O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim


I.2 FITRATNING XALQ POETIK IJODIGA DOIR QARASHLARI


Download 65.23 Kb.
bet4/7
Sana24.12.2022
Hajmi65.23 Kb.
#1057398
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Fitratning adaonlar misolida)

I.2 FITRATNING XALQ POETIK IJODIGA DOIR QARASHLARI

Abdurauf Fitrat Turkiston madaniyati tarixida faqat shoir, adabiyotshunos, dramaturg va pedagog sifatidagina emas, balki o‘lkamizning boy qadimiy tarixi, iqtisodi, ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji, musiqa va folklorining dastlabki tadqiqotchisi va targ‘ibotchisi sifatida ham ma’lumdir. Uning 1919 yil Toshkentda “Chig‘atoy gurungi”ni tashkil etib, Buxoro, Farg‘onadan ko‘plab mumtoz adabiyot va musiqa asarlarini to‘plab, xalq kuy va ashulalarining nodir namunalarini yozdirib keltirishi va e’lon qildirishi, buning yorqin dalilidir.


Fitrat jumhuriyat oliy o‘quv yurtlari uchun o‘zbek tilida “Adabiyot qoidalari” (1926)2 qo‘llanmasini yaratdi va unda yozma adabiyotning asosiy manbasi bo‘lgan folklor san’atining tur va janrlari, o‘ziga xos xususiyat va fazilatlari xususida xolis ilmiy ta’rif va fikrlar bayon qildi. Bundan tashqari ushbu asarda folklorning ashula, ertak, doston, lapar, topishmoq va maqol kabi janrlarining o‘ziga xos tuzilishi, poetikasi bilan birga ularning o‘zaro ichki ta’sir va aloqalarini ham teran tahlil etadi.
Fitrat folklorning yozma adabiyotdan farqli tomonlarini ko‘rsatar ekan, uning xalq ruhiyati va kayfiyati, ongi va tushunchalarini ifodalashini, folklor keng omma tomonidan yaratilishini, xalq marosimlarida aytilishini, asrlar mobaynida og‘izdan-og‘izga ko‘chib o‘zgarib, sayqallanib borishini aytadi.
Vadud Mahmud, A.Divayev, G‘ozi olim Yunusov, Elbek va boshqalarning maqola va monografiyalariga ham suyanadi. Bu jabhada Abdurauf Fitratning “Adabiyot qoidalari” qo‘llanmasidagi el adabiyotiga doir fikr va o‘ylar, uning sohada to‘plagan tajriba va xulosalari Hodi Zarif, Miyonbuzruk Solihov, ularning shogirdlari Mansur Afzalov, Muzayyana Alaviya, Buyuk Karimov va boshqalarning dostonchilik, ertakchilik, qo‘shiqchilik haqidagi amaliy va nazariy tadqiqotlari uchun dastlabki dasturulamal bo‘lgan deyishga asos bo‘ladi.
Fitrat, avvalo, adabiyotni ikkiga: yozma va el adabiyoti deb ajratishlariga alohida e’tibor qaratadi hamda buni to‘liq ma’qullaydi. U bu ajratish to‘g‘risida o‘sha davr tanqidchisi Vadud Mahmud bilan qizg‘in bahsga kirishadi. U ko‘tarib chiqqan muammoning ahamiyatli ekanligini alohida ta’kidlaydi. Bunda u dastlab V.Mahmudning yosh adabiyotchi ekanligiga e’tiborni qaratadi. Shu bilan go‘yo V.Mahmudning bu boradagi nazariy qarashlarda chalkashlikka yo‘l qo‘yishiga uning yoshligi, tajribasizligi sabab bo‘lganligini uqtirmoqchi va ayni paytda navqiron adabiyotshunosni sezilar-sezilmas himoya qilmoqchi bo‘ladi.
Jumladan, Fitrat yozadi: “Yosh adabiyotchilarimizdan V.Mahmudovning shu ahamiyatli fikrini tinglaylik: “... lekin yozma, el adabiyotini ayirmoq va bularni jomi, moni, tarif qilmoq qiyindir, hatto mumkin emasdir. Yozma adabiyotning bir xususiyati yozmaligi, ikkinchisi asar egasining malum bo‘lishidir, el adabiyotining xususiyatida shu sifatlarning bo‘lmasligi va og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurishidir”.
Ko‘rinyaptiki, V.Mahmud adabiyotni yozma va og‘zaki (ya’ni el adabiyoti) deb ajratishga, bunda ularning yaratilishiga ko‘ra biri yozma va muallifli, ikkinchisi esa og‘zaki va muallifsiz bo‘lishini asosiy belgi deb hisoblashga qarshilik ko‘rsatgan.
Fitrat V.Mahmudning shu haqdagi fikrlariga alohida e’tibor qaratgan va uni jiddiy tahlil qilishga kirishgan. Shuning uchun u bu haqda shunday yozadi: “Birinchi: bir vaqtlar yozma o‘laroq maydonga chiqqan bir adabiy asar yo‘qoldi deylik va so‘ngra uning parchalari og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurdi va asar egasining oti ham unutildi deyaylik. Ikkinchi: og‘izdan-og‘izga ko‘chib, asrlarcha yurgan doston, maqollar yozilib bir majmua holiga keltirildi deyaylik (qandayki bukun har yerda qilinadir). Bu ikkovini qanday qilib ajratish kerak va qaysisini qiyosiga kirgizish kerak?”
Ma’lumki, Vadud Mahmud o‘zigacha bildirilgan “El adabiyotining egasi malum bir kishi emas, uning egasi xalqdir” degan nazariy qarashga e’tiroz bildirgancha: “Hech bir doston, maqol, topishmoq, ashula yo‘qki, yigirma kishi o‘ylashib to‘qigan yoki “basta”lagan bo‘lsin. Har doston, maqol, topishmoq, ashula asosan bir kishi tomonidan chiqariladir-da, so‘ngra umumiylashib ketadir. Turkistonning so‘ng shoirlaridan Muqimiy, Furqat, Haziniy parchalaridan shundaylari borki, agar allaqaysi tokchalarda churib, qorayib ketgan bayozlardan ko‘rib egalarini bilgan bo‘lmasak, ularni el adabiyotidan ajrata olmas edik...” 3– deb yozadi.
Ayonlashadiki, Vadud Mahmudning fikricha, adabiyotimizda og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan dostonu ertaklar, qo‘shiqlar ham qachondir kimdir tomonidan yaratilgan bo‘lib, og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga o‘tgan sari yanada sayqallanib, mazmunan boyib, muayyan o‘zgarishlarga uchragan. Shu tariqa bir kishi yaratgan asarga ko‘pchilik bezak berishi tufayli u ko‘pchilik ijodi mahsuli ko‘rinishini olgan. Hatto u o‘z vaqtida yozma shaklda yaratilgan bo‘lsa ham, vaqt o‘tishi bilan yozma shaklining yo‘qolib ketishi natijasida el orasida og‘zaki holda saqlanib qolishi tufayli xalq og‘zaki ijodi namunasi nomini olishiga sabab bo‘lgan. Xuddi ana shu ma’noda Vadud Mahmud “El adabiyotining egasi malum bir kishi emas, uning egasi xalqdir” degan qarashga qarshi chiqadi.
Fitrat ham aslida Vadud Mahmudning ushbu fikrini ma’qullaydi va bu haqda: “Bu ikki turli adabiyot orasidag‘i farqni yozmoq, yozilmag‘anlikda yoki egasining belgili belgisiz bo‘lganida ko‘rmak yanglishdir. Shunday bo‘lsa ham bizning san’at adabiyotimizga qarshi o‘zining samimiyligi, soddaligi bilan bir adabiyotning borligida malumdir. Biroq buning ayirmasi yozma bo‘lmasligida, yo egasining malum emasligida emas, o‘zining ruhidadir”, - deydi.
Demak, Vadud Mahmud “el adabiyoti” deganda, xalq ma’naviy mulkiga aylangan yozma hamda og‘zaki asarlar jamini tushungan. Fitrat esa “el adabiyoti” birikmasi asosida xalq og‘zaki badiiy ijodi durdonalarini, ya’ni folklor asarlarini anglatishga uringan. Fitrat “el” so‘zini “xalq”, ya’ni ko‘pchilik tushunchasida qo‘llagan. Shuning uchun u: “Shaharlarda, saroy, madrasa tegralarida yig‘ilib, madaniyatcha ilgari bosqon, iqtisodcha ko‘tarilgan, tuyg‘ucha-zavqcha ingichkalangan bir “ko‘ma”dan keyinga qarasangiz madaniyat, etiqod, tuyg‘u, zavq ham tushunchada tubanda qolg‘an buyuk bir ko‘pchilikni ko‘rishingiz aniqdir. Mana shu chetda qolgan ko‘pchilikning tushunishiga, zavqiga, tuyg‘usiga, ruhiga qaratib yaratilgan keng bir adabiy asarlar bor. Mana shu asarlarga biz el adabiyoti deymiz. Bundagi ifoda, uslub, o‘xshatishlar, sifatlashlar, majozlar, istioralar, qaynashlar hammasi elniki, el tushunishiga mos keltirilgandir. Haligi sanatkor “ko‘ma” shoirlarining hechda yoqtirmag‘anlari tabirlar, o‘xshatishlar el adabiyotining eng chiroyli qismidir” degan e’tirofni bejiz keltirmaydi.
Fitrat folklor asarlarining ko‘pchilikka tushunarli sodda uslubda, ko‘pchilik qalbiga yaqin kechinmalar asosida yaratilganligiga alohida e’tiborni qaratar ekan, shu xususiyatlar uning eng muhim belgilaridan biri ekanligini ta’kidlashga urinadi.
Fitrat yana folklor badiiy adabiyotning eng qadimiy shakli ekanligini e’tirof etadi: “Badiiy adabiyotning eng qadimiy shakli bu – xalq og‘zaki ijodi sanaladi. Shuning o‘zidayoq dostonlar, ertaklar, qo‘shiqlar, maqollar, topishmoqlar kabi janrlarga bo‘linadi.
Shu tariqa Fitrat o‘zbek folklorini yaxlit tizim sifatida qarab, unga xos janrlarga aloqador nazariy muammolar haqida dastlabki fikrlarni ilgari surdiki, bular keyinchalik tadqiqotchilarimiz uchun dasturulamal vazifasini o‘tadi. Ayniqsa, uning 1926 yilda adabiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlab yetishtirish uchun yaratilgan “Adabiyot qoidalari (adabiyot muallimlari va adabiyot havaslilari uchun qo‘llanma” deb nomlanuvchi kitobi bu jihatdan e’tiborga sazovordir. 20-yillar mutaxassislari uchun adabiyotshunoslikdan darslik vazifasini o‘tagan bu kitobda yozma adabiyot nazariyasi bilan bir qatorda og‘zaki adabiyot, ya’ni folklor nazariyasiga aloqador tushunchalar ham berilgan. Ahamiyatli tomoni shundaki, Fitratning bu boradagi qarashlari adabiyotshunoslik va folklorshunoslik nuqtai nazaridan bugungacha o‘z kuchini yo‘qotmay turibdi.
Ma’lumki, og‘zaki ijod har qanday yozma adabiyotga tayanch vazifasini bajargan. Yozuvchilar ijod sirlarini aytimchilardan qolgan asarlar asosida o‘rganishgan. Har bir millatning qiyofasini belgilashda uning adabiyoti hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunki milliy adabiyot milliy ruhni aks ettiradi. Milliy ruhni to‘laqonli aks ettirish va uni saqlab qolishda boshqa biror-bir vosita badiiy adabiyotga teng kelolmaydi. Xalqning milliy ananalarini aks ettirish esa bu xalq og‘zaki ijodining masuliyati hisoblanadi. Fitrat ham xuddi shu fikrlarni takidlab o‘tdi.
Xalq og‘zaki ijodining birdan-bir xususiyati, xalq tomonidan aytilganligi va muallif – xalqning o‘zi. Haqiqatdan, bir qo‘shiq yoki sherning muallifsiz topilishi uning xalq og‘zaki ijodidan ekanligiga bir ishoradir. To‘g‘ri, xalq og‘zaki ijodida dostonlar malum bir baxshi tomonidan kuylanadi. Lekin baxshi ham “bu dostonni o‘zi yaratdi” degan qarash yo‘q. Chunki u ham og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan detallarni olib, bir qolipga tushiradi.
Ot chopsa gumburlar tog‘ning darasi,
Botirni ingratar nayza yarasi.
Kelgan bo‘lsa qo‘ng‘irot elning to‘rasi,
Qirq kunlik yo‘l Boboxonning orasi.
Boboxon tog‘idan poyga qilaman,
Ko‘zdan yoshni munchoq-munchoq tizdirsa,
Qo‘shqanotning quyrug‘ini so‘zdirsa
Boboxondan poyga qilib o‘zdirsa
Oti ildam boybachchaga tegaman.
Tashbehlar va mubolag‘alar asosida tizilgan bu satrlar xalq og‘zaki ijodi dostonlarida uchraydi. Nega dostonlarda deb aytayapmiz? Chunki ko‘p dostonlarda bu satrlarni uchratamiz. Masalan, “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Malika ayyor” va boshqa dostonlarda ham uni uchratish mumkin.
Yoki quyidagi lapar alohida janr namunasi sifatida yashashi bilan birga dostonlar tarkibida ham keltirilishi kuzatiladi:
Lapar aytsang to‘yda aytgil
suluv qizlar qochar-o,
Ochilmagan gul g‘unchani
bulbul sayrab ochar-o.
Ko‘zim olib suvga chiqsam
oh uradir bir yigit,
Ko‘zdan qo‘yub quloq solsam
yordan ayrilg‘an yigit,
Yordan ayrilg‘an yigitning
yori men bo‘lsammukin?
Qo‘liga qirg‘iy berib,
ko‘ksida joy bersammukin?
Ko‘rib turganimizdek, yuqoridagi xalq qo‘shig‘ida samimiy ohang aks etgan. Bunga o‘xshab ketadigan yana bir xalq qo‘shig‘ini misol keltirib o‘tamiz:
Ko‘rmasam bir zamon toqatim yo‘qtur.
Meni zor ingratib, qo‘zim ayrilma.
Sen ketarsan men qolurman zor yig‘lab,
Hijron o‘ti birla bag‘rimni dog‘lab,
Qaysi bir oshnodin seni so‘roqlab,
Shunqorim, lochinim, qo‘zim, ayrilma.
Yuqorida aytib o‘tilgan el lapari va Andalibning “Yusuf va Zulayho”sidagi sherlarda: ochilmagan gul g‘unchaning bulbul sayrashi bilan ochilishi kabi chiroyli kinoya, “ko‘za olib suvga chiqmoq”, “qo‘lga qirg‘iy berib, ko‘kragida jon bermak”, sezgiga “qo‘zi, shunqor, lochin” deb undamoq “ko‘ma”, yani zumra shoirlarimizga yoqadigan ta’birlar emasdir. Mana el adabiyotini “adabiyot”dan ayirgan narsa uning yozilmaganligi emas, uning ruhidir.
Darhaqiqat, el adabiyoti, yani xalq og‘zaki ijodi yozilishi, o‘qilishi juda sodda bo‘lishi bilan birga ko‘ngilga yaqinligi yuqoridagi baytlardan ko‘rinib turibdi.
Folklor – so‘z sanatining boshlang‘ich namunasi. U behad qadimiy, yani juda ilgari qo‘llanilgan so‘z sanati bo‘lib, unda uzoq o‘tmishda yashagan, shu bilan birga bu merosni bizgacha saqlab kelingan ajdodlarimizning, bobo-buvilarimizning hali yozuvni bilmagan zamonlardagi turmush tarzi, iymon-etiqodi, dunyoqarashi, kurash va mag‘lubiyatlari keng ifodalangan.
“Folklorda tasvirlangan voqelik vaqt etiboriga ko‘ra o‘tmishga daxldor, undagi u yoki bu janr tabiatida, til xususiyatlarida buning izlarini ko‘rish mumkin. Xalq poeziyasining qaysi bir yodgorligi xususida o‘ylab ko‘rmang, uning zamirida diniy hayotiy yoki diniy marosim, uy xo‘jalik yoki “xalq siyosiy hayoti” g‘oyasi yorqin tasvirga olinganligi kuzatiladi.”4
Folklorning betakror so‘z sanati sifatidagi mohiyati xalq turmushini ifodalaganligi tufayli etnografiya bilan, xalq ruhiyati va etiqodiy qarashlarini aks ettirib, ruhshunoslik va din tarixi bilan, xalq axloqiy qarashlarini ifodalab tarbiyashunoslik bilan, musiqa, raqs va harakatlarga omuxtaligi bois sanatshunoslik bilan va nihoyat, jonli so‘zlashuv tilida yaratilganligi sababli tilshunoslik fanlari bilan singishganligida namoyon bo‘ladi. Bu uning ko‘p vazifali hodisaligini taminlagan omildir.
Shuning bilan birga, xalq og‘zaki ijodi inson ko‘ngil torlarini cherta olgan qadimiy kuy yoki ohang desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu ohang turlaridan yana birini tinglasak:
Qoshini termasi ko‘p,
Mo‘ychinak tishlamaydi.
Mani yorim dangasa,
Mo‘makday ishlamaydi.
Yallama, yorim, yallola,
Yallolashaylik, bedodlashaylik.
Soyning bo‘yi salqin ekan.
Hasratrashaylik.
Qo‘shiqda “yoridan norozilik alomatlari sezilib turgan bu ayolning, boshqa bir suhbatdosh ayolga iltijolari” tasvirlanmoqda.
Fitrat el adabiyoti xususida to‘xtalar ekan, yana: “el adabiyotidan sanalg‘an asarlarning egalari ko‘pchilikning “ko‘ma”, yani zumra shoirlari tomonidan yozilg‘an asarlar orasida ko‘pchilikning tuyg‘u, zavqiga yoqib, el adabiyoti qatoriga kirganlar ham bordir, - deydi.
Uning fikri ayni haqiqatning o‘zi bo‘libgina qolmay, fan doirasida ham bu fikr isbotlangan. Chunki xalq tomonidan yaratilgan asarlar, bevosita xalqning dardini, o‘y-xayollarini, qalbining tub-tubida yashirinib yotgan sodda qarashlarini aks ettiradi. Xalqning asrlar davomida shakllangan badiiy zavqi, didi bor. Folklor hamisha shu xalqona estetik prinsipga amal qilib yashaydi.
Bu – folklordagi an’anaviylikni harakatga soladi. Masalan, ijtimoiy tafakkur taraqqiyoti xalq e’tiqodida yasagan tub burilishlar oqibatida badik, kinna, burey-burey janrlari, shuningdek, “Sust xotin”, “Choy momo”, “Barot keldi” marosimlari so‘nib, iste’moldan chiqib ketdi. XX asrning ikkinchi choragidan boshlab yangi voqelikning yuzaga kelishi tufayli doston yaratish an’anasi ham so‘nish sari yuz tutdi. Qo‘shiq, maqol, askiya, og‘zaki hikoya esa davom etmoqda. Ayrim yangi shakl – janr, jumladan, tarixiy qo‘shiq yuzaga keldi. Shuningdek, an’anaviy qo‘shiq motivlari o‘zgardi. Yangi voqelik mazmuniga mos obrazlar va qarashlar evaziga to‘lishdi.1
Hali ham xalq orasida yoshi ulug‘ keksalar, tadbirlarda eski xalq namunalari bo‘lgan folklor qo‘shiqlarni aytib yurishadi. Bu qadimiy an’analarimiz o‘z qudratini yo‘qotmaganligi, aksincha, yanada rivojlanganligidan dalolat beradi.
Xalq og‘zaki ijodi sanalgan asarlar ko‘pchilikning tuyg‘usiga, zavqiga, olam-olam o‘y-xayollariga to‘g‘ri kelganligi bois o‘quvchi, umuman olganda, kitobxon bu asarning muallifiga ahamiyat bermay, “o‘zining ijod namunasi” deb qaraydi, ya’ni asar faqat kitobxonga tegishli. Fitrat aynan shu masalani ta’kidlab o‘tadi.
Xalq og‘zaki ijodining eng qadimiy namunalari keltirib o‘tilgan, XI asrda yozilgan “Devonu lug‘ot-it turk” asarida jamlangan badiiy parchalar turkiy xalqlar adabiyotining ancha oldingi davrlarida vujudga kelgan. Bu ma’lumotdan shu narsa ko‘rinib turibdiki, xalq og‘zaki ijodi namunalari nafaqat X asrlik, balki undan-da ko‘p tarixiylikni talab etadi.
O‘tmishga nazar tashlasak, eng qadimda inson paydo bo‘lgan davrdan boshlab, xalq og‘zaki ijodiy elementlari ko‘rina boshlagan. Masalan, momoqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqishi va odamlar bu holatni ilohiylashtirib, uni haydash maqsadida har xil elementlardan foydalanganligi va shamolni “olib kelish” maqsadida har xil so‘zlar keltirib o‘tilganligi ham folklorning ilk namunasi hisoblanadi. “Devonu lug‘otit turk”da turkiy xalqlarning urf-odatlari, ishonch-e’tiqodlari, marosimlari bilan bog‘lanib ketadigan lavhalar ham bor. Ularning bir qismi bevosita tarixiy mavzularga bag‘ishlangan. Alp Er To‘nga rivoyati yabog‘ular, tang‘utlar bilan bo‘lgan janglar haqidagi parchalar bilan boyitildi.
Xulosa qilib aytganda, Abdarauf Fitrat o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalariga o‘z qarashlarini bildiribgina qolmay, uni yanada boyitdi.
Fitrat xalq og‘zaki ijodi an’analaridan juda ko‘p asarlarida foydalanganligi kuzatiladi. Jumladan, “Shaytonning tangriga isyoni” dramasiga bevosita xalq og‘zaki ijodining ba’zi sujetlari ko‘chirilgan.
U Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘ot-it turk” asarini to‘liq o‘qib chiqib, undagi xalq og‘zaki ijodiga chuqurroq e’tibor qaratgan. Chunki folklor qadimiy so‘z san’ati bo‘lib, unda uzoq o‘tmishda yashagan ibtidoiy ajdodlarimizning hali yozuvni bilmagan zamonlardagi turish-turmushi, dunyoqarashi va e’tiqodi, kurash va mag‘lubiyatlari ifodalangan. Folklorda tasvirlangan voqelik vaqt e’tiboriga ko‘ra o‘tmishga daxldor, undagi u yoki bu janr tabiatida, til xususiyatlarida buning izlarini ko‘rish mumkin. Fitrat shu izlarni bir qadar ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Abdurauf Fitrat “Adabiyot qoidalari” qo‘llanmasida xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liq “El adabiyoti” nomli jajjigina tadqiqotini e’lon qildi. Turkiy xalqlarning og‘zaki ijodi Abdurauf Fitratga qadar bir necha asrlar oldin Mahmud Qoshg‘ariy, Abulqosim Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy, Abulg‘ozi Bahodirxon, Muhammad Sharif Gulxaniy kabi adiblarning e’tiborini ham o‘ziga jalb qilgan. Ular xalq og‘zaki ijodining qo‘shiq, marsiya va maqol janriga oid namunalarini to‘plab, o‘z asarlariga kiritishgan. Shu bilan birga ular haqida ba’zi nazariy fikrlarni ham bildirib o‘tishgan. Bu folklorshunosligimizning nihoyatda qadim sarchashmaga ega ekanligining dalilidir. XX asr boshiga kelib, jahonning ko‘pgina mamlakatlarida folklor fan sifatida shakllangan, xalq ijodiyoti namunalarini to‘plash, ularni o‘rganish allaqachon boshlangan edi. Bizda esa u fan sifatida shakllanish narida tursin, maxsus to‘plash ishlari hali ham boshlanmagan edi
Mana shu kemtiklik hassos Abdurauf Fitrat nazaridan chetda qolmadi. Uni xalqning og‘zaki ijodi bor maftunkorligi bilan o‘ziga jalb etdi. Shuning uchun qomusiy olim tomonidan tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi” to‘garagining asosiy vazifalaridan biri folklor materiallarini to‘plashdan iborat edi. Qrim-tatar turkshunosi Bakrbek Cho‘ponzoda (1893-1937) gurungchilar tutgan yo‘lni qisqacha shunday ta’riflaydi: “Chig‘atoy gurungi” chig‘atoy tilini qayta tiklash shiori bilan dunyoga kelib, mavjud o‘zbek shevalarini o‘rganishdi... Shuningdek, yuqorida aytilgan faoliyat bilan birga “Chig‘atoy gurungi” vakillari yosh yozuvchi va shoirlarni tarbiyalash, folklor materiallarini yig‘ish, ommabop teatrini tashkil etishdek ishlarda ham faollik ko‘rsatdilar.
O‘tgan asrning 20-yillarida Abdurauf Fitrat jonkuyarligi va da’vati bilan xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olish boshlandi. Natijada o‘nlab xalq dostonlari, yuzlab xalq ertaklari, qo‘shiqlar, laparlar, topishmoqlar va maqollar yozib olindi. Shu asosda o‘zbek folklorshunosligi fan sifatida shakllanishga erishdi. Demak, Abdurauf Fitrat bu fanning shakllanishiga munosib hissa qo‘shgan, uning poydevoriga tamal toshini qo‘ygan olimdir.



Download 65.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling