O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida


Download 0.51 Mb.
bet8/19
Sana23.04.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1389167
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19
Bog'liq
775 27.12.2021

6-§. OHTMga qabul qilish tartibi
72. OHTMga nomzodlar o‘quv yili uchun OHTMni butlash rejasiga qat’iy rioya qilgan holda qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarga ega bo‘lgan nomzodlar uchun OHTMga belgilangan qabul kvotadan tashqari o‘qishga kirish huquqi beriladi.
73. Nomzodlar OHTMga Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan test sinovlari natijalari asosida o‘qishga qabul qilinadi.
74. Nomzodlar mazkur Nizomda belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda, OHTM qabul komissiyasi ularni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha saralab olishning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
75. OHTM qabul komissiyasi test sinovlari natijalari e’lon qilingandan keyin besh kunlik muddatda nomzodlarni o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi va mazkur Nizomga 10-ilovaga muvofiq shakldagi bayonnomani rasmiylashtiradi.
76. OHTMga o‘qishga qabul qilish jarayonida Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra kvota bo‘yicha belgilangan ro‘yxatda oxirgi o‘rinda turuvchi nomzodning to‘plagan jami bali bilan undan keyingi o‘rinda turuvchi nomzodlarning to‘plagan ballari bir xil bo‘lsa, ularning barchasi o‘qishga qabul qilinadilar.
77. OHTM qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma nomzodlarni OHTMga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
78. OHTMga o‘qishga kirmagan nomzodlar shaxsiy hujjatlarining yig‘majildlari test sinovlari natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran 5 kun ichida tegishli mudofaa ishlari bo‘limlari va harbiy qismlarga (muassasalarga) qaytarib yuboriladi.
79. Nomzodlarni o‘qishga qabul qilish uchun asos bo‘lgan hujjatlar tegishli OHTMda saqlanadi.
3-bob. Kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi
1-§. Kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish
80. Kursant OHTMdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra (harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan);
b) belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmaganligi (akademik qarzdorligi) sababli;
v) intizomsizligi sababli (shu jumladan, sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan);
g) o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli o‘qishni davom ettirish imkoni yo‘qligi sababli;
d) sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda;
e) o‘z xohishiga ko‘ra.
81. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra kursantlar harbiy-tibbiy komissiyaning OHTMda tahsil olishga yaroqsiz deb topish to‘g‘risidagi xulosasiga asosan OHTMda o‘qishdan chetlashtiriladilar.
Harbiy-tibbiy komissiya xulosalariga asosan Harbiy tibbiyot akademiyasi va Aloqa harbiy institutida tahsil olishga yaroqsiz deb topilgan kursantlar OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqariladilar va dastlab o‘qishga kirgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni davom ettirish uchun yuboriladilar.
82. Harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi OHTMga kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida tahsil olishga yaroqsiz deb topilgan kursantning bo‘linma komandiri o‘qishdan chetlashtirish yuzasidan hujjatlarni OHTM boshlig‘iga taqdim etadi.
83. Bir yoki bir nechta fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan yakuniy nazoratlarni muvaffaqiyatli topshira olmagan (yakuniy nazoratga qo‘yilmagan) va akademik qarzdorligini belgilangan muddatlarda bartaraf etmagan, bir yoki bir nechta fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan yakuniy davlat attestatsiyalarini muvaffaqiyatsiz topshirgan kursantlar fanlarni o‘zlashtirmaganligi sababli OHTMda o‘qishdan chetlashtiriladilar.
84. Topshirilgan yakuniy nazoratlar natijalari, o‘quv semestri yoki yili yakunlari bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirmagan deb topilgan kursantni OHTMda o‘qishdan chetlashtirishga doir rasmiylashtirilgan taqdimnoma bo‘linma komandiri tomonidan uch kun muddatda OHTM o‘quv bo‘limi bilan muvofiqlashtirilgan holda OHTM Ilmiy kengashi muhokamasiga taqdim etiladi.
Kursantni akademik qarzdorligi uchun OHTMda o‘qishdan chetlashtirish masalasi besh kun muddat ichida OHTM Ilmiy kengashining yig‘ilishida chetlashtirishga doir taqdim etilgan materiallar, fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat qaydnomalariga asoslangan tarzda, fanlarni o‘zlashtirmagan kursant ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
OHTM Ilmiy kengashining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va kursantni fanlarni o‘zlashtirmaganligi uchun OHTMda o‘qishdan chetlashtirish yuzasidan qaror qabul qilingan taqdirda, OHTM boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan ushbu qaror va OHTM Ilmiy kengashining bayonnomasidan ko‘chirma, fanlar bo‘yicha yakuniy nazorat qaydnomalari va shu kabi boshqa materiallar bir kun ichida mas’ul vazirliklar markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlariga yuboriladi.
85. Kontrakt shartlarini bajarmagan, harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgan, harbiy intizomni tizimli ravishda qo‘pol buzib kelgan, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirgan kursantlar intizomsizligi tufayli OHTMda o‘qishdan chetlashtiriladilar.
Agar kursantga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirgan yoki uning aybdorligi to‘g‘risidagi masala hal etilmasdan, oldin jinoiy ish to‘xtatilgan yoxud tergovga qadar tekshiruv materiallari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etilgan bo‘lsa, uni OHTMdan chetlashtirish yoki OHTMda qoldirish to‘g‘risidagi qaror OHTM Ilmiy kengashining qarorini hisobga olgan holda OHTM boshlig‘i tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur qaror qonuniy kuchga kirgan sud ajrimi yoki hukmi, tergov yoki dastlabki tergov organining qarori kelib tushgan kundan boshlab ikki oy muddatda qabul qilinadi.
86. O‘quv bo‘linmasi komandiri OHTM boshlig‘iga kursant sodir etgan nojo‘ya xatti-harakatlar, tartibbuzarliklar haqida qo‘mondonlik pog‘onasi bo‘yicha bir kun ichida bildiruv beradi.
OHTM boshlig‘i o‘quv bo‘linmasi komandirining bildiruvini olishi bilan ushbu holat yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilishini tashkil etadi. Xizmat surishtiruvini o‘tkazish vazifasi OHTMning tergovga qadar tekshiruvni o‘tkazuvchi mansabdor shaxslaridan biriga topshiriladi. Xizmat surishtiruvining natijalari uch kun ichida OHTM Ilmiy kengashi muhokamasiga taqdim etiladi.
Kursantni intizomsizligi uchun OHTMdan o‘qishdan chetlashtirish masalasi OHTM Ilmiy kengashining yig‘ilishida xizmat surishtiruvi materiallariga asoslangan holda, kursant ishtirokida besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.
OHTM Ilmiy kengashining qarori bir kun ichida bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va kursantni intizomsizligi uchun OHTMdan o‘qishdan chetlashtirishga qaror qilingan bo‘lsa, OHTM Ilmiy kengashi yig‘ilishining bayonnomasidan ko‘chirma va xizmat surishtiruvi materiallarining nusxasi bir kun ichida tegishli vazirliklar va idoralar markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlariga yuboriladi.
87. Kursantlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan asosli sabablar (oilaviy sharoitlariga ko‘ra, ya’ni yaqin qarindoshlarining og‘ir kasallikka chalinganligi, oilasi tabiiy ofatga duchor bo‘lganligi, doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketayotganligi yoki maxfiy hujjatlar (ma’lumotlar) bilan ishlash (foydalanish) huquqidan mahrum qilinganligi va boshqalar) tufayli o‘qishni davom ettirishning imkoni yo‘qligi bois OHTMdan o‘qishdan chetlashtiriladi.
Vaziyatni tasdiqlovchi materiallar olingandan so‘ng bir kun ichida o‘quv bo‘linmasi komandiri kursantni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli o‘qishni davom ettirishning imkoni yo‘qligi bois OHTMdan o‘qishdan chetlashtirish masalasini OHTM Ilmiy kengashining muhokamasiga kiritadi.
Kursantni OHTMdan o‘qishdan chetlashtirish masalasi taqdim etilgan tegishli materiallarga asoslangan holda, OHTM Ilmiy kengashining yig‘ilishida o‘qishdan chetlashtirilayotgan kursant ishtirokida besh kun ichida muhokama etiladi.
OHTM Ilmiy kengashining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, OHTM boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi. OHTM Ilmiy kengashining qaroridan ko‘chirma va kursantni OHTMdan o‘qishdan chetlashtirishga doir materiallarning nusxasi bir kun ichida tegishli vazirliklar va idoralar markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlariga yuboriladi.
88. Sud qaroriga ko‘ra OHTMga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan dastlabki saralab olish va test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlar talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan kursant kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi sababli OHTMda o‘qishdan chetlashtiriladi.
89. Kursantga nisbatan kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi bo‘yicha sud qarori kelib tushganda, o‘quv bo‘linmasi komandiri qonuniy kuchga kirgan sud qarori va kursantni tavsiflovchi hujjatlarni uch kun ichida OHTM Ilmiy kengashi muhokamasiga taqdim etadi.
Kursantni sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi uchun OHTMda o‘qishdan chetlashtirish masalasi OHTM Ilmiy kengashining yig‘ilishida kursant ishtirokida besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.
OHTM Ilmiy kengashining qarori bir kun ichida bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, OHTM boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi. OHTM Ilmiy kengashining qaroridan ko‘chirma va qonuniy kuchga kirgan sud qarorining nusxasi bir kun ichida tegishli vazirliklar va idoralar markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlariga yuboriladi.
90. Ma’lum bir sabablarga ko‘ra OHTMda o‘qishni davom ettirishni xohlamagan kursantlar o‘z xohishiga ko‘ra OHTMdan o‘qishdan chetlashtiriladilar.
OHTMda o‘qishni davom ettirishni xohlamagan kursant sabablarini ko‘rsatgan holda, o‘z xohishiga ko‘ra uni OHTMdan o‘qishdan chetlashtirishni so‘rab, OHTM boshlig‘iga qo‘mondonlik pog‘onasi bo‘yicha bildiruv beradi. Kursant tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risida bildirgi yozilgandan so‘ng o‘quv bo‘linmasi komandiri bir kun ichida kursantni o‘z xohishiga ko‘ra OHTMdan o‘qishdan chetlashtirish masalasini OHTM Ilmiy kengashining muhokamasiga kiritadi.
Kursantni OHTMdan o‘qishdan chetlashtirish masalasi taqdim etilgan tegishli materiallarga asoslangan holda, OHTM Ilmiy kengashining yig‘ilishida o‘qishdan chetlashtirilayotgan kursant ishtirokida besh kun ichida muhokama etiladi.
OHTM Ilmiy kengashining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, OHTM boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi. OHTM Ilmiy kengashining qaroridan ko‘chirma va kursantni OHTMdan o‘qishdan chetlashtirishga doir materiallarning nusxasi bir kun ichida tegishli vazirliklar va idoralar markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlariga yuboriladi.
91. OHTM kursantlarini o‘qishdan chetlashtirish mazkur Nizomga 11-ilovaga muvofiq sxema asosida quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
quyi bosqichlarda — OHTM boshlig‘ining buyrug‘i bilan tegishli vazirlik rahbarining ta’lim sohasi uchun mas’ul o‘rinbosari bilan kelishilgan holda;
bitiruv bosqichida — tegishli vazirlik va idora rahbarining ta’lim sohasi uchun mas’ul o‘rinbosarining buyrug‘i bilan.
92. Muddatli harbiy xizmatni o‘tamagan, o‘qishning ikkinchi yili boshlanmasdan OHTMdan chetlashtirilgan, o‘qishdan chetlashtirilgan vaqtda chaqiruv yoshiga yetgan va bo‘shash huquqiga ega bo‘lmagan kursantlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun harbiy qismlarga jo‘natiladi. Chaqiruv yoshiga yetmagan shaxslar harbiy hisobga qo‘yish uchun yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limiga yuboriladi.
Chetlashtirilgan vaqtda chaqiruv yoshiga yetgan va bo‘shash huquqiga ega bo‘lmagan kursant OHTM kursantlari ro‘yxatidan chetlashtirish to‘g‘risida OHTM boshlig‘ining buyrug‘i chiqarilgandan keyin uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabining tegishli farmoyishiga asosan muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun harbiy qismga yuboriladi.
93. OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarilgan kursantlar (intizomsizligi, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgan deb topilganligi sababli va o‘z xohishiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilganlar bundan mustasno) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatning oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga mansub lavozimlarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat o‘tashlari mumkin.
OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarilgan, o‘z xizmatini davom ettirish istagini bildirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar (intizomsizligi, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgan deb topilganligi sababli va o‘z xohishiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilganlar bundan mustasno) serjantlar tarkibida kontrakt asosida xizmat o‘tash uchun yuborilishlari mumkin.
94. Kursant o‘qishdan chetlashtirilganda, unga (ota-onasi yoki huquqiy vasiysiga ularning arizasi bilan) shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi. OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarilgan kursantlarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlari bir kun ichida harbiy hisobda turish uchun mudofaa ishlari bo‘limiga yoxud xizmatni davom ettirishi uchun yo‘llangan harbiy qismga jo‘natiladi.
95. OHTMdan chetlashtirilgan kursantlarni haqiqiy harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga asosan ko‘rib chiqiladi.
96. Bitiruv bosqichida tahsil olayotgan kursantni OHTMda o‘qishdan chetlashtirish tegishli vazirlik va idora markaziy apparatining OHTM bilan ishlash organlari tomonidan quyidagi hujjatlar asosida o‘rganib chiqiladi:
kursantni OHTMdan chetlashtirish bo‘yicha OHTM boshlig‘ining tavsiyanomasi;
OHTM boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan OHTM Ilmiy kengashining qarori;
OHTM Ilmiy kengashi yig‘ilishining bayonnomasidan ko‘chirma. Bayonnomada OHTMda o‘qishdan chetlatilayotgan kursantning to‘liq biografik ma’lumoti (tug‘ilgan joyi va sanasi, millati, oilaviy ahvoli, haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilgan joyi, muddatli harbiy xizmatni o‘tagani va unga harbiy qism komandirining tavsiyanomasi berilgan yoki berilmagani haqida ma’lumot, qaysi mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyotganligi, ota-onasining yashash manzillari, ularning qayerda va kim bo‘lib ishlashi to‘g‘risida ma’lumot), kursantni o‘qishdan chetlatish uchun asos bo‘layotgan holatlar ko‘rsatiladi;
kursantni o‘qishdan chetlatish uchun asos bo‘layotgan holatlar bo‘yicha boshqa hujjatlar nusxalari (kursantlar vzvodi komandirining batalon komandiri va OHTM boshlig‘ining o‘quv ishlari (o‘quv va ilmiy ishlar) bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tavsiya qilingan bildirgisi, kasallik to‘g‘risidagi guvohnoma, akademik qarzdorligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, xizmat tavsifnomasi, xizmat varaqasidan ko‘chirma, kursantning o‘qishni xohlamasligi to‘g‘risida yozgan bildiruvi (o‘z xohishiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilayotgan hollarda), xizmat surishtiruvi materiallari, sud hukmi va qarorlaridan nusxa va boshqalar).
O‘rganish natijasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tegishli vazirlik va idora rahbarining ta’lim sohasi uchun mas’ul o‘rinbosarining kursantni OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘i loyihasi tayyorlanadi va qaror qabul qilish uchun taqdim etiladi.
Tegishli vazirlik va idora rahbarining ta’lim sohasi uchun mas’ul o‘rinbosarining kursantni OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘i imzolangandan so‘ng uning ko‘chirmasi ijro etish uchun uch kun ichida OHTMga, harbiy hisobga qo‘yish uchun tegishli mudofaa ishlari boshqarmasiga (bo‘limiga) yoxud xizmatni davom ettirishi uchun yo‘llangan harbiy qismga yuboriladi.
97. OHTM boshlig‘i tegishli vazirlik va idora rahbarining ta’lim sohasi uchun mas’ul o‘rinbosarining kursantni OHTM ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan uch kun ichida ushbu kursant bilan tuzilgan shartnomani bekor qiladi, harbiy xizmatchini (harbiy xizmatga majbur shaxsni) ta’minotning barcha turlaridan ozod qiladi, OHTM shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqaradi va xizmatini davom ettirish uchun tayinlangan harbiy qismga (harbiy hisobga qo‘yish uchun turar joyidagi mudofaa ishlari bo‘limiga) yuboradi. Shuningdek, OHTM kursantlari ro‘yxatidan chiqarilgan kursantning shaxsiy hujjatlari yig‘majildi bilan birga akademik ma’lumotnoma va OHTM Ilmiy kengashi bayonnomasining ko‘chirmalari ham yo‘llanadi.

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling