Iqtisodiyotda inflyatsiyaning vujudga kelishi mamlakatning barcha jabhalarida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Iqtisodchi olimlar va mutaxassislarning fikricha, mamlakatda sudraluvchan inflyatsiya iqtisodiyot rivojiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Odatda iqtisodiyotda inflyatsiya darajasi yillik 12 – 14 foizdan ortgandan so‘ng uning salbiy ta’siri seziladi. Inflyatsiyaning salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari sifatida quyidagilarni ta’kidlash maqsadga muvofiq.
Aholi va korxonalarning nominal daromadlari hajmi ortib borsada real daromadlari pasayadi. Natijada aholining turmush darajasi pasayadi, ularning yillik olayotgan daromadlarining real qiymati pasayib boradi. Korxonalarda xom-ashyo va ishlab chiqarish xarajatlari ortib boradi, buning natijasida ularning moliyaviy holati yomonlashadi.
Milliy iqtisodiyotda inflyatsiyaga qarshi siyosatni tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, inflyatsiya mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini izdan chiqaradi. Ishlab chiqarishga va aholining turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Inflyatsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirishda, iqtisodchilarning fikricha, uning ikkita yo‘li mavjudligi e’tirof etiladi:
umumiy talabni tartibga solish;
umumiy taklifni tartibga solish.
Umumiy talabni tartibga solish orqali inflyatsiyaga qarshi kurash keynschilik yo‘nalishi sifatida e’tirof etiladi. Ular inflyatsiyaga qarshi kurashda umumiy talabni tartibga solish taklifining oshishiga samarali ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Taklifning oshishiga samarali ta’sir ko‘rsatadigan asosiy omillar davlat xarajatlarini oshirish va imtiyozli kreditlarning miqdorini ko‘paytirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |