O‘zbek til shunosligida qolib va hosila munosabati to‘lqini
So‘z yasalish qolipi hosilalarida leksemalashish
Download 58.98 Kb.
|
aliyeva
- Bu sahifa navigatsiya:
- Sintaksis va uning tadqiq manbai
So‘z yasalish qolipi hosilalarida leksemalashish
Yasama so‘zlar lisoniy ham, sof nutqiy ham bo‘lishi mumkin. Misol sifatida quyidagi so‘zlarga murojaat qilamiz. Paxtakor, ishchi, kitobchi, domladosh, aqlli, daftarchi, sharsimon, uysimon. Bu so‘zlarni ikki guruhga bo‘lamiz: paxtakor, ishchi, aqlli, sharsimon; kitobchi, domladosh, daftarchi, uysimon. Har ikkala guruh so‘zlari ham yasama so‘zlar hisoblanadi. Biroq ulardan birinchisi qulayligi, odatlanilganligi, keng iste’molligi bilan xarakterlansa, ikkinchi guruh so‘zlari unchalik qulay emasligi, kam iste’molliligi, favquloddaligi bilan birinchi guruh so‘zlaridan ajralib turadi. Demak, birinchi guruh yasama so‘zlari ijtimoiy shartlanganlik xossasiga ega va shu boisdan yuqoridagi zikr etilgan belgilar ularning barchasi uchun umumiydir. Ikkinchi guruh so‘zlari esa nutqiy hodisa ekanligi, endigina so‘z yasash qolipidan chiqqanligi bois, odatlanilmaganlik, favquloddalik kasb etgan. Ko‘rinadiki, nutqiy yasama so‘zlarning ayrimlari nutq bosqichidagina mavjud bo‘lsa, ba’zilari o‘zlarini chiqargan qoliplardan uzoqlashib, bir butun holda lisoniy sathga ko‘tarilib ketadi. Hosilalarining lison va nutqqa munosabati jihatidan so‘z yasash qoliplari ham farqlanadi. Biz ularni unumsiz (tarixiy) va unumli (zamonaviy) so‘z yasash qoliplari sifatida farqlaymiz. Unumli so‘z yasash qoliplari deganda tilimiz tarixida ham, bugungi kunda ham cheksiz yangidan-yangi so‘zlar yasaydigan qoliplar tushuniladi. Masalan, [[aniq ot]+[chi]=ot anglatgan narsa predmet bilan shug‘ullanuvchi kishi] qolipi hosilalarini kuzataylik. Bu qolipdan ishchi, bo‘zchi, futbolchi, dasturxonchi, ovchi kabi bugungi kunda lisoniylashgan, leksemalashgan hosilalar bo‘lgan so‘zlar ham, noschi, daftarchi, telefonchi, pomidorchi kabi lisoniylashmagan, ma’lum bir nutq jarayonidagina yasalayotgan o‘tkinchi nutqiy hosilalar ham vujudga kelgan. Unumli so‘z yasash qoliplari yasalish xususiyatiga ega bo‘lgan barcha so‘z turkumlarida mavjud. (Bu haqda «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» kursining «So‘z yasalish» bo‘limida batafsil ma’lumot olasiz.) Unumsiz (tarixiy) so‘z yasash qoliplari bugungi kunda hosila bermaydigan, so‘z yasash uchun xizmat qilmaydigan qolip-lardir. Masalan, keskin, to‘lqin, bosqin, uchqun, tuyg‘un so‘zlari [[fe’l ]+[gin]=ot] qolipi asosida hosil qilingan. Biroq ushbu qolipdan chiqqan hosilalar rang-barang bo‘lib, ulardan anglashilgan ma’nolarni qolipning tenglik belgisidan o‘ng tomondagi mazmuniy tomonidan keltirib chiqarib bo‘lmaydi. Chunki bu hosilalar tarixiy yasama so‘zlar bo‘lib, davrlar o‘tishi bilan ularning ma’noviy tabiatida ham, grammatik jihat-larida ham evolyutsiya jarayoni kechgan. Chunki qolip bugungi kunda ishlamaydigan, foydalanilmaydigan holga kelgan, ularning hosilalari esa qolipdan behad uzoqlashib, ma’nolarning ixtisoslashishi va bir-biridan uzoqlashishi yuz bergan. Natijada aslida bir qolipdan chiqqan hosilalar (yasama so‘zlar) mustaqil leksemalarga aylanib, bir-birinikiga yaqin va bog‘liq bo‘lmagan turli-tuman ma’nolarni anglatadi. Tadqiqotchilar o‘zbek tilidagi unumsiz (tarixiy) so‘z yasash qoliplarining yuzga yaqin ko‘rinishini ajratishadi. Qo‘shma, juft, takroriy so‘z yasalish qolipi hosilalarida leksemalashish Semamalarning nutqda «kichraygan» holda namoyon bo‘lishi yoxud (lisoniy sathda) sememalarning semalarga aylanishi qo‘shma, juft leksemalarda yoki so‘zlarda yanada yorqinroq ko‘rinishga ega bo‘ladi.Qo‘shma leksemalar tarixan ikki va undan ortiq o‘zak (lug‘aviy morfema) ning shakliy va mazmuniy butunlikka aylanishi natijasida yuzaga keladi. Masalan, belbog‘, tezoqar, belkurak leksemalari. Bundagi, deylik, belbog‘ leksemasi sememasini quyidagicha tavsiflash mumkin: «belni bog‘lash uchun ishlatiladigan mato». Demak, semema «bel», «bog‘lash», «mato» semalaridan tashkil topgan. Sememadagi «bel» semasi bel leksemasi sememasining toraygan «semalashgan» ko‘rinishidir. Juft leksemalarda ham bu holatni kuzatish mumkin. Masalan, ota-ona leksemasi sememasi tarkibida ota va ona leksemalari sememalari semalar sifatida ishtirok etgan. Nutqiy qo‘shma va juft so‘zlarda ushbu butunlikka asos bo‘lgan leksemalarning sememalari nutqiy ma’no bo‘lakchalari sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, kitob-daftar juft so‘zining «kitob-daftar va unga yaqin o‘quv qurollari» deb tavsiflanuvchi ma’noviy tabiati tarkibida kitob va daftar leksemalari sememalari nutqiy ma’no bo‘lakchasi sifatida yuzaga chiqqan. Demak, barcha yasama leksemalarda yasalishga asos leksema sememasi sema darajasiga tushgan holda, nutqiy yasama so‘zlarda esa nutqiy ma’no bo‘lakchasi sifatida yuzaga chiqadi. Qo‘shma fe’l tarkibiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: a) ism+fe’l; b) fe’l+fe’l. Ism+fe’l tipidagi fe’lni hosil qilishda yordamchi fe’l vazifasida qilmoq, etmoq, aylamoq, bo‘lmoq, bermoq, olmoq, topmoq, yemoq, urmoq, ko‘rmoq, kelmoq, keltirmoq kabi birlik keladi: abgor qilmoq, ado bo‘lmoq, ayyuhannos solmoq, javob bermoq, javob olmoq, xalal bermoq, xabar olmoq, qiron solmoq, tartibga keltirmoq, oh urmoq, tush ko‘rmoq, qo‘nim topmoq kabi. O‘zbek tilida fe’l+fe’l tipidagi fe’l barmoq bilan sanarli: sotib olmoq, olib bormoq, olib kelmoq, olib chiqmoq, olib qochmoq, ishlab chiqarmoq kabi. Juft fe’l grammatik shakliga ko‘ra ikki ko‘rinishda bo‘ladi: Biri ravishdosh shaklida, ikkinchisi boshqa shaklda: aylanib-o‘rgilmoq, yelib-yugurmoq, yayrab-yashnamoq, o‘ynab-kulmoq, qo‘llab-quvvatlamoq. Har ikki qismi bir xil shaklda: aylanib-o‘rgilib, o‘ylamay-netmay, aralashib-quralashib, achib-bijib, tejab-tergab, qisinib-qimtinib, yuvib-tarab, yayrab-yashnab. O‘zbek tilshunosligida fe’l ibora bilan qo‘shma fe’l chegarasi aniq oydinlashtirilmagan. Juft fe’l tarkibiy qismining qo‘llanishiga ko‘ra quyidagi shaklda bo‘ladi: Kompozitsiya usuli bilan qo‘shma va juft ot hosil qilinadi: toshko‘mir, tuyaqush, karnaygul, oybolta, ko‘kkarg‘a, qoraqurt, mingoyoq, qo‘ziqorin, ota-ona, qozon-tovoq, qizilishton. Qo‘shma ot: Ot+ot: ajdargul, ayiqtovon, atirgul, kinolenta, xontaxta, xo‘rozqand, toshbo‘ron, sochpopuk, shakarqamish, qo‘ypechak, qo‘larra, temir yo‘l, piyozdog‘, O‘rta Chirchiq. Sifat+ot: kaltakesak, Markaziy Osiyo, Sho‘rko‘l, ko‘ksulton, ko‘rsichqon, sassiqpopishak, qoradori. Ot+fe’l: echkiemar, ko‘zboylog‘ich, kallakesar, husnbuzar, beshiktervatar, socho‘sar, dunyoqarash. Son+ot: beshbarmoq, beshqarsak, YEttisuv, Oltiariq, uchburchak, mingoyoq, qirqog‘ayni. Son+fe’l: beshotar, birqoqar. Ot+sifat: ustabuzarmon, gulbeor, oshko‘k. Fe’l+fe’l: iskabtopar, ishlab chiqarish. Fe’l+ot: savacho‘p. Juft ot. Juft ot [ot+ot], [sifat+ot] kabi qolip, shuningdek, boshqa turkumga oid juft so‘zning otga ko‘chishidan vujudga keladi. Juft ot tarkibiga ko‘ra quyidagi ko‘rinishga ega. Har ikki qismi mustaqil holda ham ishlatiladigan juft ot: Qismi o‘zaro sinonim: azob-uqubat, aysh-ishrat, dori-darmon, baxt-saodat, zeb-ziynat, izzat-ikrom, izzat-hurmat, kayf-safo, makr-hiyla, nasl-nasab, pand-o‘git. Qismi o‘zaro antonim: avra-astar, avlod-ajdod, achchiq-chuchuk, bordi-keldi, bosh-oyoq, er-xotin, o‘g‘il-qiz, savol-javob, salom-alik, qulf-kalit. Qismining ma’nosi yaqin: ariq-zovur, baxt-taxt, baqir-chaqir, boj-xiroj, bosh-ko‘z, dev-pari, sovg‘a-salom, o‘q-dori, qovoq-tumshuq, hisob-kitob, hol-jon, qo‘y-qo‘zi. Qismidan biri mustaqil holda ishlatilmaydigan juft ot: aldam-quldam, bozor-o‘char, bola-baqra, qo‘ni-qo‘shni, latta-putta, yig‘i-sig‘i,maza-matra, mehmon-izlom, irim-sirim. Har ikki qismi ham mustaqil ishlatilmaydigan juft ot: adi-badi, ashqol-dashqol, zer-zabar, shikast-rext, ikir-chikir, lash-lush, qalang‘i-qasang‘i, mirqinboy-shirqinboy, ya’juj-ma’juj. Kompozitsiya usuli bilan qo‘shma va juft sifat hosil bo‘ladi. Qo‘shma sifat quyidagi qolip asosida hosil bo‘ladi: 1. Ot+ot: devsifat, devqomat, dilorom, dilozor, kafangado, otashnafas, sohibjamol. 2. Sifat+ot: xomkalla, sho‘rpeshona, kaltafahm, shirinsuxan, sho‘rtumshuq, balandparvoz. 3. Ot+sifat: yoqavayron, jig‘ibiyron, tepakal, xonavayron, xudobezor, otabezori. 4. Ravish+ot: hozirjavob, kamgap, kamsuxan, kamsuqum, kamqon, kamxarj. 5. Ravish+fe’l: tezpishar, ertapishar, cho‘rtkesar. 6. Fe’l+ fe’l : yebto‘ymas. 7. Olmosh+ot: o‘zboshimcha. 8. Ot+fe’l: tilyog‘lama, gadoytopmas, tinchliksevar. 9. Olmosh+sifat: o‘zbilarmon. 10. Son+ot: ikkiyuzlamachi, qirqyamoq. Juft sifat ikki sifatning juftlashishidan tashkil topadi: oq-qora, yaxshi-yomon, katta-kichik. Takroriy sifatda bir o‘zak takrorlanadi: katta-katta, baland-baland, og‘ir-og‘ir. Qo‘shma sifat birdan ortiq mustaqil so‘zning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: havo rang, ishyoqmas, ertapishar, yoqavayron, o‘zbilarmon. Juft va qo‘shma sifat yasama bo‘lib, takroriy sifatda shakl yasalishi mavjud. Biroq takroriy sifat taraqqiyot natijasida yangi ma’no kasb etishi ham mumkin: yo‘l-yo‘l. Bunda yangi so‘z yasalishi emas, balki so‘zshaklning leksemalashuvi hodisasi mavjud. Juft ravish ikki so‘zning juftlashishidan tashkil topadi: yana-tag‘in, eson-omon; ochin-to‘qin, oldinma-keyin, qishin-yozin; uzil-kesil, ura-sura, unda-bunda; ora-sira, ora-chora, ro‘y-rost, sal-pal, chala-chulpa, emin-erkin, oz-moz, huda-behuda; azza-bazza, apil-tapil, eran-qaran, o‘lda-jo‘lda. Takroriy ravishda bir o‘zak takrorlanadi: galma-gal, zinhor-bazinhor, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, es-es, o‘qtin-o‘qtin, ahyon-ahyonda. Qo‘shma ravish birdan ortiq mustaqil so‘zning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: bir yo‘la, bir muncha, bir talay; bajonudil, baholiqudrat, baqadrihol; har yili, har yoq, har dam; shu zahoti, shu asnoda. Juft taqlid: g‘arch-g‘urch, taq-tuq, vag‘ir-vug‘ur, g‘ing-ping, alang-jalang, apir-shapir. Takroriy taqlid: guv-guv, duv-duv, shartta-shartta, cho‘lp-cho‘lp, shaqa-shaq, guppa-guppa. Eslatma. Taqlid etmoq, demoq, qilmoq fe’li bilan kelganda qo‘shma fe’l vujudga keladi: guv-guv etmoq, duv-duv qilmoq,cho‘lp-cho‘lp qilmoq Sintaksis va uning tadqiq manbai. Til o‘z ijtimoiy vazifasini sintaktik qurilma - gap vositasida amalga oshiradi. Tildagi barcha - fonetik, leksik, morfologik hodisalar ana shu sintaktik qurilishga xizmat qiladi. Biroq bular sirasida leksika va morfologiyaning til grammatik qurilishidagi ishtiroki bevosita muhimdir. Zero, har qanday sintaktik hodisada so‘z va morfologik ko‘rsatkichlarni ko‘ramiz. Shu boisdan sintaktik mohiyatlarni belgilashda leksik va morfologik omillarga tayaniladi. Grammatika morfologiya va sintaksisni o‘z ichiga oladi. Morfologiya, asosan, sintaktik qurilish vositalari bo‘lmish grammatik ko‘rsatkichlar tizimi - morfologik kategoriyalarni o‘rganadi, ularning umumiy va xususiy grammatik ma’no (UGM va XGM) larini o‘rganadi. Shuningdek, u so‘z turkumlarining umumiy grammatik xossalarini ham tekshirib keladi. Aslida, morfologiyaning tekshirish manbai yo leksik, yo sintaktik tabiatga ega bo‘ladi. Masalan, so‘z turkumlari lug‘aviy ma’nosi yaqin so‘zlarning yuksak darajadagi umumlashmasi, so‘zlarni bosqichma-bosqich birlashtirib borish natijasida hosil qilingan katta guruhlardir. Demak, so‘z ma’nolari umumlashuvi pog‘onasining yuqori zinasi morfologik mohiyat sifatida qaraluvchi so‘z turkumlaridir. Morfologik ko‘rsatkichlar ikkiga bo‘linadi: lug‘aviy shakl hosil qiluvchi qo‘shimchalar; sintaktik shakl hosil qiluvchi qo‘shimchalar. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchi ko‘rsatkichlar leksemalarning lug‘aviy ma’nosiga ta’sir qilib, odatda, leksik ahamiyatga ega bo‘ladi. Masalan, o‘qigan bola birikmasidagi o‘qigan lug‘aviy shakli -gan ko‘rsatkichini olib, lug‘aviy ma’nosidagi «harakat» semasini kuchsizlantiradi va buning evaziga «belgi» ma’no bo‘lakchasiga ega bo‘ladi. Aloqa-munosabat (sintaktik) shakllari so‘zlarning lug‘aviy ma’nosiga ta’sir qilmasdan, ularni sintaktik aloqaga kiritish uchungina xizmat qiladi. Masalan, kitobni olmoq birikmasidagi tushum kelishigi qo‘shimchasi kitob leksemasini olmoq fe‘liga tobelash vazifasini bajarmoqda. Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, so‘z turkumlari yuksak lug‘aviy umumlashtirish, so‘zlarni umumiy belgilari asosida birlashtirish natijasi bo‘lsa, grammatik ko‘rsatkichlarning bir qismi leksik va bir qismi sintaktik ahamiyatga egadir. Demak, tilshunos I.I.Meshchaninov ta’biri bilan aytganda, morfologiya aslida leksik va sintaktik jihatlar birligidir. Sintaksis (gr. sintaxys - tuzish, qurish)ning asosi gap haqidagi ta’limotdir. Gaplar, aslida, so‘zlarning erkin birikuvlariga ham asoslanganligi tufayli so‘zlarning bog‘lanish qonuniyatlari, so‘z birikmalari ham sintaksisda o‘rganiladi. Atom xususiyatlari va ularning birikish qonuniyatlarini ochish molekula tabiatini o‘rganishga bo‘ysundirilganligi kabi so‘z birikmalarini o‘rganish ham gap ta’limotining tarkibiy qismi bo‘lib, undan ajratilgan holda qaralishi mumkin emas. Sintaksis so‘zlarning har qanday birikuvlarini emas, balki hokim-tobelik munosabatiga kirishgan erkin nutqiy birikuvlar va ularning lisoniy mohiyatlarini tekshiradi. Qaysidir yo‘sindagi so‘zlarning birikuvlari sanalmish qo‘shma so‘zlar (uchburchak, ertapishar, sotib olmoq), frazeologik birliklar (ilonning yog‘ini yalagan, po‘konidan yel o‘tmagan, ko‘ngli bo‘sh) sintaksisning tadqiq doirasidan chetda qoladi. Chunki ular erkin bog‘lanishga ega emas. Sintaksis atamasi, grammatika atamasining o‘zi kabi, zulma’nayn (ikki ma’noli) dir: 1)tilning sintaktik qurilishi; 2)grammatikaning tarkibiy qismi. Download 58.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling