O’zbekiston iqtisodiy o’sishida milliy boylikning ahamiyati


Download 122.86 Kb.
bet2/11
Sana30.04.2023
Hajmi122.86 Kb.
#1407196
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
O\'zbekiston-iqtisodiy-o\'sishida-milliy-boylikning-ahamiyati

Kurs ishining maqsadi O’zbekiston iqtisodiy o’sishida milliy boylikning ahamiyatini yoritish va undagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo’yicha ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat. Mazkur maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi:
- milliy boylik tushunchasining mazmun-mohiyatini ochib berish;
- iqtisodiy o’sishni ta’minlashda milliy boylikning ahamiyatini tadqiq etish;
- O’zbekistonda milliy boylikdan foydalanishning holatini tahlil qilish;
- milliy boylikni yaratish va undan samarali foydalanish yo’nalshlarini tadqiq etish;
Kurs ishining obyekti iqtisodiy o’sishda milliy boylik va uning ahamiyati bo’yicha mavjud qarashlar hamda nazariyalar hisoblanadi.
Kurs ishining predmeti mamlakatimizda iqtisodiy o’sishni ta’minlashda milliy boylikning ahamiyatini oshirishda amalga oshirilayotgan ishlarni o’z ichiga oladi.

1. Milliy boylik tushunchasi va uning mazmuni
Milliy boylik nimalardan tashkil topadi va uni ko’paytirishga qanday omillar ta’sir qiladi, degan masala barcha zamon va makon uchun birdek muhim bo’lgan.
Ko’pchilik boylik deganda oltin va qimmatbaho toshlar, yer, kapital, pul mablag’lari, moddiy va nomoddiy boyliklar hamda xizmatlarni tushunadi.
Boylik mazmuni va uning tushunchasiga iqtisodiy adabiyotlarda turlicha ta’riflar berilgan. Qadimgi Hindistonda miloddan avvalgi IV asrda yozilgan “Artxashastra” asarida boylik manbai sifatida dehqon, hunarmand mehnati va savdo faoliyati ko’rsatib o’tilgan, miloddan avvalgi IV–III asrlarda Xitoyda yozilgan “Guan-szi” asarida oltin va marvarid alohida boylik sifatida ko’rilmaydi, bunda boylik sifatida, eng avvalo, moddiy ne’matlar (tovar) e’tirof etiladi.
Qur’oni Karimda dehqon, hunarmandlar mehnati, umuman, halol mehnat ulug’lanib, barcha boylik ularning mehnati asosda paydo bo’lishi uqtiriladi.
Merkantelistlarning asosiy vakillaridan bo’lmish Uilyam Stafford (Angliya), Gaskar Skaruffi (Italiya) oltin va kumushga boylikning mutlaq shakli deb qaragan va uni chetdan olib kelish yo’li bilan davlatni yanada boy va qudratli qilish mumkin, deb hisoblagan. XVI asrning ikkinchi yarmiga kelib milliy sanoat va savdoni rivojlanishining davlat tomonidan rag’batlantirilishi sababli mamlakatlar o’rtasida savdo aloqalari keng va muntazam rivojlana boshladi. Dastlabki merkantilistlarning “pul balansi” nazariyasi o’rniga keyingi merkantilistlarning “savdo balansi” nazariyasi kelib chiqdi. “Savdo balansi” nazariyasi (yoki yetuk merkantilizm) keng tarqala boshladi. Keyingi merkantilistlardan T.Menning fikricha, eksport va import o’rtasidagi musbat farq, ya’ni ijobiy saldo mamlakat boyligining o’sishiga xizmat qiladi. Real boylik “o’lik pullar” yig’indisi emas, balki harakatdagi pullarni, ya’ni pul kapitalini vujudga keltiruvchi pullar hisoblanadi.
Merkantilizmning yirik namoyondalaridan biri Uilyam Petti dastlab boylik savdoda yaratiladi, boylik puldan iborat bo’ladi, degan fikrga qo’shilsa-da, keyinchalik o’z fikrini o’zgartirib, nafaqat qimmatli metall, toshlar hamda pul, balki mamlakatning yeri, uylar, kemalar, tovarlar va hatto uy jihozlari ham boylikni tashkil etishini ta’kidlagan. U.Petti boylikni ta’riflab, “Mehnat – boylikning otasi, yer esa uning onasi”, degan mashhur iboraning muallifi hisoblanadi.
Boylikni ko’paytirish to’g’risida XVIII asrda Fransiyada fiziokratlar konsepsiyasi yaratildi. Ushbu konsepsiyaning asoschilaridan biri, fransuz iqtisodchisi F.Kene “Iqtisodiy jadval” asarida milliy boylikning yaratilishi va sinflar o’rtasida taqsimlanishini miqdoriy jihatdan ko’rsatib bergan. Bu jadvalda u iqtisodiyotning asosiy sektorlari o’rtasida tovar va xizmatlarning doiraviy aylanishini va shu asosda butun bir iqtisodiyotning amal qilish mexanizmlarini ifodalashga harakat qilgan. F.Kene ishlab chiqarish tarkibiga faqat qishloq xo’jaligi va qayta ishlovchi sanoatni kiritadi. U “... ushbu sohalarda haqiqiy qiymat yaratiladi, boshqa sohalarda esa qishloq xo’jaligi va qayta ishlovchi sanoatda yaratilgan mahsulotlarning shakli o’zgartiriladi xalos”2, degan g’oyani ilgari surgan.
Fiziokratlarning bunday g’oyasi mamlakatda qishloq xo’jaligi ustuvor tarmoq bo’lgan davrda vujudga keldi.
Fiziokratlar fikricha, boylik qishloq xo’jaligida yaratiladi, chunki o’sha vaqtda aholining asosiy qismi qishloqlarda yashagan, milliy boylikning 2/3 qismi shu sohada yuzaga keltirilgan. Ular qishloq xo’jaligini iqtisodiyotning yagona unumli sohasi deb hisoblagan. Ularning fikricha, boylik faqat qishloq xo’jaligida yaratiladi, sanoat va savdoda esa u qayta ishlanadi va qayta taqsimlanadi. Albatta, bu boylikni ko’paytirishning yo’li aniqlash bo’yicha qo’yilgan muhim qadamlardan biri edi. Lekin aytish joizki, F Kenening ushbu g’oyalari va tushunchalari cheklangan (qishloq xo’jaligi bilan) bo’lib, amaliyot sinoviga uzoq vaqt bardosh bera olmadi. Ushbu nazariyalarning salbiy jihatlari qayta ishlovchi sanoatning shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrida hamda bozor iqtisodiyoti taraqqiy etayotgan davrlarda yaqqol namoyon bo’ldi.
Angliya klassik iqtisodiy maktabining yirik namoyondasi Adam Smit “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to’g’risida tadqiqot” asarida boylikning chinakam yaratuvchisi “har bir xalqning yillik mehnati” deb ko’rsatib o’tadi, demak, u boylikning yagona manbai mehnatdir, degan fikrda bo’lgan. A.Smit fikrini rivojlantirib, mehnat taqsimoti boylikni yaratishda va ko’paytirishda asosiy omil hisoblanadi degan va ixtisoslashuv tufayli mehnat unumdorligi 240 baravardan ko’proq oshirish mumkinligini to’g’nog’ich ishlab chiqarish misolida tushuntirib bergan. U hunarmandlar va savdogarlar mehnati yer egalari mehnatiga nisbatan kam unumli bo’ladi, negaki yer egalariga tabiat “yordam” beradi va “dehqonchilikka qo’yilgan kapital haqiqiy boylikka va daromadga ancha ko’p qiymat qo’shadi”, deb hisoblagan.
A.Smit konsepsiyasi merkantilistlarga oxirgi katta zarbani bo’ldi va fiziokratlar g’oyasi ham cheklanganligini ko’rsatib berdi. Ushbu konsepsiya G’arb mamlakatlarida juda katta shon-shuhrat qozondi va oxirgi yuz yillikda ishlab chiqarish va milliy boylik hajmini ko’paytirishga asos bo’lib xizmat qildi. Aynan mana shu davrda A.Smit boylikni ko’paytirishning “... ishlab chiqarish sohalariga tovar yaratuvchi (moddiy boyliklar) har qanday tarmoqni kiritish mumkin, lekin xizmat ko’rsatish sohalari moddiy boylik yaratmaganligi uchun ishlab chiqarish sohalariga kiritilishi mumkin emas”3, degan yana bir yangi g’oyasini ilgari surdi. A.Smit xizmat ko’rsatish sohasiga sarflangan mehnat unumsiz, sanoat va savdodagi mehnat kam unumli, qishloq xo’jaligidagi mehnat esa yuqori unumli mehnat, negaki, unga tabiat “yordam” beradi, deb hisoblagan.
Agar merkantelistlar boylik savdoda yaratiladi, deb ta’kidlagan bo’lsa, fiziokratlar qishloq xo’jaligida yaratiladi, A.Smit esa faqat moddiy tovarlarni yaratuvchi, ya’ni moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratiladi, degan cheklangan nazariyalarni ishlab chiqdi.
A.Smit milliy boylikning yaratilishi va ko’paytirilishi jarayonini faqat moddiy ishlab chiqarish bilan bog’lagan. Moddiy mahsulot va xizmatlar orasidagi farqni ularning xizmat qilish muddati, deb tushungan. Bunda u eng ko’p, uzoq muddat xizmat qilgan mahsulotlarni nafliligi yuqori darajaga ega bo’lgan tovar deb bilgan.
Vaholanki, uzoq muddatlilik moddiy mahsulotlarning nafliligi yuqoriligini to’la ravishda belgilamaydi. A.Smit konsepsiyasining kamchiligi yana shunda ko’rinadiki, u moddiy mahsulotlarni ishlab chiqarish xizmatlarsiz rivoj topmasligini ko’ra bilmagan, masalan, xizmatlar va fanning rivojisiz moddiy ishlab chiqarish hyech qachon rivojlanmaydi.
Ayrim iqtisodchilar moddiy ishlab chiqarish konsepsiyasi ishlab chiqarishning kengaytirilgan konsepsiyasidan oldin paydo bo’lgan, degan fikrlarni bildiradi. Lekin bunday fikrlashni to’g’ri deb bo’lmaydi, chunki, yuqorida ko’rganimizdek, moddiy ishlab chiqarish konsepsiyasi paydo bo’lishidan bir qancha yillar oldin U.Petti va P.Buagilber o’zlarining konsepsiyasida ishlab chiqarish va milliy boylikni juda keng doirada o’rganib, ular nafaqat moddiy ishlab chiqarish sohalarining, balki xizmat ko’rsatish sohalarining ham milliy boylikni yaratishda muhim o’rin egallashini isbotlashgan. Ulardan keyin A.Smitning moddiy ishlab chiqarish konsepsiyasi kengaytirilgan ishlab chiqarish konsepsiyasini vaqtincha siqib chiqardi va go’yoki u birinchilardan bo’lib yaratilgandek ko’pchilikning e’tiborini o’ziga tortdi. Yana ta’kidlash lozimki, A.Smit va D.Rikardo yashagan davr atrofida boylikning manbai faqat mehnatdir, degan g’oya keng tarqalgan edi. Albatta, mehnat boylik yaratadi. Lekin tabiat kuchisiz va ashyosisiz hyech narsa yaratilmaydi.
Yuqorida bayon qilinganlardan ko’rinib turibdiki, milliy boylik haqida turli nazariyachilar turlicha fikrlar bayon qilganlar.
Klassik iqtisodchilardan J.Seyning uch omil (yer, kapital, mehnat) nazariyasiga asoslangan holda aytish mumkinki, boylik yaratishda omillarning har uchalasi ham qatnashadi. J.B.Seyning fikricha, iqtisodiyotning asosiy – sanoat, qishloq xo’jaligi, savdo va xizmat ko’rsatish sohalarida, ya’ni to’rtta sohaning barchasida boylik yaratiladi, chunki sanoatda ham, qishloq xo’jaligida ham, savdoda ham, xizmat ko’rsatishda ham naflilik yaratiladi.
Yirik iqtisodchilardan yana biri bo’lmish J.Mill faqat unumli mehnat (natijasi ko’rinib turadigan mehnat) “boylik”, ya’ni “moddiy ne’matlar”ni yaratadi, degan fikrni ilgari surgan.
Hozirgi bozor iqtisodiyotiga doir ayrim adabiyotlarda ishlab chiqarishning to’rt omili - mehnat, kapital, yer (tabiat) va tadbirkorlik qobiliyati boylikni ko’paytirishning omili sifatida tan olinmoqda.
Tadbirkorlik qobiliyati ishchi kuchining tarkibida turganligi uchun unga alohida urg’u berilmasdan, J.Sey tomonidan ilgari surilgan uch omilni asos qilib olib, faqat yerning o’rniga tabiat so’zi kiritilsa va boylikni ko’paytirish omillari sifatida uch omil - mehnat, kapital va tabiat e’tirof etilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi, deb hisoblaymiz.
Yuqoridagi iqtisodchilarning milliy boylik to’g’risidagi nazariyalarining hammasida ham muayyan asos bor. Lekin ularda bir tomonlamalikka va cheklanganlikka yo’l qo’yilgan bo’lib, milliy boylikning mazmuni va manbalarini to’la ravishda yoritib berishga ojizlik qiladi. Yuqorida aytganimizdek, har bir iqtisodiy masalaga ikki tomonlama yondashilib, ikki tomonlama tahlil qilinmasa, uning mazmunini yoritish qiyin bo’ladi. Endi biz mana shu ikki tomonlama yondashuv va tahlil usulini qo’llab, milliy boylikning mazmunini aniqlashtirishga harakat qilamiz.
Bozor iqtisodiyoti davrida hamma yaratilgan mahsulotlar va to’plangan boyliklar, hatto ishchi kuchi ham tovar shaklida harakat qiladi, chunki ularning hammasi sotiladi va sotib olinadi (tabiiy boyliklar bundan mustasno). Agar biz to’plagan milliy boylikni tovarlar yig’indisi va har bir tovar uning bir bo’lakchasi, bir hujayrasi deb, tovardagi ikki tomonlama xususiyatdan kelib chiqib qarasak, unda milliy boylikning mazmunini tushunish oson bo’ladi (1-rasm).
Rasmda u bir tomondan naflilikning ifodasi bo’lgan tovarlar yig’indisida, ikkinchi tomondan qiymatlar yig’indisida turibdi. Chunki shamol kuchi, quyosh energiyasidan foydalanadigan stansiyalar, tegirmonlar va boshqa qurilmalar ham vaqti kelib tovar sifatida sotilishi mumkin.
Rasmdan ko’rinib turibdiki, to’plangan milliy boylikning ikki jihati bo’lib, uning bir tomoni to’plangan nafliliklar yig’indisida, ikkinchi tomoni esa to’plangan qiymatlar yig’indisida namoyon bo’ladi.





Download 122.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling