Balans passivining I. O‘z mablag‘lari manbalari deb nomlanadi. Aksiyadorlik (kiritilgan) kapitali. Ushbu moddada emissiya summasidagi xususiy kapital haqida axborot mavjud. Har bir turdagi aksiya, oddiy va imtiyozli, e’lon qilingan (nominal) qiymat bo‘yicha aks ettiriladi. Aksiyalar har bir turining o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha alohida hisobga olinishi kerak.
Balans passivining “O‘z mablag‘lari manbalari” bo‘limidagi «Ustav kapitali» (410-satr) moddasida ta’sis hujjatlarida korxona ta’sischilari ulushlarining (hissalari, nominal qiymat bo‘yicha aksiyalari, pay badallarining) yig‘indisi sifatida ro‘yxatga olingan ustav kapitali miqdori aks ettiriladi. Ustav kapitalining hisobi ustav kapitalini hisobga oluvchi schyotlarda (8300) yuritiladi.
Nominalni oshirish uchun kiritilgan kapital korporatsiya-ning o‘z aksiyalarini nominal qiymatidan ortiq narxda sotilishi natijasida yuzaga kelgan aktivlari to‘g‘risida axborot beradi.
Balans passivining “O‘z mablag‘lari manbalari” bo‘limidagi «Qo‘shilgan kapital» (420-satr) moddasida qo‘shilgan kapitalni hisobga oluvchi schyotlarda (8400) yuritiladigan aksiyalarni nominal qiymatdan yuqori narxlarda birlamchi sotishda olingan emission daromad summasi, korxonaning ustav kapitalini shakllantirishda ta’sis hujjatlarini ro‘yxatga olish sanasi bilan mablag‘larni ustav kapitaliga haqiqatda kiritish sanasidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kurslari o‘rtasida yuzaga keladigan kurslardagi farq summasi aks ettiriladi.
Zaxira kapitali. Kiritilgan kapitalning ushbu manbasi quyidagi operatsiyalarning natijasi bo‘lib hisoblanadi: kompaniyaga beg‘araz sovg‘a qilingan aktivlar va kompaniya kapitali tuzilishining o‘zgarishi natijasida paydo bo‘lgan kapital hisoblanadi.
Balans passivining “O‘z mablag‘lari manbalari” bo‘limidagi «Rezerv kapitali» (430-satr) moddasida rezerv kapitalini hisobga oluvchi schyotlarda (8500) yuritiladigan uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda hosil bo‘ladigan inflyatsiya rezervlari, qonunchilik va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda sof foydadan ajratmalar hisobiga tashkil etilgan rezerv fondi, shuningdek tekinga olingan mol-mulk qiymati aks ettiriladi. Mazkur modda bo‘yicha soliq solishdan ozod qilish natijasida bo‘shaydigan mablag‘larni qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda maqsadli vazifalarni bajarishga yo‘naltirish sharti bilan bojxona to‘lovlarini, budjetga soliqlar va majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha soliq imtiyozlari summalari ham aks ettiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |