Ta’riflashga o‘xshash mantiqiy usullar
Bilish jarayonida ta’riflashga o‘xshash usullar ham ishlatiladi. Ulardan tushunchani ta’riflashning yuqorida biz ko‘rib chiqqan turlarini qo‘llash mumkin bo‘lmay qolganda yoki unga zaruriyat bo‘lmaganda foydalaniladi:
a) ta’riflashga o‘xshash usullardan biri tushunchani unga qarama-qarshi bo‘lgan tushuncha orqali ta’riflashdir. Bu usul bilan, odatda, kategoriyalar mazmuni ochib beriladi. Masalan, “Ong materiya’ning miyamizdagi in’ikosidir”;
b) tasvirlashda tushunchaning mazmuni u aks ettiruvchi predmetning ba’zi tashqi belgilarini ko‘rsatish orqali aniqlanadi. Badiiy asarlarda tabiat manzaralarini, personajlarning portretlarini chizish, sodir bo‘lgan birorta voqeaning bayon etilishi tasvirlashga misol bo‘ladi;
c) tavsiflash yordamida predmetning ba’zi bir munosabatdagi muhim tur belgilari ko‘rsatiladi. Bunga misol qilib birorta shaxsga berilgan tavsifnomani ko‘rsatish mumkin.
Tafovutlash, ostensiv ta’riflash kabi usullar ham mavjuddir.
Ta’riflash bilishda katta ahamiyatga egadir. U qisqa holda predmet haqida yaxlit fikr, tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Lekin predmet haqida fikr yuritganda u bilan cheklanib qolish mumkin emas. U, albatta, bilish jarayonida boshqa bilimlar yordamida konkretlashtirilishi, chuqurlashtirilishi zarur. Ana shundagina tushuncha ifoda etuvchi predmet haqidagi tasavvur aniq, to‘laroq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |