O‘zbek ruhiyati me’mori
Download 450.1 Kb.
|
abdulla oripov konferens 4
f.f.n., Alisher Navoiy nomidagi Tosh DO‘TAU dotsenti,
DONIShMAND ShOIR Abdulla Oripov falsafiy fikr hamisha e’tibor topishi, bu jihatdan chin shoirning so‘zi alohida salmoq kasb etishi, shu bois shon- shuhrat bobida hech kim shoirga teng kelolmasligi, bu hodisa o‘tmish zamonlarda qolib ketmagani, u hozirgi ilmiy-texnika davrida ham shunday ekanini amalda namoyon qilib yashadi. U mamlaktimizda emas, qardosh o‘lkalarda ham g‘oyat mashhur edi. Ko‘pchilik o‘zi yashayotgan tuman yoki viloyat hokimining, vazirning ismini, familiyasini bilmasdan yuraveradi. Lekin hamma Abdulla Oripovni tanir edi, ―shoir deganda barcha dastlab uni tasavvur qilar edi, millionlab kishilar uning muxlisi, she’riyatining shaydosi edi, ming-minglab odamlar uning she’rlarini yoddan bilardi, mamlakat miqyosidagi rasmiy tadbirlarda, Mustaqillik bayrami, Navro‘z tantanalarida, muassasalar, korxonalar, xonadonlardagi yig‘inlarda, albatta, uning she’rlari o‘qilardi, hozir ham xalqaro sport musobaqalari, Olimpiya o‘yinlarida, davlat rahbarlarining rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston madhiyasi yangraganida hamma beixtiyor hayajonga tushadi. Mamlakatimiz madhiyasining so‘zlarini Abdulla Oripov yozganini esa bog‘cha bolalari ham biladi. O‘zbekiston madhiyasi dunyodagi eng ma’nodor, eng jarangdor, eng ta’sirchan madhiya ekanini xorijliklar ham e’tirof etishadi. Abdulla Oripov faylasuf shoir sifatida el e’tiborini qozondi. U Fitrat, Cho‘lpon, Hamza, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir singari salaflarnikidan boshqacharoq, ularnikidan balandroq she’riyat taqdim etib, haqiqiy shoir faylasuf, donishmand bo‘lishini namoyon qildi. U adabiyotga ―Mitti yulduz deb nomlangan yupqagina she’riy to‘plami bilan kirib keldi va birdaniga o‘zbek adabiyotining porloq yulduziga aylandi. U har bir she’rida boshqalarning gapi, har qancha mazmundor bo‘lmasin, shoirning so‘ziga teng kelmasligi, unikidek ta’sir kuchiga ega bo‘lmasligiga barchani ishontirdi. ―Mitti yulduz muallifining she’rlari asl shoirning so‘zlari ta’siri hech qachon so‘nmasligi, uning yuksak she’riyati uchun makon va zamon chegaralari ahamiyatsiz ekanligi dalil bo‘lib turibdi. O‘tgan davr mobaynida Abdulla Oripov she’rlari hech kimni e’tiborsiz qoldirmadi. Ular darhol barchaning diqqatini jalb qildi, bahs-munozara qo‘zg‘atdi, shoirning she’rlariga tosh otganlar birdaniga badnom bo‘lib, ularning hasadgo‘yligi, niyati buzuqligi yaqqol sezilib qoldi. Shoirning har bir she’ri o‘quvchilarga so‘zlarning avval sezilmagan tarovatini ochib, uning yangi ma’no qirralarini taqdim qildi. Shuning uchun hamma – mamlakat rahbarlari ham, turli darajadagi amaldorlar ham, oddiy odamlar ham, dunyoni kezganlar ham, qishlog‘i, ovulidan nariga chiqmaganlar ham uning ijodiga, shaxsiy hayotiga qiziqish, alohida e’tibor bilan qaradi. Shu bois ko‘pchilikning g‘am-tashvishi bilan yashaydigan tadbirkorlar, shaxsiy manfaati yo‘lida dunyoga o‘t qo‘yishdan toymaydigan xudbin shuhratparastlar, imon-e’tiqod, qiyomat, jannat va do‘zax, haqiqat va adolat to‘g‘risida va’z aytgani holda, masjidning pulini yeb ketgan qalloblar, poraxo‘rlik, ta’magirlik qilishdan uyalmaydigan ochko‘zlar, turli toifadagi xulqi buzuqlar shoirning shon-shuhrati soyasiga o‘zini urdi. Shoir esa atrofida o‘ralashganlarning gap-so‘zi, holatini she’ri uchun mavzu qilib oldi. Bu uning she’riyatiga hayotiylik va rang-baranglik bag‘ishladi. ―Mitti yulduz muallifining har bir she’ri chuqur hayotiy asosga ega ekani ayon ko‘rinib turadi. U turmushdagi har qanday voqea- hodisadan, ko‘rib kuzatganlaridan, qulog‘iga chalingan birgina so‘z, o‘z o‘rnida aytilgan jumlayu luqmadan teran ma’no chiqara bilishning hadisini olgan so‘z san’atkori ekanini ko‘rsatib, she’r bitish uning uchun nafas olishdek tabiiy ehtiyojga aylangani ochiq-oshkor qiladi va she’rlarida odamlarning qalbidagi his-tuyg‘u, kechinmalarni juda sodda, tushunarli va ta’sirchan ifoda etdi. Shu bois Abdulla Oripov she’riyatining eshiklari barcha uchun hamisha ochiq turadi. Uning she’rlari mumtoz adabiyot ixlosmandlarini ham, G‘arb adabiyoti shaydolarini ham, modern muxlislarini ham birday qiziqtiradi, hammaning talabi, ehtiyojini to‘la-to‘kis qondiradi. Shoirning she’rlariga murojaat qilgan har bir kishi, albatta, ma’naviy oziq oladi. Uning she’riyati tarovati turli toifadagi odamlarning qalbiga sizib kirib, ruhini g‘uborlardan forig‘ qiladi. Chunki bu she’riyat dunyodagi barcha xalqlarga xos umuminsoniy tuyg‘ularni o‘zida mujassamlashtiradi. Abdulla Oripovning istalgan she’ri u faylasuf shoir ekaniga isbot, dalil bo‘la oladi. Masalan, uning ―Qismat she’rida: ―Qismatni nariroq surib bo‘lmaydi, // Bilmaysan, yo‘lingni qay vaqt to‘sishin. // Ko‘z bilan hech qachon ko‘rib bo‘lmaydi // Daraxt va tirnoqning qanday o‘sishin. // Nafrat ham ulg‘ayar sekin qatma-qat, // Ezgu hislaringga bermay qo‘yar erk. // Bolam, sen uni ham etgin nazorat, // Daraxt va tirnoqni qaychilagandek deyiladi (Oripov A. Quyosh bekati: She’rlar, maqolalar, suhbatlar, tarjimalar. – Toshkent: ―Sharq, 2010. – 384 b. – 95-bet). Abdulla Oripovning she’rlari shakl va mazmuni, falsafiy ma’nodorligi, hayot voqeligini haqqoniy aks ettirishi, badiiy bo‘yoqdorligi kabi qator xususiyatlariga ko‘ra jahon she’riyatining yuksak mezonlariga to‘la-to‘kis javob bera oladi. Dunyoning eng mashhur shoirlari she’rlari asliyatini bu o‘zbek shoiri she’rlari bilan yonma-yon qo‘yib o‘qib ko‘rganlar, albatta, bunga ishonch hosil qiladi. ―Mitti yulduz she’rlar to‘plami muallifi hayot hodisalariga hamisha donishmandlarga xos teran nigoh bilan qaraydi. Uning she’rlarida lirik qahramonning his-tuyg‘u, o‘y-kechinmalari juda ta’sirchan ifodalanadi, satrlarda so‘zlar turfa ranglarda jilolanib, qalbning qatlariga yetib boradigan ohang taratib jaranglaydi. Shoir ko‘pchilik e’tibor bermaydigan narsa-hodisalar orasida uzviy aloqadorlik mavjudligiga e’tibor qaratib, ulardan hech kimning xayoliga kelmagan falsafiy teran ma’no chiqaradi. Bu uning ijodiga xos xususiyatlardan biri sanaladi. Shoir boshqa ijodkorlardan farqli holda, g‘ayritabiiy bir zukkolik bilan inson tabiati jumboqlari, kishilararo munosabatlar murakkabligini ochib beradi. U shu maqsadda hech kimning xayoliga kelmagan narsalarni bir-biriga qiyoslaydi. Masalan, ―Qismat she’ridagidek: ―Ko‘z bilan hech qachon ko‘rib bo‘lmaydi // Daraxt va tirnoqning qanday o‘sishin deydi. Bir qarashda, daraxt bilan tirnoq orasida hech qanday o‘xshashlik, yaqinlik yo‘qday ko‘rinadi. Lekin daraxt ham, tirnoq ham o‘sadi. Demak, ular o‘rtasida yaqinlik, o‘xshashlik kuzatiladi. Shoirning sinchkov nigohi, undagi g‘ayritabiiy zukkolik barchani bu haqiqatdan xabardor qiladi. ―Qismat donishmand shoirning so‘zi, maslahat va o‘giti bo‘lib jaranglaydi va kishilarning ongini boyitadi, undagi so‘zlarning ohangi qalblarni birdaniga rom etib, kishini beixtiyor o‘ylantirib qo‘yadi. Chunki she’rning sayqallangan satrlarida ifodalangan teran fikrlar dabdurustdan kishining ongu shuurini o‘z girdobiga tortib ketadi. Bu paytda har bir odam o‘zining allanimalar haqida o‘ylay boshlaganini, qandaydir tuyg‘ular uni bezovta qilayotganini, ruhida allaqanday o‘zgarish ro‘y berayotganini sezadi. Abdulla Oripov she’rlarini o‘qigan kishi nafaqat shoir yashagan, balki o‘zi yashayotgan notinch, g‘alayonli davr nafasini ham aniq sezadi va bu dunyoda yayrab-yashnab yurganlardan ko‘ra azoblanib, iztirob chekib kun kechirayotganlar ko‘pligi, o‘zi ham o‘shalardan biri ekani to‘g‘risida o‘ylab qoladi. Hamda beixtiyor shoir she’rlariga qiziqib qoladi, mutolaa qilayotganida ular ma’nolar xazinasi ekanini anglab yetadi. Chunki donishmand shoir tevarak- atrofdagi oddiy narsa-hodisalarda ham qat-qat ma’no mavjudligi, har bir tirik jon ming bir tashvish, g‘am, shodlik, quvonch girdobida yashashini ko‘rsatadi. Shoirning ―O‘zbekiston, ―Bahor, ―Yurtim shamoli singari hajman katta she’rlarida ham, jajji to‘rtliklarida ham teran mazmun balqib turadi. Har gal o‘qilganida ulardan yangi ma’nolar anglashiladi. O‘tayotgan yillar, shiddat bilan esadigan vaqt shamoli, ijtimoiy turmush to‘fonlari, mafkura, siyosat o‘zgarishi shoir she’rlari mazmunini yo‘qqa chiqarolmaydi. Aksincha har bir avlod shoir she’rlaridan o‘zini qiynagan savollarga javob olib, ruhi taskin topadi. Chunki shoir o‘zining g‘ayritabiiy sezgisi bilan barcha davr odamlarining holati, kayfiyatini, ularning qalbini nima bezovta qilayotgani, tashvishlantirayotganini donishmandlarga xos ziyraklik bilan his etadi. Asrlarning tarixi, hozirgi kun hodisalari donishmand shoirning sezgir qalbidan sizib o‘tib, uning she’rlariga ma’no-mazmun bergani yaqqol seziladi. Shoir o‘z she’rlarida inson qalbi sirlar xazinasi ekani, u tushunib, anglab bo‘lmas jumboqligini ta’kidlab, So‘zning bag‘ridagi yashirin ma’no quvvati, uning ta’sir qudrati donishmand shoirlarning she’rida yuzaga chiqishini isbotlaydi. Bunday she’rlarda esa barcha zamon kishilarining ham dunyoviy, ham ruhoniy olami ochiladi. Shu bois Shayx Nizomiy Ganjaviy: ―Ahli qalam cheksa-da so‘z ranjini, // So‘zda ochur ikki dunyo ganjini deydi (Shayx Nizomiy Ganjaviy. Maxzan ul asror: Doston. – Toshkent: ―Kamalak nashriyoti, 2016. – 216 b. – 67-bet). Abdulla Oripov she’rlarida so‘zlar turli lug‘atlardagi izohi, sharhi ko‘proq va kengroq ma’no anglatadi. So‘zning kundalik turmushda qo‘llanganidan ko‘ra chuqur ma’no anglatib, hikmat darajasiga ko‘tarilishi esa ―nukta deyiladi. Zo‘ravonlar, shuhratparastlar, izzatalab kimsalar do‘qlab, dag‘dag‘a qilib, so‘zini o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Chunki ularning xulqi, tabiatiga telbalarga xos qahr-g‘azab, shafqatsizlik, shoshma-shosharlik, takabburlik, kuchini ko‘z-ko‘z qilishga moyillik ustunlik qiladi. Donishmandlar esa hamma bilishi zarur haqiqatni vazminlik, bosiqlik bilan ohista, mayin, muloyim tarzda uqtiradi. Abdulla Oripovning she’rlarida mayin, muloyim kinoyali ohang ustuvor bo‘lib turadi. Bu shoirning hikmatga yo‘g‘rilgan she’rlarini o‘qigan, tinglagan har bir kishi badiiy so‘z insonning ruhi uchun zarur ozuqa ekanini, albatta, sezadi hamda shoirning qalbi eng kuchli ohanrabo ekani, tabiatdagi va jamiyatdagi har bir o‘zgarish unga urilib, aks sado berishi, hech bir narsa shoirning o‘tkir nigohidan chetda qolmasligi va u eng oddiy, arzimas narsa-hodisalarga qarab ham yangi fikr ayta olishiga, chinakam shoir donishmand bo‘lishiga, eng ta’sirchan so‘zlarni tanlab, fikrini tushunarli tarzda ifodalash iste’dod belgisi ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi. Abdulla Oripov she’rlari mavzularining rang-barangligi bilan ham e’tiborni tortadi va ular iste’dodli insonlar avvalo shoirlar tabiat va jamiyat hodisalari, olis o‘tmish va bugungi kun voqealariga hech qachon befarq qaramasligiga yorqin dalil bo‘la oladi. Shoir she’rlarida mavzularning xilma-xilligi adabiyot, jumladan, she’riyat uchun hayotning hamma hodisasi, odamlarning fe’l-atvori, xulqi, o‘zgaruvchanlikka moyil tabiati va ularning o‘zaro munosabati manba, material, ob’ekt bo‘la olishini bildiradi. ―Qishloq oqshomlari (2009) she’ridagi: ―Terak uchlarida oftobning yuqi, // So‘nggi cho‘g‘larini tashlar o‘choqqa. // Qaydandir keladi kafgir taq-tuqi, // Urilar piyozdog‘ hidi dimoqqa (Oripov A. Quyosh bekati: She’rlar, maqolalar, suhbatlar, tarjimalar. – Toshkent: ―Sharq, 2010. – 384 b. – 152-bet) kabi satrlar esa shoirning so‘zlari ta’sirchan o‘xshatish, bir-biridan chiroyli sifatlash, diqqatni jalb etadigan mubolag‘alarga asoslanishini isbotlaydi. Abdulla Oripovning she’rlari o‘zbek tili boy til ekani, u hayotning hamma hodisalarini, insonning turfa xil kechinma, hissiyotlarini ta’sirchan tarzda ifodalash imkoniga ega ekanini namoyon etadi. Ayni chog‘da ular so‘z san’ati, xususan, she’riyat o‘ziga xos ritmik nutq sifatida bag‘rida turfa xil musiqa ohanglari jamlanganini, asl she’r qalb hodisasi ekanini, u shoir qalbida jo‘sh urgan, ehtirosli tuyg‘u, kechinmalardan tug‘ilishini, unda barchaga tanish hissiyot, o‘y-fikrlar ta’sirchan tarzda aks etishini esga soladi. Shoirning she’rlari so‘zlar qatida xilma-xil ma’no mujassamligi, o‘z o‘rnida qo‘llanganida ularning ma’no jilolari ochilib, ta’sir quvvati ortishi, har bir so‘z har xil holatni ifodalashga moslangani to‘g‘risida tasavvur uyg‘otadi. Abdulla Oripovning she’rlari boshqa shoirlarning she’rlaridan nafaqat ma’nodorligi, balki she’riy nutqning mukammal ko‘rinishi ekanligi, so‘zlarining musiqiyligi, qofiyalarining jarangdorligi jihatidan ham ustun turadi. Har bir qalamkash donishmand shoirning bu boradagi yuksak mahoratiga hamisha havas bilan qaraydi. Abdulla Oripovning qofiya qo‘llashdagi san’atkorligi barcha shoirlar uchun ibrat namunasi bo‘la oladi. Uning kichkina to‘rtliklari, boshqa shoirlar ijodidan qilgan tarjimalari ham she’rning butun badiiy go‘zalligi, jarangdorligi qofiya ta’sirida yuzaga kelishiga yorqin isbot bo‘la oladi. Ko‘pgina shoirlarning she’rlari qofiyalarining zaifligi, majruhligi bois oddiy gaplarning shunchaki tizmasiday juda jo‘n bir narsa bo‘lib tuyuladi. Abdulla Oripovning she’rlari esa ulardan farqli holda, pishiq-puxta, ta’sirchan va jarangdor, to‘q, to‘liq qofiyalarga asoslanadi. Bu xil qofiyalar she’rning mazmunini bo‘rttirib, ularning ta’sirchanligini oshiradi. She’rda qofiyaga alohida ehtibor qaratish bu shoir ijodiga xos muhim xususiyatlardan biri ekani aniq bilinib turadi. Shoir kishiga xush yoqadigan, mag‘zi to‘q qofiyalarga asoslangan she’rlarida e’tibor qaratilgan mavzuning yangi qirralarini ochib, ularni kutilmagan tarzda talqin qiladi. ―Mitti yulduz to‘plami muallifining har bir she’ri uch qismdan tashkil topadi. Ya’ni dastlab muayyan fikr o‘rtaga tashlanib, unga e’tibor qaratiladi. Keyingi satrlarda shu fikr turli qiyoslashlar asosida kengaytirib, rivojlantirib boriladi va uning asosida kutilmagan xulosa chiqariladi. Bunga ―Baho she’ri aniq misol bo‘la oladi: ―Odamzod qavmiga tashlasang nazar, // G‘oyatda o‘xshashdir ularning turqi. // Ammo siyratiga razm solsang gar, // Tamom boshqa erur atvori, xulqi. // Biri oqil bo‘lsa, o‘zgasi nodon, // Biri mahmadana, biri ginachi. // Birovi bosiqdir misoli karvon, // Birovi betayin, go‘yo ninachi. // Odam suvratiga ishonmang aslo, // Uchragan har kimsa bo‘lolmas hamdam. // Ajib ulfat erur tund kishi goho, // Balki qiziqchining ichi to‘la g‘am. // Yashaymiz, kimnidir nazarga ilmay, // O‘tib boraverar quvonchlar, g‘amlar. // Hayot shu, ko‘pincha, aslini bilmay, // Bir-birin baholab yurar odamlar (O‘sha manba. 183-bet). Shoirning aksariyat she’rlarida zorlanish, nolish ohangi ustunlik qiladi. Ammo bu tushkunlik, umidsizlikdan emas, hayotsevarlikdan, odamlarni yomon ko‘rganlikdan emas, balki shoirning ayrim kimsalar hasadgo‘yligi, takabburligi, nosamimiyligi, fe’l-atvori, xulqidagi yana boshqa illatlardan to‘yganligi, azoblanganidan kelib chiqqani bilinib turadi. Shoirning ―Bahoga o‘xshagan she’rlari diqqatni inson jumbog‘iga qaratishi, turmush to‘g‘risida to‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi, odamlararo munosabatlar bayram, to‘y-tantanalaridan iborat emasligini anglatishi, asl shoirlar kishilarni hayot haqiqatidan ogoh etadigan donishmand murabbiy ekanligini bildirishi bilan ahamiyat kasb etadi. Bu jihatdan Abdulla Oripov adabiyot murabbiy ekanligini, iste’dodli shoir, adiblar kishilarga hayot hodisalari mohiyatini tushuntirib beradigan donishmand sifatida yashashini ko‘rsatadigan ijodkorlar sirasiga kiradi. Chunki uning she’rlarida hayot hodisalarining teran mazmuni sodda, tushunarli so‘zlar orqali juda ta’sirchan ifodalanadi. Hech kim odamlarning xulqi, fe’l- atvori, o‘zaro munosabatlarini bu shoir singari yengil va jonli tilda ravon, silliq ifoda qilolmaydi. Uning she’rlarida teran falsafiy fikr she’riy nutq go‘zalliklari bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Shoirning she’rlarigina emas, maqola va suhbatlaridagi mulohazalari ham u zamonasining zukko, donishmand kishilaridan biri bo‘lgani va bunday odamlar ijtimoiy hayotga tanqidiy qarab, undagi hodisalarni bo‘lakcha talqin qilishini ko‘rsatadi. Abdulla Oripovning ijodiga xronologiya bo‘yicha qaralsa, uning she’rlaridagi falsafiy mazmun muttasil tarzda kengayib, chuqurlashib borgani, shuning barobarida ularda hayotdan nolish, zorlanish ohanglari kuchayganligi seziladi. Asarlarning bu kabi xususiyatlari esa muallifning dunyoqarashi, fe’l-atvoriga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Abdulla Oripovning ―Bu dunyoga kelib, hayotda ko‘p narsadan ko‘nglim qoldi. Sababi, adolat degan narsaning nisbiy ekanligini ko‘rdim. ―Charxi kajraftorning bir shevasidan dog‘man degan narsalarni ko‘rdim. Holbuki, men bugungi kundan, Mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan juda ham minnatdorman. Prezidentimiz, xalqimiz meni qadrladi, Qahramon darajasiga chiqardi. Bu – juda muhim gaplar. Lekin ma’naviy jihatdan qaraganingizda yomg‘ir atrofdan urib yotgan bo‘lsa, men zontikning tagida bo‘lsam, bu hammayoq quruq degani emas-ku? Hali ham ulug‘ ishlarimizga soya solib turadigan, o‘z xalqiga yaxshilik tilamaydigan, hamisha o‘zini o‘ylaydiganlar bor-ku!.. Birorta odamning ishi biror idorada porasiz bitmasa, atrofda oshna-og‘aynigarchilik, tanish-bilishchilik, mahalliychilik... Shundoq bo‘lgandan keyin qoningiz qaynaydimi, yo‘qmi? Qanday qilib undaylarni xalqim deb ataysiz?! Ular xalq emas, xalqning nomidan men xalqman deb yurgan kimsalardir. Xalqining kuydirgi yaralari bular. Men bularni ko‘rsam, yonib ketaman. ―Xalqim-xalqim deydi, amal kursisiga o‘tirgandan keyin o‘sha xalqni talaydi. Litsenziyali o‘g‘riga aylanadi. Xalq dalada, xalq mehnatda, lekin olomonchilik kayfiyatidagilar hanuz paykalning chetida degan so‘zlari uning she’rlaridagi iztirob, dardga to‘la ohanglarning sababi izohi bo‘lib tuyuladi (O‘sha manba. 240-bet). Aleksandr Sergeevich Pushkinning tarjimai holini bayon etib, uning fe’l- atvori, she’rlarining xususiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritgan N.Chernishevskiy esa bu ulug‘ rus shoiri dastlabki she’rlarini ingliz shoiri Bayron ijodi ta’sirida yozganini ta’kidlab: ―O‘sha vaqtlarda butun Yevropa shu Bayron asarlari bilan zavqlanib turgan edi. Pushkin o‘sha vaqtda juda yosh bo‘lganligi tufayli, u ham shu Bayron asarlariga berilib ketganligi ajablanarli emas. Kishining xarakteri asta-sekin, turmushdagi tajribalari tufayli vujudga keladi, shuning uchun ham Pushkin ―Kavkaz asiridan keyin yana bir necha yil Bayronning ta’siri ostida asar yozdi. Bayron – juda g‘amgin shoirdir. Pushkinning Bayron ta’siri ostida yozgan poemalarida ham qisman shunday g‘amginlik aks etib turadi, lekin Pushkindagi g‘amginlik ingliz shoiridagi g‘amginlikdan ancha sustroq, chunki bu g‘amginlik aslini olganda, Pushkinning tabiatiga zid bir narsa edi, Pushkin ko‘proq beg‘am, hayotni yaxshi ko‘radigan, uning lazzatlaridan zavqlanib bahra oladigan, ochiq ko‘ngil shoir edi degan (Chernishevskiy N.G. Tanlangan adabi-tanqidiy maqolalar. – Toshkent: O‘zdavnashr, 1956. – 452 b. – 65-bet). Bundan har bir ijodkorning asari uning ko‘rib-kechirganlari, o‘y- kechinmalari asosida paydo bo‘lishi, Abdulla Oripov she’rlarida ham uning ichki dunyosidagi g‘alayonlar, u hayotda kuzatgan hodisalar aks etgani ayonlashadi. She’rlarining mazmuni, ohangi, maqola va suhbatlaridagi mulohazalari el mehrini, davlat rahbarlarining hurmatini qozonib, yuksak shon-shuhratga erishganiga qaramasdan bu donishmand shoir barcha izzattalab odamlar singari e’tiboru e’tirofga beparvo bo‘lmagani, o‘zining qadrini behad baland qo‘yganidan dalolat beradi. Masalan, ―Baho she’ridan shunday mazmun anglashiladi. Uning boshqa she’rlari ham xuddi ushbu she’r singari shaklan ixcham, mazmunan nihoyatda qamrovdordir. Shoir she’rlarida u o‘zining ta’sirchan qalbidagi dard-alam, iztiroblarni, talab va istaklarini izhor qilgani yaqqol bilinadi. Ana shunday xususiyat shoir ijodining umumiy mundarijasini belgilaydi. ―Ajabo to‘rtligi bunga bir misol bo‘la oladi: ―Deysan, mayda gapga qilmagin parvo, // Ulardan balandda yurgil doimo // Baland bo‘laverib buning baridan, // Aylanib ketdi-ku boshim ajabo! (Oripov A. Quyosh bekati. – 57-bet). ―Suhbatdosh she’ri ham mazkur fikrni yanada mustahkamlaydi: ―Qaniydi uchrasa shunday bir odam: // Sen yoqa bo‘lganda u ham yeng bo‘lsa. // Yoshi, martabasi teng bo‘lmasa ham, // Albatta sen bilan ko‘ngli teng bo‘lsa. // Qaniydi uchrasa shundayin bir zot, // Gaplashsak jaydari yoronlarga xos. // Deylik: yulduzlarda bormikin hayot, // Qaysi darmondori qaysimizga mos. // Qaniydi uchrasa shunday suhbatdosh, // Bir- birin asabin arralashmasa. // Biri ko‘z bo‘lganda, biri bo‘lsa qosh, // Suhbatga g‘iybat hech aralashmasa (O‘sha manba. 99-bet). Shug‘ullanadigan ishini me’yoriga yetkazib ado etish har bir kishiga cheksiz zavq bag‘ishlaydi. Abdulla Oripov esa she’rni qoyilmaqom qilib yozadi. Bunday shoirlar adabiyot maydonida juda kam uchraydi. Ularning she’rlari shakl va mazmun jihatidan g‘oyat pishiq-puxtaligi bois hech kim ulardan kamchilik, nuqson topolmaydi. Abdulla Oripovning she’rlaridan kamchilik, nuqson, kemtiklik qidirgan kishi o‘zini behuda qiynab, azobda qoladi. Aksariyat qalamkashlarning ayrim asarlari anchayin durust bo‘ladi va bu ularning ijodidagi muvaffaqiyat sanaladi. Abdulla Oripovning she’rlari esa nafaqat uning, balki butun adabiyotning muvaffaqiyati bo‘lib yarqirab turadi. ―Mitti yulduz to‘plami muallifining ―Ona sayyora, ―Yuzma-yuz, ―Munojotni tanglab..., ―Yillar armoni, ―Yurtim shamoli, ―Bahor, ―Sarob (―O‘ylarim) singari she’rlarini boshqa shoirlarning she’rlari bian yonma-yon qo‘yib o‘qigan kishi, albatta, shunday xulosa chiqaradi. Ajablanarlisi shundaki, ―Mitti yulduz to‘plami muallifining she’rlaridagi qaysidir so‘zlar, iboralar kishiga juda yoqib qoladi, ayniqsa, yakunlovchi so‘nggi satr kutilmagan xulosa sifatida odamni hayratga soladi. Bu shoirning she’rlaridagi xulosa o‘zga qalamkashlarnikidan farqli holda, xuddi dabdurustdan sodir bo‘lgan portlash kabi diqqatni birdan jalb qiladi. Chunki bu so‘nggi satrda she’rning barcha misralaridagi mulohazalar ajoyib tarzda mujassamlashadi. Shu bois unda bo‘lakcha bir tarovat ko‘rinadi. Bu satr mung, iztirobga to‘la bo‘lsa-da, u negadir kishiga xush yoqadi, odam o‘zini allaqanday yangilikni topganday his qiladi. O‘shanda beixtiyor ko‘ngildan o‘tgan kunlar, oylar, yillardan nima qoldi, degan savol kechadi, yodda qolgan kunlar juda ham kam ekanligi, umrning ko‘p qismi loqaydlik domida ma’nisiz tushdek o‘tgani kishiga alam qiladi. Chunki shoirning ―Sinov kabi she’rlarida ko‘pchilikning ko‘ngil kechinmalari: ―Ipak qurtining ham bor axir joni, // Lekin qurbon bo‘lib ketgay u g‘arib. // Xazon sipohiga bo‘lolmay mone’, // Qancha bahorlarim o‘tdi sarg‘arib. // Vafolar qilsam ham dildan, yurakdan, // Jafo bo‘lib qaytdi afsuski ular. // O‘q yegan turnadek osmon-falakdan // Yerga qulab tushdi ne-ne tuyg‘ular. // Ezgulik kimningdir mulki emasdir, // Quyosh ham barchaga barobar biroq. // Meni yolg‘izlatdi negadir takdir, // Menga sinovlarin yubordi ko‘proq. // Bir zamon dunyoni sevardim to‘lib, // Hatto yaprog‘iga egar edim bosh. // Endi hammasidan pushaymon bo‘lib, // O‘tgan sevgim uchun to‘kaman ko‘zyosh (O‘sha manba. 126-bet) tarzida ta’sirchan ifodalanadi. Shoirning she’rlaridagi ko‘ngilga yoqqan bu kabi fikrlar xuddi hikmat kabi kishini o‘yga toldirib, mahzun qilib qo‘yadi. Masalan, o‘quvchi ―Sinovdagi ―Qancha bahorlarim o‘tdi sarg‘arib, ―Vafolar qilsam ham dildan, yurakdan, // Jafo bo‘lib qaytdi afsuski ular, ―Meni yolg‘izlatdi negadir taqdir, // Menga sinovlarin yubordi ko‘proq satrlaridan shoirning hayotsevarligini, u ham xuddi Aleksandr Pushkin kabi ―hayotning lazzatilaridan zavqlanib, bahra olishga intilganini, lekin uning bu tiyiqsiz istagi to‘la qanoatlanmaganini anglab yetadi. Abdulla Oripovning ijodiy merosi, she’rlari mavzusining rang- barangligi bilan hamda she’r, shoir to‘g‘risida talay she’rlar mavjudligi bilan ham diqqatni jalb etadi. Aytish mumkinki, she’r, shoir mavzusi o‘zbek adabiyotida hech bir ijodkor Abdulla Oripovchalik ko‘p murojaat qilmagan. Uning bu xususda yozganlari she’r yozish uning uchun xuddi nafas olishday tabiiy ehtiyojga aylangani, u she’r yozmagan paytlarida holavatini yo‘qotib qo‘ygan, esiga tushgan voqealarni, eshitgan, ko‘rgan, kuzatgan hodisalarini qalamga olganida esa dili yayrab, hovuridan tushgani, bu donishmand shoir hayotning har qanday manzarasini, kishilarning istalgan holati, gap-so‘zini ta’sirchan she’rga aylantira oladigan favqulodda iste’dod sohibi bo‘lganini bildiradi. Shoir she’rlarining benihoya ravonligi, ularda keng qamrovli, teran mazmunli fikrlar juda silliq ifodalangani, mulohazalar bir-biri bilan mantiqan bog‘lanib, yaxlit zanjir hosil qilgani kishini hayratga soladi. U aksariyat qalamkashlardan farqli o‘laroq, she’rga jon kirgizadigan, fikrga ta’sirchan tus beradigan so‘z va iboralarni topa biladi. Bu shoirning so‘zlarga oro berishi kishini zavqlantiradi. Abdulla Oripovning she’rlari qarshisida boshqa shoirlarning tili kambag‘alligi, fikri sayoz, jo‘n ekani aniq bilinib qoladi. Shoirning she’rlaridagi ―Vafolar qilsam ham dildan, yurakdan // Jafo bo‘lib qaytdi afsuski ular, ―Meni yolg‘izlatdi negadir taqdir, // Menga sinovlarin yubordi ko‘proq tarzidagi zorlanishlar izzattalab kishilarga xos xususiyat ekani, bu donishmand shoir esa o‘z qadr-qimmatini behad baland tutgani, hayotida uchragan hamma narsa uning sezgir, nozik tabiatiga qattiq ta’sir qilgani har bir she’rida aniq seziladi. Kishilar esa she’rlari hikmatga yo‘g‘rilgan Abdulla Oripovdek donishmand shoirning shaxsiga hamisha katta qiziqish bilan qaraydi. Uning fe’l-atvori qanaqa bo‘lganini bilgisi keladi. Chunki shoirning inson tabiati jumboqlari, ijtimoiy hayot murakkabliklari haqidagi mulohazalari kishilarga maroq bag‘ishlaydi, o‘ylantiradi. Bu shoirning she’rlari odamlarni hech qachon befarq qoldirmaydi. Shoir she’rlarining bunchalik salmoq kasb etishi u so‘zning ilohiyligini, uning sehri, jozibasini chuqur his qilganini, hayoti, butun borlig‘ini she’riyatga bag‘ishlaganini bildiradi. ―Abdulla Oripov – she’riyat kuychisi deyish mubolag‘a hisoblanmaydi. Negaki uning shoir, she’r, she’riyat to‘g‘risidagi she’rlari ham boshqa mavzudagi she’rlari singari teran fikrga, bir-biri bilan tutashib ketgan tiniq tashbehlarga asoslanadi. ―Onajonim she’riyat yoki ―hazil deya izohlangan ―Shoirning yaratilishini she’riyatni chuqur his qilgan, she’rsiz hayotini tasavvur qilolmaydigan ijodkorgina yoza oladi. Abdulla Oripov ayni mavzudagi she’rlarida she’riyat uchun jo‘shib yonishini juda ta’sirchan izhor qilgan. Bu she’rlarda shoir bilan she’r orasida odamlarning aqli yetmaydigan, mantiqiy mushohada yuritish orqali tushuntirib bo‘lmaydigan bog‘liqlik borligiga ishora etilgan. Abdulla Oripov boshqa mavzudagi she’rlarida ham boshqalar ko‘tarilolmaydigan yuksak xayolot egasi bo‘lib ko‘rinadi, she’riyat bilan ilohiy bog‘liqlik uning xayollariga hurlik, fikrlariga donishmandona teranlik bag‘ishlagani har bir she’rida seziladi. Uning falsafiy mazmunga yo‘g‘rilgan she’rlari kishilarni fikrlashga, mushohada yuritishga tomon yetaklaydi. Bu esa ularni haqiqatni anglashga, yashashdan maqsad nimaligini bilib olishga muyassar qiladi. Shoirning haqiqat izlab zorlanishlari, turmushda chuqur ildiz otgan illatlardan kuyunishlari, bir zum bo‘lsa-da, she’rxonning qalbiga ko‘chadi. Chunki u: ―Birlashsa yovuzlik, turfa illatlar, // Qochsa bir-biridan ellar, millatlar. // Qovushmasa insof, ezgulik, sabot, // Men buning sababin bilmasman, hayhot! // Tafakkur basharga garchi yalovdir, // Nechuk odam qavmi odamga yovdir. // Javob berar bunga na yer, na osmon, // Na Budda, na Zardo‘sht, na Injil, Qur’on deydi. Shoir ijodining asosini tashkil etadigan bu kabi she’rlardan Abdulla Oripov donishmand, faylasuf shoir ekani oydinlashadi. Uning ―Onajonim she’riyat, ―Shoirning yaratilishi kabi she’rlarida uning bu dunyoga kelib, shoir bo‘lib, el e’tiborini qozonganidan, odamlar qalbidan joy olgan she’rlar bitganidan iftixor tuyg‘usi seziladi. Shoir boshqa mavzudagi she’rlarida ham Xudo har bir kishiga umr, rizq-nasiba bilan birga, nimagadir qobiliyat, uquv ato etgani va uni zoe etib uvol qilmaslikdek muqaddas burchni ham barchaning zimmasiga yuklab qo‘yganini ta’kidlaydi. Abdulla Oripovning she’rlari boshqa shoirlarnikidan teran falsafiy fikrga ega ekani bilan farq qiladi hamda o‘zining shu jihati bilan ulardan ustun turadi. ―Mitti yulduz to‘plami muallifi fikrlari ezgulik va yovuzlik, mehr va qahr, quvonch va qayg‘u, havas va hasad kabi bir- biriga zid narsa-hodisalarni chog‘ishtirish, ular o‘rtasidagi aloqadorlikni ko‘rsatishga asoslanadi. Ushbu o‘ziga xos estetik shakl uning she’rlari ta’sirchanligini oshirish barobarida, ulardagi falsafiy fikrni bo‘rttirib ko‘rsatadi. Shoirning she’rga ko‘chgan sub’ektiv kechinmalarida ko‘pchilikning xayolidan o‘tgan o‘y-fikrlar o‘z aksini topadi. Abdulla Oripovning ko‘pgina she’rlari, to‘rtliklari falsafiy mazmundorligi jihatidan ulug‘ mutafakkir Umar Xayyom (1048–1122)ning ruboiylariga o‘xshab ketadi. Sharq mutafakkiri Umar Xayyom hayot haqida o‘zi anglagan haqiqatlarni: ―Meni ayladilar dunyoda mavjud, // Hayotda topganim hayrat, taraddud. // Bu yo‘lni o‘tdim-u, tushunolmadim, // Kelmagu ketmakdin ne erur maqsud? (Umar Xayyom. Ruboiylar. – Toshkent: O‘z KP MK nashriyoti, 1981. – 152 b. – 97-bet) degan bo‘lsa, Abdulla Oripov bu xususda ―Tug‘ilsang baxt bilan kamol o‘shadir, // Tark etsang olamni zavol o‘shadir. // Oxir chog‘ tuproqning ustiga kelib, // Kimdir yod aylasa, iqbol o‘shadir deydi. ―Mitti yulduz to‘plami muallifining ushbu to‘rtligi Sharq mutafakkirining hayrat va ajablanishdan iborat savoliga eng munosib javob bo‘lib yangraydi. Umar Xayyom, Mirzo Bedil singari Sharq donishmandlari she’rlaridagi hayotdan zorlanish ularning umidsizlikka tushgani yoki turmushda ko‘p azob-uqubat tortganidan emas, balki faylasuf shoirlarning hayot yanada go‘zal, odamlar bundan-da ma’naviy barkamol bo‘lishini istashidan kelib chiqqan. Abdulla Oripovning ham ta’sirchan qalbi odamlararo muomala-munosabatlardagi hasadgo‘ylik, baxillik, nosamimiylik, subutsizlik, firibgarlik, qalloblik, aldamchilik kabi illatlardan ko‘p aziyat chekkan. U turmushda keng ildiz otgan bu kabi g‘ayriinsoniy xatti-harakatlardan qiynalib, ko‘p azob tortganini: ―Tingla, bu abadiy sado bo‘ladi, // Gadoning dushmani gado bo‘ladi. // Ikkovi bir- birin yegunicha to // O‘rtada bu dunyo ado bo‘ladi deb ifodalagan. Donishmand shoir ushbu to‘rtligida qadim zamonlardan qolgan ―Gadoning dushmani gado bo‘ladi degan maqolni badiiy shaklga solib, uning mazmuni va ta’sirchanligini kuchaytirgan. Ushbu to‘rtlikda ilgari surilgan fikr ayni haqiqat ekanini arablar, yaponlar, inglizlar va nemislar ham birday e’tirof qiladi. Chunki shoir gadoning dushmani gado ekanini shunchaki bayon etmasdan bu haqiqatni ixcham, muxtasar tahlil qilib, teran xulosa chiqargan. To‘rtlikda, umuman, shoirning barcha she’rlarida xulosa juda ta’sirchan ifoda qilinadi. Bu esa Abdulla Oripov she’rlari mazmunan teran, poetik mukammal ekanini bildiradi. Shoir e’tibor qaratilgan hodisani boshqa qalamkashlarga qaraganda puxta badiiy tahlil qiladi. Uning she’r va dostonlari o‘zbek adabiyoti hayot hodisalarini tahlil etishda dadil odimlaganiga yorqin misol bo‘la oladi. Asarlaridagi teran falsafiy xulosalar chuqur umumlashmaga asoslangani ham Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatini yangi bosqichga ko‘targanini bildiradi. Hayot hodisalarini badiiy tadqiq etish, ularga har tomonlama yondashib, kutilmagan teran umumlashma falsafiy xulosa taqdim etish donishmand shoir she’riyatining asosiy xususiyati bo‘lib ko‘rinadi. Shoir she’rlarida hasrat, zorlanish hissining bo‘rtib turishi esa u hayot hodisalariga yuksak ideallardan turib qarashi, mavjud ijtimoiy turmushdan qoniqmasligi, ba’zi odamlarni inson deb atamoq qiyinligi, ayrim kishilarning xulqi, tabiatida xudbinlik, manfaatparastlik hukmronligini ko‘rib bilib turganidan kelib chiqadi. Abdulla Oripov she’rlarida odam va olam to‘g‘risidagi o‘ylarini bayon qilar ekan, she’r so‘ngida e’tibor qaratilgan hodisaga munosabatini kuchli ehtiros bilan ifoda etadi. Bu jihatdan u barcha qalamkashlarga ibrat bo‘la oladi, hamma shoirlardan oldinda yuradi. Juda ko‘p kishilar o‘z tabiatiga ko‘ra hamma vaqt boshqalarga nafi tegadigan ezgu ishlar qilishga intiladi. Barcha zamonda jamiyatning har bir tabaqasida bunday kishilar ko‘p bo‘ladi. Hayot esa o‘zgalarga yaxshilik qilishga, mehr ulashishga harakat qiladigan kishilar borligi tufayli o‘sib o‘zgarib, go‘zallashadi. Abdulla Oripovning she’rlarida hayotda hukm suradigan ana shu abadiy jarayon va inson tabiatan ezgulikka intiladigan mavjudot qilib yaratilgani diqqat markaziga qo‘yiladi. Masalan, shoirning ―Talpinish she’rida bu xususda: ―Bulutlar talpinar tog‘larga, // Qushlar ham chamanzor bog‘larga. // Jilg‘alar daryoga talpinar, // Quyunlar sahroga talpinar. // Mehrga talpinsa gar inson – // Savob shu, tavob shu, shu iymon deyiladi (O‘sha manba. 45-bet). Chunki kimningdir mehriga talpingan, kimnidir sog‘ingan kishining qalbida ezgu istaklar jo‘sh uradi, u boshqalarga aziyat yetkazishdan, ataylab birovga yomonlik qilishdan istihola qiladi, kimgadir nafi tekkanida, kimningdir mushkulini oson etganida esa sevinadi. Shoir ushbu she’rida tabiatida mehr ko‘rsatish, mehr qo‘msash hissi mavjud inson imonli kishidir. Kimning xatti-harakatlari mehrga asoslangan ekan, u savobga erishadi, bunday kishilarning kimgadir muruvvat qilishi, kimningdir mehriga talpinishi xuddi toat-ibodat singari ezgu amal sanaladi. Chunki toat-ibodatdan maqsad qalbdagi eng yaxshi hissiyot, intilishlarni kuchaytirishdir, deydi. Abdulla Oripovning bu kabi she’rlari mazmunini har kim o‘zicha taqin qilib, ulardan o‘zicha ma’no anglaydi. Lekin hayotdan nolish, odamlarning e’tiborsizligidan zorlanish shoir ijodida bo‘rtib turishini har bir kishi darhol payqaydi. Negaki ―Ojiz banda she’rida bunday deydi: ―Menga ravo ko‘rmang ulug‘lik otin, // Men na donishmandman va na botirman. // Yorug‘ bu olamning sir-sinoatin, // Hanuz bilolmasdan ketayotirman. // Falakda shubhasiz dunyolar bisyor, // Balki bizdan yetuk, bizlardan yoniq. // Lekin u yoqda ham men kabi nochor // Ojiz bandalarning borligi aniq (O‘sha manba. 45-bet). Bunday ohangdagi she’rlar esa shoirning to‘plamlarida talaygina. O‘z manfaati uchun har qanday qalloblikni qilishga tayyor kimsalarning ko‘pligi, poraxo‘rlik, ta’magirlikdan uyalmaydiganlarning urchib ketgani, amaldorlarning davlat mablag‘ini talon-taroj etib o‘zlashtirayotgani esa har bir vijdonli kishining qonini qaynatib g‘azablantiradi. Shoirning zorlanishi uning ijtimoiy turmushda ildiz otgan bu kabi illatlarni ko‘rib kuyinishi, azoblanishidan kelib chiqadi. Abdulla Qodiriy ham turmushdagi tubanliklardan kuyinib ketganidan ―O‘tkan kunlar romanida ―inson degan nomga nomunosib mal’unlar o‘zlarining qotilliklari, yovuzliklari haqida maqtanib gapirishni yaxshi ko‘rishi iztirob va achinish bilan qalamga oladi. Homid Sodiqqa Otabekni o‘ldirishi kerakligini aytganida, ―yigirma ikki yoshlar chamasida bo‘lgan, sariq tanli, ukkining ko‘zidek chaqchayib o‘ynab va yonib turgan qizil ko‘zli, yuziga parchinlangandek yuza (puchuq) burunli, manglayi qancha tashqari o‘sib chiqqan bo‘lsa, yuzi shuncha ichkariga kirib ketgan, qisqasi, vaqtsizroq yaratilib qolgan bir maxluqqa o‘xshash bu yigit hech o‘ylab o‘tirmasdan: ―Bu kungacha ikkitasini joylashtirdim, uchinchisiga o‘tsa nima qiladi? deb maqtanadi (Qodiriy A. O‘tkan kunlar: Tarixiy roman. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974.– 400 b. – 184-bet). Sodiqning hamtovog‘i Mual esa sening bu ishlaring mening ishlarim oldida hech narsaga arzimaydi, deganday: ―Ey-y, Sodiqcha, sen hali nimani ko‘rding- ku, nimangga ishonding, buzoq bo‘g‘izlagandek qilib bir-ikkitani so‘ygan bilan odam bo‘lding-qo‘ydingmi? deb uni kamsitadi (O‘sha manba. 246-bet). Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov turmushdagi illatlarni kimnidir yomon ko‘rgani, kimdandir nafratlanganidan emas, balki ulardan qutulishni maqsad qilganidan ochib tashlagan. Ular odamlarning xulqi, fe’l-atvori, o‘zaro munosabatlarida hukm surayotgan salbiy holatlarni tasvirlashda vatanparvar, insonparvar ijodkor sifatida to‘g‘ri yo‘l tutgan. Bu ulug‘ ijodkorlarning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar ilg‘or fikrli, vijdonli kishilar hamisha hayot bunda-da yaxshi bo‘lishi, odamlar bir-biriga mehribon, bir-biriga hamkor, hamnafas bo‘lib yashashini istashidan darak beradi. Shoirlar, adiblar, faylasuflarning kishilarni yo‘ldan ozdiruvchi holatlarni bartaraf qilishga chaqirishi odamlarning dunyoqarashi, fe’l- atvoriga ta’sir o‘tkazib, ularni ezgu amallarga undaydi. Ularning adolat, haqiqat uchun kurash to‘g‘risida ilgari surgan g‘oyalari jamiyatdagi mavjud holatni birdaniga o‘zgartirmasa-da, ko‘plab kishilarni o‘ziga rom etadi. El e’tiboridagi kishilar, xususan, shoirlar, adiblarning haqiqat, adolat, halollik to‘g‘risida o‘zlari aytgan gaplarga amal qilishi boshqa odamlarning qonunlarni hurmat qilishi, inson qadr-qimmatini his etishi, haqiqatga ishonishi, har bir ishga adolat bilan yondashishi singari ezgu fazilatlari kamol topishiga zamin yaratadi. Agar ular qonunlarga xilof ish tutsa, odamlarning haqiqat, adolatga ishonchi, mehnatsevarlik hissi o‘z-o‘zidan so‘nadi, jamiyatga insonparvarlik g‘oyalarini tatbiq etib bo‘lmay qoladi. Bunday joyda ko‘pchilik naf ko‘radigan biror bir ishni muddaodagidek eplab bajaradigan odamlar anqoning urug‘iga aylanadi. Halollik, haqiqat, diyonat, vijdon to‘g‘risida gapiradigan shoir, adiblar xushomadgo‘ylik, izzattalablik, shuhratparastlik qilsa, odamlar hech tap tortmasdan ―Ular gapi boshqa-yu, ishi boshqa munofiq deb ochiq aytadi va hurmat qilmay qo‘yadi. Bu – juda tabiiy. Abdulla Oripov she’rlarida ijtimoiy hayotning bu kabi jumboqlariga jiddiy e’tibor qaratib, umumning baxt-saodatini orzu qiladigan, turmushda ildiz otgan turli illatlardan ko‘p aziyat chekkan inson sifatida ko‘rinadi. Shu bois she’rxon qanday kayfiyatda, qanday ahvolda bo‘lmasin, bu shoirning she’rlarida o‘zining hayotdagi norasoliklaridan azoblangan chog‘dagi tuyg‘u-kechinmalarini ko‘rganini his qiladi. Chunki shoir milliy turmushimiz manzaralarini haqqoniy gavdalantirib, kishilarimizning halollik, adolat to‘g‘risidagi tushuncha, qarashlarini: ―Sovchi der: – Otaxon, beringiz duo, // Juda to‘g‘ri yigit bo‘lg‘usi kuyov. // Ota der: – To‘g‘rilik yaxshi-yu, ammo // Bundaylar ro‘zg‘orin boqolmaydi-yov deya o‘tkir kinoya bilan chizib beradi. (Oripov A. Quyosh bekati: She’rlar, maqolalar, suhbatlar, tarjimalar. – Toshkent: ―Sharq, 2010. – 384 b. – 96-bet). Abdulla Oripov ushbu ―To‘g‘rilik she’rida masalaga har bir kishi o‘zining dunyoqarashi, nuqtai nazaridan yondashishiga diqqatni jalb qiladi: sovchi qizning otasiga ―bo‘lg‘usi kuyov – juda to‘g‘ri yigit deyapti. U yigitning bu fazilati qizning otasini, albatta, quvontiradi, deb turibdi. Qizning otasi esa xursand bo‘lish o‘rniga: ―Bundaylar ro‘zg‘orin boqolmaydi-yov deb tashvishlanyapti. Chunki ota hayotda ko‘pchilik qonunlarga amal qilmasligi, yolg‘on qasam ichish, yolg‘on guvohlik berishdan toymaydigan, pul uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydigan qallob, firibgarlar halol kishilarning to‘g‘ri ishlashiga yo‘l bermasligi, ularga ko‘p aziyat yetkazishini yaxshi biladi. Sovchining niyati – to‘g‘ri. Ammo ota masalaga turmush voqeligidan kelib chiqib yondashadi. Shu bois uni ayblab bo‘lmaydi. Donishmand shoirning bu kabi tag ma’noli she’rlari kishini mana shunday mushkul vaziyatga solib, o‘ylantirib qo‘yadi. Chunki u turmush hodisalarini kutilmagan tomondan turib tahlil qiladi. Shoir ―To‘g‘rilik she’rida sovchi yoki otani qoralab oqlamaydi. U turmush tarzimizdagi mavjud holat xususida qanday xulosa chiqarishni har bir kishining o‘ziga havola qiladi. Chunki yurist har qancha poraxo‘r, ta’magir, yulg‘ich bo‘lsa ham hech vaqt poraxo‘rlik, ta’magirlik, bosqinchilik, o‘g‘rilikni himoya qiladigan qonunlarni yozmaydi. Shoir, adiblar ham har qancha piyonista, subutsiz, qasamxo‘r, takabbur, izzattalab bo‘lmasin, inson qadrini kerga uradigan bu kabi illatlarni oqlab yoqlamaydi. ―To‘g‘rilik va shoirning boshqa she’rlari o‘zga qalamkashlarning she’rlari bilan qiyoslansa, o‘zga ijodkorlar turmush voqeligiga ancha yuzaki qarashi, ―Mitti yulduz to‘plami muallifi esa unga chuqur kirib borishi oydinlashadi. Hayot hodisalarining zimdan sezilmaydigan murakkabliklari, jumboqlarini esa hamma emas, donishmandlar ko‘ra oladi. ―Bahor, ―O‘ylarim yoki O‘zbekiston madhiyasidagi obrazli ifodalar faqat Abdulla Oripov bisotida bo‘lishi mumkin. Shoirning she’r, dostonlari chuqur mazmunli, yorqin obrazli ekani har gal o‘qilganda yanada yaqqol bilinadi. Ular toza, jonli tilda bitilganini esa barcha birday tan oladi. Bu she’rlarda shoirning turmushdagi illatlardan, odamlarning xulqi, tabiatiga o‘rnashgan xudbinlik, manfaatparastlik, izzattalablik, shuhratparastlik, o‘zaro munosabatdagi nosamimiylikdan kuyinishi, iztirobga tushishi aniq seziladi. Shoir o‘zining his-tuyg‘ulari, kechinmalarini san’atkorona mahorat bilan ifodalagani yillar o‘tgan sari yanada oydinlashib boraveradi. Chunki uning she’rlarida yuksak ideallardan kelib chiqib, insonning ibratga loyiq pokiza fazilatlari diqqat markaziga qo‘yiladi. Mavjud turmush voqeligi va lirik qahramonning ichki iztiroblari shoir she’r, dostonlarining ikki qanoti ekani ko‘rinadi. Shu bois o‘quvchi, tinglovchi shoir she’rlaridagi lirik qahramonning butun ruhiy holatini xayolan tasavvur qiladi. Chunki shoir katta hayotni ko‘rib- kechirgan, undagi hodisalarni tahlil qilgan odam sifatida she’rlariga davrning aniq belgilarini singdirib yuboradi. Aytish mumkinki, Abdulla Oripov she’r va dostonlari XX asr so‘nggi choragi – XXI asr birinchi choragi o‘zbek she’riyati cho‘qqisi sanaladi. Shuning uchun ―Mitti yulduz to‘plami muallifi o‘zbek she’riyatini yangi yuksaklikka ko‘targan shoir ekanligi ko‘p e’tirof etiladi. Shunday ekan, ―Najot qal’asi yoki Navro‘zga bag‘ishlangan she’rlarini dastak qilib, shoirni zamonasozlikda ayblash, unga til tekkizish gunoh bo‘ladi. Chunki hamma ham muayyan davrda yashaydi, undagi ijtimoiy sharoitga bo‘ysunadi, hukmron siyosat bilan hisoblashadi. Har kimga o‘zi yashagan zamon va makonning nuqsi urmasdan qolmaydi. Abdulla Oripovning she’r, dostonlari odam olami jumboqlari, ijtimoiy turmush qarama-qarshiliklari ro‘y-rost ko‘rsatilgan durdona asarlardir. She’r, dostonlari, maqola va suhbatlaridan Abdulla Oripov donishmandona fikr yuritib, she’r bitish uchun yaratilganga o‘xshaydi. She’rlari u hayotni shu maqsadda kuzatishi, ko‘rib-kechirganlari, guvohi bo‘lib, eshitganlarini shu niyatda qalamga olishi, bir-biriga zid narsa-hodisalarni taqqoslab tahlil qilish va shu asosda xulosa chiqarish uning xobbisi – eng sevimli mashg‘uloti ekanini ayon etadi. Har bir kishining esa eng yaxshi ko‘radigan narsalari, o‘zi xush ko‘radigan ishlash uslubi bo‘ladi va u o‘rni bo‘lsa- bo‘lmasa, o‘zi yoqtirgan narsalar to‘g‘risida gapirishdan o‘zini tiya olmaydi. Abdulla Oripov hayot hodisalarini qiyoslab badiiy tahlil qilishga, voqelikka o‘ziga xos tarzda yondashib, teran falsafiy xulosa chiqarishga intiladi. Bu uning har bir she’rida yaqqol seziladi. Shoirning hayot voqeligi ziddiyatlarini teran badiiy tahlil qilishga asoslangan betakror she’riyati u o‘z hayotini adabiyotga bag‘ishlagani, inson, uning qalbini adabiyotning asosiy ob’ekti, bosh mavzusi deb qaraganini bildiradi. Shu bois bu donishmand shoirning ijodi xalqimiz hayotidagi muhim tarixiy hodisalar sirasiga kiradi. O‘zbek adabiyoti Abdulla Oripov she’riyati bilan uzoq zamonllar faxrlanadi. Chunki uning hikmatga yo‘g‘rilgan go‘zal she’riyati shu paytgacha u haqida aytilgan maqtov, e’tiroflardan behad baland turadi. Download 450.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling