IV. MAVZU
ISH REJASI:
Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi. Eroniy tillarning umumoriy tillardan ajralib chiqishi.
Eroniyzabon qabilalar va eng qadimgi xalqlar (asosiy manbalar).
Eroniy tillar tarixining davriy bo‘linishi
Eroniy tillarning umumoriy tillaridan ajralib chiqishi
Eroniy tillarning oriy umumjamoa tillaridan ajralishi (taxminan er.av. II minginchi yillarning boshlanishi) eroniy tillar oilasi tarixining davriylashiga asos bo‘ladi.
Fanda Eroniy tillar tarixini shartli ravishda uch davrga ajratish qabul qilingan.
Qadimgi eroniy tillar davri (er.av. II minginchi yillarning boshlanishi va er.av. IV-III asrlargacha).
O‘rta eroniy tillar davri (er.av. IV-III asrlardan to eramizning VIII-IX asrlarigacha).
Yangi eroniy tillar davri (eramizning VIII-IX asrlaridan to shu kunlargacha).
Yuqorida aytganimizdek, tillarni davrlash bu shartli holatdir chunki til juda asta-sekin rivojlanadi. Jamoaning keskin o‘zgarishi bilan tildagi o‘zgarishlar bir-biriga mos kelmaydi. Shuning uchun davrlar o‘rtasida keskin chegara tortish mumkin emas.
Til tarixini davrlash esa yiG‘ilgan ko‘plab materiallarni klassifikatsiyalash va ularni sistemalashga imkon beradi. Til tarixini yaratishda asosiy material bo‘lib, yozma yodgorliklar xizmat qiladi, chunki bunda tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va shu o‘rganilayotgan davrga oid tilning fonetikasi mujassamlashgan bo‘ladi. Goho o‘rganilayotgan tilning o‘zida yozma yodgorliklar qolmay, bir necha asr keyinroq boshqa tilda yozilgan yozma yodgorliklardan mazkur tilning grammatik strukturasi, lug‘at tarkibi va fonetikasi haqida ma’lumotlar topamiz. Masalan: Xorazm tili o‘rta eroniy til davriga xos bo‘lsa ham, undan yozma yodgorlik qolmagani uchun (hozirgi) yangi eroniy tillardan, yoki arab manbalaridan ma’lumotlar olamiz (XII-XIII asrlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |