamiz, deydilar». 
Ibn Javziyga tariqat odobi, ya‘ni tarkidunyo qilish, xonaqolarda taqvo bilan umr 
o‗tkazish ham ma‘qul emas, muallif buni islom shariatiga xilof deb biladi. Ibn 
Javziy fikricha, olti sababga binoan bu ish xatodir, ya‘ni birinchidan, ushbu harakat 
odamlarni masjiddan chelashtiradi, holbuki, masjid musulmonlarning asosiy 
yig‗iladigan joyi bo‗lishi kerak. Ikkinchidan, musulmonlarning jam bo‗lib ibodat 
qilishi kamayishi mumkin. Uchinchidan, kishilarni masjidga borib namoz 
o‗qishdan mahrum etadi. To‗rtinchidan bu ish nasroniylar va isoparastlarga taqlid 
bo‗lib, yaka ibodat qilish odatini joriy etadi. Beshinchidan, xonaqo ahli orasida 
ko‗p yosh yigitlar borkim, ular uylanishi va farzandli bo‗lishi kerak. Tarkidunyo 
ular hayotiga zomindir. Oltinchidan, xonaqolarda bajariladigan amallar xalq-ni 
aldash va zalolatga yo‗llashdan iborat. «Keyingi davr so‗fiy-lari, - deb ta‘kidlaydi 
Ibn Javziy, - xonaqo va rabotlardan tekin yashash va istirohat bilan kun o‗tkazishga 
o‗rganib qolganlar, faqat ovqat yeyish va o‗yin-kulgi qilish bilan bandlar». 
Ko‗rindiki, Ibn Javziy uchun tasavvuf ta‘limot sifatidagi nazariy jihatlari, 
g‗oyalari bilan ham maqbul emas. Muallif xonaqolardagi pir va muridilik 
muomalasidan tortib, o‗z-o‗zini nazorat qilish shartlari hisoblangan zikru samo‘, 
chilla o‗tirish, surunkali taqvodorlik, maxsus kiyim – xirqa kiyib yurishgacha – 
hammasini bid‘at deb rad etadi («bid‘at» – arab tilida yangilik demakdir). 


Tasavvufni tanqid qilish keyingi asrlarda ham davom ettirildi, hozir ham 
afsuskim ayrim mamlakatlarda naqshbanddandiya, suhravardiya va mavlaviya 
tariqatlarini tanqid etuvchi kitoblar chop etilmoqda. Ularda asosan o‗sha Ibn Javziy 
aytgan gaplar takrorlanadi.
Endi tariqat ahlining gaplarini ham eshitaylik. Avvalo alohida qayd etamizki, 
tariqat ahli hech yerda va hech qachon shariatni inkor etgan emaslar. Bil‘aks, 
shariat tasavvufning muhim va zaruriy qismi deb qaralgan. Boshqacha aytganda, 
shariat ma‘naviy tarbiyaning birinchi bosqichi hisoblangan. «Kashful mahjub» 
kitobining muallifi Abulqosim Qushayriy fikricha, suluk yo‗liga kirgan kishi to‗rt 
buyuk marhala (maqom)ni bosib o‗tishi lozim, ya‘ni shariat, tariqat, ma‘rifat va 
haqiqat. Ba‘zilar ma‘rifatni alohida maqom sifatida tilga olmasalar ham, ammo 
shariat, tariqat va haqiqatni sanab o‗tganlar. 
Yana shunisi borki, ko‗pgina shayxlar o‗z muridlariga birinchi navbatda shariat 
asoslarini puxta o‗rgatganlar, murid toki Qur‘on va Hadisni butun mohiyati bilan 
anglab yetmasa, shariat ahkomi bo‗lmish tavhid, iymon ma‘nosini tushunmasa, 
besh vaqt namozni ado etib, ro‗za tutib, zakot va haj talablarini ham bajarmasa, u 
haqiqiy musulmon deb qaralmagan va xonaqoga kiritilmagan. Biroq, hamma gap 
shundaki, tariqat peshvolari shariat talablari ustiga yana yangi talablar qo‗yganlar, 
musulmonlik shartlarini chuqurlashtirganlar. Aniqroq qilib aytsak, omma toqat qila 
olmaydigan, biroq maxsus kishilargina toqat qiladigan qishimcha riyozatlar 
yuklaganlar va soliklar buni majburiy emas, ixtiyoriy ravishda o‗z zimmalariga 
olganlar. Ana shu asosda qo‗shimcha namoz, qo‗shimcha ro‗za, parhez va taqvo, 
qo‗shimcha haj qilish joriy etilgan. Shunga qudrati bor kishilar uchun bu narsa 
ravo deb qaralgan. Chunki bunday odamlar o‗z hayotlarini Xudo yo‗liga 
bag‗ishlagan edilar, ular uchun bundan muhim, bundan olijanob va qimmatli narsa 
bo‗lmagan. Xo‗sh, buni man‘ etib bo‗ladimi? O‗zini Xudo yo‗liga bag‗ishlagan, 
tunu-kun ibodat bilan shug‗ullanishni odat qilgan odamni sen gunoh qilayapsan 
deyish mumkinmi? Bu har bir bandaning o‗zining shaxsiy ishi. Shuning uchun 
ham tasavvuf va tariqatni xoslar yo‗li deydilar va indivudial (fardiy) hodisa sifatida 
olib qaraydilar. 


Aslini olganda, shariatning o‗zi ham riyozatdir. Besh vaqt namozni ado etish, 
bir oy ro‗za tutish, uzoq safarga chiqib haj qilish riyozat emasmi? 
X–XI asrlardan boshlab shariat va tariqat ahllari orasida munozaralar 
boshlangandan keyin tasavvuf nazariyotchilari bu ikki tomonni kelishtirish, shariat 
va tariqatni muvofiqlashtirish ustida bosh qotirib, fikrlar bayon etganlar. 
Bu ishga birinchi bo‗lib qo‗l urgan kishi Abubakr Kalobodiy Buxoriy (vafoti 
990 yil)edi. U o‗zining «At-taarruf li mazhabi tasavvuf» (Tasavvuf mazhabi 
bo‗yicha tanishtirish kitobi) nomli asarida tasavvuf aqidalarining islom 
ahkomlariga muvofiq kelishini isbotlashga intilgan. Olim asosan Qur‘on va 
Hadisdan olingan misollar va tasavvuf shayxlari so‗zlarini qiyoslash usulidan 
foydalangan. Keyinchalik Abdulloh Ansoriy (1006–1089) Abdulloh Kushayri 
(986–1072), Hujviriy (vafoti 1075) ham bu masalada fikr bildirib, shariat va tariqat 
bir-birini to‗ldiradigan, rivojlantiradigan yo‗llar ekanini qayd etganlar. Chunonchi, 
Abdullo Ansoriy deydi: «Shariat barcha inkor va tasdiqdan iborat, u inson vujudiga 
qaratilgan bo‗lib, shakl-rusumlar (qoliplar)ni tashkil etadi. Tariqat butkul mahv 
bo‗lmoq (fano), haqiqat esa barcha xayratdan iborat. Shariatni tana deb bil, 
tariqatni dil degin, haqiqatni esa jon hisobla». 
Ammo bu borada hech kim Imom Muhammad G‗azzoliychalik chuqur ilmiy 
fikrlar bayon etgan emas. 
Imom G‗azzoliy – Sharqning dunyoga mashhur mutafakkirlaridan, kalom ilmi 
(fiqh, tafsir, hadis), falsafa va tasavvuf masalalari bo‗yicha bir nechta jahonshumul 
ahamiyatga ega kitoblar muallifi. G‗azzoliy asarlari 1145 yildan boshlab Yevropa 
tillariga tarjima qilina boshlagan, Dante, Bekon, Didro, Russo, Gegel uni 
donishmand mutafakkir sifatida tilga oladilar. Abuhomid Muhammad bin 
Muhammad G‗azzoliy (1058–1111) Eronning Tus shahrida tug‗ilgan. Nishopurda 
kalom ilmining allomasi ash‘ariy Juvayniydan ta‘lim olib, shu sohaning bilimdoni 
sifatida nom chiqaradi. Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk uni Bag‗dodda qurdirgani 
Nizomiya madrasasiga ishga taklif etadi. 1095 yilda G‗azzoliy Bag‗dodni tark etib, 
ko‗p shaharlarni kezib chiqadi, 11 yildan so‗ng yana Bag‗dodga qaytib oz muddat 


dars berish bilan shug‗ullanib, keyin ona shahri Tusga qaytadi. Xonaqo va 
madrasalarda mahalliy yoshlarga ta‘lim berib, shu yerda olamdan o‗tadi. 
Imom G‗azzoliy o‗z zamonining barcha ilmlarini o‗rganib, ularga munosabat 
bildirgan allomadir. Uni kalom ilmining sxolastik usullari ham, falsafaning haddan 
ziyod aqliy mushohadakorligi, ichki ziddiyati ham, ismoiliylarning bir yoqlama 
qarashlari ham qanoatlantirmagan. G‗azzoliy har bir ilmga uning inson tabiati va 
ruhiyatiga qanchalik mos kelishiga va inson kamolotiga xizmat qila olishiga qarab 
baho beradi. U ulug‗ ruhshu-nos olim sifatida ish ko‗radi. Kalom ilmi o‗zining 
aqidalari (dogmalari) bilan inson yuragiga yo‗l topolmasligini, Xudoni anglash va 
sevishga yetarli emasligini anglagan olim tasavvufda buning imkoniyatlari 
borligini ko‗radi. Aynan tasavvufda din va iymonning ruhiy-psixologik jihati 
mujassamlangan. Chunki tasavvufda Xudoni qalb bilan idrok etish, his-hayajon, 
muhab-bat orqali qabul qilish bor (buni yuqorida ko‗rib o‗tdik). G‗azzoliy 
kalomdagi aqliy muhokamalarni so‗fiyona hissiy idrok usullari bilan qo‗shib, 
islomiy ilmlarga yangidan ruh bag‗ish-ladi, ularni «tiriltirdi». Boshqacha aytganda, 
kalom nuqtai nazaridan tasavvufni va tasavvuf nuqtai nazaridan kalom ilmini 
nazardan o‗tkazdi. «U tasavvufning barcha qoidalarini tahlil qilib, tekshirib chiqdi, 
ulardan qaysilari sunnaga muvofiq kelishini, qaysi tomonlari to‗g‗ri kelmasligini 
aniqlab berdi» (YE.E.Bertals. Sufizm i sufiyskaya literatura. M., «Nauka», 1965, 
str. 43.) Bundan, G‗azzoliy tasavvufni kalomga moslashtirish bilanganina 
shug‗ullangan, degan xulosa chiqmasligi kerak. Imom G‗azzoliyning husni 
tavajjuhi ko‗proq tasavvuf tomonida edi. Uning tadqiqotlari nainki tariqat bilan 
shariatni chuqur ilmiy-nazariy jihatdan yaqinlashtirishga xizmat qildi, balki har 
ikki tomon rivoji uchun foydali bo‗ldi. 
G‗azzoliy nazarida oliy darajadagi mustahkam iymon so‗fiy iymonidir, shuning 
uchun fano yo‗lidagi beintiho ishqni islomning zaruriy ruknlaridan hisoblamoq 
kerak. Imom G‗azzoliy o‗zining «Eh‘yo ul ulum vad din» (Diniy ilmlarning qayta 
tirilishi) va «Kimyoi saodat» (Saodat kimyosi) nomli kitoblarida tasavvufni islom 
ilmlarining tarkibiy qismi sifatida chuqur o‗rgangan, tariqatni odam axloqini 
poklovchi va halok etuvchi xislatlardan qutqaruvchi yo‗l deb ko‗tsatadi. 


G‗azzoliyning xuddi shu ishi Ibn Javziyga yoqmagan. Uning yozishicha, 
G‗azzoliy «Eh‘yo ul-ulum»da botil (noto‗g‗ri deb topilgan) hadislar yordamida 
tasavvufni oqlamoqchi bo‗ladi, «Holbuki o‗zi o‗sha hadislarning botilligini 
bilmaydi», deydi u. G‗azzoliy so‗fiyona karomatlarni bor narsa, haqiqat deb aytadi, 
dunyo Parvardigor pardasidir, shuningdek, shariat ham zohiriy narsa, so‗fiylar 
farishtalar, ruhlar anbiyolarni ko‗radilar va ulardan kuylar eshitadilar va buning 
foydasi katta deb yozadi. Bu axir islomni buzishku, deb xitob qiladi Ibn Javziy. 
«Talbisi iblis» kitobining muallifi G‗azzoliyni islohotchilik (reformatorlikda) 
ayblangan. Vaholanki, islom tarixida islom ilmining rivoji uchun Imom 
Muhammad G‗azzoliychalik xizmati singgan odam kam bo‗lsa kerak. G‗azzoliy 
islomni nazariy jihatdan boyitdi, uni yangi davr talabiga mos ravishda rivojlantirdi, 
mustahkamladi. Islomni dunyoga mashhur etdi. U «hujjatul islom» – islom hujjati 
degan laqabni bekorga olmagan. Mana bu rivoyat ham G‗azzoliyning buyukligiga 
ishoradir. 
Abdurahmon Jomiy «Nafahotul uns» kitobida keltiradi: Xoja Buali Formadiy 
derki, G‗azzoliyning ba‘zi ishlaridan norozi bo‗lib yurar edim. Bir kun uyqu bosdi, 
yarim uyqu, yarim uyg‗oqlik orasida tush ko‗rdim: katta bir maydon o‗rtasida oq 
imorat bo‗lib, odamlar turnaqator tizilib shu imorat tomon borardilar. So‗radimki, 
bu ne imorat va sizlar kimsizlar? Javob berdilarki, bu binoda Hazrati Rasululloh 
islom dini haqida kitob yozganlarni qabul qilmoqda, biz kitob yozgan kishilarmiz. 
Men ham ular orqasidan turdim va bino ichkarisiga kirdim. Har bir mazhab egasi 
tasnif etgan kitobini Payg‗am-barga ko‗rsatardi. Imom Shofe‘i, Imom Abuhanifa 
va boshqa-lar kitoblarini ko‗rsatdilar. Rasululloh (SAV) ularni o‗z yoniga o‗tqazib, 
siyladi. Hamma tinchigandan keyin men ovoz chiqarib dedim: «YO Rasululloh, 
mening qo‗limda ham ahli islom aqidasini bayon etuvchi bir kitob bor, agar ijozat 
bersangiz, o‗qib beray». Rasululloh dedilar: «Qanday kitob?». Dedim: «Qavoidul 
aqoid» degan kitob, G‗azzoliy ta‘lif etgan. Menga kitobni o‗qishga ijozat berdilar, 
o‗tirib o‗qiy boshladim… Rasuli Akram sifatlari ta‘rifiga yetganimda yuzlari 
yorishdi va tabassum qilib, dedilar: «Qani G‗azzoliy?». G‗azzoliy o‗sha yerda edi, 
javob berdi: «G‗azzoliy menman». Rasullulloh qo‗llarini uzatdilar, G‗azzoliy ul 


muborak qo‗lni o‗pdi va ko‗zlariga surtdi va Payg‗ambar sallallohu alayhi 
vasallam ishorasi bilan to‗rt mazhab sohibi bo‗lgan imomlar qatoriga borib 
o‗tirdi». 
Bu rivoyat, ammo uing zamirida katta haqiqat bor. Haqiqat shuki, Imom 
G‗azzoliy a‘lamul ulamo, buyuk dinshunos alloma sifatida islom olamida tan 
olingan edi. Bunday ulug‗ shayxning tasavvufga husni tavajjuq etishi esa bejiz 
emas edi. Chunki G‗azzoliy birdaniga so‗fiylar tariqatini qabul qilganlardan emas. 
U boshida fiqh va Hadis olimi sifatida mashhur bo‗lgan, o‗z zamonasining barcha 
imlarida tengsiz ustoz sifatida tanilgan edi. Sharqning eng nufuzli madrasasi 
Nizomiyada raisul ulamo lavozimiga tayinlanib, uch yuz tolibi ilmga dars o‗qirdi. 
Ammo yoshi ellikka yetganda birdan madrasani, do‗stlari va shogirdlarini tashlab, 
uzlatni ixtiyor etdi va buning sabablarini o‗zining «Al Munqiz minaz zalol» 
(Gumrohlikdan qutulish) kitobida bayon etdi. 
«Meni taqlid tubanligidan basirat balandligiga qanday jur‘at yetkazinini senga 
hikoya qilay», deb boshlaydi kitobini G‗azzoliy. «Kalom ilmidan nima oldim, ahli 
ta‘lim (ismoiliya mazhabi) va imomga taqlid qiluvchilarkim, haqiqatni anglashdan 
uzrli va ojizdirlar, qanday nafrat paydo bo‗lganini aytay. Va falsafa to‗qish 
shevasini arzimas deb bilganim… va tasavvuf tariqatini qanday afzal bilganimni 
aytay». 
Uning yozishicha, yoshligidan qalbida haqiqatga tashnalik hissi borligi uchun 
«qo‗rqmasdan o‗zini chuqur daryoga» tashlagan, ya‘ni har bir ilmni dadillik bilan 
o‗rgana boshlagan. Har bir toifaning aqidasini yaxshilab tafakkurdan o‗tkazgan va 
qoniqmay yana o‗rgana boshlagan. Imom G‗azzoliyning uqtirishicha, ilm ikki xil 
bo‗ladi. Biri – taqlidiy ilm, ya‘ni o‗tmishdan meros qolgan, ota-ona va ustozlardan 
olinadigan bilimlar. Ikkinchisi – kashf etilgan ilm. Taqlidiy ilm ko‗r-ko‗rona 
ergashish bilan bo‗ladi, kashf etilgan ilm esa har bir shaxsning qobiliyati, shuuriy 
izlanishi orqali qo‗lga kiritiladi. «Mening maqsadim amrlar haqiqatini kashf etish 
edi», deydi muallif. Zotan, hayotda juda ko‗p odamlar taqlidiy bilmilar bilan 
qanoatlanadilar. Chunki yangilik yaratmay, tayyor hunarlar, ilmlarni o‗rganib, ko‗p 
qatori yashash oson. Ammo taraqqiyot uchun, insoniyat tafakkurini olg‗a siljitish 


uchun ilohiy va dunyoviy haqiqat-larni, mohiyatlarni izlash, kashf etish zarur. Bu – 
ayrim buyuk shaxslarning nasibasi.
Shunday buyuk shaxslardan biri bo‗lgan Imom Abuhomid G‗azzoliy Haqiqat 
tolibi bo‗lib, avval kalom ilmini, so‗ngra falsafani, keyin ismoiliya ta‘limotini va 
oxiri tasavvufni o‗rganishga kirishgan. U ilmi kalom haqida, falsafa va ismoiliya 
haqida bir nechta kitob yozadi. Olim shunday xulosaga keladiki, ilmi kalom ham, 
falsafa va ismoiliya ham ilohiy haqiqatlarni yangilatishga qodir emas. Mana uning 
xulosalari: 
«Mutakallimlar o‗z aqidalarini chuqurlashtirish uchun jav-har va araz (falsafa 
tushunchalari) masalalarida bahs boshladilar va falsafaga qo‗l urdilar. Lekin ular 
ilmining maqsadi boshqa bo‗lgani sababli ularning so‗zi nishonga yetmadi va 
odamlar orasidagi shak-shubhalarni bartaraf qilolmadilar». 
«Ikki yil ichida faylasuflar ilmini egalladim. Yana bir yil tafakkurga berildim. 
Ularning kitoblarini takroran o‗qir edim. Ularning xato va adashishlarini angladim, 
raddiga yo‗l topdim va bildimki (falsafa) inson kamoli uchun yetarli emas». 
«Ta‘limiylardan (ismoiliya ahli) bir kishini uchratdim… ularning kitoblarini 
topib o‗qidim, so‗zlarini ko‗rdim… Ularning fasod-xatolarini dalillar bilan 
isbotladim. Xulosa shuki, ularda ham ishga yaraydigan va foyda beradigan so‗z 
topolmadim». 
Shundan keyin G‗azzoliy tasavvuf va tariqatga yuzlanadi. U yozadi: 
«Haqiqat yuzasidan angladimki, bu jamoat, (ya‘ni so‗fiylar) ahvol egalaridirlar, 
so‗z ahli emaslar. Bu ilmni tahsil bilan imkon qadar o‗rgandim, ammo qolgan 
narsalarni dars tahsili va suhbat bilan egallab bo‗lmasdi, balki bu zavq va sulukni 
talab qilardi. Menga shu narsa ayon bo‗ldiki, tariqatning asosi tarki nafs, tarki aloiq 
ekan, uqboga ko‗ngil bog‗lash, butun himmat bilan Xudo sari yuzlanish ekan. O‗z 
holimga qaradim va ko‗r-dimki, taalluqlarga g‗arq, dunyo tashvishiga ko‗milgan 
ekanman». 
Shundan keyin G‗azzoliy qalbida o‗tli g‗alayonlar boshlangani, shariat ilmi va 
falsafadan, darsu ta‘limlardan soviganligini yozadi. «Xudo og‗izimga qulf urdi va 
dars aytolmadim, deydi u, ovqat tomog‗imdan o‗tmadi, quvvatim susayib borardi». 


Tabiblar uni ko‗rib ruhiy muolajaga muhtoj ekanini aytadilar. G‗azzoliy safarga 
chiqib o‗n yil shaharma-shahar yuradi. «Va bu xil vaqtlarda menga shunday 
narsalar namoyon bo‗ldiki, deb ta‘kidlaydi ulug‗ olim, aytib ado qilolmayman… 
Aniq bilidimki, so‗fiylar Xudo taolo yo‗lining oshiqu soliklari ekan va ularning 
siyratlari, siyratlarning eng yaxshisi va ularning yo‗li eng to‗g‗ri yo‗l va ahloqlari 
eng pokiza axloqdir. Shu darajadaki, agar din asrorining barcha oqilu 
donishmandlarini bir-birlariga qo‗shsalar va hulqu atvorlari, siyratlarini 
o‗zgartirsalar va yaxshilasalar ham bu dargohga yo‗l topmaslar. Chunki 
so‗fiylarning jamiki harakat va so‗zlari zohiru botinda Payg‗ambarning 
charog‗donidan nur olgandir. Barcha mukoshofa va mushohida Payg‗ambar 
nuridan boshlanadi». 
Imom G‗azzoliy tasavvufdagi ilohiy muhabbat, ishq, samo‘ hodisalariga ijobiy 
munosabatda bo‗lgan, bu hodisalarni ham inson ruhiyati bilan bog‗lab 
tushuntirgan. Uning uqtirishicha, inson ruhiyatida kechadigan, ruhni yayratadigan 
jami vositalar Alloh muhabbatini ko‗paytirishga sabab bo‗ladi va so‗fiyni Ulug‗ 
dargohga yaqinlashtirishga xizmat etadi. Masalan, u «Kimyon saodat» asarida 
samo‘ haqida bunday yozadi: «Ulamo orasida samo‘ning harom (man‘ qilingan) 
yoki halolligi (ruxsat etilgan) masalasida ixtilof bor. Kimki samo‘ni man‘ qilgan 
bo‗lsa, zohir ahlidan-dirki, u Haq taoloning muhabbati shaxs dilida qanday paydo 
bo‗lishini anglamaydi. Zohirbin odam bunday deydi: odam bolasi o‗z jinsini 
sevishi mumkin. Ammo na uning jinsidan bo‗lgan, na unga o‗xshamaydiganni 
qanday qilib sevadi? Bas, uning ko‗nglida mahluq ishqidan boshqa ishq bo‗lmaydi 
va agar Xoliqning ishqi paydo bo‗lsa, u o‗xshatish xayoliga borib, buni botil 
hisoblaydi. Shu sababdan deydiki, samo‘ yoki ko‗ngilxushlik o‗yinidir yoki 
maxluq ishqidandir va buning ikkalasi ham dinda nomaqbuldir. 
Agar bunday odamdan xalq uchun vojib bo‗lgan Xudo sevgisi nimadir deb 
so‗rasalar, amrga itoat qilish va toat deb javob beradi. Va bu ushbu qavmga xos 
ulug‗ xatodir». 
Ana shu «ulug‗ xato» nima ekanligini isbotlash maqsadida G‗azzoliy inson 
ko‗ngli istaklariga murojaat qiladi. «Samo‘ haqida hukm chiqarish uchun gapni 


avvalo ko‗ngildan boshlash kerak, deb yozadi olim, chunki samo‘ ko‗ngilda bor 
narsani yuzaga chiqaradi, harakatga keltiradi. Kimning ko‗nglida Mahbubga 
muhabbat uchqu-ni bo‗lsa, samo‘ uni kuchaytiradi, alanga oldiradi. Bunday paytda 
samo‘ savobdir (ravodir). Samo‘ni yoqimli bo‗lgani, xursandchilik keltirgani 
uchun harom deyish to‗g‗ri emas. Yoqimli narsalar harom emas, yoqimlilardan 
zararli bo‗lganlarigina haromdir». 
G‗azzoliyning mana bu fikri ham muhim: «Shuni bilgilkim, kimki samo‘ va 
vajdni, so‗fiylar ahvolini inkor etsa, u buni o‗zining noqisligi, kaltafahmligidan 
qiladi». Demak, quruq aqidaparastlik, zohriy bilimlarga yopishib olgan odamning 
fikri zaif, tor va noqis, bo‗ladi. Bilim kengayishi uchun inson aql va tafakkur bilan 
birga qalbini ham ishga solishi lozim. Kamolot yo‗li shu. Ma‘lum bo‗ladiki, 
G‗azzoliy har bir masalaga hayotiy ehtiyojlar nuqtai nazaridan yondashadi, quruq 
shiorlar tashlash, ma‘lum, necha marta qaytarilgan gaplarni takrorlayverishni olim 
kishining ishi emas deb hisoblagan. Masalan, u ilo-hiy muhabbatning zaruriy narsa 
ekanligini «Eh‘yo ul ulum» asarida mana bunday isbotlagan: inson o‗ziga 
yaxshilik qilgan odamni yaxshi ko‗radi, go‗zal narsalarni yaxshi ko‗radi, umuman 
yaxshilik va go‗zallik sevimli, demak, jamiki yaxshiliklar (ezgulik) va nafosat 
mujassami bo‗lmish Alloh taoloni sevishimiz tabiiy holdir. 
Yoki u tasavvufdagi «uzlat» tushunchasini bunday izohlaydi: uzlatning olti xil 
foydasi va olti xil zarari bor. Avvalo shuki, deb ta‘kidlaydi olim, uzlat mutafakkir 
insonlar uchun zaruriy ehtiyojdir. Inson bot-bot o‗zi yolg‗iz qolib, xayol va 
tafakkurga g‗arq bo‗lishni xohlaydi. Iloh ishqida yongan kishilar uchun bu ehtiyoj 
yana ham kuchliroq. Shunday qilib, uzlat «fikr farog‗a-ti»ni yuzaga keltiradi, 
«ko‗p iztiroblardan odamni xalos etadi», fitnadan qutqaradi, «gumon va tuhmat 
ranjidan ozod» etadi, «tama‘dan uziladi, odamlar ham undan tama‘ qilmaydilar», 
noxush odamlar suhbatidan xalos etadi. Bu uzlatning foydasi. 
Endi zarariga kelsak, uzlat qilgan odam ilmni oshirishdan mahrum bo‗ladi, 
odamlarga manfaat yetkazolmaydi, o‗zi ham manfaat ko‗rolmaydi, kishilarni dinu 
diyonatga da‘vatdan chetda qoladi, «vasvos g‗alaba qilib, zikrdan nafratlanishi 


mumkin, savoblar (hol so‗rash, kasal ko‗rish kabi)dan quruq qoladi, takabburga 
beriladi, chunki «uzlat ham takabburning bir turi». 
Ko‗rinadiki, Imom G‗azzoliy bir tomonlama muhokamalar, ya‘ni mana bu 
yaxshi, bunisi yomon kabi hukmlar tarafdori emas. U har bir hodisa-voqeani turli 
tomondan olib qaraydi. Jumladan, kalom ilmini ham, falsafani ham, tasavvufni 
ham qaysi jihatlari e‘tiqod-iymonni mustahkamlaydi, inson uchun zarur va foydali, 
qaysi tomonlari qusurli, ziddiyatli, inson e‘ti-qodi uchun zararli ekanini ko‗rsatib 
beradi. Uning qudrati cheksiz bilimida, u garchi peripatetik faylasuflar Aristotel, 
Forobiy, Ibn Sinolarni tanqid qilgan bo‗lsa-da, ammo o‗zi tavhid, tavakkul, qazovu 
qadar, aqli kull, surat va ma‘no, olamlar tuzilishi, («Ehyeul ulum» asarida olam 
zarralardan tashkil topgan, zarralar domiy xarakatda degan fikrni bildiradi), tabiiy 
jismlar xususiyatini o‗rganganda falsafa yutuqlaridan foydalanadi. Shunday 
taassurot tug‗iladiki, Imom G‗azzoliy Ibn Sinolarga qaraganda ko‗proq islomiy 
muhit ichida fikr yuritadi, ko‗proq sharqlikdir. U jami ilmlarni islom ilmi, islomiy 
tafakkur taraqqiyotiga xizmat qildirdi. G‗azzoliyning tadqiqot usuli ratsionalistik 
usul, ammo dunyo va Ilohni anglashda u irritsionat yo‗lni ham maqbul hisobladi, 
irfoniy bilishni bilishning yuksak ko‗rinishi deb hisobladi. Odamning o‗zini tanishi 
ham shu yo‗ldan borishi zarur, inson o‗zini tanimay olamni va Ilohni taniy 
olmaydi. Jamiki ilmlar, qarashlar, ta‘limotlar shunga xizmat qilishi kerak. 
Imom G‗azzoliy merosini o‗rganish islom falsafasi tarixini yoritish, kalom 
ilmi, falsafa va tasavvuf orasidagi munosabatlarni yoritishda katta ahamiyatga ega. 

Download 0.86 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling