O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi
§. Davlat va huquq tarixi fanining ijtimoiy va yuridik fanlar bilan aloqadorligi
Download 431.45 Kb.
|
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev
§. Davlat va huquq tarixi fanining ijtimoiy va yuridik fanlar bilan aloqadorligiDavlat va huquq tarixi fanida davlat va huquq tuzilmalari yaxlit holda o‘rganiladi. Davlat va huquq tarixi bir-biri bilan uzviy bog‘liq va o‘zaro aloqadordir. Shu nuqtai nazardan davlat va huquq tarixi fani yuridik fanlarning muhim poydevori bo‘lib hisoblanadi. Davlat va huquq tarixi keng tarixiy va daliliy materiallarga asoslanib, bu materiallarni umumlashtirib va sintez qilib, muayyan hududda davlat va huquqning vujudga kelishini, ularning mohiyati, mazmuni va shakllarini, davlat va huquqning turli rivojlanish bosqichidagi o‘ziga xos tomonlarini; huquqiy manbalarning paydo bo‘lishi, tuzilishi, amal qilishi, qo‘llanilishi, ularda mustahkamlangan huquq sohalari va institutlarining mohiyati va shu singari xususiyatlarni ochib beradi. Davlat va huquq tarixi fani o‘rganadigan masalalar yuridik fanlar tizimida markaziy o‘rinni egallaydi. Yuqorida keltirilgan holatlar davlat va huquq nazariyasi fani uchun ham taalluqlidir. Shu jihatdan davlat va huquq tarixi fani davlat va huquq nazariyasi fani bilan chambarchas bog‘liq. Ma’lumki, davlat va huquq nazariyasi ham davlat va huquqning rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi. Lekin davlat va huquq nazariyasi mantiqiy uslub yordamida tarixiy jarayonni abstrakt shaklda, har qanday tasodiflardan holi tarzda aks ettiradi. U o‘zining umumiy huquqiy tushunchalari va kategoriyalari tizimini ishlab chiqadi. Bunday ilmiy kategoriya va tushunchalardan boshqa yuridik fanlar qatori davlat va huquq tarixi fani ham keng foydalanadi. Davlat va huquq tarixi davlat va huquq nazariyasidan farqli ravishda, davlat-huquqiy institutlar va hodisalarni xronologik izchillikda ma’lum tarixiy muhitda rivojlanishining muhim jarayonlarni o‘rganadi. Davlat- huquqiy jarayonlarni makon va zamonda belgilangan tarzda tekshiradi va muayyan tarixiy qonuniyatlarni aniqlaydi. Davlat va huquq nazariyasi tarixiy-huquqiy izlanishlarning ilmiy natijalariga tayanib, davlat va huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi va harakat qilishining eng umumiy qonuniyatlarini ochib beradi va izohlaydi. Davlat va huquq tarixi fani xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi fani bilan ham chambarchas bog‘liq. Ularning har ikkisi ham tarixiy-huquqiy fan oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etadi, lekin o‘rganadigan masalalari doirasi bo‘yicha bir-biridan farq qiladi. Davlat va huquq tarixi o‘z predmeti doirasida xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixini ham o‘rganadi. Davlat va huquq tarixi, shuningdek, umumiy tarix, falsafa, iqtisod nazariyasi, mantiq kabi ijtimoiy fanlar bilan ham yaqin aloqadorlikda ish ko‘radi. Falsafa insonlarni tabiat va jamiyatga qarashlar tizimi bilan qurollantiradi. U tabiat, jamiyat va tafakkurdagi hodisa va jarayonlar rivojlanishining eng umumiy qonuniyatlarini ochadi. Bu fan ularning rivojlanishidagi eng umumiy qonuniyatlarni tushuntiradi. Falsafaning ijtimoiy ongning materiyaga va borliqqa munosabati, bazis va ustqurmaning bir-biriga munosabati, ustqurmaning faol, ko‘makchilik roli to‘g‘risidagi va boshqa xulosalari davlat va huquq tarixiga bevosita taalluqlidir. Falsafa davlat va huquqni umumiy tarzda, ijtimoiy kategoriya sifatida ko‘rib chiqadi. Davlat va huquq tarixi fani, o‘z navbatida, jamiyat iqtisodiy qonun- larining amal qilishini hamda moddiy ishlab chiqarishni rivojlantirish qonuniyatlarini o‘rganuvchi iqtisod nazariyasi bilan ham yaqindan aloqadordir. Moddiy hayot sharoitlari davlat va huquqni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Iqtisodiyot nazariyasi jamiyatning moddiy negizini o‘rgansa, davlat va huquq tarixi fani iqtisodiy bazisdan kelib chiqadigan davlat va huquqni o‘rganadi. Davlat va huquq tarixi mantiq fani bilan ham chambarchas bog‘liq. Chunki, davlat va huquqning kelib chiqishi va rivojlanishi, ularning bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tishi singari qonuniyatlar mantiq qoidalariga bo‘ysunadi. Shu o‘rinda davlat va huquq tarixi fanining arxeologiya va semantika fanlari bilan bo‘lgan aloqasini ham alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Davlat va huquq tarixi mazkur fanlar bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar, arxeologik tadqiqotlar natijasida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladi va ularni tarixiy-huquqiy jihatdan tahlil qiladi. O‘zbek milliy davlatchiligini barpo etish va mustahkamlash, huquqiy demokratik, insonparvar jamiyat barpo etish, xalqning o‘zini o‘zi boshqarishga o‘tish milliy davlatchilik va huquq tarixini o‘rganish bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy va yuridik fanlar bilan chambarchas aloqador bo‘lgan davlat va huquq tarixi fani Butun dunyo mamlakatlari davlati va huquqi tarixi, jumladan O‘zbekistonda qadim zamonlardan mavjud bo‘lib kelgan davlatlarning tashkil topishi va taraqqiy etishi, ijtimoiy-siyosiy tuzumining o‘ziga xos xususiyatlari, boshqaruv tizimlari va an’analari, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq normalari, huquq tizimi va manbalarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Davlat va huquq tarixi fani o‘tmishda jahonda, shuningdek O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlat tuzilmalari va huquqiy institutlar haqida zaruriy bilimlarni hosil etish orqali huquqiy tafakkur va huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda yuksaltirishga bevosita xizmat qiladi.
Download 431.45 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling