O‘zbekiston respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi тошкент давлат миллий рақс ва хореография олий мактаби хореография санъати факультети


Download 1.55 Mb.
bet6/18
Sana11.10.2020
Hajmi1.55 Mb.
#133345
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
Касбий педагогика мажмуа1


Fransiya ta’lim tizimi. Fransiya ta’lim tizimi ham qadimiy va boy tarixga ega. Bu mamlakatda “Ta’lim haqida”gi Qonun dastlab 1955-yili qabul qilinib, 1975-yilda unga qator o‘zgarishlar kiritilgan.

Fransiya davlatining hozirgi kunda amal qilinayotgan “Ta’lim haqida”gi Qonuni 1989-yil 10 iyulda qabul qilingan bo‘lib, uning o‘zgartirilishiga ta’lim strategiyasida ro‘y bergan o‘zgarishlar, mamlakatning ichki, tashqi siyosatdagi islohatlar, yuzaga kelgan iqtisodiy sharoitlar, chet el pedagogikasidagi tlg‘or tajribalarning mamlakat ta’lim tizimlariga kirib kelishi, o‘quv predmetlarining integrasiyalari va boshqalar sabab bo‘ladi.

Fransiya ta’limning asosiy maqsadi shaxsning har tomonlama kamol topishini ta’minlash, uni mustaqil faoliyatga tayyorlash, bozor munosabatlari sharoitida o‘quvchilarni tadbirkorlikka, ishbilarmonlik va omilkorlikka o‘rgatish, shunga yarasha kasb – korga ega qilishdan iboratdir. Bu yerda:

1. Davlat maktablari;

2. Xususiy maktablar;

3. Oraliq maktablari mavjud.

O‘qitiladigan predmetlar ichida fransuz tili va adabiyoti, o‘qish va yozuv alohida ahamiyatga molik. Ular uchun dars vaqtining 30% ajratiladi. O‘rtacha haftalik soatlar 26 soatdan iborat, darsning davomiyligi 60 minut. O‘quv yili 5 chorakka bo‘linadi. Fransuz maktablari boshlang‘ich sinflarida o‘qish yertalab va tushdan keyingi qismlarga bo‘linadi. Yertalab o‘quvchilar ona tilidan, tushdan keyin esa matematika va boshqa predmetlardani saboq oladilar. Matematika, ona tili va adabiyoti baza predmeti, tarix, geografiya, mehnat, jismoniy tarbiya predmetlari esa rivojlantiruvchi predmetlar hisoblanadi.

Fransuz ta’limida bolalarni go‘daklik chog‘idayoq maktabda o‘qitish uchun tayyor holda olib kelish g‘oyat muhim masala hisoblanadi. Bu bosqichda tarbiyalanuvchilar quyidagicha tabaqalashtirilgan: kichik guruh (2-4 yosh), o‘rta guruh (4-5 yosh), katta guruh (5-6 yosh). Maktabga tayyolov guruhi (5-6 yosh) bo‘lib, ularga Fransiyada 100 % shu yoshdagi bolalar qamrab olingan. Bolalarni maktabga tayyorlash uchun alohida dastur va darsliklar mavjud.

Fransiyada boshlang‘ich ta’lim maktablariga 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar jalb qilinadilar. Boshlang‘ich maktab bepul va majburiy. Uning vazifasi o‘qish, yozish, hisoblash malakasini berishdir. O‘quv mashg‘ulotlari ertalab soat 9 dan 12 gacha, hamda soat 14 dan 16 gacha 5 soat davom etadi. Maktabda ovqatlanish pullik, lekin juda arzonlashtirilgan narxlarda. Boshlang‘ich sinflarda o‘qish uch bosqichda amalga oshiriladi:

1. Tayyorlov bosqichi;

2. Elementlar kurs (bu bosqich ikki yil davom etadi);

3. Chuqurlashtirilgan bosqich.

Dasturlarda o‘quv predmetlarining barchasiga uch bosqich bo‘yicha aniq, alohida – alohida talablar qo‘yiladi.

1990 – yildagi hukumat qarorida bolalarni bilimiga, qobiliyatiga qarab dars jadvalini tabaqalashtirgan holda tuzish huquqi berildi.

O‘quvchilar 11 yoshda boshlang‘ich maktabni tugallab o‘rta maktabga o‘tadilar. O‘rta ta’lim esa kollejlar va litseylarga amalga oshiriladi. O‘rta ta’lim ikki bosqichda beriladi. Birinchi bosqich (11 yoshdan 15 yoshgacha) 4 yil bo‘lib, eng kichik sinf 6-sinf, 5-4 o‘rta sinf, 3-sinf esa katta sinf hisoblanadi. Demak sinflarni raqamlash yuqoridan pastga qarab amalga oshiriladi. 6-5 sinflar umumiy o‘rta ta’lim, 4-3 sinflar esa o‘quvchilarning moyilligiga qarab beriladi. Bu birinchi bosqichni tugatgach, o‘quvchilar kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha guvohnoma oladilar. So‘ngra ikkinchi bosqich boshlanadi. Bu bosqichda 15-18 yoshgacha bo‘lan bolalar ta’lim oladilar. Ular uch yil o‘qib bakalavr unvoni va diplomi uchun imtihon topshiradilar. Ana shunda diplom olgan o‘quvchilargina oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinish huquqiga ega bo‘ladilar. Fransiyada talabalar pedagogika, politexnika instituti, oliy ma’muriy maktablarga kirish uchingina imtihon topshiradilar. Bundan tashqari shu kasbga moyilligi ham alohida sinab ko‘riladi. Boshqa oliygohlarga va universitetlarga esa bakalavr diplomi bo‘lgan yoshlar imtihonsiz qabul qilinaveradi.

Oliy ta’lim universitetlarda uch turkumda amalga oshiriladi.

Birinchi turkum: umumiy bo‘lib, o‘qish muddati ikki yil davom etadi.

Ikkinchi turkum: o‘qish bir yil davom etadi. Talabalar uni magistr darajasi bilan yakunlaydi.

Uchinchi bosqich: o‘qish 1-2 yil davom etadi. Bu siklda:


  • biron bir predmetni chuqurlashtirib o‘rganilganligi haqida diplom 1 yil;

  • ixtisoslashtirilgan oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom 1 yil;

  • uchinchi turkum doktorlik dissertatsiyasi 1-2 yil;

  • davlat doktorlik dissertatsiyasi biron – bir sohani mukammal o‘rganib dissertatsiya yozish kabi hujjatlar olish mumkin.

Fransiyada oliy ma’lumot va ixtisos beruvchi oliy texnologik institutlar mindan ortiq. Ular odatda sanoat, maishiy xizmat ko‘rsatish, informatika mutaxassisliklariga ixtisoslashgan. O‘qish muddati 2 yil bo‘lib, sakkiz haftalik ishlab chiqarish amaliyotini ham ko‘zda tutadi.

Sirtqi ta’lim shaxobchalari juda keng bo‘lib, u 500 turdagi o‘rta, oliy professional ma’lumot berishni tavsiya eta oladi.

Fransiyada maktab rahbarligi lavozimiga erishmoq uchun ta’limga rabarlik qilishdan saboq beruvchi mazkur markazlarda o‘qiydilar. Bunday markazlarda ular rahbarlik qilish, maktab iqtisodiyotini boshqarish, ta’limdagi yuridik masalalar, qonunchilik, ota – onalar bilan ishlash, madaniy oqartuv ishlarini tashkil etish, jamoada psixologik muhitni barpo etish kabi jihatlarni o‘rganadi. O‘qishni yakunlagach, suhbatdan, test imtihonlaridan o‘tadilar. Direktor dars bermaydi. Uning ish faoliyatini ikki yil davomida diqqat bilan kuzatib boriladi. Shu ikki yil davomida maktab direktori talantli tashkilotchi, yetuk rahbar sifatida faoliyat ko‘rsata olmasa, u bu lavozimidan olib tashlanadi. Maktab ta’lim beruvchilariga qo‘yilgan talab Fransiyada o‘ta yuqori. Ayniqsa, boshlang‘ich maktablarda ta’lim beruvchi o‘z kasbini ustasi, ajoyib notiq, san’atkor, musiqachi, sportchi, tashkilotchi, namunali xulq – atvor egasi bo‘lmog‘i lozim.

Ta’lim beruvchilar o‘z nazariy – uslubiy malakalarini oshirishga ahamiyat beradilar. Malaka oshirish kurslaridan o‘tish uchun aniq muddat belgilab qo‘yilmagan. Ta’lim beruvchilar o‘z ixtiyorlari bilan test markazlarida imtihon topshiradilar.

Shu imtihonlar davrida ta’lim beruvchi faoliyatida ayrim nuqsonlar sezilib, malaka oshirishga ehtiyoj aniqlansa, o‘z vaqti va mablag‘lari hisobiga malaka oshiriladi.

Germaniyada ta’lim tizimi. Maktabgacha tarbiya tizimi Germaniya ta’lim tizimida ham muhim bosqich hisoblanadi. Uning 100 yildan ortiq tarixi bor. Bolalar bog‘chalari ta’limning quyi bosqichi hisoblansada, lekin u davlat tizimi tarkibiga kirmaydi. Bog‘chalarni maktab bilan ta’minlash turli jamoat tashkilotlari, hayoriya birlashmalari, korxonalar, xususiy shaxslar, diniy muassasalar zimmasidadir. Ota – onalar bolalar bog‘chalariga o‘z farzandlarini tarbiyalayotganliklari uchun ancha miqdorda pul to‘laydilar. 3 yoshdan 6 yoshgacha bolalarning 80% bog‘chalarga qatnaydi. Germaniyada odatda bolalar bog‘chada tushgacha tarbiyalanadilar. Kunning yarimda esa uyda,oilada bo‘ladilar. Bu mamlakatda kuni uzaytirilgan bog‘chalar ham bor.

Majburiy ta’lim 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tegishli, ya’ni bu jarayon 12 yil davom etadi. Bundan 9 yillik (ba’zi joylarda 10 yil) maktabda to‘la haftalik o‘qishda o‘qiydi. O‘qish davlat maktablarida tekin. Xususiy maktablar kam. O‘qish 6 yoshdan boshlanib 4 yil davom etadi (faqat Berlinda 6 yil). Boshlang‘ich maktabdan so‘ng o‘quvchilar yo‘nalish bosqichidagi maktabga o‘tadilar. Bu yerda 5-6 sinf bosqichidagi yo‘nalish maktablarda maxsus dastur asosida o‘qiydilar. Keyin navbatdagi maktab tipiga ko‘chadilar: bular – asosiy, maxsus maktab, real bilim yurtlari. Deyarli 30 % bola asosiy maktabga o‘tadi. 9 yoki 10 yillik o‘qish tugatilgandan keyin kasbiy tayyorgarlikka o‘tiladi. Maxsus maktablarda nuqsonga ega bo‘lgan bolalar o‘qiydi. Real bilim yurtlari asosiy maktab va yuqori bosqich maktabi o‘rtasida turadi. Qoidaga ko‘ra bu yerda o‘qish 6 yil davom etadi (5-16 sinfgacha) va to‘la o‘rta ma’lumot berish bilan tugallanadi. Bilim yurtini tugatganlar o‘rta maxsus o‘quv yurtiga yoki yuqori bosqichdagi hunar – texnika maktabiga kirib o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Germaniyada gimnaziyalar ham mavjud. Ular 5-13 sinflarni o‘z ichiga oladi. 11-13 sinflar oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash vazifasini ham bajaradi. Gimnaziyani bitirganlik haqidagi yetuklik attestati oliy o‘quv yurtida o‘qish imkonini beradi. Germaniya ta’lim tizimida hunar ta’limi muhim ahamiyatga ega, chunki yuqori malakali ishchilarga bo‘lgan talab kuchli. To‘liqsiz o‘rta maktablarni bitiruvchilarning 20 % hunar ta’limi tizimida bilim olishni davom ettiradilar. Aksariyat hollarda o‘qish muddati 3-3,5 yilni tashkil etadi. O‘qish uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi yili asosiy hunar ta’limi beriladi. Bunga o‘qitilayotgan kasbga taalluqli maxsus fanlardan nazariy asoslar berilib, yirik korxonalarda amaliyo mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ikkinchi yil davomida maxsus hunar ta’limi beriladi. O‘quvchining birinchi yilda ikkinchi yilga o‘tishi sinov imtihonlari o‘tkazilib o‘qishni davom ettiruvchi yoshlar tanlab olinadi. Uchinchi yil davomida maxsus hunar ta’limi yanada chuqurlashtirilib boriladi. Bitiruv imtihonlari maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi. Komissiya a’zolari korxonalarning yetakchi mutaxassislari, federal yerlardagi sanoat palatasi, hunarmandchilik palatasi vakillaridan tashkil topadi. Hunar maktablarining diplomlari oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun huquq bermaydi. Buning uchun 1 yillik tayyorlov kurslarini tugatish talab etiladi. O‘qishga qabul qilish imtihonsiz maktab ta’limi to‘g‘risidagi hujjatga asosan oshiriladi.

Oliy maktab o‘z – o‘zini boshqarish huquqiga ega. Oliy o‘quv yurtini shtatdagi rektor yoki bir necha yilga saylangan Prezident boshqaradi. O‘z – o‘zini boshqarishda vazifalari aniq tasvirlab berilgan bir necha guruhlar bosqichma – bosqich ishtiroki prinsipiga amal qilinadi. Uning tarkibiga professor – ta’lim beruvchilar, o‘quvchilar, ilmiy xodimlar va boshqa xodimlar kiradi. Talabalar o‘qishi erkin tashkil etilgan. Ko‘p sonli o‘quv bosqichlari bilan birga o‘quv rejalari taklif etiladi. O‘qishga haq to‘lanmaydi. Agar talaba yoki ularning ota – onalari oziq – ovqat harajatlarini ko‘tara olmasa o‘quv uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi federal qonunga ko‘ra ular moliya yordamida oladilar. Bu yordamning yarmi stipendiyaga qo‘shib berilsa, ikkinchi yarmi qarz tariqasida beriladi.

Mamlakatda ta’limni isloh qilish masalasi ko‘pdan buyon muhokama qilinmoqda, bunda o‘quv jarayonini qisqartirish taklif qilinmoqda. Hozir universitetlarda talabalar 7 yil o‘qiydi. Ular o‘qishga kirganlariga qadar korxonalarda bir necha yil ishlashlari yoki bundesverda xizmat qilishini hisobga olsak, talabalar haqiqiy mehnat faoliyatlarini ancha kech boshlayotganligini tushunamiz.

Germaniyada Xalq universitetlari mavjud bo‘lib, ular partiya va dindan tashqari muassasa. Ularning ko‘pchiligi kechki bo‘lib, faqat 1989 – yili universitetlarda 400000 kurslar tashkil etilgan va bu kurslarda 5,5 mln. tinglovchi malaka oshirgan. Davlat malaka oshirganlarni rag‘batlantiradi va bu uchun har yil 5,5 mln. marka mablag‘ ajratadi. Malaka oshirish kurslarida o‘qish davrida tinglovchilarga mablag‘ bilan moliyaviy yordam beradilar. Asosan ishsizlar o‘z malakasini oshirish imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanadilar va bu bilan ish topishlari tezlashadi. Yarim yil davomida malaka oshirgan ishchilarning 75 % ish bilan ta’minlanadi. Cherkovlar ham fuqarolarning bilim darajalarini oshirishda faol ishtirok etadi. Evengel cherkovi o‘zining 15 akademiyasida dolzarb mavzular bo‘yicha konferensiyalar tashkil etadi.

Katoliklar malaka oshirishda nikoh, oila masalalariga, teologiya va madaniyat sohalariga katta ahamiyat beradilar.



Oliy o‘quv yurtlarida tadqiqot bilan shug‘ullanish ularning qadimiy an’analaridan biri. O‘tgan asr boshlarida Vilgelm fon Gumboldt pruss universitetlarini isloh qildi, o‘shandan beri “Tadqiqot va o‘qitish birligi” ularning hayotiy prinsiplariga aylanib qolgan. Oliy o‘quv yurtlari tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishi – fundamental amaliy tadqiqot bo‘lib, ularga boshqa ilmiy – tekshirish institutlari, sanoat labaratoriyalari yaqindan yordam beradi. germaniya ta’limi o‘ziga xos yo‘nalishga, juda murakkab tizimga ega. Shu bilan bir qatorda hozirgi Germaniyada ta’lim tizimini isloh etish yo‘lida yangi izlanishlar olib borilmoqda.

Afina maktab tizimi. Afina maktab tizimi – uch turdagi maktablardan, ya’ni musiqa, gimnastika va gimnaziya maktablaridan iborat edi.

Musiqa maktabi – xususiy maktab bo‘lib, unda pul to‘lab o‘qitilar edi. Musiqa maktablarida faqat 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan boy quldorlarning o‘g‘il bolalari o‘qirdilar. Bu turdagi maktabda musiqiy tarbiya ham berilardi (“muza” so‘zidan olingan, qadimgi Yunonistonda “Muzi” – san’at, adabiyot va fan xudosi va xomiysi). Musiqiy ta’limotning mazmuni xat – savod, adabiyot, hisob, deklamasiya, ashula va musiqa darslarini o‘qitishdan iborat edi.

Gimnastika maktabi – palestra (kurash maktabi) deyilardi. Bu ma’lum bir toifadagi kishilarga qarashli maktab bo‘lib, unda 12 yoshga kirgan va ayni vaqtda musiqa musiqa maktabini o‘qiyotgan o‘g‘il bolalar pul to‘lab o‘qir edilar. Bu turdagi matabda o‘smirlar yugurish, sakrash, disr irg‘itish, nayza sanchish va kurash mashqini bajarardilar, shu bilan birga suzish mashqlarini ham o‘tkazar edilar.

Gimnaziya – davlatga qarashli maktab bo‘lib, unda asosan Afinadagi katta yer egalari – kiborlarga mansub nomdor oilalardan chiqqan, musiqa va gimnastika maktablarini tamomlagan aslzoda yoshlar o‘qirdilar. Bunda ular 16 yoshdan 18 yoshgacha jismoniy, aqliy, axloqiy va estetik tarbiya olishlarini davom ettirar edilar. Bundan tashqari aslzodalarni davlatni idora qilishga layoqatli qilib tayyorlash maqsadida ularga falsafiy va siyosiy tarbiya berilar hamda notiqlik san’ati o‘rgatilar edi. 18 yoshga to‘lgan aslzodalar efeblar guruhiga mansub bo‘lib, ular 20 yoshgacha maxsus harbiy tayyorgarlik ko‘rar, ayni vaqtda ijtimoiy – siyosiy tarbiya ham olar edilar. Qizlar esa yoshligidanoq uy – ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanar edi [Hasanboyeva O., Hasanboyev J., Hamidov H. Pedagogika tarixi. T.: 2004, 11-12 betlar].

Afina tarbiyasi – miloddan avvalgi VII-V asrlarda qadimgi Afinada bolalar va o‘smirlar (qullardan tashqari) tarbiyasi tizimi. 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar grammatika maktabi, kifarachiar va palestra maktabida o‘qitilgan. O‘ziga to‘q oilalarning farzandlari Mashg‘ulotlarni 18 yoshgacha gimnaziyada davom ettirganlar. 18-20 yoshdagi o‘smirlar tarbiyasi Efebiyada shug‘ullanish bilan yakunlangan. Ma’naviy tarbiya gimnastik tarbiya bilan qo‘shib olib borilgan. Jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmagan (O‘zME. 1-tom, 511-bet).

O‘z-o‘zini nazorat va muhokama qilish uchun savollar:

1. Ta’lim tizimining iste’moldagi variantini uzviylik va uzluksizlik jihatidan asoslashga harakat qiling.

2. Ta’lim turlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni muayyan fanni o‘rganish misolida yoritib bering.

3. Turli mamlakatlardagi ta’lim tizimlari bilan mamlakatimizdagi ta’lim tizimining umumiyligi va xususiyligi haqida referat tayyorlang.

4. Ta’lim muassasalaridagi boshqaruv haqida referat tayyorlang.

5. Ta’lim muassasalaridagi jamoat boshqaruvida ichki nazorat va mezonlarning roli hamda o‘rni bo‘yicha referat tayyorlang.


Tavsiya etilgan adabiyotlar:

  1. Olimov Q.T. Kasb ta’limi uslubiyati. O‘quv qo‘llanma. –T.: 2006. - 164 b.

  2. Xakimova M.Kasbiy pedagogika. O‘quv qo‘llanma. –T.: 2007. - 193 b.

  3. Xasanboyev J., Sariboyev H., Niyozov G., Hasanboyeva O., Usmonboyeva M. Pedagogika. O‘quv qo‘llanma. –T.: 2006. - 158 b.


8-MAVZU KASBIY TA`LIMNING DOLZARB PEDAGOGIK MUAMMOLARI

Reja:

        1. Uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish prinsiplari.

        2. Uzluksiz ta’limni islox qilish yo‘nalishlari.

        3. Uzluksiz ta’lim tizimi va turlari.


Uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish prinsiplari

Uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash tizimining asosi, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi ustuvor sohadir.

Uzluksiz ta’lim ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxs shakllanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar ildam tayyorlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Uzluksiz ta’limning faoliyat ko‘rsatish prinsiplari quyidagilardan iborat:

ta’limning ustuvorligi uning rivojlanishining birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi, bilim, ta’lim va yuksak intellektning nufuzi;

ta’limning demokratlashuvi ta’lim va tarbiya uslublarini tanlashda o‘quv yurtlari mustaqilligining kengayishi, ta’limni boshqarishning davlat-jamiyat tizimiga o‘tilishi;

ta’limning insonparvarlashuvi inson qobiliyatlarining ochilishi va uning ta’limga nisbatan bo‘lgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va umumbashariy qadriyatlar ustuvorligining ta’minlanishi, inson, jamiyat va atrof-muhit o‘zaro munosabatlarining uyg‘unlashuvi;

ta’limning ijtimoiylashuvi ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma’naviyat, madaniyat va ijodiy fikrlashni shakllantirish;

ta’limning milliy yo‘naltirilganligi ta’limning milliy tarix, xalqan’analari va urf-odatlari bilan uzviy uyg‘unligi, O‘zbekiston xalqlarining madaniyatini saqlab qolish va boyitish, ta’limni milliy taraqqiyotning o‘ta muhim omili sifatida e’tirof etish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini hurmatlash;

ta’lim va tarbiyaning uzviy bog‘liqligi, bu jarayonning har tomonlama kamol topgan insonni shakllantirishga yo‘naltirilganligi;

iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.
Uzluksiz ta’limni isloh qilish yo‘nalishlari

Uzluksiz ta’lim sohasidagi islohotlar quyidagilarni nazarda tutadi:

ta’lim tizimining kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilash, tarbiyachi, o‘qituvchi, muallim va ilmiy xodimning kasbiy nufuzini oshirish;

davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining har xil turlarini rivojlantirish;

ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan qayta qurish, ta’lim, fan, texnika va texnologiyaning, iqtisodiyot va madaniyatning jahon miqyosidagi zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda ta’lim va kasb-hunar ta’limi dasturlarini tubdan o‘zgartirish;

majburiy umumiy o‘rta ta’limdan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga o‘tilishini ta’minlash;

maxsus, kasb-hunar ta’limining markazlari sifatida fan va ishlab chiqarish integratsiyalashgan yangi tipdagi o‘quv muassasalarini vujudga keltirish;

ilg‘or texnologiyalarni keng o‘zlashtirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, chet el investitsiyalari ko‘lamlarining kengayishi, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesni rivojlantirish bilan bog‘liqyangi kasb-hunar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar, shu jumladan boshqaruv tizimi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

milliy mustaqillik prinsiplari va xalqning boy intellektual merosi hamda umumbashariy qadriyatlarning ustuvorligi asosida ta’limning barcha darajalari va bo‘g‘inlarida ta’lim oluvchilarning ma’naviy va ahloqiy fazilatlarini rivojlantirish;

ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish, ta’lim muassasalarini mintaqalashtirish;

ta’lim olishda, shuningdek bolalar va yoshlarni ma’naviy-ahloqiy, intellektual va jismoniy jihatdan tarbiyalashda oila, ota-onalar, jamoat tashkilotlari, mahallalar, xayriya va xalqaro fondlarning rolini kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish;

ta’lim jarayoni va kadrlar tayyorlash sifatiga xolis baho berish tizimini yaratish va joriy etish;

ta’lim tizimini moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa tarzdagi resurslar bilan ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish;

uzluksiz ta’limni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashtirishning puxta mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish ;

ta’lim va ilm-fan bilan bog‘liq chet el hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish;

tub yerli millatga mansub bo‘lmagan shaxslar zich yashaydigan joylarda ular o‘z ona tillarida ta’lim olishlari uchun tashkiliy va pedagogik shart-sharoitlar yaratish;

ta’limning barcha darajalarida ta’lim oluvchilarning huquqiy, iqtisodiy, ekologik va sanitariya-gigiyena ta’limi hamda tarbiyasini takomillashtirish.
Uzluksiz ta’lim tizimi va turlari

Maktabgacha ta’lim

Umumiy o‘rta ta’lim

O‘rta-maxsus, kasb-xunar ta’limi

Oliy ta’lim

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash

Maktabdan tashqari ta’lim

Uzluksiz ta’lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta’lim standartlari asosida, turli darajalardagi ta’lim dasturlarining izchilligi asosida ta’minlanadi va quyidagi ta’lim turlarini o‘z ichiga oladi:

maktabgacha ta’lim;

umumiy o‘rta ta’lim;

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;

oliy ta’lim;

oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;

kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

maktabdan tashqari ta’lim.

Kadrlar tayyorlash milliy modelining o‘ziga xos xususiyati mustaqil ravishdagi to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini joriy etishdan iboratdir. Bu esa, umumiy ta’lim dasturlaridan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlariga izchil o‘tilishini ta’minlaydi.

Umumiy ta’lim dasturlari: maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar), umumiy o‘rta ta’lim (I-IX sinflar), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini qamrab oladi.



Maktabgacha ta’lim. Maktabgacha ta’lim bola sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlaydi, unda o‘qishga intilish hissini uyg‘otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi. Maktabgacha ta’lim bola olti-yetti yoshga yetgunicha davlat va nodavlat maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida hamda oilalarda amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim maqsadi va vazifalarini ro‘yobga chiqarishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlar faol ishtirok etadi.

Maktabgacha tarbiyani rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo‘ladi:

malakali tarbiyachi va pedagog kadrlarni ustuvor ravishda tayyorlash;

maktabgacha ta’limning samarali psixologik-pedagogik uslublarini izlash va joriy etish;

bolalarni oilada tarbiyalashni tashkiliy, psixologik, pedagogik va uslubiy jihatdan ta’minlash;

zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, texnik vositalar, o‘yinchoqlar va o‘yinlar yaratish hamda ularni ishlab chiqarish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqning boy madaniy-tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ma’naviy-ahloqiy jihatdan tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;

maktabgacha muassasalarning har xil turlari uchun turli variantlardagi dasturlarni tanlab olish, maktabgacha tarbiyaning barcha massalalari bo‘yicha malakali konsultatsiya xizmati ko‘rsatish imkoniyatini yaratish;

maktabgacha tarbiya va sog‘lomlashtirish muassasalari tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish.

Umumiy o‘rta ta’lim. To‘qqiz yillik (I-IX sinflar) o‘qishdan iborat umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Ta’limning bu turi boshlang‘ich ta’limni (I-IV sinflar) qamrab oladi hamda o‘quvchilarning fanlar asoslari bo‘yicha muntazam bilim olishlarini, ularda bilim o‘zlashtirish ehtiyojini, asosiy o‘quv-ilmiy va umummadaniy bilimlarni, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-ahloqiy fazilatlarni, mehnat ko‘nikmalarini, ijodiy fikrlash va atrof-muhitga ongli munosabatda bo‘lishni va kasb tanlashni shakllantiradi. Umumiy o‘rta ta’lim tugallanganidan keyin ta’lim fanlari va ular bo‘yicha olingan baholar ko‘rsatilgan holda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat beriladi.

Umumiy o‘rta ta’limning yangicha tizimi va mazmunini shakllantirish uchun quyidagilar zarur:

maktabning I-IX sinflari doirasida sifatli umumiy o‘rta ta’lim olishni ta’minlovchi davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, bunda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridan keyin olinadigan ta’lim dasturlari bilan mantiqiy bog‘liqlik hisobga olinishi lozim;

yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash;

hududlarning jo‘g‘rofiy va demografik xususiyatlariga, shaxs, jamiyat va davlatning ehtiyojlariga muvofiqravishda ta’lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish;

o‘quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiqravishda ta’limga tabaqalashtirilgan yondashuvini joriy etish;

ta’lim berishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o‘quv-uslubiy majmualarni yaratish va o‘quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash;

o‘quvchilar kasb-hunar tanlaydigan va psixologik-pedagogik jihatdan maslahatlar oladigan markazlar tarmoqlarini tashkil etish.



Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling