O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi 1-ilovaga muvofiq
Download 431,67 Kb.
|
287 15.05.2020
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kompetensiyalar (vakolatlar ko‘lami, mas’uliyat va mustaqillik) Malakaning mos darajasiga erishish yo‘llari
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-maydagi 287-son qaroriga 2-ILOVA Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi (keyingi o‘rinlarda — Milliy malakalar tizimi) amal qilishining huquqiy va tashkiliy asoslari hamda tartibini, shuningdek ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish tartibini belgilaydi. 2. Milliy malaka tizimi O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida” va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan, mehnat bozorida talab va taklifni muvofiqlashtirish, bozor sharoitlarida xodimlarning raqobatbardoshligini ta’minlashning bazaviy mexanizmi hisoblanadi. 3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi: milliy malakalar tizimi — ta’lim, o‘qitish, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi tomonidan mehnat bozorining malakali xodimlarga ehtiyoji va malakali ishchi kuchi taklifining butun umr davomida muvofiqligini ta’minlovchi huquqiy va institutsional tartibga solish mexanizmlari majmui; institutsional komponentlar — milliy va tarmoq malakalar ramkalari, kasb standartlari hamda Kasb standartlari milliy registri; malaka — xodim yoki ishga (kasbga) talabgorning, uning bilimi, mahorati va ko‘nikmalarining tegishli kasb va mutaxassislik bo‘yicha aniq mehnat funksiyalarini sifatli bajarishga tayyorgarlik darajasi; malaka darajasi (malakaviy daraja) — xodim yoki ishga (kasbga) talabgorning tayyorgarligi va ko‘nikmalari darajasi bo‘yicha mehnat funksiyalarining murakkabligi, ularni mustaqil bajarish va natijalarga mas’uliyati parametrlari bo‘yicha belgilanadigan toifalangan talablar majmuasi; O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi — O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat va ta’lim sohalarini malaka darajalari va ularga erishishning asosiy yo‘llarini umumlashtirib ifodalash orqali uyg‘unlashtirish vositasi; Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi — ta’lim muassasalarida, shuningdek kasb-hunarga o‘qitish markazlarida, kasbga o‘qitish va kompetensiyalarni baholash markazlarida kasbiy ko‘nikmalarni baholash va tasdiqlash sohasidagi masalalarning muvofiqligini ta’minlovchi organ; davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari huzuridagi kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi — tegishli tarmoq yoki tashkilotda kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirishni hamda kompetensiyalarni baholashni tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi masalalarni muvofiqlashtiruvchi organ; ko‘nikmalarni baholash — xodim yoki ishga (kasbga) talabgor malakasining kasb standarti qoidalariga yoki malakaviy talablarga mosligini tasdiqlash tartibi; kasb standarti — asosiy mehnat funksiyalari va ularni bajarish sharoitlarini ifodalovchi, ko‘nikma darajasiga mehnat mazmuni, sifati va sharoitlariga talablarni belgilovchi standart; kasbga o‘qitish — muayyan mehnat funksiyalarini bajarish uchun o‘quvchiga zarur bo‘lgan bilim, mahorat va ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan ta’lim turi; bilimlar — o‘qitish va shaxsiy tajriba orqali mehnat faoliyati uchun ahamiyatli ma’lumotni o‘zlashtirish natijasi; ko‘nikmalar — insonning muayyan mehnat funksiyalarini bajarishga qobiliyatini ifodalovchi, ta’lim jarayonida yoki shaxsiy tajriba orqali egallangan sifati (mahorati); kompetensiya — xodimning kasbiy faoliyatda bilimlar, ko‘nikmalar, mahorat va tajribani qo‘llash qobiliyati va rasmiylashtirilgan talablar; tajriba — mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida egallanadigan bilimlar va mahoratlar; mehnat funksiyasi — mehnat natijasiga erishishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq mehnat harakatlari majmuasi; mehnat harakatlari — xodimning mehnat predmeti bilan o‘zaro ta’sirida muayyan mehnat natijasiga erishiladigan jarayon; kasb — insonning kasbiy tayyorgarlik natijasida egallangan va ta’lim to‘g‘risidagi tegishli hujjatlar yoki maxsus tayyorgarlikdan o‘tganligi bilan tasdiqlangan, muayyan bilim, mahorat va amaliy ko‘nikmalarni talab etuvchi asosiy mehnat faoliyati, mashg‘ulotlar turi; lavozim — xodimning vakolatlari mazmuni va ko‘lamini hamda uning tashkilotning iyerarxik tuzilmasida egallagan o‘rnini belgilovchi birlamchi tarkibiy birlik; ko‘nikmani baholashni o‘tkazish uchun baholash vositalari — kasbiy imtihonni o‘tkazishda kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan qo‘llaniladigan topshiriqlar, baholash mezonlari majmui; baholash usullari — kasbiy imtihonni o‘tkazishda kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan qo‘llaniladigan va xodim yoki ishga (kasbga) talabgorning belgilangan mezon va kasb standartlariga mosligini aniqlashga qaratilgan usullar majmuasi; talabgor (xodim yoki ishga (kasbga) talabgor shaxs) — ishga joylashish yoki lavozimda rivojlanish yoki ushbu Nizomga muvofiq tartibda o‘zining kasbiy kompetensiyalarini tasdiqlash maqsadida kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kompetensiya tasdig‘ini olishni xohlovchi jismoniy shaxs; kompetensiya to‘g‘risidagi sertifikat — ishchilarga malaka razryadlarini va mutaxassislarga malaka toifalarini berish bo‘yicha kasb standarti (yoki malaka talabi) bilan ko‘zda tutilgan tegishli malaka darajasining berilgani va kompetensiyaning ijobiy baholanganini tasdiqlovchi hujjat; Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi — ishsizlar va band bo‘lmagan aholini o‘qitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha ushbu Nizomga muvofiq faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs; kompetensiyalarni baholash markazi — ushbu Nizomga muvofiq talabgorlar kompetensiyasini baholashni o‘tkazish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs; vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, ushbu Nizomga muvofiq fuqarolarning kasbiy malakasini baholash va tasdiqlashni amalga oshirish uchun vakolatlarni tasdiqlaydi; akkreditatsiya — vakolatli organ tomonidan kompetensiyalarni baholash markazi haq-huquqlarini rasman tan olish; Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar milliy reyestri — ishchi kasblari va mutaxassislar toifalari bo‘yicha tasdiqlangan kasbiy kompetensiyalarga ega jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi doimiy yangilanadigan ma’lumotlar bazasi; ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish parametrlari — ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish hamda fuqarolarning kasbiy malakasini baholash va tasdiqlashning mehnat organlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari, boshqa ta’lim muassasalari va kompetensiyalarni baholash markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar, shuningdek, grantlar orqali belgilangan talablarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilish ko‘rsatkichlari. 2-bob. Milliy malakalar tizimining maqsadi, asosiy vazifalari va bazaviy komponentlari 4. Milliy malakalar tizimining maqsadi quyidagilardan iborat: mehnatga layoqatli aholiga ularning mehnat faolligidan to‘la foydalanish, ishchi kuchi sifatini oshirish, ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni xalqaro tajriba asosida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish uchun sharoitlar yaratish; mehnat bozori talablariga mos keluvchi, lavozimda o‘sish va raqobatbardoshlikni ta’minlovchi kasb malakalari va ko‘nikmalarini egallash uchun milliy malakalar ramkasining yagona platformasini shakllantirish; fuqarolarning mehnat salohiyatidan to‘la foydalanish uchun imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirilgan huquqiy, institutsional va infratuzilmaviy mexanizmlarni, jumladan, butun umr davomida ta’lim, malaka oshirish va qayta tayyorlashdan o‘tish ko‘rinishida shakllantirish, va shu asosda mehnat bozori va ta’lim tizimining amal qilishi va samarali o‘zaro ta’sirini ta’minlash. 5. Milliy malakalar tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: butun umr davomida kasbga o‘qish, malaka oshirish va qayta o‘qishni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, xodimlarning, ayniqsa ishchi kasblar bo‘yicha obro‘sini oshirish va kasb standartlarini joriy etish orqali aholi bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan institutsional tizim va infratuzilmani shakllantirish va amal qilishini ta’minlash; ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ishsizlar va band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlarni kasbga o‘qitish, malakasini oshirish va qayta o‘qitishni tashkil etish; kasb standartlari asosida malakani baholash va tasdiqlash bo‘yicha infratuzilmani yaratish va amal qilishini ta’minlash; zamonaviy standartlar asosida kompetensiyani baholash markazlari faoliyatini tashkil etish; malaka darajasini egallash va tasdiqlashni xohlovchi barcha shaxslar uchun ixtiyoriylik tamoyillari asosida teng sharoitlarni ta’minlash; kompetensiyalarni baholashning haqqoniy, xolis va shaffof jarayonini ta’minlash maqsadida kompetensiyalarni baholash markazlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish; kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan qo‘llash uchun tegishli malakalar bo‘yicha baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish; mehnat organlari tomonidan ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari va boshqa ta’lim muassasalari hamda kompetensiyalarni baholash markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan, belgilangan talablarga muvofiq, ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish hamda fuqarolarning kasbiy malakasini baholash va tasdiqlash bo‘yicha ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ehtiyojlarni tizimli ravishda aniqlash, tartibga solish va, zarur hollarda, davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish; kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan muayyan mutaxassislik (kasb) bo‘yicha kasbiy kompetensiya darajasini tasdiqlovchi va Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatoriga muvofiq malaka toifalarini (razryadlarini) berishga asos bo‘luvchi kompetensiya to‘g‘risidagi sertifikat berilishini ta’minlash; Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestrini shakllantirish va amal qilishini ta’minlash; o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchilar malaka darajasini muntazam oshirish mexanizmini yuritish; ta’lim dasturlari va resurslari shakllanishiga ta’sir etuvchi, ularni amalga oshirishda, shu jumladan o‘quv natijalarini baholash qismida foydalaniladigan, muayyan faoliyat turlari, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari lavozimlari, ishchi kasblari va ta’lim darajasi bo‘yicha kasb standartlarini ishlab chiqish va dolzarblashtirish tizimini shakllantirish; kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining muayyan faoliyat turlari bo‘yicha mehnat bozorining dolzarb talablariga mosligini baholash orqali mehnat bozorining faoliyatlar bo‘yicha tarkibi, holati va rivojlanish dinamikasi haqidagi kompleks tasavvurni shakllantirish faoliyatning murakkablik, mas’uliyat va talab qilingan vakolatlar ko‘lami parametrlari va darajalari bo‘yicha ishlab chiqarish faoliyatining tegishli turlariga ko‘ra ishlab chiqarish jarayonlari tahlili asosida tarmoq va tarmoqlararo malaka tavsiflarini tarkiblash tizimini shakllantirish; ishsiz fuqarolar va band bo‘lmagan aholi orasida o‘z malakasini tasdiqlashning foydasi va afzalligini tushuntirish. 6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Milliy malakalar tizimi ishini muvofiqlashtiruvchi organ bo‘lib hisoblanadi. 7. Quyidagilar Milliy malakalar tizimi ishtirokchilari hisoblanadi: Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi; davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari huzuridagi kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari; Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Assotsiatsiya); ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari; kompetensiyalarni baholash markazlari; ta’lim tashkilotlari; ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari; ish beruvchilar; talabgorlar. 8. Milliy malakalar tizimi quyidagi bazaviy komponentlardan iborat: Milliy malakalar tizimi infratuzilmasi; institutsional komponentlar; ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish parametrlari. 3-bob. Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi 9. Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda — Respublika kengashi) ushbu nizomga asosan Milliy malakalar tizimi ishtirokchilari faoliyatini malakalarni baholash va kasb kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirishni amalga oshiradi. 10. Respublika kengashi ishiga, zarur hollarda, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni to‘lov-shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin. 11. Respublika kengashi faoliyatining moliyaviy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 4-bob. Kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi 12. Davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar Respublika kengashiga kasb kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tegishli tarmoqda kompetensiyalarni baholash sohasidagi masalalarni ko‘rib chiqish va faoliyatini tartibga solish organi vakolatlarini yuklatish bilan Kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi (keyingi o‘rinlarda — tarmoq kengashi) tuzish to‘g‘risidagi takliflarni kiritishi mumkin. 13. Tarmoq kengashi muayyan kasb faoliyatlari turlari bo‘yicha kompetensiyalarni mustaqil professional baholashni o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni shakllantirish maqsadida tuziladi. 14. Tarmoq kengashlari o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi yoki tarmoq kengashi tuzilayotgan boshqa organ rahbari tomonidan tasdiqlanadigan tarmoq kengashi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiradi. Tarmoq kengashi to‘g‘risidagi nizom Kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi haqidagi Namunaviy nizomga ko‘ra ishlab chiqiladi. 15. Tarmoq kengashi a’zolari, shuningdek, jalb qilingan ekspertlar mehnatiga haq to‘lash miqdori davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi yoki tarmoq kengashi tomonidan tuzilgan boshqa organ rahbari tomonidan belgilanadi. 16. Tarmoq kengashi faoliyatini moliyaviy ta’minlash davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi yoki tarmoq kengashi tomonidan tuzilgan boshqa organ tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. [OKOZ: 1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.04.00 Ishsizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlari] 5-bob. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari 1-§. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari maqsad va vazifalari 17. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi (keyingi o‘rinlarda — kasb-hunarga o‘qitish markazi) ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun mustaqil yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish muassasasidir. 18. Kasb-hunarga o‘qitish markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish muassasasidir. Kasb-hunarga o‘qitish markazida aholining kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji mavjud boshqa toifalarini ham ishchi kasblari va o‘rta bo‘g‘in mutaxassisliklari bo‘yicha kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillar o‘rgatilishi, shuningdek, kasbga yo‘naltirish ishlari amalga oshirilishi mumkin. 19. Kasb-hunarga o‘qitish markazi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari va buyruqlari, ushbu Nizom hamda ta’sis hujjatlari asosida amalga oshiradi. 20. Kasb-hunarga o‘qitish markaziga qonunchilikda belgilangan tartibda kasbiy faoliyatning (kasblarning) tegishli turlari bo‘yicha kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirish bo‘yicha vakolatlar beriladi. 21. Kasb-hunarga o‘qitish markazi fuqarolarni chuqurlashgan maxsus va toifalangan kasbga o‘qitish, uzluksiz kasbiy rivojlanish hamda kasb (mutaxassislik)ni egallash maqsadlarida tuziladi. 22. Kasb-hunarga o‘qitish markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: kasbiy faoliyatning (kasblarning) tegishli turlari bo‘yicha sifatli kasbga o‘qitish, qayta o‘qish va malaka oshirishni ta’minlash; shaxsning intellektual va kasbiy rivojlanishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish; kasbiy faoliyatning (kasblarning) tegishli turlari bo‘yicha mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lish uchun bilimlar va yuqori sifatli kasbiy tayyorgarlikni ta’minlovchi davlat ta’lim standartlari va kasb standartlari doirasida kasbiy dasturlarni amalga oshirish; iqtisodiyot tarmoqlarini kasbiy faoliyatning (kasblarning) tegishli turlari bo‘yicha kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar bilan ta’minlash; kasbiy faoliyatning (kasblarning) tegishli turlari bo‘yicha normativ hujjatlar va kasb standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va takliflar tayyorlash. 23. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ustalari, pedagoglar va ish beruvchilar ta’lim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi. 24. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qitish ixtiyoriy ravishda kasb standartlarida belgilangan maqsadli talablar darajasiga erishishga mo‘ljallangan o‘quv dasturlariga mos ravishda amalga oshiriladi. 25. Kasb-hunarga o‘qitish markazining tashkiliy tarkibi, uning xodimlarining huquq va majburiyatlari muassis tomonidan ushbu Nizom talablarini hisobga olib belgilanadi. 26. Kasb-hunarga o‘qitish markazlari moliyaviy faoliyati quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi: O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari; muassislar mablag‘lari; o‘qish uchun to‘lovlar; xalqaro kreditlar va grantlar; yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablag‘lari va maqsadli to‘lovlari, vasiylar mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyaviy manbalar. 27. O‘qish uchun to‘lovlar miqdori kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. 28. Kasb-hunarga o‘qitish markazlari qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy davlat akkreditatsiyasidan o‘tishlari shart. 2-§. Kasbga o‘qitish jarayonini tashkil qilish tartibi 29. O‘quvchilar Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida, qoida tariqasida, o‘qish kurslari bo‘yicha guruhlarga, o‘qitish yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘linmalarga birlashtiriladi. Guruhlarni to‘ldirish Kasb-hunarga o‘qitish markazi rahbariyati tomonidan mustaqil belgilanadi, lekin har bir guruhdagi o‘quvchilar soni o‘qitish yo‘nalishlari xususiyatlaridan kelib chiqib 30 nafardan oshib ketmasligi kerak. 30. O‘qitish muddatlari, o‘quv jarayoni va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq o‘qitish sifatini nazorat qilish davriyligi va uslublari kasb standartlari bilan belgilangan talablarga erishish uchun zarur nazorat tartibotlari va o‘qitishning optimal vaqtidan kelib chiqib Kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan mustaqil belgilanadi. Bunda kasbga o‘qitishni tashkil etish va amalga oshirishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat bo‘ladi: o‘quvchilar bilimlari, malakasi va ko‘nikmalarining tegishli kasbiy faoliyat (kasblar, mutaxassisliklar) turlari bo‘yicha belgilangan kasb standartlariga mosligini ta’minlash; olingan nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash hamda o‘quvchilarda tegishli kasbiy faoliyat (kasblar) turlari bo‘yicha zarur kompetensiyalarning shakllanishini ta’minlash; o‘quvchilarning bilimlar darajasi va amaliy ko‘nikmalarini baholash. 31. Kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘quv dasturlari tegishli kasbiy faoliyat (kasblar, mutaxassisliklar) yo‘nalishlari bo‘yicha umumtexnikaviy, umumkasbiy va maxsus dasturlarni o‘z ichiga oladi. 32. O‘quv rejalari va dasturlari kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. O‘quv rejalari va dasturlari tegishliligiga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan ham kelishilishi mumkin. 33. O‘quvchilarni ishlab chiqarish va o‘qitish amaliyotini tashkil qilish va o‘tkazish o‘qitishning zamonaviy innovatsion uslublarini qo‘llagan holda kasbiy ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan o‘zaro hamkorligi asosida amalga oshiriladi. 3-§. Kasb-hunarga o‘qitish markaziga qabul qilish tartibi 34. O‘qish uchun talabgor Kasb-hunarga o‘qitish markaziga quyidagilarni taqdim etadi: Kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan belgilangan namunaga muvofiq tanlangan kasbga o‘qitish yo‘nalishini va o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini ishlatishga roziligini tasdiqlashni ko‘rsatgan holda ariza; Pasport nusxasi, ma’lumoti va mavjud malakasini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini o‘z ichiga oluvchi hujjatlar to‘plami; Ariza va to‘plamga kiruvchi boshqa hujjatlar Kasb-hunarga o‘qitish markazida taqdim etilgan kundan boshlab 5 yil davomida saqlanadi. Agar ushbu hujjatlar qog‘oz shaklida berilgan bo‘lsa, ular raqamlashtirilib elektron ko‘rinishda saqlanishi ham mumkin. 35. Kasb-hunarga o‘qitish markazi ariza va unga ilova qilingan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 3 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘qish uchun talabgorga o‘qitiladigan kasb (mutaxassislik) nomini, o‘qish boshlanishi muddati va joyini, o‘qishning to‘liq qiymatini va shartnomaning boshqa muhim shartlarini ko‘rsatgan holda o‘qish shartnomasi loyihasini yuboradi. Taklif etilayogan o‘qitish kursi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, o‘qish muddati va joyi, o‘quv jarayonining rejimi va boshqa xususiyatlari, shuningdek, Kasb-hunarga o‘qitish markazining tijorat bankdagi hisobvarag‘i rekvizitlari (kvitansiya blankasi rekvizitlari) ko‘rsatilgan holda shartnomaga ilova qilinadi. 36. Shartnoma shartlariga rozi bo‘lgan taqdirda, o‘qish uchun talabgor Kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘zi imzolagan shartnoma hamda, zarur hollarda, o‘qish uchun belgilangan summa to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya nusxasini taqdim etadi. 37. Kasb-hunarga o‘qitish markaziga qabul markaz direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. 38. Quyidagi hollarda o‘quvchilar markaz direktorining buyrug‘iga muvofiq o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin: a) Kasb-hunarga o‘qitish markazi ichki me’yor va axloq qoidalarini muntazam ravishda buzganligi uchun; b) o‘quv rejasi talablarini bajarmaganda (agar o‘quvchi ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamagan bo‘lsa, shuningdek, yakuniy nazorat natijalari bo‘yicha ikki va undan ortiq predmetlar bo‘yicha “2” va undan kam ball olgan bo‘lsa); v) sog‘lig‘i holati bo‘yicha (tibbiy xulosaga ko‘ra) o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa; g) doimiy yashash uchun boshqa mamlakatga ko‘chib ketganda; d) sud hukmi kuchga kirganligi haqida qaror mavjud bo‘lsa; e) vafot etishi sababi bo‘yicha. 4-§. Malaka imtihonlarini o‘tkazish to‘g‘risida 39. Kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘qish natijalari bo‘yicha yakuniy malaka imtihonlari o‘tkaziladi (keyingi o‘rinlarda — YaMI). 40. YaMI maqsadlari quyidagilar: tegishli kasbiy faoliyat (kasblar) yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlar muvofiqligini, kompetensiya darajasini (malaka razryadini) belgilash; o‘quvchilarga Kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qishni tugatgani to‘g‘risida davlat namunasidagi guvohnoma berish. 41. O‘quv dasturi talablarini egallagan va bajargan o‘quvchilar kasb-hunarga o‘qitish markazi direktorining tegishli buyrug‘i bilan YaMIga qo‘yiladi. 42. YaMI nazariy, jumladan, kompyuter testi va sinov (amaliy) topshiriqni bajarish shaklida o‘tkaziladi. Bunda baholash vositalariga har bir ixtisoslik bo‘yicha bitta amaliy vazifa kiritiladi. Nazariy testlash va sinov (amaliy) topshiriq imtihon savollari o‘quv dasturiga kiruvchi fanlar bo‘yicha tuziladi. 43. YaMIni o‘tkazish uchun Kasb-hunarga o‘qitish markazi direktorining buyrug‘i bilan malaka komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — malaka komissiyasi) tuziladi. O‘quv yo‘nalishlaridan kelib chiqib bir nechta malaka komissiyalari tuzilishi mumkin. 44. Ish beruvchi tashkilotlarning rahbar, yetakchi va malakali mutaxassislari, kelishilgan holda, malaka komissiyasi raislari etib tayinlanadi. Kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori malaka komissiyasi raisining o‘rinbosari, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari malaka komissiyasi kotibi hisoblanadi. 45. Malaka komissiyasi tarkibiga o‘qishning har bir yo‘nalishi bo‘yicha Kasb-hunarga o‘qitish markazining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ustalari, shuningdek, kelishilgan holda, boshqa tashkilotlar mutaxassislari hisobiga to‘rt nafar a’zo kiradi. 46. Malaka imtihoni boshlanishidan oldin malaka komissiyasi a’zolaridan biri o‘quvchilarni topshiriq mazmuni, texnik shartlar, baholash mezonlari, ajratilgan vaqt me’yori va texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtiradi. 47. Nazariy topshirqning bajarilishi “5” ballik tizim bo‘yicha quyidagi mezonlar asosida baholanadi: “5 ball” — agar o‘quvchi hamma savollarga to‘liq javob bersa, mustaqil va ijodiy fikrlay olsa va to‘g‘ri qarorlar qabul qilsa, egallagan ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llay olsa, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunsa; “4 ball” — agar o‘quvchi ijodiy fikrlay olsa va to‘g‘ri qarorlar qabul qilsa, egallagan ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llay olsa, savol mazmuni va xususiyatlarini tushunsa; “3 ball” — agar o‘quvchi savol mazmuni va xususiyatlarini tushunsa, savol va fan mavzusi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lsa; “2 ball” — agar o‘quvchi savol mazmuni va xususiyatlarini tushunmasa, savol va fan mavzusi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lmasa. 48. Amaliy topshiriqlarning bajarilishi “5” ballik tizim bo‘yicha baholanadi: “5 ball” — agar o‘quvchi amaliy topshiriqni ajratilgan muddatda to‘liq bajarsa, mustaqil va ijodiy fikrlay olsa, to‘g‘ri qarorlar qabul qilsa, egallagan ko‘nikmalarni metodik ko‘rsatmalarsiz amaliyotda qo‘llay olsa; “4 ball” — agar o‘quvchi amaliy topshiriqni ajratilgan muddatda to‘liq bajarsa, to‘g‘ri fikrlasa va to‘g‘ri qarorlar qabul qilsa, egallagan ko‘nikmalarni metodik ko‘rsatmalar yordamida amaliyotda qo‘llay olsa; “3 ball” — agar o‘quvchi amaliy topshiriqni ajratilgan muddatda to‘liq bajarsa, ammo hamma narsani amalda ustaning metodik ko‘rsatmalari va maslahati yordamida bajarsa; “2 ball” — agar o‘quvchi barcha uslubiy ko‘rsatmalar va usta maslahatlarini olsa, ammo topshiriqni noto‘g‘ri va qisman bajarsa. 49. YaMI o‘tkazilgandan keyin malaka komissiyasining har bir a’zosi o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha baholarini qo‘yadi va o‘quvchining malaka darajasi haqida fikrini bildiradi. Komissiya a’zolarining baholari va fikri muhokama qilinadi, o‘rtacha arifmetik ball qo‘yiladi, shuningdek, o‘quvchining malaka darajasi aniqlanadi. 50. YaMI natijalari o‘quvchilarga imtihonlar tugagandan keyin e’lon qilinadi. 51. YaMI natijalari bo‘yicha “3” balldan kam olgan o‘quvchilarga tegishli mutaxassislik berilmaydi. 52. YaMIdan o‘tmagan o‘quvchilarga malaka komissiyasi qaroriga ko‘ra imtihonni bir marta qayta topshirish imkoni beriladi. 53. YaMIda uzrli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan o‘quvchilar imtihonni Kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan belgilangan boshqa vaqtda topshirish huquqiga ega. 54. YaMIni qayta topshirish zarur bo‘lgan o‘quvchilar ro‘yxati, qayta topshirish kuni va vaqti malaka komissiyasi qarorida yoziladi. 55. YaMI natijalaridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar Kasb-hunarga o‘qitish markazi direktorining tegishli buyrug‘i bilan tuziladigan apellatsiya komissiyasiga ariza berish huquqiga ega. 56. Apellatsiya komissiyasi rais va Kasb-hunarga o‘qitish markazining malaka komissiyasi ishida qatnashmagan, qoida tariqasida, har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan xodimlar tarkibida shakllantiriladi. 57. YaMI natijalaridan norozi o‘quvchi imtihon natijalari e’lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni davomida apellatsiyaga ariza berishi mumkin. Berilgan ariza uni qabul qilingandan boshlab uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. 58. YaMIni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilarga, malaka komissiyasi qaroriga asosan, ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq davlat namunasidagi diplomlar (uzoq muddatli o‘qish kurslarini tamomlaganlarga) yoki 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq davlat namunasidagi sertifikatlar (o‘rta va qisqa muddatli o‘qish kursini tugatganlarga) beriladi. 59. Kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qitish yakunlari bo‘yicha YaMI o‘rniga shartnoma asosida Kompetensiyalarni baholash markazida ishchilarga malaka razryadlarini va mutaxassislarga malaka toifalarini berish bo‘yicha malaka imtihoni o‘tkazilishi mumkin. Bunda o‘quvchi Kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan tashkil etilgan va o‘tkazilgan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan holda Kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qishni o‘taganligi to‘g‘risida tegishliligi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom yoki qisqa muddatli kurslarni o‘tagani haqida davlat namunasidagi sertifikat beriladi. 60. Kasb-hunarga o‘qitish markazida kurslarni tugatganligi to‘g‘risidagi diplom kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi diplomga tenglashtiriladi va mehnat faoliyatida foydalanilishi mumkin, bunda ushbu diplom ta’limning keyingi turini davom ettirishga asos bo‘la olmaydi. [OKOZ: 1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.17.00 Attestatsiya (xodimlarni) (shuningdek, 13.02.04.00 va 13.01.16.00ga qarang)] 6-bob. Kompetensiyalarni baholash markazlari 1-§. Kompetensiyalarni baholash markazlari faoliyatining asoslari 61. Kompetensiyalarni baholash markazi mustaqil yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan kompetensiyalarni mustaqil baholash organi hisoblanadi. 62. Kompetensiyalarni baholash markazi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida, kasbiy ta’lim muassasalarida kasbga o‘qish, qayta o‘qish va malaka oshirishdan o‘tgan yoki ishlab chiqarish sharoitlarida yoxud mustaqil tayyorgarlik yo‘li bilan o‘qigan talabgorlarning kasb kompetensiyasini xolis va mustaqil baholash maqsadida tashkil qilinadi. 63. Kompetensiyalarni baholash markazi o‘z faoliyatini o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida amalga oshiradi. 64. Kompetensiyalarni baholash markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: talabgorlarning, o‘zlashtirish usulidan qat’i nazar, mehnat bozorida talab etilgan kasb kompetensiyalarini baholash; ishga qabul qilishda, kasb-lavozim tuzilmasida o‘sishda talabgorlarning kasb kompetensiyalari talablariga va kasb standartlariga mosligini tasdiqlash; kasb malakalari bo‘yicha normativ hujjatlar va standartlar bo‘yicha takliflar tayyorlash va ishlab chiqishda ishtirok etish; tegishli tarmoq/korxonada ishlovchi muayyan lavozimlarni egallab turgan xodimlarga nisbatan aniq va to‘g‘ri talablarni shakllantiruvchi har bir kompetensiya rivojlanishining mos shkalasi va aniq xulq indikatorlarini belgilagan holda kompetensiyalarning samarali modellarini ishlab chiqish va joriy etish; kasb kompetensiyalari va ishbilarmonlik sifatlarini rivojlantirishning korporativ dasturlarini ishlab chiqish. 65. Kompetensiyalarni baholash markazining asosiy funksiyalari quyidagilar: talabgorlar kompetensiyasini mustaqil va xolis baholash; keng va tor ixtisosliklar bo‘yicha ishchilarga malaka razryadlarini va mutaxassislarga malaka toifalarini berish; talabgorning mavjud kompetensiyasini belgilangan kasb standartlariga loyiqligini aniqlash; kasb malakalari bo‘yicha normativ hujjatlar va standartlarni ishlab chiqishda qatnashish. 66. Kompetensiyalarni baholash markazi maqsadlar, vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish doirasida: talabgorlarga kompetensiyani baholash qoidalari va tartibotlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni taqdim etadi; malaka imtihoni va, zarurat bo‘lganda, malaka sinov ishlarini o‘tkazish orqali kompetensiyalarning kasb standartlari talablariga muvofiqligini baholashni tashkil qiladi va o‘tkazadi; kompetensiyani baholash natijalari haqidagi ma’lumotlarni shakllantiradi, ushbu Nizomga 3-ilovadagi shaklga muvofiq belgilangan namunadagi Kompetensiya to‘g‘risida sertifikatni beradi; kompetensiya to‘g‘risida berilgan sertifikatlar haqidagi ma’lumotlarni Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga kiritadi. 67. Kompetensiyalarni baholash markaziga ushbu Nizomda belgilangan tartibda akkreditatsiya asosida kasb faoliyatlarining tegishli turlari bo‘yicha kompetensiyalarni baholash vakolatlari beriladi. 68. Kompetensiyalarni baholash markazini bir necha kasb faoliyatlari (kasblar) turlari bo‘yicha akkreditatsiyalashga ruxsat beriladi. 69. Kompetensiyalarni baholash markazi: Oldingi tahrirga qarang. ushbu Nizom va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qat’i rioya qilishi; (69-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) kompetensiyani baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha shtatda doimiy yoki o‘rindoshlik asosida ishlovchi oliy ma’lumotli va oliy ta’lim muassasasini tugatgandan keyin kamida 3 yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek, mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish Respublika kurslarida malaka oshirishdan o‘tgan kamida bir nafar xodimning mavjudligi; kompetensiyani baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha xo‘jalik yuritish, tezkor boshqaruv va boshqa qonuniy asoslarda mulk sifatida moddiy-texnika bazaga ega bo‘lishi; kasb standartlari va malaka talablariga asoslangan, malaka imtihonlari va sinov malaka ishlarini o‘tkazish moddiy-texnika bazasining mavjudligi; xizmatlar ko‘rsatishda olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi; kompetensiyani baholash bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi; vakolatli organ tomonidan tavsiya etilgan, kompetensiyani baholashdan o‘tgan shaxslarni hisobini yuritish, baholashni o‘tkazish bo‘yicha yagona dasturiy ta’minotdan foydalanishi shart; o‘z faoliyati to‘g‘risida haqqoniy hisobot taqdim etishi talablariga javob berishi shart. 70. Oliy ma’lumotli va mehnat organlari xodimlarini malakasini oshirish Respublika kurslarida malaka oshirish kurslarini o‘tagan shaxs Kompetensiyalarni baholash markazi direktori bo‘lishi mumkin. 71. Kompetensiyalarni baholash markazining tashkiliy tuzilmasini, uning xodimlari huquqi va majburiyatlarini ushbu Nizom talablarini hisobga olib, muassis belgilaydi. 72. Kompetensiyalarni baholash markazi tashkiliy tarkibiga ekspertlar malaka komissiyasi majburiy tartibda kirishi kerak. Ekspertlar malaka komissiyasi ishchilarga malaka razryadlari va mutaxassislarga malaka toifalarini berish bo‘yicha malaka imtihoni shaklida kompetensiyalarni bevosita baholashni amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi. Kompetensiyalarni baholash markazi tashkiliy tarkibiga tegishli kasbiy faoliyat (kasblar) turlari bo‘yicha bir nechta ekspertlar malaka komissiyalari kirishi mumkin. 73. Ekspertlar malaka komissiyasi kasb faoliyatining baholanayotgan turi bo‘yicha yuqori malaka darajasiga, amaliy ish tajribasiga, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan kamida uchta ekspertdan iborat bo‘lishi kerak. 74. Kompetensiyalarni baholash markazi ekspertlar malaka komissiyasi a’zolarining huquq va majburiyatlari hamda vakolatlari muddati Kompetensiyalarni baholash markazi rahbari tasdiqlagan lavozim yo‘riqnomalari bilan tartibga solinadi. 75. Kompetensiyalarni baholash markazlari faoliyati: muassislar mablag‘lari; kompetensiyani baholashni o‘tkazish uchun to‘lov; ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish parametrlarini (yoki davlat buyurtmasini) bajarish doirasida ajratiladigan mablag‘lar; yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli to‘lovlari, vasiylar mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi. Kompetensiyani baholashni o‘tkazish uchun to‘lov miqdori Kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. 76. Kompetensiyalarni baholash markazlari o‘zlari beradigan kompetensiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun boradigan xorijiy davlatlarda tan olishni ta’minlash maqsadlarida kompetensiyalarni baholashni amalga oshirishga vakolatli yoki xorijiy davlatlar ish beruvchilari bilan sheriklik kelishuvlarini tuzadi. 2-§. Kompetensiyalarni mustaqil baholashni o‘tkazish tartibi 77. Kompetensiyalarni baholashni o‘tkazish uchun baholash vositalari va har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash usullari vakolatli organ tomonidan belgilanadi va malaka imtihonining nazariy va amaliy qismlari uchun topshiriqlardan hamda malaka imtihonini o‘tkazishda ishlatiladigan moddiy-texnika resurslaridagn iborat bo‘ladi. 78. Kompetensiyani baholash ixtiyoriylik, xolislik, maxfiylik va mustaqillik tamoyillari asosida kasb standartlari talablari yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan amaldagi tarif-malaka ma’lumotnomalari talablariga muvofiq o‘tkaziladi. 79. Malaka imtihonini o‘tkazishda vakolatli tashkilot, respublika va tarmoq kengashlarining vakillari ishtirok etishga haqli. 80. Malaka imtihoni: ishga (kasbga) talabgor tashabbusiga ko‘ra — ishga (kasbga) talabgor mablag‘lari; ish beruvchi yo‘llanmasi bo‘yicha — ish beruvchi mablag‘lari; xususiy bandlik agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida — xususiy bandlik agentligi mablag‘lari; kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida — kasb-hunarga o‘qitish markazi mablag‘lari hisobiga o‘tkaziladi. 81. Malaka imtihonidan o‘tish uchun Kompetensiyalarni baholash markaziga talabgor bevosita yoki pochta aloqasi orqali yoxud umumiy foydalanishdagi axborot-kommunikatsiya tarmoqlari, jumladan, internet tarmog‘idan foydalangan holda elektron shaklda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: ushbu Nizomga 4-ilovadagi shaklga muvofiq malaka imtihonida ishtirok etish uchun ariza; pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi; kompetensiyani baholashni o‘tkazish xizmatlari uchun to‘lovni tasdiqlovchi to‘lov hujjati nusxasi; zarurat bo‘lganda, bu qonunchilikda belgilangan bo‘lsa, kasb faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishga tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar nusxalari. Ko‘rsatilgan hujjatlar bir nusxada taqdim etiladi. Ushbu bandda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 82. Ariza va hujjatlarning tegishli to‘plami Kompetensiyalarni baholash markaziga tushgan kundan boshlab 10 yil davomida saqlanadi. Agar ushbu hujjatlar qog‘oz shaklida bo‘lsa, ular raqamlashtirilishi va elektron shaklda saqlanishi mumkin. 83. Talabgor ushbu Nizomning 81-bandi talablariga to‘g‘ri kelmagan hollarda Kompetensiyalarni baholash markazi malaka imtihonini topshirishni rad etadi. Qonunchilikda belgilangandan boshqa hollarda malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish taqiqlanadi. 84. Kompetensiyalarni baholash markazi talabgorni hujjatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganligi, malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, joyi, vaqti va tartiboti to‘g‘risida besh ish kuni davomida xabardor qiladi. 85. Malaka imtihoniga uzrli sabab (kasalligi yoki hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa holatlar) bo‘yicha kelmagan talabgorga Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan belgilangan muddatda malaka imtihonini qayta topshirishga ruxsat beriladi. Malaka imtihoniga uzrli sababsiz kelmagan kelmagan holda ushbu talabgor uchun malaka imtihoni bekor qilinadi, muqaddam amalga oshirilgan to‘lov qaytarilmaydi. 86. Kompetensiyani baxolashni o‘tkazish uchun baholash vositalari va baholash usullari vakolatli organ yoki Respublika yoxud tarmoq kengashi tomonidan belgilanadi va malaka imtihonining nazariy va amaliy qismlari uchun topshiriqlar hamda malaka imtihonini o‘tkazishda ishlatiladigan moddiy-texnika resurslar va onlayn test uchun dasturiy ta’minotdan iborat. 87. Barcha topshiriqlarning to‘g‘ri bajarilishini baholash: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini qo‘llagan holda — onlayn testlash uchun ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot asosida avtomatik rejimda; kompyuter texnologiyalarisiz — ekspertlar malaka komissiyalari a’zolari tomonidan o‘tkaziladi. 88. Agar talabgor baholovchi vositalarda belgilangan baholash mezonlariga mos natijaga erishsa, malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan deb hisoblanadi. 89. Malaka imtihoni natijalari ushbu Nizomga 5-ilovadagi shakl bo‘yicha bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. 90. Malaka imtihonlari o‘tish natijalariga ko‘ra talabgorga uch kun muddatda Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan kompetensiya to‘g‘risida sertifikat beriladi, malaka imtixonidan o‘tishda qoniqarsiz baho olingan taqdirda — talabgorga tavsiyalarni o‘z ichiga olgan malaka imtihonidan o‘tganligi haqida xulosa beriladi. 91. Malaka imtihonlari o‘tish natijalari bo‘yicha Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan qabul qilingan qarordan norozi bo‘lgan shaxslar malaka imtihonidan o‘tish natijalari to‘g‘risida xabardor qilingan sanadan boshlab o‘n kalendar kun davomida vakolatli organ yoki respublika kengashiga yozma shikoyat berishga haqlidirlar. Malaka imtihonlarini o‘tkazish natijalari va kompetensiya to‘g‘risida sertifikat berish bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi. 92. Berilgan kompetensiya to‘g‘risidagi sertifikatlar haqidagi ma’lumotlar Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga kiritiladi. 7-bob. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestri 93. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestri vakolatli organ tomonidan yuritiladi. 94. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestri elektron platformasini ishlab chiqish va yuritish, shuningdek, kompetensiyalarni baholash markazlari faoliyatining dasturiy ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 95. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestrida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak: tartib raqami; identifikatsiya raqami (noyob, avtomatik ravishda belgilanadigan); talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi (talabgor ruxsati bilan); talabgorning pasporti ma’lumotlari; kompetensiyalari baholangan kasb (mutaxassislik yoki tegishli xorijiy til); kompetensiyalari baholangan kasb (mutaxassislik) kodi (xorijiy tilni bilishga imtihon topshirilgan hollardan tashqari); kasb (mutaxassislik) yoki xorijiy til bo‘yicha kompetensiyalar bahosi; xorijiy davlat qonunchiligining bazaviy asoslarini bilish darajasi bahosi — mavjud bo‘lsa; xorijiy davlat madaniy-etnik bazaviy asoslarini bilish darajasi bahosi — mavjud bo‘lsa; Kompetensiyalarni baholash markazi nomi va uning joylashgan o‘rni (pochta manzili); telefon (faks) raqamlari; muassasa rahbari familiyasi, ismi, otasining ismi; imtihon topshirilgan sana va vaqt; Kompetensiyalarni baholash markazining akkreditatsiyalangan sanasi va akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma raqami. 96. Vakolatli organ Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga joylashtirish uchun talab qilinadigan ma’lumot turlariga qo‘shimchalar kiritishi mumkin. 97. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestri ma’lumotlari vakolatli organ veb-saytiga joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq hisoblanadi. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga faqat ushbu Nizomda belgilangan tartibda kompetensiya to‘g‘risida sertifikat olgan shaxslar haqidagi axborot kiritiladi.. 98. Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestri kasblar (mutaxassisliklar), xorijiy tillar turlari va boshqa belgilarga ko‘ra turlarga ajratilishi mumkin. 99. Kompetensiyalarni baholash markazining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish yoki bekor qilish haqida qaror qabul qilingan hollarda vakolatli organ akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnomasi to‘xtatib qo‘yilgan yoki bekor qilingan tegishli Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan tasdiqlangan malakaga ega shaxs(lar)ni, kompetensiya to‘g‘risida sertifikat berilgan talabgor(lar)ning kompetensiyalarini baholash natijalarini Milliy reyestrdan chiqarishga haqli. Bunda vakolatli organ, jumladan uchinchi tomonni jalb etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan baholangan talabgorlar, shuningdek, mehnat faoliyatini xorijda amalga oshirayotgan talabgorlar kompetensiyalari sifatini tekshirishga, tekshirish natijalariga ko‘ra, shaxs(lar)ni Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga qaytadan kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. 100. Vakolatli organ shunday tartib o‘rnatishi mumkinki, unga ko‘ra Kompetensiyalarni baholash markazlari Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga himoyalangan elektron imzodan foydalanish orqali talab qilingan ma’lumotlarni mustaqil ravishda kiritishlari mumkin. 8-bob. Kompetensiyalarni baholash markazlarini akkreditatsiyalash 1-§. Akkreditatsiyalash tartibi 101. Kompetensiyalarni baholash markazlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirish uchun vakolatli organda ushbu Nizomga 6-ilovada belgilangan tartibda, muddatlarda va sxemada akkreditatsiyadan o‘tadilar. 102. Kompetensiyalarni baholash markazini bir nechta kasb faoliyati (kasblar) bo‘yicha akkreditatsiyalashga ruxsat beriladi. 103. Akkreditatsiyalash yoki akkreditatsiyani rad etish to‘g‘risidagi qaror vakolatli organ tomonidan Respublika kengashi taqdimnomasiga asosan qabul qilinadi. 104. Akkreditatsiyadan o‘tishga da’vo qilayotgan Kompetensiyalarni baholash markazi Respublika kengashiga: 7-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya uchun arizani; Kompetensiyalarni baholash markazining shtatida kompetensiyani, malaka va ko‘nikmalarni baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha va/yoki fuqarolik-huquqiy tavsifdagi shartnoma bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis(lar)ning mavjudligi haqidagi hujjatlarni; Kompetensiyalarni baholash markazi kompetensiyani, malaka va ko‘nikmalarni baholashga da’vo qilayotgan har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi xo‘jalik yuritish, tezkor boshqaruv va boshqa qonuniy asoslarda mulk sifatida moddiy-texnika bazasiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat(lar)ni taqdim etadi. Akkreditatsiyani olish uchun ariza Respublika kengashi tomonidan ariza va akkreditatsiya olish uchun taqdim etiladigan zarur hujjatlar tushgan kundan boshlab 15 kun davomida ko‘rib chiqiladi. 105. Akkreditatsiyaga arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov kuniga to‘g‘ri keluvchi bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida yig‘im olinadi. Yig‘im summasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. 106. Qabul qilingan qaror to‘g‘risida Respublika kengashi Kompetensiyalarni baholash markazini tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda xabardor qilishi shart. 107. Vakolatli organning Kompetensiyalarni baholash markazini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ijobiy qarori natijasida Kompetensiyalarni baholash markaziga ushbu Nizomga 8-ilovada belgilangan namunadagi akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma beriladi. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi. 108. Vakolatli organ quyidagi hollarda yuridik shaxsni akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad qiladi: yuridik shaxs tomonidan talab darajasida rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim qilinganda; yuridik shaxs tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda haqqoniy bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi; yuridik shaxsning ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan talablar va shartlarga to‘g‘ri kelmasligi. Akkreditatsiyalashni rad qilish haqidagi qaror asoslangan bo‘lishi kerak va rad qilish sabablarini hamda yuridik shaxsga ko‘rsatilgan kamchiliklarni tuzatishi va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etish muddatini ko‘rsatgan holda xat shaklida yuboriladi. 109. Akkreditatsiyalashni rad qilish haqidagi qarorda ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni tuzatish uchun zarur bo‘lgan muddatga to‘g‘ri kelishi kerak. 110. Akkreditatsiyalash rad qilinganda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi. 111. Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatli organ tomonidan yuridik shaxsning barcha zarur bo‘lgan hujjatlari bilan birga berilgan arizasi qabul qilgan kundan boshlab besh kun davomida ko‘rib chiqiladi. Yuridik shaxsning arizasini takroriy ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi. Takroriy ko‘rib chiqish bo‘yicha akkreditatsiya rad qilinganda yuridik shaxsdan akkreditatsiya uchun berilgan har bir keyingi arizalarini ko‘rib chiqish uchun ushbu Nizomda belgilangan tartibda to‘lov undiriladi. Yuridik shaxsning arizasi takroriy ko‘rib chiqilganda akkreditatsiya rad qilinganligi haqida muqaddam ko‘rsatilmagan asoslardan tashqari yangi asoslar bo‘yicha akkreditatsiyani rad qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 112. Akkreditatsiyani rad qilish uchun asos bo‘lgan sabablarni barataraf etish uchun ajratilgan vaqtdan keyin berilgan yuridik shaxsning akkreditatsiya to‘g‘risidagi arizasi yangidan berilgan deb hisoblanadi. 113. Vakolatli organ qaroridan norozi bo‘lganda Kompetensiyalarni baholash markazi akkreditatsiyani rad etish to‘g‘risidagi qaror hamda vakolatli organ mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) haqida qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli. 2-§. Kompetensiyalarni baholash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar registri 114. Vakolatli organ tomonidan Kompetensiyalarni baholash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar registri yuritiladi (keyingi o‘rinlarda — Registr). 115. Registr muntazam yangilanib boriladigan axborot-ma’lumot tavsifiga ega ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tizim bo‘lib, Kompetensiyalarni baholash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning davlat hisobini yuritishni ta’minlaydi. 116. Registr quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: identifikatsiya ko‘rsatkichlari — yuridik shaxsning nomi, kodi (KTUT), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR); tasniflovchi ko‘rsatkichlar — faoliyatning asosiy turi, joylashish manzili, tashkiliy-huquqiy shakli, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tuzilmasiga kirishi; ma’lumot ko‘rsatkichlari — yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, pochta manzili, elektron pochta va telefonlar raqamlari, rahbar familiyasi, akkreditatsiya sanasiga ko‘ra xodimlar soni; maxsus ko‘rsatkichlar — akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning sanasi va raqami, akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi qarorning sanasi va raqami. 117. Registrni yuritish uchun akkreditatsiyalangan tashkilot bevosita taqdim etgan ma’lumotlar, vakolatli organ ma’lumotlari hamda, zarurat bo‘lganda, soliq organlari, davlat mulkini boshqarish organlari va boshqa davlat organlarining ma’lumotlaridan foydalaniladi. 118. Registrni yuritish va uni dolzarblashtirish elektron ko‘rinishda ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofiq vakolatli organ belgilagan dasturiy-texnik vositalardan foydalanib amalga oshiriladi. 119. Registrdagi axborot umumfoydalanadigan bo‘lib, vakolatli organning rasmiy veb-saytida ochiq foydalanish uchun joylashtiriladi. 3-§. Belgilangan talab va shartlar va sifatga rioya etish ustidan nazorat 120. Vakolatli organ ushbu ishchi organ orqali ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan talab va shartlarga Kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi. 121. Kompetensiyalarni baholash markazlari har oyda vakolatli organ tomonidan belgilangan shakllar bo‘yicha o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni vakolatli organga taqdim etadi. 122. Kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan baholash sifati va shartlari bo‘yicha talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda vakolatli organ o‘z vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli: baholash sifati talablariga rioya etilishini tekshirishlarini o‘tkazish; tekshirishlarni o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tushgan shikoyatlarda ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha zarur axborotni Kompetensiyalarni baholash markazlaridan so‘rash va olish; tekshirish natijalariga asosan Kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan, belgilangan talab va shartlarni aniq buzish hollarini ko‘rsatgan holda, dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish; Kompetensiyalarni baholash markazlari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnomalarni kiritish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli muddatlarni belgilash; aniqlangan qonunchilikni buzishlar bo‘yicha qarorlar qabul qilish va sudga murojaat qilish. 123. Akkreditatsiya amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin: muayyan Kompetensiyalarni baholash markazida kompetensiya to‘g‘risida sertifikatni olgan va Tasdiqlangan malakaga ega shaxslarning milliy Reyestriga kiritilgan shaxslarning 50 foizidan ko‘pi bilimlari darajasining belgilangan kasb standarti yoki malaka talablariga, jumladan, xorijiy tilni bilish darajasiga noloyiqligini tanlov tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlanganda; Kompetensiyalarni baholash markazi aniqlangan buzilishlarni tuzatish haqida vakolatli organ taqdimnomasini bajarmagan yoki talab darajasida bajarmaganda; yuridik shaxs ushbu Nizom talablari va shartlariga mos kelmaganda. Kompetensiyalarni baholash markazi akkreditatsiyasi amal qilishini to‘xtatib qo‘yish va aniqlangan kamchiliklarni baortaraf etish muddatini belgilash to‘g‘risidagi qarorni Respublika kengashi xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri qabul qiladi. 124. Vakolatli organ akkreditatsiyaning amal qilinishini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror bilan Kompetensiyalarni baholash markazini uch kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda yozma ravishda xabardor qiladi. 125. Vakolatli organ akkreditatsiya amal qilinishi to‘xtatib qo‘yilishiga olib kelgan hollarni barataraf etish muddatini belgilaydi. 126. Akkreditatsiya amal qilinishini to‘xtatib qo‘yilishiga olib kelgan hollar barataraf etilganda vakolatli organ ushbu hollarni barataraf etgani to‘g‘risida yozma tasdiqni olgandan boshlab uch kun muddatda akkreditatsiyaning amal qilinishini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. 127. Akkreditatsiyaning amal qilishi to‘xtatib qo‘yilgan davrda Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan faoliyat amalga oshirilishi qonunchilikka binoan javobgarlikka olib keladi. 128. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish vakolatli organ tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi: Kompetensiyalarni baholash markazining faoliyati belgilangan talablarga mos kelmaganda; yuridik shaxs akkreditatsiya amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda; yuridik shaxs tugatilishi yoki qayta tashkil etilganda faoliyatining tugatilishi, uning o‘zgartilishi shuningdek, qo‘shib yuborilishi bundan mustasno, munosabati bilan — qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslar yangi yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganda faoliyatning aynan shu akkreditatsiyalangan turini amalga oshirishi bo‘yicha akkreditatsiya mavjud bo‘lganda; Kompetensiyalarni baholash markazi tomonidan vakolatli organ talablariga ko‘ra belgilagan muddatda akreditatsiya amal qilishini to‘xtatib qo‘yishga olib kelgan hollar bartaraf qilinmaganda; vakolatli organning akkreditatsiya to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda; akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning qalbaki hujjatlar bilan olingani aniqlanganda. Vakolatli organ Kompetensiyalarni baholash markazini akkreditatsiyani to‘xtatish sabablarini asoslab, shunday qaror qabul qilingandan keyin uch kundan kechikmagan holda yozma ravishda xabardor qiladi. 129. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma bekor qilinganda to‘langan yig‘imlar qaytarilmaydi. 130. Vakolatli organning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib qo‘yish yoki amal qilishini tiklash to‘g‘risidagi qarori vakolatli organning rasmiy internet-saytida e’lon qilinadi. 9-bob. O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi 131. O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi malaka darajalarining yagona shkalasini, ularni egallashni ta’minlovchi ta’lim dasturlari va kasbiy ta’lim natijalariga talablarni belgilaydi. 132. Milliy malakalar ramkasi asosida davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari ish beruvchilar birlashmalari bilan birgalikda tegishli malaka darajalarining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi tarmoqlar malakalar ramkalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. 133. Tarmoqlarning malakalar ramkalarini ishlab chiqish, tasdiqlash va dolzarblashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan metodik tavsiyanomalarga muvofiq amalga oshiriladi. 10-bob. Kasb standartlari 1-§. Kasb standartlarining maqsadi va tamoyillari 134. Kasb standartlari kadrlarni baholash, attestatsiyadan o‘tkazish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun asos sifatida ishlab chiqiladi va foydalanuvchilarning keng doirasiga mo‘ljallangan, shu jumladan: xodimlarga — tarmoqda kasbga qo‘yilgan talablarni tushunish, o‘z malakalarini oshirishni rejalashtirish va xizmatda o‘sish; ish beruvchilarga — xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan talablar, yo‘riqnomalar va majburiyatlarni ishlab chiqish, xodimlarni yollash va attestatsiyadan o‘tkazish, shuningdek kadrlarning malakasini oshirish, rivojlantirish, o‘sishi va rotatsiyalash dasturlarini tuzishda; ta’lim tizimi vakillariga — ta’lim dasturlari va modullarini ishlab chiqish uchun; malakani tasdiqlash va sertifikatlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga — xodimlarni sertifikatlash uchun baholash materiallarini ishlab chiqishda va moslik darajalari bo‘yicha xodimlarning malaka mezonlarini ishlab chiqishda; davlat organlariga — kasb standartlaridan mehnat bozori va uning ishtirokchilarini baholash, monitoringini yuritish va prognozlash mezonlari sifatida foydalanish uchun. 135. Kasb standartini ishlab chiqarishda quyidagi asosiy tamoyillarga rioya etilishi kerak: ketma-ketlik — ishlab chiqishning har bir bosqichi ketma-ketlikda, oldingi bosqich natijalarini hisobga olib bajariladi; xolislik — kasb standartini ishlab chiqishda tarmoqning xususiyatlari, shakllangan amaliyoti va dolzarb tendensiyalari atroflicha tahlil qilinadi; manfaatdor tomonlar ishtiroki — standartni ishlab chiqishda barcha manfaatdor tomonlar fikrlari hisobga olinadi; aksincha aloqa — kasb standartini ishlab chiqish jarayonida ham, amaliyotda uni qo‘llashda ham manfaatdor tomonlar e’tirozlari va takliflarini hisobga olish. 2-§. Kasb standartlarini ishlab chiqish, taqdim etish va tasdiqlash tartibi 136. Kasb standartlarini ishlab chiqish va dolzarbligini ta’minlash vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. 137. Kasb standartlari loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan metodik tavsiyalarga binoan quyidagicha amalga oshiriladi: davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, ta’lim, fan va ilmiy-joriy etish muassasalari — Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadvalga muvofiq; vakolatli organ tanlab olgan tashkilotlar — O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan moliyalashtirish hisobidan vakolatli organ buyurtmasiga muvofiq; tashabbus tartibida — ish beruvchilar birlashmalari, kasaba uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan. 138. Kasb standartlari loyihalarini kelishish tomonlarini belgilash, loyihalar bo‘yicha xulosalarni tayyorlash va ko‘rib chiqish Respublika kengashiga yuklatiladi. 139. Kasb standartini ishlab chiquvchi vakolatli organga kasb standarti loyihasini ko‘rib chiqish uchun quyidagilarni taqdim etadi: tegishli jo‘natish rekvizitlariga ega bo‘lgan yo‘llanma xat; kasb standarti loyihasi; kasb standarti loyihasiga tushuntirish xati; kasb standartini ishlab chiquvchi tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar. 140. Kasb standarti loyihasi, kasb standarti loyihasiga tushuntirish xati va ishlab chiquvchi tashkilot to‘g‘risida ma’lumotlar davlat va rus tillarida rasmiylashtiriladi, har bir varaq raqamlanadi va ishlab chiquvchi tashkilotning vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi. 141. Ushbu bandda ko‘rsatilgan hujjatlar buyurtma turidagi pochta jo‘natmasi ko‘rinishida yoki bevosita yo‘naltiriladi. Hujjatlar, shuningdek, elektron shaklda ham taqdim etilishi kerak. 142. Ishchi organ kasb standarti loyihasini quyidagi ketma-ketlikda, muddatlarda va sxemada ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq ko‘rib chiqishni tashkil etadi: 1-bosqich — hujjatni qabul qilish va ro‘yxatga olish; 2-bosqich — kasb standarti loyihasini belgilangan tartibda muqaddam tasdiqlangan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan, o‘xshash kasb standarti bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan tekshirish; 3-bosqich — kasb standarti loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtirish; 4-bosqich — kasb standarti loyihasini, jumladan, Respublika kengashining haq to‘lash asosida jalb qilingan ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza; 5-bosqich — ijobiy xulosa olinganda — kasb standarti loyihasini ekspert xulosasi bilan birga Respublika kengashiga taqdim etish; 6-bosqich — kasb standarti loyihasi Respublika kengashi tomonidan ma’qullansa — loyihani O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlash; 7-bosqich — kasb standarti tasdiqlangandan keyin Kasb standartlari milliy registrida ushbu Nizomda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amalga oshiriladi. 143. Agar: kasb standarti loyihasi ma’qullansa — ishchi organ 3 ish kuni ichida ishlab chiquvchiga tegishli axborotni yo‘llaydi; ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida og‘ish bo‘lsa (loyihani ishlab chiqish tartib-qoidalaridan chetga chiqish) — ishchi organ 10 ish kuni ichida loyihani ishlab chiquvchini, og‘ishning sababini ko‘rsatgan holda, yozma ravishda xabardor qiladi; kasb standarti loyihasini ko‘rib chiqishda tuzatsa bo‘ladigan kamchiliklar mavjud bo‘lgan hollarda ishchi organ har qanday bosqichda 10 kalendar kun ichida ishlab chiquvchiga qayta ishlash uchun e’tirozlar va tavsiyalarini yo‘llaydi. 144. Kasb standartining qayta ishlangan loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan qaytadan taqdim etiladi va vakolatli organ tomonidan yangidan kiritilgan standart sifatida ko‘rib chiqiladi. 145. Kasb standartini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan Respublika kengashi xulosasi asosida amalga oshiriladi. 3-§. Kasb standarti mazmuni (maketi) 146. Kasb standarti mazmuni (maketi) ushbu Nizomga 11-ilovada aks ettirilgan to‘rt bo‘limdan iborat: Birinchi bo‘lim quyidagilarni o‘z ichiga oladi: kasb standarti rekvizitlari — kasb standarti kim tomonidan, qachon va qaysi normativ-huquqiy hujjat asosida tasdiqlangan; kasb standarti nomi — ishlab chiquvchilar shakllantirgan kasbiy guruhning nomlanishiga mos nom. Kasb standarti nomi Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichida belgilangan iqtisodiy faoliyat turlari bilan bog‘langan bo‘lishi kerak; glossariy — ushbu kasb standartida foydalaniladigan asosiy tushunchalar ro‘yxati. Ikkinchi bo‘lim kasb standarti pasporti mazmunini o‘z ichiga oladi: kasb standarti nomi — birinchi bo‘limdan olinadi; kasb standarti raqami — kasb standarti tasdiqlangandan keyin Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladi; asosiy guruh nomi — asosiy guruhning Mashg‘ulotlar milliy standart tasniflagichiga muvofiq ko‘rsatiladi; kasb standartining qisqacha bayoni — kasb kichik guruhining O‘zbekiston Respublikasi Mashg‘ulotlar milliy standart tasniflagichi bo‘yicha tavsifi. Uchinchi bo‘lim xaritani — ishchilar kasblari va xizmatchilar lavozimlari bayonini o‘z ichiga oladi. Har bir kasb (lavozim) bo‘yicha quyidagilar ko‘rsatiladi: kasb (lavozim)ning Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatoriga mos nomi; kasb (lavozim)ning O‘zbekiston Respublikasi Mashg‘ulotlar milliy standart tasniflagichi bo‘yicha kodi; malaka darajasi — Milliy malakalar ramkasiga muvofiq; mehnat funksiyalari nomi va kodi — xodimning kasb (lavozim) bo‘yicha bajaradigan ishlari ko‘rsatiladi. Mehnat funksiyasi kodi vazirlik tomonidan belgilanadigan kodlagich bo‘yicha aniqlanadi; mahorat va ko‘nikmalar — xodimlarning muayyan kasb (lavozim) bo‘yicha har bir mehnat funksiyasi bo‘yicha nimalarni bajara olishlari kerakligi bayonini o‘z ichiga oladi; bilimlar — har bir mehnat funksiyasi bo‘yicha xodim mehnat funksiyasini muvaffaqiyatli bajarishi uchun nimalarni bilish kerakligining bayonini o‘z ichiga oladi; shaxs kompetensiyalariga talablar — xodim tegishli mehnat funksiyasini bajarish uchun ega bo‘lishi zarur bo‘lgan shaxs xususiyatlarining bayonidan iborat; boshqa kasblar bilan aloqadorlik — Milliy malakalar ramkasi doirasida rivojlanishi davomida xodim egallashi mumkin bo‘lgan boshqa kasblar (mutaxassisliklar) nomlarini o‘z ichiga oladi. To‘rtinchi bo‘lim kasb standartining texnik ma’lumotlaridan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi: kasb standartini ishlab chiquvchi(lar)ning nomi - kasb standartini ishlab chiquvchilari bo‘lgan tashkilotlar ham, jismoniy shaxslar ham ko‘rsatilishi mumkin; kasb standartining amal qilish muddati — kasb standartini qayta ko‘rib chiqish va, zarur bo‘lganda, yangilash vaqt oralig‘i. 147. Kasb standarti quyidagi qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi: Matn A4 formatdagi qog‘ozda ifodalanadi; varaq o‘lchamlari — kitob oriyentatsiyasi bo‘yicha quyidagi o‘lchamlardagi kenglikda: o‘ng tomoni — 20 mm, chap tomoni — 25 mm, yuqori va pastki kengligi — 20 mm; yozuv: Times New Roman, 13-kegel, qator oralig‘i — 1,2 ko‘paytirgichli; barcha bandlar va kichik bandlar, shuningdek, varaqlar (titul varag‘idan tashqari) arab raqamlari bilan raqamlanadi. Bet raqami yuqoridan betning markazi bo‘yicha qo‘yiladi; kasb standartlari nomi va uning bo‘limlari yozuvi qalinlashtirib belgilanadi. 4-§. Kasb standartlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartish 148. Kasb standartlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatli organ tomonidan har besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi. 149. Kasb standartini majburiy qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil qilishdagi juz’iy o‘zgarishlar, xodimning mehnat funksiyalari, kompetensiyalari va malakasini o‘zgartishga olib keluvchi yangi texnologiyalar va tashkiliy-texnik tadbirlarning joriy qilinishi; mehnat sharoitlariga belgilangan talablarning xatoligi aniqlanganda; ish beruvchilar va xodimlar kasb standartini qayta ko‘rib chiqish yoxud o‘zgartish bo‘yicha asoslangan takliflar bilan murojaat qilganda. 150. Kasb standartini qayta ko‘rib chiqish (o‘zgartish) bo‘yicha ishlarni bajarishga iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari mutaxassislari jalb qilinadi. 151. Kasb standartini qayta ko‘rib chiqish (o‘zgartish)dan keyin Kasb standartlari milliy registriga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi. 5-§. Kasb standartlari milliy registrini yuritish 152. Kasb standartlari milliy registrini yuritish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. 153. Kasb standartlari milliy registrining (keyingi o‘rinlarda — Registr) elektron platformasini ishlab chiqish va yuritish, shuningdek, Malakalarni baholash markazlari faoliyatini dasturiy ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi huzuridagi “Mehnat.uz axborot-kompyuter markazi” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 154. Kasb standartlari to‘g‘risidagi axborotni tartibli jamlash va foydalanish maqsadlarida Registrni yuritish kasb standartlarini iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tasniflash asosida amalga oshiriladi. 155. Registr quyidagi axborotni o‘z ichiga oladi: Yozuvning tartib raqami; kasb standartining qayd raqami; iqtisodiy faoliyat turi; kasb standartining nomi; vakolatli organning kasb standartini tasdiqlash haqidagi qarorining rekvizitlari (sana va raqam); kasb standartining joriy qilish sanasi; kasb standartining muqaddam ko‘rib chiqilgan sanalari; kasb standartining keyinchalik qayta ko‘rib chiqish sanasi. 156. Registrga joylashtirilgan kasb standartlari dolzarb bo‘lishi kerak (ko‘rib chiqishning har qanday vaziyatida amalda bo‘lishi kerak). 11-bob. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish parametrlarini shakllantirish tartibi 157. Ishsizlar va band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish parametrlari (keyingi o‘rinlarda — kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasi) mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi. 158. Kasbga o‘qitish parametrlarini shakllantirish uchun axborotga: demografik tahlil va O‘zbekiston Respublikasi demografik rivojlanishining prognozlari; ishga joylashishga muhtoj ish bilan band bo‘lmagan aholi va ishsizlar sonini hisoblash va aholining ish bilan bandligi va ishga joylashtirish, mehnat resurslari balansi; O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga va tarmoqlarni modernizatsiyalash dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kasblar va kasbga o‘qitish yo‘nalishlari tahlili. 159. Kasbga o‘qitish parametrlari: rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida joriy etiladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari yoki mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish; xizmat ko‘rsatish va servis sohasida yangi obyektlarni ishga tushirish, yangi uy-joy, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish; qishloq xo‘jalik ekinlari maydonlari hajmini oshirish, yangi bog‘lar, uzumzorlarni barpo etish, chorva bosh sonini ko‘paytirish hisobiga qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi hajmlarini kengaytirish; axoli tadbirkorlik faoliyatining o‘sishi, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, hunarmandchilik, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish; investitsiya loyihalari va xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish, foylanilmayotgan xonalar va binolarni ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun “nol” qiymatida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar olish sharti bilan berish, shuningdek davlat mulki obyektlarini ijaraga berish munosabati bilan zarur ish o‘rinlari sonini aniqlash asosida hisoblanadi. 160. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida bitta o‘quvchiga sarflanadigan xarajatlar (keyingi o‘rinlarda — o‘rtacha xarajatlar) Kasbga o‘qitish parametrlarini shakllantirishda haq to‘lash qiymati va moliyalashtirish hajmlarini aniqlash mezoni bo‘lib xizmat qiladi. 161. Keyingi yil uchun kasbga o‘qitish parametrlari ishsiz fuqarolar va band bo‘lmagan aholining, shuningdek, malaka oshirishni yoki yangi kasbga ega bo‘lishni xohlovchi, mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslarning prognoz miqdoridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. 162. Kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasi quyidagi o‘qitish turlari bo‘yicha amalga oshiriladi: uzoq muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni 30 — 40 hafta davom etadi; o‘rta muddatli o‘qitish — o‘quv jarayoni 5 — 25 hafta davom etadi; qisqa muddatli o‘qitish — o‘quv 4 haftagacha davom etadi; ish beruvchilarda o‘qitish — o‘quv jarayoni ish beruvchilarda ish faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, 25 haftagacha davom etadi; maqsadli o‘qitish — o‘quv jarayoni 4 haftagacha davom etadi. 163. Kasbga o‘qitishga davlat buyurtmasini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga kasbga o‘qitish turlariga muvofiq quyidagi maqsadlarda va miqdorda amalga oshiriladi: uzoq muddatli o‘qitish — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini saqlash va moddiy-texnik rivojlantirish, har birining belgilangan quvvatiga muvofiq faoliyat yuritishi xarajatlaridan kelib chiqib; o‘rta muddatli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish uchun 1 ta o‘quvchiga grant ajratish hisobiga, uzoq muddatli o‘qitishga o‘rtacha xarajatlarning 75 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda; qisqa muddatli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish uchun 1 ta o‘quvchiga grant ajratish, uzoq muddatli o‘qitishga o‘rtacha xarajatlarning 10 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda; ish beruvchida o‘qitish — keyinchalik ishga joylashtirish sharti bilan ish beruvchida kasbga o‘qitishga 1 o‘quvchiga grant ajratish hisobiga, bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda; maqsadli o‘qitish — kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasbga o‘qitish bo‘yicha to‘liq kursga vakolatli organ tomonidan belgilangan miqdor va hajmlarda haq to‘lash. 164. Mehnat organlari keyingi kalendar yil uchun ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitishga ehtiyoj prognozini shakllantiradi va har yili, prognoz yilidan oldingi yilning 1-oktabriga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalariga taqdim etadi. 165. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari har yili, prognoz yilidan oldingi yilning 1-noyabriga qadar keyingi kalendar yil uchun parametrlarning hajmi va yo‘nalishlari bo‘yicha kasbga o‘qitishga ehtiyojni shakllantiradi va vakolatli organga taqdim etadi. 166. Vakolatli organ har yili prognoz yilidan oldingi yilning 1-dekabriga qadar ishsizlar soni, mehnat bozorining joriy holati va rivojlanish istiqbollari va O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining moliyalashtirilish holati tahlili asosida hududlar va kasbga o‘qitish turlari bo‘yicha kasbga o‘qitishning republika bo‘yicha parametrlarini shakllantiradi. 167. Kasbga o‘qitish parametrlari hududlar bo‘yicha kasbga o‘qitishning har bir turi bo‘yicha moliyalashtirishning prognoz hajmlarini ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadi. 168. Kasbga o‘qitish parametrlari vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Kasbga o‘qitish parametrlari vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan sana, grant asosida o‘qitish tashkil qilinadigan hollarda, ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitishga tanlov e’lon qilingan sana hisoblanadi. 169. Kasbga o‘qitish parametrlari mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobiga amalga oshiriladi. Kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish davrida ishsiz fuqarolarga qonunchilikka muvofiq stipendiya to‘lanadi. Mehnat organida ro‘yxatga olingan va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs kasbga o‘qitishga grant olishni rad etishi mumkin. Ushbu rad etish ishsizlik nafaqasini to‘lashni to‘xtatish uchun asos bo‘lishi mumkin. 170. Fuqarolarning ishga joylashish va ish beruvchilarning malakali ishchi kuchini jalb etishga bo‘lgan ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish maqsadlarida mehnat organlari quyidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va doim yangilab boradi: kasbga o‘qitish parametrlarining tasdiqlangan hajmi, uning kalendar yil davomidagi qoldiqlari; kasb-hunarga o‘qitish markazlari, ularning o‘qitish yo‘nalishlari, o‘quv guruhlarining shakllanish jadvallari; zarur malakaga ega shaxslarni ishga qabul qilishni xohlovchi ish beruvchilar; malaka oshirishni yoki yangi kasbga ega bo‘lishni xohlovchi, mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirishga muhtoj bo‘lgan shaxslar; kalendar yil davomida kasbga o‘qitish parametrlarini bajarishning borishi (moliyalashtirish hajmlari, yuborilganlar soni, amaldagi vaziyat). 12-bob. Uzoq muddatli o‘qitish 171. Uzoq muddatli o‘qitish shaklidagi kasbga o‘qitish parametrlari mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan amalga oshiriladi. 172. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasiga kiruvchi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobiga amalga oshiriladi. 173. Uzoq muddatli o‘qitish kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan ta’lim tizimida qabul qilingan o‘quv yili davrida tashkil qilinadi. 13-bob. O‘rta muddatli o‘qitish 174. O‘rta muddatli o‘qitish ko‘rinishidagi kasbga o‘qitish parametrlari mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan amalga oshiriladi. 175. O‘rta muddatli o‘qitish kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan mustaqil belgilanadigan davrlarda mehnat organlari bilan kelishgan holda tashkil etiladi. 176. Mehnat organlari kasbga o‘qitishning tasdiqlangan parametrlari hajmlari doirasida kasbga o‘qitishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarni shakllanishi davomida, shuningdek, fuqarolar va ish beruvchilar ehtiyojlarining tahlili, kasb-hunarga o‘qitish markazlarining takliflariga asosan ushbu Nizomga 12-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq o‘rta muddatli o‘qish xarajatlarini to‘lash haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘rt tomonlama shartnomalar tuzadi. 177. O‘rta muddatli o‘qitish uchun shartnoma tomonlari sifatida: Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi; Mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs; Kasb-hunarga o‘qitish markazi; tegishli jismoniy shaxsni ishga qabul qilishni o‘z zimmasiga olgan ish beruvchi. 178. Shartnomalar moliyaviy yil doirasida tuziladi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining g‘aznachilik bo‘linmalarida mehnat organlarining kasbga o‘qitish parametrlarini amalga oshirish xarajatlari smetasida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida ro‘yxatga olinadi. 179. Tegishli jismoniy shaxsni ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan va to‘rt tomonlama shartnomani imzolagan ish beruvchiga ushbu jismoniy shaxsni diplom olgandan keyin ishga joylashtirish bo‘yicha murojaat qilgan kundan boshlab 15 ish kuni davomida ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyat yuklanadi. 180. Mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxs shartnoma tomoni bo‘lsa hamda jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z shaxsiy ishtirokiga asoslangan, o‘ziga mehnat daromadini olishga yo‘naltirilgan mustaqil faoliyatni amalga oshirish va kamida 12 oyga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini olish majburiyatini olganda, ish beruvchi shartnoma tomoni sifatida ishtirok etmasligi mumkin Ushbu bandda nazarda tutilgan me’yorni bajarmaslik to‘langan mablag‘ning, jumladan, grantning to‘la summasini mehnat organiga qaytarishni nazarda tutadi. To‘langan mablag‘ yoki grant qaytarilmaganda yoki kechikib qaytarilganda kechiktirilgan har bir kun uchun to‘langan summaning 0,5 foizi miqdorida, biroq umumiy miqdorning 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lanadi. Kompetensiyalarni baholash markazida malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan va ushbu Nizomda belgilangan tartibda kompetensiya to‘g‘risida sertifikat olgan shaxslar ushbu moddada belgilangan majburiyatdan ozod qilinadi. Ushbu me’yor ish beruvchi majburiyatldariga ham taalluqli. 14-bob. Yakunlovchi qoidalar 181. Ushbu Nizom monitoringini olib borish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga va Savdo-sanoat palatasiga ularning vakolatlari doirasida yuklatiladi. 182. Ish beruvchilar va jamoat tashkilotlari ushbu Nizomni amalga oshirish bo‘yicha jamoatchilik nazorati maqsadida erkin birlashmalar va assotsiatsiyalar tuzishlari mumkin. Oldingi tahrirga qarang. 183. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar. (183-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA Ishsizlar va band bo‘lmagan aholining kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi DIPLOM NAMUNASI
Download 431,67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling