Tushunchalarni chegaralash va umumlashtirish
Tushunchalarni chegaralash va umumlashtirish tushunchalar ustida olib boriladigan amallar hisoblanadi. Ular tushunchaning mazmuni va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuniga muvofiq holda amalga oshiriladi.
Tushunchani chegaralash hajmi keng tushunchadan hajmi tor tushunchaga (jins tushunchasidan tur tushunchasiga) fikran o‘tishdan iborat. Masalan, “mexanik harakat” tushunchasidan “aylanma harakat” tushunchasiga o‘tsak, uning hajmini chegaralagan bo‘lamiz. Chegaralashda berilgan tushuncha – “mexanik harakat” jins tushuncha, deb qabul qilinib, uning mazmuniga tur tushuncha hosil qiluvchi belgilar qo‘shiladi. Natijada, unga nisbatan tur hisoblangan yangi tushuncha – “aylanma harakat” tushunchasi hosil bo‘ladi.
Chegaralash amalini davom ettirib, “Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi” tushunchasiga o‘tish mumkin. Demak, chegaralash davomida hosil bo‘lgan har bir yangi tushuncha avvalgisiga nisbatan tur tushuncha bo‘ladi. Chegaralash amali yakka tushuncha hosil bo‘lguncha davom ettirilishi mumkin. Chunki yakka tushunchaga nisbatan tur bo‘lgan tushuncha yo‘q.
Tushunchani chegaralash amalining tuzilmasi quyidagicha:
A – Harakat,
B – Mexanik harakat,
C – Aylanma harakat,
D – Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |