Biriktiruv bog‘lovchilar: va, ham, hamda kabi. Va bog‘lovchisi ko‘p qo‘llaniladi:
gapning uyushiq bo‘laklarini biriktiradi: Navoiy va Mirmumtoz keksa shoirning fikrini tasdiqladilar.(O.)
qo‘shma gap tarkibidagi gaplarni bog‘lashga xizmat qiladi va quyidagi ma’no munosabatlari ifodalanadi:
bir paytlik munosabati, voqea-hodisalarning bir paytda bo‘lganligi ifodalanadi: Pag‘a-pag‘a mayin qor osmondan quyilib turadi va shamolning sekin, bo‘g‘iq guvillashi eshitiladi (O.)
ketma-ketlik munosabatini bildiradi: Yarim kechada eshik g‘iyq etib ochildi va chol boshiga oq avra to‘n yopinib kirib keldi (A. Q.)
natijani bildiradi: Sen o‘rgatgan ilm bilan qo‘shildi katta niyat Va shunchalik kamolotga eta oldi tafakkur. (G‘.G‘.)
zidlik, qarama-qarshi qo‘yish munosabatini bildiradi: Opasida g‘azab tashvishi Va Zaynabda andisha g‘ashi (H.O.)
Ham, hamda bog‘lovchilari va bog‘lovchisi singari, gapning uyishiq bo‘laklarini va qo‘shma gap qismlarini bog‘lashda qo‘llaniladi. Lekin ham bog‘lovchisi keyingi bo‘lakni izohlash, ta’kidlash ma’nolarini ham bildiradi: Sultonmurod ham do‘sti Zayniddin cheksiz quvondilar. Buni qariyalar ham tajribali paxtakorlar juda yaxshi biladilar.(O.)
Bo‘laklarning mustaqiligini, ayrimligini chizib ko‘rsatish, ta’kidlash uchun ham bog‘lovchisi har bir bo‘ldan keyin yoki avval takrorlanib keladi: Uning yuragi ham shod, ham qandaydir notinchroq edi. (O.)
Ham so‘zi bog‘lovchi bo‘lib emas, balki gap ma’nosini yoki ayrim gap bo‘laklarini ta’kidlash, kuchaytirish uchun ko‘p ishlatiladi: Bir lahzadan keyin ukasi ham kelib, Umidga tikildi. (Mirm.)
Bilan ko‘makchisi bog‘lovchi o‘rnida kelganda birgalik ma’nosini saqlaydi: Qalandar bilan Ali Quchshi oyoqlarini yerga tirab, kiftlari bilan toshni itarishdi. (O.Y.)
-da, -u, -yu yuklamalari biriktiruvchi bo‘lib kelganda bir paytlilik, ketma-ketlik, sabab, natija kabi munosabatlari ifodalanadi: Madrasada aytgan gaplarim uchun qasos olayapti deb o‘yladi-yu, mingboshiga borib arz qildi. (M.Ism.)
Do'stlaringiz bilan baham: |