BADIIY MATNNING SINTAKTIK XUSUSIYATLARI
Badiiy nutqning ta’sirchanligini ta’minlashda sintaktik usuldan keng foydalaniladi. Ekspressivlikning namoyon bo‘lish shakllarini teran tadqiq qilgan tilshunos Adham Abdullayev «sintaktik gradatsiya, sintaktik sinonimiya, bog‘lovchilarning maxsus qo‘llanishi, antiteza, monolog, sukut, inversiya, takroriy gaplar, ritorik so‘roq» kabi uslubiy figuralar «fikrning o‘ta ta’sirchan ifodalanishi»ga xizmat qilishini ta’kidlaydi. «Badiiy tekstning lingvistik tahlili» kitobi mualliflari sintaktik figuralarning quyidagi asosiy ko‘rinishlari mavjudligini bayon qilishadi: «anafora, epifora, takror, antiteza, gradatsiya, ellipsis, alliteratsiya, ritorik so‘roq kabilar»163 Bu uslubiy vositalar mavzuga aloqador bo‘lgan deyarli barcha adabiyotlarda uchraydi. Umumlashtiradigan bo‘lsak quyidagi holat yuzaga chiqadi: 1.Sintaktik parallelizm. 2.Emotsional gap. 3.Ritorik so‘roq gap. 4.Inversiya. 5.Ellipsis. 6.Gradatsiya. 7.Antiteza. 8.Farqlash. 9.O‘xshatish.
Sintaktik parallelizm. Badiiy matnda sintaktik jihatdan bir xil shakllangan gaplar ko‘p qo‘llaniladi. Tilshunoslikda bunday qurilmalar parallelizm atamasi ostida o‘rganiladi. Parallelizm (yunoncha, parallelos-yonma-yon boruvchi) yonma-yon gaplar, sintagmalarning bir xil sintaktik qurilishga ega bo‘lishi. Masalan: Oshxona taraf quloq tutadi. Darvoza taraf quloq tutadi. Molxona taraf quloq tutadi. Ovoz qaerdan kelyapti – bilolmaydi (T.Murod). «Parallel birliklarning asosiy vazifasi fikrga izoh berish va, eng muhimi, unga tinglovchini to‘la ishontira olishdan iborat. Ular til uslubiy vositalarining boyishi manbalaridan biri bo‘lib, poetik nutqda ko‘p qo‘llanadigan, eng mahsuldor va ta’sirchan sintaktik birlik hisoblanadi».164 Bir xil shakllangan gaplar badiiy nutq ta’sirchanligini boyitish bilan birga ma’noni kuchaytirishga va fikrning batafsil - atroflicha ifodalanishiga, tasvir ob’ekti bilan bog‘liq ma’lumotlar fondining kengayib borishiga xizmat qiladi. Masalan: Qo‘shchi kalondimog‘ – kalondimog‘ qadam bosdi. Kibor – kibor quloch otdi. Kerma qosh – kerma qosh boqdi.(T.Murod) Bu misolda qahramonning uch xil harakati bir xil shakllangan gaplarda ifodalangan, ya’ni, qadam bosmoq – quloch otmoq – boqmoq. Quyidagi misolda esa bir harakat bilan bog‘liq ma’lumotlar fondi parallel gaplarda kengayib boradi: Tom bosh – adog‘ilab qadamladi. Vazmin – vazmin qadamladi. Olislarga dono – dono boqib qadamladi. Yoki: Qo‘shchi qo‘llari ketida tag‘in qadam oldi. Mag‘ribga boqib qadam oldi. Mashriqqa boqib qadam oldi.(T.Murod)
Do'stlaringiz bilan baham: |