O‘zbek ruhiyati me’mori


Download 450.1 Kb.
bet1/34
Sana23.02.2023
Hajmi450.1 Kb.
#1224482
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   34
Bog'liq
abdulla oripov konferens 4



O‘ZBEK RUHIYATI ME’MORI
Abdulla Orifning barcha asarlarida davrning izi ko‘rinib tursada, bu izlarning nima uchun aynan shu tarzda poetik ifodalangani sababini ilmiy izohlash o‘ta qiyin. Uning hech kimga o‘xshamaydigan yo‘sinda fikrlaydigan, hayot hodisalaridan o‘zga zamondoshlariga qaraganda boshqacha ta’sirlanadigan va uni bo‘lakcha tasvirlaydigan shoir ekani bu yumushni yanada mushkullashtiradi.
Abdulla Orifning she’riyati ozod va pokiza ko‘ngilning goh mayin, goh nolakor, goh o‘tli, goh mungli manzaralarini, ba’zan bu holatlarning barchasini birvarakayiga ohangdor va musiqiy o‘zbek so‘zi orqali ifodalash natijasi o‘laroq dunyoga keladi. She’r yozish salkam siyosiy yumush sanalgan davrlarda ham shoir odamning ruhiyatini tadqiq etdi, uning tuyg‘ularini tasvirladi. Abdulla Orif she’riyat maydoniga qadam qo‘ygan davrda odamning kimligi uning ijtimoiy mavqei bilan o‘lchanib, qandayligi qaysi sinfga mansub ekaniga qarab baholanardi. Shaxs aslida jamiyatga qarshi qo‘yilib, ommaning istak va manfaatlari alohida odamnikidan solishtirib bo‘lmaydigan darajada yuqori baholanardi. Konkret shaxsning ko‘ngli manzaralarini tasvirlash muhim sanalmasdi. Shunday bir sharoitda Abdulla Orif ommani emas, alohida odamning ruhiy olamini badiiy tadqiq etishga tutindi. U yangi o‘zbek she’riyatida birgina odamning ko‘ngil holatini tushunish hamda tasvirlash hamma narsadan muhim ekanini tuygan ilk ijodkor bo‘ldi. Konkret odamga yaqinlashib, uning ko‘ngil holatlarini boricha ifodalash shoir she’riyatiga o‘zgacha samimiylik, dardchillik baxsh etdi. Ma’lumki, alohida odam doim dardmand, sertashvish va tushunilishga muhtojdir.
She’r ko‘pincha dard ifodasidir. U kamdan kam hollarda quvonchdan tug‘iladi. She’r – qayg‘uning o‘z, quvonchning esa o‘gay bolasi. Hukmron kommunistik mafkura o‘gay bolaga e’tiborni kuchaytirib, sotsialistik turmushning xushyoqar jihatlarini aks ettirishni talab qilardi. Shunday sharoitda mafkuraviy she’riyat qobiqlarini parchalab, alohida odamning ko‘ngil holatini tasvirlaydigan, lirikani yurakka yaqinlashtiradigan ijodkorga ulkan ehtiyoj bor edi. Aks holda xalq ruhiyatiga zo‘rlik va zug‘um bilan singdirilayotgan noinsoniy sifatlar millatning ma’naviyatini majruh qilib, o‘zligidan ayirishi mumkin edi.
Abdulla Orif she’riyati o‘zbek lirikasiga ko‘ngil dardlari suvratlari, ruhiy iztiroblar manzarasini olib kirdi. Shoir o‘tmishda shonli bobolari dunyo bilan bo‘ylashgan, bugun olam va odamni toza ko‘rmoq qayg‘usida yashayotgan o‘zbekning o‘tli nolalarini she’rga soldi. U quruqshagan o‘zbek she’riyatiga o‘ychil g‘am va g‘amchil o‘y olib kirib, odamning ichki dardlari, chigal ruhiyati manzarasini chizdi. Shu sabab shoir she’rlariga hayqiriq emas, hazinlik, mung xos edi. Zero, hayqiriq odamni odamdan yiroqlashtiradi, u dardlashayotgan kishiga yarashmaydi. Abdulla Orif o‘ta ingichka tuyg‘ular, ismsiz dardlarni she’rga soldi. Hasratzada, ozurdajon ko‘ngil mavjlari, komillikdan ―yulduzlar qadar yiroq― kishilar borligidan ta’sirchan yurakda qolgan ozorlar bu she’riyatning manbasi edi.
A. Orifning alamangiz va mungli satrlari o‘zbekning ko‘ngli to‘ridan joy oldi. Sovet davrida g‘oyat keng yoyilgan da’vatkor she’riyat quloq pardalarini zo‘riqtirgan bo‘lsa, shoirning sokin va samimiy she’rlari ko‘ngil ko‘ziga tushgan pardalarni yirtib, dildagi zanglarni ko‘chirdi. Bu bitiklar bilan oshno bo‘lgan she’rxon bexosdan o‘zida ham nozik hislar, ingichka sezimlar borligini, ruhiyatining qay bir puchmoqlarida toza tuyg‘ular mavj urayotganini payqab qoldi. Yarador qalbning nidolari bo‘lmish o‘sha mayin she’rlar tufayli milliy ruhiyat tugal inqirozdan saqlab qolindi.
Kommunistik mafkura yolg‘onni jamiyatning axloqi darajasiga ko‘tarib, odamlarning sezimlarigada tazyiq o‘tkazayotgan bir paytda A. Orifning dardchil she’riyati o‘zbekni sezimlarning quruqshab qolishi va tuyg‘ular tanazzulidan saqlab qoldi. O‘z tuyg‘ularini ―Qaydadir gulshandan axtarib visol Yel kezar, tog‘larning go‘zal arvohi. Shoirning dilrabo baytlari misol Oh tortib tizilar turnalar gohi tarzida o‘ta ta’sirli, mayin va o‘zbekcha ifodalay olgan shoir millatning ichki dunyosiga teran kirib borishi tabiiy edi. Oldin ishlatilmaydigan yo‘sinda qo‘llangan tom o‘zbekcha samimiy va mayin so‘zlar ruhiyatni oson zabt etdi. Ushbu poetik ifodalar she’rxonlar qalbini, demakki, uning insoniy mohiyatini ezgulashtirib, go‘zal sezimlar hosil qildi.
Odatda har bir davr o‘zida paydo bo‘lgan ulkan muammolarni hal qiladigan daholarni yaratadi deyishadi. Abdulla Orif degan samimiy va
betakror poetik hodisani esa u yashagan davr yaratmadi, bil’aks bu fenomen chog‘doshlarning ruhiy olami, tuyg‘ular tizimi va tafakkur tarziga kardinal ta’sir ko‘rsatish orqali davrni yaratdi. To‘g‘ri, shoirning she’rlari ijtimoiy tuzumni o‘zgartirib yubormadi. Lekin bu badiiy yaratiqlar odam ruhiyatiga xos asl jihatlarni sezdirish orqali odamni mafkuraning soxta qutqulariga to‘liq berilib ketishdan, milliy tilning jozibasini his etmaslikdan, ulusga xos ruhiy qiyofani yo‘qotib qo‘yishdan saqlab qoldi. Abdulla Orifning dilbar va samimiy she’rlari rasmiy idoralarlarda to‘la hukmron bo‘lgan yolg‘on mafkuraning millat ruhiyatiga ham egalik qilishiga yo‘l qo‘ymadi.
Chin iste’dodga davrning tazyiqu cheklovlari to‘sqinlik qilolmaydi. Iste’dod davrdan, vaziyatdan marhamat kutmasligi, har qanday to‘siqni yenga olishi bilan iste’doddir. O‘ta noqulay sharoitda ko‘nglidagisini yuzaga chiqara olish iste’dodning ilk belgisi sanaladi. Har bitta o‘zbekning ichki olamiga teran kirib borgani uchun ham mustaqillikkacha bo‘lgan davrda yashagan o‘zbeklarning fikrlovchi qismi ma’naviy olamini Abdulla Orif she’riyati shakllantirgan deb aytsa bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘sha vaqtda ko‘ngil ko‘zi ochiq o‘zbekki bor istisnosiz bu she’rlar bilan oshno edi.
Abdulla Orif she’rlaridagi beadad samimiyat, tuyg‘ular chinligi kishini o‘ziga asir qiladi. Shoirning bitganlari o‘y, hissiyot va kayfiyatning quyma manzaralaridir. Inson tuyg‘ulari tovlanishini o‘ta chuqur bilgan hamda ta’sirli ifoda eta olgan shoir she’rlaridagi ayrim chizgilarning o‘ziyoq she’rxonda poetik kayfiyat hosil qiladi: ―Asablar tuproqqa cho‘kkan edi tiz yoki ―Yiroq-yiroqlardan mungli va uzun Turnalar tovushin tinglardim faqat yoxud ―Sonsiz egatlarga sochilmish, ana, Mening orzularim, mening o‘ylarim yoinki ―Shabnam shovullaydi bog‘lar qo‘ynida Salqin tuman ichra bo‘zarar tonglar, Quyoshning erinchak yog‘dularida Nafis yaltiraydi bargi xazonlar yo bo‘lmasa ―Qaro sochlaringda oppoq alanga singari satrlar chin insoniy sezimlar va holatlarning yaxlit, ta’sirchan va o‘xshashsiz ifodasi ekani bilan dilni rom etadi.
Abdulla Orif she’riyati yomonlikka murosasiz shaxsning yolqinli iqrorlaridir. Insonga ulkan muhabbat tuygan shoir uni komil ko‘rmoq istaydi. Odamga esa adoqsiz nuqsonu illatlar xosligi va uning bu illatlardan qutulishga oshiqmayotgani shoir ruhiyatini qiymalaydi. Shu bois u koinot sarvari deyilmish hazrati odamdan yozg‘iradi. Shoir she’rlarida murosasizlik hissi kuchli ekani insonni nuqsonlardan xoli
ko‘rish istagidan. Nafratini odamga emas, balki undagi illatlarga qaratgan shoir yozadi: ―Yo‘q, maymundan tarqamagan derdim odamzod. Ammo insondagi adoqsiz nuqsonlar shoirni umidsizlantirib, odamzot qabohat bobida nechog‘lik ―kamolotga erishganini ko‘rsataveradi.
Abdulla Orif she’riyati samimiyat ifodasi ekani sabab ko‘ngillarni rom etib, yuraklarga singib ketadi. Shoir samimiyati uning o‘z dunyosi, ruhiyati, kayfiyati, hissiyotini taftish qilishi va o‘zini anglashga astoydil urinishida namoyon bo‘ladi. Saratondagi epkinday sezilmas hodisalardanda kuchli darajada ta’sirlanadigan bezovta qalb egasi bo‘lgan shoir o‘zini ruhiy muvozanatdan chiqargan holatlarni o‘ta ta’sirli tasvirlaydi. Atrof javonibda ommaviy baxt haqida tinimsiz jag‘ urilayotgan bir vaqtda har bir alohida odamning qalbidagi dardni tuyib, aks ettirardi.
Obrazlarning teran xalqchil tomirlarga egaligi Abdulla Orif she’riyatini millat ruhining suvratlariga aylantirdi. Eng chigal ruhiy holatlarni ham g‘oyat ulkan nazokat va yuksak joziba bilan aniq va ta’sirli ifodalay bilish shoir she’rlariga o‘zgacha tarovat baxsh etadi. San’atkor uchqunda alanga, qatim nurda quyosh, tomchida ummonni ko‘ra biladigan qudratli ijodiy tasavvurga va tuyganini so‘z bilan moddiylashtirish qudratiga ega edi.
Poetik ifodaning aniq va tuyg‘ularni bezovta qiladigan darajada ko‘rimli bo‘lishi jihatidan Abdulla Orif she’riyati milliy adabiyotdagi tengsiz hodisadir. Shoirning: ―Oyoqlangan qo‘ziday dovdirar yelda maysa, Ko‘m-ko‘k moviy osmonda kezib yurar oq bulut satrlaridagi tashbihlar puxta hayotiy asosga egaligi hamda cheksiz hissiy qudrati bilan kishini hayratga soladi. Yelda silkinayotgan ko‘klamiy maysa holatining endigina oyoq bosmoqchi bo‘lib dovdirayotgan qo‘zichoqqa o‘xshatilishi xalq turmushini bilgangina emas, ichdan tuygan kishining qo‘lidan keladigan ishdir. Shu joyning o‘zida birgina chizgi bilan ko‘klam osmonini ham yorqin suratlantira olish uchun esa ulkan iste’dod kerak bo‘ladi.
Ko‘z oldiga keltirish mushkul, ifodalash deyarli mumkin bo‘lmagan mavhum sezimlarni moddiylashtirish borasida Abdulla Orif tengsiz mahoratga egadir: ―Yorilmagan yaraday sevgi!- deydi bir she’rida. Quloqqa chalinishidan bo‘lak moddiyligi yo‘q tuyg‘uni bundanda ortiq tuyimli qilib tasvirlash mumkin emas.
Belgiliki, insonning ruhiy holati va kayfiyatini manzaralashtirish uchun ulkan iste’dod lozim. Bu jihatdan A. Orif talanti tengsiz qudratga ega:
Qaldiroq gumburlar yuksak tog‘larda, Chiltor qillariday taralar yomg‘ir.
Shamol shovullaydi qadim bog‘larda, Buyuk ko‘hna dunyo ko‘pchiydi og‘ir.
Jahon she’riyati xazinasidan ham tog‘lardagi qaldiroq gumburi, yomg‘irning chiltor qillariday taralishi, shamolning qadim bog‘lardagi shovuri, ertangi kunni tug‘moqqa shaylanayotgan og‘iroyoq dunyoning xamir kabi og‘ir ko‘pchishi kabi miqyosli va serqatlam holatlarni sabab-oqibat aloqalari hamda mantiqiy izchillikni saqlagan holda shu qadar ta’sirli chizib bergan boshqa bir she’rni topish qiyin. She’rda ifoda izchilligi, tasvir ketma-ketligi faqat ma’no jihatidangina emas, balki harakat va ohang jihatidan ham uyg‘unlashtirilgani bitikning badiiy ta’sir darajasini necha baravar oshirgan.
Abdulla Orif o‘z she’rlarida chuqur insoniy iztiroblar, samimiy tuyg‘ular, hissiyotning kamalakday tovlanishlarini aks ettirish orqali millatning ko‘ngil dardlarini ifoda qiladi. Jumladan, atrofidagi illatga botgan va xiyonatkor kimsalar bois ko‘ziga olam nursiz ko‘rinib, olti oydan buyon she’r yozishga qo‘li bormayotgan ijod kishisining hasratli tuyg‘ulari aks etgan mashhur ―Sarob she’rida odamlarni tushunmoqchi, hayotning ma’nosini anglamoqchi bo‘lgan shaxs kechinmalari ulkan dard bilan tasvirlanadi:

Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada, Olti oykim o‘zgalarga tilayman omad.


Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat. Nimanidir axtaraman — she’rdan ham ulug‘, Nimanidir axtaraman — nondan azizroq.
Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,
Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.
Odam atrof olamni o‘z kayfiyatiga mutanosib ko‘radi. Ko‘ziga olamning har bir jilvasi she’r bo‘lib tuyuladigan shoir uchun olti oydan buyon she’r yozmaslik – og‘ir ko‘rgulik. Bunday holga tushgan odamga dunyoning yoqimli ko‘rinishi mumkin emas. Shoir shunday ahvoldagi shaxs ruhiy holatini
tengsiz mahorat bilan aks ettiradi. Zero, do‘stman deb yurganlar iste’dodi
―so‘nganidan karomat qiladigan sharoitda kishining ko‘ziga olam rangsiz va sovuq ko‘rinib, unda biror yoqimli chizgi ko‘zga tashlanmasligi tabiiydir.
Dunyodan ezgulik, odamlardan tozalik izlagan shoir qidirganlarining bolalikda qolib ketgan armonlargina ekanidan iztirobga tushadi: ―Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar, Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim. Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim. Bu misralardan adoqsiz g‘am ufurib turibdi. O‘tgan umri haqidagi xayolga g‘arq bo‘lgan o‘ychan yigitning olamga sig‘mas dardli tuyg‘ulari teran aks etgan bu she’r yaralganida shoir bor-yo‘g‘i yigirma besh yoshda edi. Ammo u o‘tgan umri haqida juda uzoq yashagan oqsoqolday fikr yuritib, ―kiprikdayin tizilgan yillarga ―achchiq unlari marjon bo‘lganini yodga oladi.
Hayotni farovon, insonni komil ko‘rishni istagan shoirning odamzotning razolatga botib borayotganiga tanig‘ bo‘lishi unda chegarasiz g‘am paydo qiladi. Shoir o‘z omadsizligidan emas, dunyoning kemtikligi, odamlarda illat ko‘pligidan dard chekadi. She’rning keyingi misralaridan shoir dardlarining ildizlari teran, ko‘lami katta ekani anglashiladi. Barchaga muhabbatu oqibat ko‘rsatgan lirik qahramon boshqalardan ham poklik, musaffolik, mehru muhabbat kutadi. Ko‘ngil darvozasini hammaga ochib qo‘ygan shoir sadoqatiga xiyonat, ishonchiga aldov, muhabbatiga nafrat bilan to‘lov qaytargan kimsalar sabab ko‘kayida paydo bo‘lgan achchiq armonlarni: ―Quyundayin charx urardik doim to‘zonda, Chang neligin bilmas edik o‘shanda hali. Onamizni o‘ylar edik inson deganda, Ammo ona tanholigin bilmasdik hali,- deya ifoda etadi. She’riy parchaning dastlabki misralarida bolalikning beg‘ubor onlari, olamni g‘uborsiz sanab,
―chang neligin bilmay kechirilgan bolalik aks etgan bo‘lsa, ―Onamizni o‘ylar edik inson deganda satrida shoirning odamlarga bo‘lgan beg‘araz ishonchi ifodalanadi. So‘nggi qatorda esa dunyoga ishonch to‘la ko‘z bilan boqqan lirik qahramonning ona kabi beg‘araz ezgu zot yo‘qligini bilmasligi tasvirlanadi.
She’rda nafaqat o‘zgalar, balki o‘zini ham tushunmoqchi bo‘lgan inson ruhiyati aks etadi. Odamlardan ezgulik kelganini ko‘rmayotgani bois shoir nazariga yorug‘ ranglar tashlanavermaydi. Yuksak g‘oyalar sarob, nurli kelajak haqidagi gaplar puch ekanini anglash uni umidsizlikka tushirganday bo‘ladi. Lekin lirik qahramonning toza ko‘ngli olamda xalq, Vatan singari yuksak va mangu tushunchalaru ular oldida o‘talishi kerak bo‘lgan burch kabi o‘lmas
tuyg‘ular borligini his etadi. Shoir yoshlikdagi toza tuyg‘ularidan ayrilsada, umidsizlanib dunyodan qo‘l siltamaydi. Lekin she’rning eng umidbaxsh o‘rinlarida ham dunyoning kemtikligi, odamning nokomilligi tufayli shoirni o‘rab olgan mung sezilib turadi:
Xazon to‘la bog‘chalarga boraman tag‘in, Yana o‘zni xayol ila she’rga tashlayman. To‘nib qolgan yuragimga berib bir taskin,
Yana quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlayman.
Quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlagan odam kayfiyatidagi ezginlik muhri o‘qirman e’tiborini tortadi. She’rda qo‘llangan ―Xazon to‘la bog‘chalarga borish, ―To‘nib qolgan yuragiga taskin berish kabi tashbihlarda fikrchan odamning samimiy tuyg‘ulari aks etgan. Bu she’r toza hissiyotli odamning pokiza ko‘nglidagi otashin tuyg‘ular ifodasidir: ―Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida, Faqat uning og‘ushida topaman orom. Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘ida U bearmon kunlarimga qaytaman tamom. Ulkan dard ifodasi bo‘lmish bu samimiy she’rda qahramonni mayga oshno qilayotgan sabablarga e’tibor qilinsagina, muallifning poetik niyati anglab yetiladi.
Odamlar uchun ming otashda kuygan shoir, o‘z navbatida, odamlardan ham ta’masiz muhabbat kutadi:
Ta’na qilmay axir sevgim mukofotini Inson uchun ming otashda kuyar edim men O, qanchalar sevar edim inson zotini, Qanday buyuk muhabbat-la sevar edim men. Bugun to‘nib, atrofimga qarayman sekin, O‘t berolmas qalbga endi u yoshlik damlar.
Men insonni bir insonday sevardim, lekin Nechun ko‘pdir haligacha razil odamlar.
Shoirning achchiq iqrori zamiridagi samimiyat o‘qirmanni o‘ziga rom etib, hissiyotini bezovta qiladi. Bu bezovtalik, qoniqmaslik she’rxonnida o‘zini taftish qilishga undaydi. Taftish esa poklanish yo‘lidagi ilk qadamdir.
Betakror mahorat bilan yozilgan ushbu she’rda odam degan hodisaning o‘ta sirli ekani, odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning chigal hamda tushunarsizligi ta’sirchan ifoda etilgan. Shoirning san’atkorligi shundaki, u hodisalarning boshqalar ham ko‘rib turgan, ammo payqamagan jihatlarini o‘ziga xos tarzda aks ettiradi. Asl shoirning iste’dodi – undagi nigohning o‘tkirligi, tuyg‘uning nozikligi, hissiyotning teranligi, ifodaning aniqligiga erishishdan iborat. Ko‘klamda o‘rik g‘o‘ralarini barcha ko‘rgan, ammo faqat chin shoirgina unda ham hayot bardavomligi nishonasini, ham o‘zbek ayoliga xos tengsiz andishani ko‘ra va ko‘rsata biladi: ―Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu Zardoli shoxiga tashlar ko‘z qirin. Shoirning mahorati bu o‘rinda mim darajasiga ko‘tariladi: u aytmaydi, ishora bilan anglatadi. U imlab ko‘rsatgan joyda o‘zbek qizining tug‘ma andishasi, minglab yillik milliy madaniyati bo‘y ko‘rsatadi. Qanchalik g‘o‘ra yegisi kelmasin, buni boshqalarga bildirmaslik uchun fikru zikrini band qilgan o‘rikka ochiq qaramay, ko‘z qirini tashlash faqat o‘zbek kelinchagiga xos milliy xususiyat bo‘lganidek, faqat Abdulla Orif bu holatda umr davomiyligi borligini ko‘ra va ko‘rsata bilgan milliy shoirdir.
She’riyatga qayg‘uning yo‘ldoshligi haqida ko‘p yoziladi, lekin uni o‘qirman ko‘z oldiga yaqqol keltirib qo‘yish juda kam shoirning qo‘lidan keladi. Quvonch to‘g‘risida ham kam bitilmagan, biroq shodlikni moddiylashtirish ham kamdan kam ijodkorga nasib etgan. Abdulla Orifning betakror iste’dodi ayni shu qiyindan-qiyin ikki yumushni birgina baytda bajarganida yaqqol ko‘rinadi: ―Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am Toshqinlar kiradi qalbimga manim. G‘amni ko‘z oldiga keltirib bo‘lmaydi, lekin qizg‘aldoqning gulbargi har birimizga yaqin. Uni yengil bir harakat bilan uchirib yuborish mumkinligini hamma biladi. Shoir qalbidan qig‘aldoq yaprog‘idek uchirib yuborilgan g‘am o‘rniga toshqin kirmoqda. Shodlik tilga olingani yo‘q, lekin inson ko‘nglidagi toshqin unga ulkan quvonch yor bo‘lgani belgisidir. Chinakam ulkan san’atkorgina buni shu yo‘sin ifodalay biladi.
Abdulla Orif – o‘xshashi yo‘q badiiy manzaralar shuuriga yaxlit holda quyilib keladigan ijodkor. Uning ko‘pchilik she’rlarida poetik manzaralar tasvirining choki mutlaqo bilinmasligi kishida shoir tasvir uchun so‘z izlamay, osongina yozaveradiganday taassurot qoldiradi. Bu san’atkor tasvir imkoniyatining cheksizligidan dalolatdir:
Yellar ham uyg‘ondi ishqalab kaftin,
Oftob ham yuksaldi – tik kelar quyosh. Tog‘lar ham yuk tashlab ko‘tardi kiftin, Bezavol maysa ham silkitadi bosh.
Tarnovlar bo‘g‘zida lola ham ko‘rkam, Teraklar uchida izg‘ir mavjudot.
Hattoki, tuyg‘usiz chirik xazon ham Yashil po‘panakdan bog‘labdi qanot. Hovliqma jilg‘alar chopar beega, Qushlar qiy-chuviga to‘lmish dala, bog‘...
Bu misralardagi har bir tamsil o‘z o‘rnida, har bir tashbih obrazning mohiyatini to‘liq ochishga yo‘naltirilgan, har bir ifoda mohiyatni yaqqolroq anglatishga xizmat qiladi. Bu qadar hayotiy, bu qadar soddavash, bunchalar batafsil va bu chog‘liq yuksak estetik energiyasi bor poetik tasvirga erishmoq uchun shoir she’riy mahoratning cho‘qqilarini zabt etgan bo‘lishi kerak.
Abdulla Orif ijodining dastlabki bosqichidayoq: ―Meni chorlayotir oliy bir jamol,- deya xitob qilgandi. Ehtimol, yosh shoir o‘sha mahaldayoq Alloh jamolini ko‘zda tutgandir. Balki, she’riyatning go‘zal cho‘qqilarini zabt etmoqni istagandir. Bu to‘g‘rida qat’iy fikr aytish qiyin. Ammo uning o‘zbek badiiy so‘zining ifoda imkoniyatlarini orttirgani, ismsiz tuyg‘ularga nom qo‘ya bilgani, ifodalash mushkul ruhiy holatlar manzarasini chiza olgani bilan nafaqat milliy she’riyat, balki milliy turmushimizda ham o‘xshashi yo‘q hodisa bo‘lib qolganiga shubha yo‘q. Bundan buyon nainki barcha o‘zbek shoirlari, balki butun o‘zbek millati Abdulla Orif ta’siridan xoli bo‘lolmaydi. Negaki, uning ijodi milliy she’riyatning yo‘nalishini belgilabgina qolmay, milliy ruhiyatning tarkibini ham tayin etdi. O‘zbekning ruhiyatini tasvirlamoqqa jazm qilgan ijodkorki bor Abdulla Orif fenomeniga duch kelavergani, undan ta’sirlanavergani yanglig‘ o‘zbek sifatida shakllanayotgan odamki bor, ulug‘ shoir qaynoqlaridan bilib- bilmay suvlanaveradi. Chunki uning bitiklarida aks etgan tuyg‘ular milliy ruhiyatimizning tarkibiy unsurlariga aylangan.
HIKMAT JILVALARI
Egamanlikdan so‘ng o‘zbek millati o‘z taraqqiyotining shaxslashish bosqichiga kirdi va bu davrda did va qiziqishlar xilma-xilligi kuchaydi.
Axborot olish manbalari ko‘payib, odamning xabardorlik imkoniyati turfalashgani sari badiiy adabiyot oldingiday jamiyat a’zolarining diqqat markazidagi hodisa bo‘lmay qoldi. Jamiyat adabiyotdan yiroqlashib, odamlarning unga munosabatida bir qadar loqaydlik paydo bo‘ldi. Lekin odamlar adabiyotdan bezib ketmadi, balki o‘qishning boshqa turfa usul va ko‘rinishlaridan foydalanila boshlandi. Didlar har xillashdi, endilikda birovga juda ma’qul kelgan narsa boshqa birovga mutlaqo yoqmasligi oddiy holga aylandi. Hozir ham davom etayotgan bu bosqich adabiyot uchun chinakam sinov davri bo‘ldi. Xayriyatki, Abdulla Orif she’riyati mana shu sinovlardan ham sharaf bilan o‘tib, ulus ruhiyat va tafakkuriga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Azaldan hikmatga moyil she’rlar bitib kelgan Abdulla Orif ijodining egamanlikdan keyingi davrida buyuk Yalavochning: ―So‘zda sehr bor, she’rda hikmat hadislarida aytilganidek, o‘zining umr yo‘lida ko‘rgan-kechirgan va kuzatganlaridan hikmat chiqarishga ko‘proq e’tibor qaratdi. Shoir o‘zining bu yillardagi bitiklarida odam deb atalmish o‘ta murakkab yaratiqning cheksiz olam og‘ushidagi chigal hayotini har jihatdan aks ettirdi. Olam hodisalariga ko‘pni ko‘rgan donishmand nazari bilan qaraydigan mutafakkir shoir atrof olamdagi har bir narsa-hodisadan ibrat yo hikmat topib, esdan chiqmaydigan yo‘sinda poetik aks ettiradi. Shoir
―Boyqaro deb nomlangan she’rda tomog‘iga tiqilgan so‘ngakdan azob tortayotgan shohning holatini tasvirlash asnosida, yomonlik hech qachon jazosiz qolmaydi degan to‘xtamga keladi:
Eshitgan do‘st albat qon yutgan, Na g‘animlar bundan rizodir. Bu – sultonning o‘zi qatl etgan Nabirasi Mo‘min Mirzodir.
Tasvirda muhimni nomuhimdan bexato ajrata olgani bois Abdulla Orif sulton Boyqaro tomog‘iga so‘ngak qayoqdan, qay holda tiqilganiga, uning qanday azob tortayotganini tasvirlashga ortiqcha to‘xtalmaydi. Shoir hayotda uchrab turadigan oddiy haqiqatdan o‘ta ta’sirli hayotiy-poetik xulosa chiqara olgan.
Shoirning ―Imon otliq boshqa bir bitigi hozir to‘xtalganimiz she’rning mantiqiy davomiga o‘xshaydi. Odamning barcha tutumlari mohiyati undagi imon kuchiga bog‘liq ekani aks etgan she’r: ―Hech kim "bas" demaydi

Download 450.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   34




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling