O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi akadem I ya


Download 1.37 Mb.
Pdf ko'rish
bet96/118
Sana22.04.2023
Hajmi1.37 Mb.
#1379350
1   ...   92   93   94   95   96   97   98   99   ...   118
Bog'liq
da04d134979737f69d2d940650125ae3 Davlat huquq tarixi

Qurolli Kuchlar. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-
moddasida belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari 
O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitli-
gini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. 
Qurolli Kuchlarning tuzilishi qonun bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasini mudofaa qilish Qurolli Kuchlarning, 
iqtisodiyotning, aholining, hududning O‘zbekiston Respublikasi harbiy 
doktrinasiga muvofiq tajovuzni daf etishga doim tayyorligiga asoslanadi. 
O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasi Qurolli Kuchlar 
tuzilishida mudofaalanish kifoya qilarli darajada bo‘lishi qoidasiga amal 
qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari: 1) quruqlikdagi qo‘shin-
lar; 2) harbiy-havo kuchlari; 3) 
havo hujumiga qarshi mudofaa 
qo‘shinlari; 4) maxsus qo‘shinlar; 5) harbiy qurilish-muhandislik qo‘shil-
malari; 6) milliy gvardiyadan tarkib topadi. Ularga kundalik rahbarlik 
qilish va boshqaruv Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. 
Qurolli Kuchlarni kadrlar bilan to‘ldirish O‘zbekiston Respublikasining 
«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonuniga 
binoan amalga oshiriladi. Qo‘shinlarning kundalik hayoti va ichki tartib-
intizomi Qurolli Kuchlar Nizomlari asosida tartibga solinadi.
«O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risi-
da»gi qonunda (1991-yil 31-avgust) yuqoridagi maqsadlardan kelib 
chiqib, Milliy gvardiyani tashkil etish va Mudofaa ishlari vazirligini ta’sis 
etish zarurligi ta’kidlangan edi. Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi 
Qurolli Kuchlarini tuzish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 6-sentabrdagi far-
moni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tashkil 
qilindi. Respublika Hukumatining 1991-yil 25-oktabrdagi qaroriga 
muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining huquqiy 


 291
maqomi, tashkiliy tizimi va tuzilishi hamda Nizomi tasdiqlandi. Ushbu 
Vazirlik mahalliy harbiy boshqaruv organlari, fuqaro mudofaasi shtabi va 
armiya safidan tashqari xizmat maxsus boshqarmasi negizida tashkil 
etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari vujudga kelishida 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi 
qarori alohida ahamiyat kasb etdi. Unga ko‘ra, sobiq Ittifoq Qurolli 
Kuchlarining respublikamiz hududida joylashgan barcha qismlari, harbiy 
o‘quv yurtlari, muassasa va tashkilotlari hamda boshqa harbiy tuzilmalari 
O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olindi. Shu tarzda O‘zbekiston 
Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida zamonaviy ma’rifiy 
davlatlarga xos demokratik, adolatli norma mustahkamlandi, ya’ni 
O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli 
darajada Qurolli Kuchlariga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi parlamenti tomonidan «Mudofaa to‘g‘risi-
da»gi qonunning qabul qilinishi (1992-yil 3-iyul) yuqoridagi konstitut-
siyaviy normani konkretlashtirishda, Qurolli Kuchlarni shakllantirilishi, 
mustahkamlanishi va boshqaruvini takomillashtirishda muhim ahamiyat-
ga ega bo‘ldi. Shuningdek, 1992-yil iyulda «Umumiy harbiy majburiyat 
va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi hamda «Muqobil xizmat to‘g‘risida»gi 
qonunlar qabul qilindi.
Qurolli Kuchlarni mamlakat miqyosida joylashtirish Respublika Oliy 
Bosh Qo‘mondoni (ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti) 
rahbarligida Mudofaa vazirligi, uning Bosh shtabi tomonidan O‘zbekiston 
Respublikasi hududini, chegaralarini, havo chegaralarini ishonchli 
himoya qilinishini nazarda tutuvchi strategik reja, harbiy doktrina 
talablari, strategik va operativ rejalar asosida, shuningdek qo‘shinlarni 
jang oldidan safarbar etib joylashtirish rejalari asosida amalga oshiriladi. 
Qurolli Kuchlarni tuzish «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy 
xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga 
oshiriladi. Qurolli Kuchlarni tuzish harbiy xizmatga shu hududdan va 
hudud tashqarisidan chaqirishni uyg‘unlashtirgan holda olib boriladi. 
Armiyani saqlab turish, moliyaviy, moddiy-texnikaviy ta’minlash 
davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi. Mudofaaga ajratiladigan 
mablag‘lar miqdori har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
tomonidan tasdiqlanadi. Soliq qonunchiligiga muvofiq Qurolli Kuchlar 
tizimi xodimlari daromad solig‘iga tortilmaydilar. Shuningdek, mudofaa 
ehtiyojlari uchun davlat buyumlarini bajarish soliqni kamaytirish yoki 


 292
undan ozod qilish, kredit berish va boshqa imtiyozlar bilan 
rag‘batlantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini boshqarish respublika 
Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 16-bandiga 
muvofiq, Prezident Respublika Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh 
qo‘mondoni hisoblanadi.
Mamlakat mudofaasiga oid ishlarni tashkil etish, Qurolli Kuchlarning 
harbiy tayyorgarlik va moddiy-texnikaviy sohasidagi ehtiyojlarini 
ta’minlash masalalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 
ham muayyan vakolatlarga ega. 
O‘zbekistonning xavfsizligi va ishonchli mudofaasini ta’minlashda 
1997-yil 29-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizligi 
konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun muhim qadam bo‘ldi. 
Konsepsiyada diniy ekstremizm, millatlararo va etnik ziddiyatlarning 
kuchayishi, qurollarning, jumladan yadro qurolining tarqalishi, xalqaro 
terrorizm, uyushgan jinoyatchilikning avj olishi, narkotik moddalarning 
tarqalishi hamda ekologik tanazzul ko‘rinishidagi mintaqaviy va yalpi 
tahdid mavjudligi ta’kidlangan. 
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi tashkil topishi bilan davr ruhiga 
mos bo‘lgan demokratik davlat va huquqiy tizim shakllandi. Diyorimizda 
davlat va huquqning shakllanish hamda rivojlanish tarixini xolisona va 
har tomonlama ilmiy tahlil qilish, uning natijasi o‘laroq obyektiv 
xulosalar chiqarish va chuqur o‘rganish orqali yosh avlodni Vatanga 
muhabbat, xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalash, siyosiy-huquqiy tariximiz 
yutuqlaridan mustaqil o‘zbek davlatchiligi va uning huquq tizimini 
takomillashtirishda foydalanish tarixda uchragan kamchiliklarning 
takrorlanmaslik choralarini ko‘rish, qolaversa, boy va betakror tariximizni 
jahon jamoatchiligi nigohida namoyish qilish bugungi kundagi alohida 
ahamiyatga molik ishdir. 

Download 1.37 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   92   93   94   95   96   97   98   99   ...   118




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling