O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi
§. Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekiston hududida davlat va huquq
Download 431.45 Kb.
|
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev
- Bu sahifa navigatsiya:
- III BOB. QADIMGI SHARQ, YUNONISTON VA RIM DAVLATI VA HUQUQI
§. Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekiston hududida davlat va huquqTarixda Kushon podsholigi nomi bilan o‘chmas iz qoldirgan yirik davlatning paydo bo‘lishi Xitoy manbalarida yuechjilar nomi bilan yuritilgan massaget qabilalari bilan bog‘liq. Miloddan avvalgi ikkinchi asr o‘rtalarida inqirozga yuz tutgan Yunon-Baqtriya davlatining kuchsizligidan foydalangan yuechjilar miloddan avvalgi 140-yilda So‘g‘d yerlari orqali Baqtriyaga hujum qiladilar va Shimoliy Baqtriyani ishg‘ol qiladilar. Ular ushbu hududda bir asr mobaynida yashaganlar. Yuechjilar beshta qabiladan iborat bo‘lib, ular orasida Guyshuan (Kushon) qabilasi o‘z mavqei bilan boshqalardan ajralib turgan. Milodning birinchi asri boshlarida kushon qabilasi mavqei yanada kuchayib, boshqa qabilalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan. Shu vaqtdan e’tiboran Kushon podsholigi tashkil topgan. Eramizning birinchi asri birinchi choragiga kelib mavjud podsholiklar orasida Kushon podsholigi alohida o‘rin tuta boshlaydi. Keyinchalik bu podsholik qariyb butun O‘rta Osiyoni o‘z ichiga olgan yirik imperiyaga aylandi. Uning tarkibiga Baqtriya, So‘g‘diyona, Marg‘iyona, Hindistonning shimoliy qismi kirgan. Shuningdek, So‘g‘diyona orqali Farg‘ona, Sharqiy Turkiston ham Kushonlar saltanatiga bo‘ysungan. Kushonlar shimolda Shosh, sharqda Sharqiy Turkiston, g‘arbda Eron, janubda Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududni birlashtirishga erishganlar. Uning poytaxti dastlab (So‘g‘diyona) Kattaqo‘rg‘onda bo‘lgan, keyinchalik poytaxt Hindistonga ko‘chirilgan. Kushon podsholigida sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo, fan va madaniyat, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar rivojlanganligi haqida ko‘pgina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Afsuski, bizgacha bu davlatning boshqarish tizimi, ichki ma’muriy tuzilishi, huquq manbalari haqidagi ma’lumotlar to‘liq yetib kelmagan. Ba’zi bir manbalarda Kushon davlatida kuchli markaziy davlat apparati tashkil etilganligi, uning tepasida podsho turgani, ma’muriy-hududiy jihatdan viloyatlarga bo‘linganligi, pul va din sohalarida islohotlar o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi. Tarixchi olim Azamat Ziyoning yozishicha, «Saltanatga asos solinganidan so‘ng mintaqa uchun an’anaviy satrapiyalar tizimidan keng foydalana boshlangan. Satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishon- chini qozongan, chamasi o‘z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan. Shu bilan birga, satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik ko‘rsatgan lashkarboshilar ham lozim topilgan. Umuman olganda esa satraplar baqtriyaliklar orasidan bo‘lishi shart bo‘lgan»1. Shuningdek, adabiyotlarda Kushon podsholigining asosiy tayanchi harbiy qo‘shin bo‘lib, lashkarlarning umumiy soni 150–200 ming atrofida bo‘lgani, qo‘shin otliq va piyodalardan tashkil topgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ayrim manbalarda qayd qilinishicha, davlat boshlig‘i mamlakatni boshqarishda ko‘p tarmoqli davlat apparatiga tayangan davlat organlarida turli unvonlar va darajalarga ega mansabdorlar xizmat qilgan, «buyuk satrap», «oddiy satrap», «chegara boshliqlari» kabi unvonlar bo‘lgan, shaharlar podshohning noiblari tomonidan boshqarilgan. 1 Asamam 5uë. Ys6ek Дabuatumumfm tapmxm: (3hf yaДmmfm ДabpДah Poccmr 6ocymhmfa yaДap). –T., 2000. – b. 67. Kushon podsholigi, Rim imperiyasi va Sosoniylar davlati o‘rtasidagi munosabatlarning beqarorligi kuchlar nisbatining Sosoniylar foydasiga hal bo‘lishiga olib keldi. IV asrning 70–80-yillarida Kushon podsholigining g‘arbiy qismi Sosoniylar tomonidan bosib olinadi va Shimoliy Hindistondagi Kushan Gupta davlati tarkibiga qo‘shib olindi. O‘rta Osiyo hududida kichik-kichik davlatlar tashkil topdi. Bular Panjakentdan Karmanagacha bo‘lgan hududdagi So‘g‘d davlati, Zarafshon vodiysining g‘arbidagi Buxoro boshchiligidagi shahar davlatlar ittifoqi, Samarqand yaqinidagi Maymurg‘, Ishtixon va Kushaniya davlatlari, Farg‘onadagi shahar-davlatlar ittifoqi edi. Bu davlatlarda butun hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘plagan podsho boshchilik qilgan. Podshohning shaxsi ilohiylashtirilgan bo‘lib, hokimiyat unga xudo tomonidan ato etilgan degan tasavvur keng tarqalgan. Podshoh huzurida oqsoqollar kengashi bo‘lgan. Shahar-davlatlari boshliqlari o‘z tanga pulini zarb etish huquqiga ega bo‘lgan. Shahar davlatlar otliq qo‘shin va qullardan tashkil topgan qurolli bo‘linmalarga ega bo‘lgan. Aytish kerakki, Kushon podsholigi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan davlatlardan biri bo‘lib, tarixning ochilmagan bu qirrasi o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Gap shundaki, qariyb 400 yil umr ko‘rgan, ulkan hududda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Kushon podsholigi o‘z davri uchun mukammal, kuchli markazlashgan davlat organlari tizimi, huquq manbalariga ega bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Chunki ulkan hududni boshqarish, o‘sha davrdagi murakkab jarayonlardagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tegishli siyosiy-huquqiy institutlarsiz amri mahol edi.
Eftalitlar davlatining tuzilishi, markaziy va mahalliy davlat organlari, sudi va harbiy qo‘shini haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Ixtiyorimizda bo‘lgan manbalardagi ayrim ma’lumotlarga tayangan holda eftalitlar davlat tuzumi va huquqi haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Vizantiyalik tarixchi Prokopiyning (VI asr) yozishicha, «Eftalitlarni bir shoh boshqargan, ular qonuniy davlatga ega bo‘lganlar va o‘zlari bilan qo‘shnilari o‘rtasida romeylar (vizantiyaliklar) va Forslarda mavjud bo‘lgan adolatdan zarracha kam bo‘lmagan adolatga amal qilganlar»1. Xitoy manbalarida qayd qilinishicha, Eftalitlar davlatida taxt otadan bolaga o‘tmagan, shu suloladan kim davlat boshlig‘i lavozimiga loyiq topilsa, o‘sha kishi taxtni egallagan. Aynan kimning ushbu lavozimga loyiqligini aniqlash vakolatiga maxsus kengash ega bo‘lgan. Prokopiyning guvohlik berishicha, eftalitlar davlatni qonunlar asosida boshqarganlar. Ba’zi manbalarda qayd qilinishicha, eftalitlar davlatida podsho hokimiyati unchalik kuchli bo‘lmasdan, mahalliy hokimlarning mavqei yuqori bo‘lgan. Joylarda hokimiyat yirik yer egalari qo‘lida bo‘lib, ular katta mulkka, qal’a va harbiy qo‘shinga ega edi. Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida shaharlarning o‘rni katta bo‘lgan. Vizantiya hukmdori Yustin II ning «Eftalitlar shaharda yashaydilarmi yoki qishloqdami» degan savoliga ashinaliylarning elchisi «A’lo hazrat, ular shaharlik sulolalardan»2, degan javobi fikrimiz dalilidir. Eftalitlar davlatida yirik shaharlar hokimlar tomonidan boshqarilgan. Ushbu hokimlar ham o‘z harbiy kuchlariga, o‘z tangalarini zarb qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Ichki savdo munosabatlarida tangalar ayirboshlash vositasi vazifasini bajargan. Eftalitlar kuchli harbiy qo‘shinga ega bo‘lishgan, qo‘shinning asosiy qismini otliq lashkar tashkil qilgan. Ayrim manbalarda yozilishicha, eftaliylar davlatida jinoyat sodir qilganlik uchun qattiq jazo choralari qo‘llanilgan. Masalan, o‘g‘irlik uchun bo‘ynini kesib qatl etish yoki o‘g‘irlab ketgan mulkni o‘n barobar miqdorida undirib berish jazosi qo‘llanilgan. Asta-sekinlik bilan markaziy hokimiyatning kuchsizlanishi, mahalliy hokimlarning mustaqillikka intilishining kuchayishi va ular o‘rtasidagi raqobat VI asrning o‘rtalariga kelib Eftalitlar davlatining yemirila boshlashiga olib keldi. VI asr o‘rtalariga kelib Oltoy, Yettisuv va Markaziy Osiyodagi turli qabila va xalqlarni birlashtiruvchi, katta davlat – Turk hoqonligi tashkil topadi. Hozirgi O‘zbekiston hududi Turk hoqonligi tomonidan bosib olinadi. Keyinchalik hoqonlik hududi Xitoy va Mo‘g‘ilistonning bir qismi hisobiga yanada kengaytirildi.
VI asrning oxirgi choragida Turk xoqonligi davlatga asos solgan sulola namoyandalari o‘rtasidagi (asoschilar va davlat hududining kengayishida ulkan hissa qo‘shgan Ashina sulolasi namoyandalari – Bo‘min (Tuman), uning kichik o‘g‘li Mug‘anxon) kurash natijasida poytaxti Mongoliyada bo‘lgan Sharqiy Turk xoqonligi va markazi Yettisuvda bo‘lgan G‘arbiy Turk xoqonligiga bo‘linadi. O‘zbekiston hududi G‘arbiy Turk xoqonligi tarkibida bo‘lgan. Turk xoqonligida hokimiyat tepasida urug‘, qabila boshliqlari qurultoyida saylanadigan xoqon turgan. Uning huzurida qabila, urug‘ boshliqlaridan iborat kengash bo‘lib, unda davlat ahamiyatiga molik masalalar muhokama qilinib tegishli qarorlar qabul qilingan. Bundan tashqari, davlat hayotida xoqon maslahatchilari, o‘lkalar hokimi, davlat arboblarining roli katta bo‘lgan. O‘lkalarda hokimiyat hokimlar qo‘lida to‘plangan. Hokimlik lavozimini o‘lkalardagi hukmron sulolalar vakillari egallagan. Hokimlarning bir necha muovinlari bo‘lgan. Har bir hokim huzurida hisob-kitob ishlarini olib boruvchilar, soliq yig‘uvchilar, qo‘riqchilar va boshqalardan iborat apparat bo‘lgan. Xoqon va alohida o‘lkalarning hokimlari otliqlar va piyodalardan iborat shaxsiy gvardiyasiga ega bo‘lganlar. Turk xoqonligi davlati O‘rta Osiyo hududlarining arablar tomonidan bosib olinishi bilan tugatildi. Xoqon hokimiyati meros tariqasida o‘tgan. Xitoy manbalariga ko‘ra, ota doimo o‘z o‘g‘liga taxtni meros tariqasida qoldiravermay, balki undan kattaroq turgan qarindoshlariga qoldirishi lozim bo‘lgan. Bundan tashqari, shunday hollar bo‘lganki, taxt sohibini ulus oqsoqollari tayinlagan. Manbalarda xoqon tayinlashning alohida tartibi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, Xitoy manbalarida yozilishicha, yirik amaldorlar taxt vorisini kigizga o‘tqazib, quyosh harakati asosida, ya’ni sharqdan g‘arbga tomon to‘qqiz marta doira bo‘ylab aylantirganlar. To‘qqiz soni turkiy tilli xalqlarda aziz hisoblanadi. Har bir aylanishda marosimda ishtirok etuvchilar xoqonga ta’zim qilganlar va bu bilan o‘z itoatkorliklarini anglatganlar. Shundan so‘ng uni otga mindirib bo‘yni uzra ipak mato qattiq siqqanlar darhol bo‘shatib, undan necha yil hukmdor bo‘lishi haqida so‘raganlar. U necha yil xon bo‘lishini aytgan, shu muddat tugagandan keyin taxtdan ketgan. Tarixiy manbalarda Turk xoqonligining markaziy va mahalliy davlat organlarida xizmat qilgan ba’zi mansabdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, davlat boshqaruvida xoqondan keyin turuvchi mansabdor shaxs «Yabg‘u» (Bahodir) bo‘lgan (masalan, Istami yabg‘u). Ammo yabg‘u taxtga merosxo‘rlik qila olmagan. Taxt vorisi «tegin» (shahzoda) deb atalgan. «Tudun» unvoni hukmdorning joylardagi noiblariga berilgan. Ular mahalliy hokimlar siyosatini, boj, soliq ishlarini nazorat qilganlar. Xitoy manbalarida Sharqiy turk xoqonligining quyidagi mansabdor shaxslari haqida ma’lumotlar keltiriladi: oliy martabalar orasida eng ulug‘i shexu (jabg‘u), keyin dele, uchinchisi esa silifa, to‘rtinchisi tumafa, (qolgan) kichikroq darajadagi mansablarda 20 kishi band. Ularning mansablari merosiydir... Qo‘riqchilarni esa fuli (bo‘ri) deb ataydilar. Turk xoqonligida, keyinchalik G‘arbiy Turk xoqonligida markaziy davlat hokimiyat va boshqaruv organlari ulkan hududda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, davlat soliq siyosatini amalga oshirish, mamlakatni tashqi dushmanlardan mudofaa qilish, ichki va tashqi savdoni rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish, mahalliy davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vazifalarni bajarganlar. Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda, ya’ni arablar hukmronligi o‘rnatilgan davrga qadar O‘zbekiston hududida amal qilgan huquq manbalariga oid ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan tarixiy huquqiy manbalar bizgacha juda kam yetib kelgan yoki deyarli yetib kelmagan. Xususan, 1932–1933-yillarda Mug‘ tog‘idan topilgan So‘g‘d hujjatlari mavjud bo‘lib, u O‘zbekiston hududida amal qilgan 80 ta muhim tarixiy huquqiy hujjatlardan hisoblanadi. Ular orasida oila, nikoh, mulk huquqi, ijaraga berish, meros qoldirish bilan bog‘liq hujjatlar bor. Masalan, yerni sotish to‘g‘risidagi hujjatda shartnoma obyekti qayerda joylashgani, miqdori, oluvchi va sotuvchilar nomi, yerni sotib olgan shaxslarning yerdan foydalanish huquqi, shartnoma tuzishda ishtirok etgan shaxslar ko‘rsatilgan. Tegirmonni ijaraga berish haqidagi shartnomada uning joylashgan joyi, uni aylantiruvchi ariqlar, asbob-anjomlari, ijara muddati, sharti, ijaraga beruvchi va oluvchi, ularning huquq va majburiyatlari, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik, shartnoma tuzish vaqtida qatnashgan guvohlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilgan. Hujjatlar orasida nikoh tuzish shartnomasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatlar qadim va ilk o‘rta asrlardagi O‘zbekiston xalqlarining oila-nikoh va shu bilan bog‘liq mulkchilik va boshqa ijtimoiy munosabatlari haqida hikoya qiluvchi muhim yodgorlikdir. Har ikki hujjat o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, birida turk zodagoni Uttakinning so‘g‘d ayoli bo‘lmish Dug‘dg‘unchaga uylanishi rasmiylashtirilsa, ikkinchisida kuyov Uttakinning Dug‘dg‘unchani turmushga berayotgan homiy otaxoni Navekat shahrining (Yettisuv viloyatidagi qadimgi shahar) hokimi Cher oldidagi majburiyatlari bayon etilgan. Har ikkala hujjatning ilk o‘rta asr yuridik hujjati sifatidagi xususiyatlari mavjud deyish mumkin. Masalan, nikoh bitimi matnida: hujjat sanasi, kirish formulasi, ahdlashuvchi tomonlarning nomma-nom ta’kidlanishi; er-xotin bo‘lgach Uttakin va Dug‘dg‘unchaning birga yashashini ta’minlovchi shartlar bayoni, erga yuklangan majburiyatlar, xotin zimmasidagi vazifalar, erning o‘z majburiyatlarini bajargani chog‘ida xotin oldidagi javobgarligi; er tomonidan nikoh buzilgan holda xotinning mulkiy ta’minoti va erning boshqaga uylanish huquqi, nikoh xotin tomonidan buzilgan taqdirda erning mulkiy ta’minoti va xotinning boshqa er qilish huquqi; nikoh buzilgach xotin va uning bolalari erning sodir qilishi mumkin bo‘lgan jinoyati uchun, uning qullik va boshqa ijtimoiy tobe ahvolga tushib qolishi uchun javobgarlikdan ozod qilinishi; xotinning aybi bilan nikoh buzilsa er va uning bolalari xuddi shu kabi javobgarlik hamda tovonlardan ozod bo‘lishi; nikoh buzilgandan so‘ng har ikki tomon o‘zaro bir-birining taqdiri uchun javobgar emasligi haqida yana bir maxsus ta’kid; oxirgi bandda esa hujjatning qayerda tuzilgani, mansabdor shaxs, guvohlar va kotibning nomi aks etgan. Kuyovning majburiyatlari to‘g‘risidagi ikkinchi hujjatda ham xuddi shu kabi qator bandlar ko‘zda tutilgan: hujjat sanasi, kuyovning rasmiy majburiyatlari; turmushga uzatilayotgan qizning homiy otasi oldida kuyovning majburiyatlarini ifodalovchi bandlar; xotinni sotmaslik, boshqa yo‘l bilan uni qullik holatiga tushirmaslik, zodagonlik martabasidan mahrum etmaslik, agar xotin, kim tomonidan bo‘lmasin, tahqirlangan taqdirda ham uni homiy otaxoniga qaytarish; er yoki xotin tomonidan nikoh buzilgan taqdirda xotinni homiy otaxoniga qaytarish. Agar xotin o‘z homiy otaxoniga qaytarilmagan taqdirda ham kuyov to‘lashi lozim bo‘lgan tovonni, homiy otaxonning kuyov yoki uning vakilidan mazkur tovonni undirib olish huquqi; butun xonadon, jamoaning, hatto xonadon mehmonlarining ham kuyov majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat qilish vazifalari; hujjatning tuzilgan joyi, mansabdor shaxs, guvohlar ro‘yxati va kotibning nomi – bular barchasi har ikkala hujjatning uzoq va chuqur an’anaga ega bo‘lgan yuridik ish hujjatlarining o‘rta asrlardagi mukammal namunasi ekanidan dalolat beradi. O‘zbekiston hududida huquq tarixini o‘rganishda muhim man- balardan yana bir turkumi – turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, urf-odatlari va qoidalari aks ettirilgan turli yodnomalar hisoblanadi. Ularda turkiylarning yurtni boshqarish, vorislik, taxtni egallash, mansab darajalari, xalq oldida xonlar va beklarning majburiyatlari, xoqonlarning huquqiy vakolat doiralari, adolat yuzasidan ish ko‘rishlari lozimligi, askarlik xizmati tartib-qoidalari, oila huquqi, uning axloqiy mezonlari, ayollar huquqini himoya qilish kabi holatlar o‘z aksini topgan. Shunday qilib, O‘zbekiston hududida qadimgi huquqiy manbalar o‘zining uzoq o‘tmishiga ega bo‘lib, ular orqali o‘sha davr ijtimoiy munosabatlari huquqiy tartibga solingan.
Download 431.45 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling