O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti
Download 0.8 Mb.
|
Notiqlik. Lotin 12.01.2021 (6)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ilmiy-siyosiy nutq . 2. Bahs-munozarali nutq. 3. Targ‘ib va tashviq qilish ruhidagi nutq. 4. Marsiya nutqi. 5. Tabrik nutqi (qutlov)
Kaykovus
Unsurulmaoliy Kaykovus Kaspiy dengizining janubiy qirg‘og‘idagi Gilon qishlog‘ida 412-hijriy, 1021-1022-milodiy yilda dehqon oilasida tug‘ilgan. Kaykovusning bobosi Qobus Somoniy davlati rahbarlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Sharqshunos olim German Vamberining yozishicha, Vushmagar o‘g‘li Shamsulmaoliy Qobus ... uyg‘ur xonlaridan bo‘lgan. Qobus Sabuktaginning yordami bilan Tabaristonni zabt qiladi va shu o‘lkada hukmdor bo‘lib qoladi. Jurjonni poytaxtga aylantiradi. Qobus juda zolim hukmdor bo‘lganligi uchun lashkarlar o‘zaro kelishib, Qobusni taxtdan ag‘darib, o‘rniga o‘g‘li Manuchehrni o‘tqazadilar. Kaykovus “Qobusnoma”ni Gilonshohga bag‘ishlab yozgan. “Qobusnoma” 475-hijriy, 1082-1087-milodiy yillarda yozilgan. 1702-1705-yillarda “Qobusnoma” turk tiliga, 1786-1787-yillarda Muhammad Siddiq Rashidiy tomonidan uyg‘ur tiliga, 1860-yilda Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga, 1881-yilda Qayum Nosiriy tomonidan tatar tiliga tarjima qilingan (Kaykovus. “Qobusnoma”. Toshkent. “O‘qituvchi” nashriyoti. 1986). Filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Subutoy Dolimov tomonidan nashrga tayyorlangan “Qobusnoma” 44 bobdan iborat bo‘lib, bulardan to‘rt bobi diniy xarakterdadir. 40 bobi esa hayotiy voqealarni ifoda etadi. Bu kitob ota-onalar, farzandlar uchun uzoq yillardan buyon amaliy pedagogikaning zaruriy qo‘llanmasi vazifasini bajarib kelmoqda. “Qobusnoma”ning yettinchi bobi “Suxandonlik bilan baland martabaga ega bo‘lish haqida”gi dolzarb masalaga bag‘ishlangan. Kaykovus yozadi: “...so‘z to‘rt nav bo‘lur, undoqkim xaloyiq ham to‘rt nav bo‘lg‘ondek. Biri ulkim, bilur va bilg‘onin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe bo‘lmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin bilur, u qobildur, unga o‘rgatmoq kerak. Biri uldurkim, bilur va bilg‘onin bilmas, ul uyqudadur, uni bedor qilmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin ham bilmas u johildur, undan qochmoq kerakdur”. “...so‘z ham to‘rt nav’dur: biri, bilinmayturg‘on va aytilmayturg‘on; ikkilanchi; aytilaturg‘on va bilinaturg‘on; uchlonchi, ham bilinaturg‘on va ham bilishga zaruratsiz, ammo aytsa bo‘laturg‘on; to‘rtalonchi, bilinaturg‘on va aytilmayturg‘on”. Kaykovus notiqqa har bir so‘zning ma’nosini, mantig‘ini bilish bilan birgalikda, bilganini aytmaslikni, so‘zlarning farqini, qayerda, nimani, qachon gapirish zarurligini ta’kidlagan. “So‘zni bag‘oyat ulug‘ bilgil, so‘z osmondin kelmas va ul xor narsa emasdur. Qay bir so‘zniki bilsang, joyin o‘tkarmay aytg‘il, vaqtni zoe qilmag‘il, yo‘q ersa donishg‘a sitam qilg‘on bo‘lg‘aysan. Har so‘z desang, rost degil va bema’nilikni da’vo qilguvchi bo‘lmag‘il”, deb Kaykovus so‘zning ahamiyatini, so‘zni hurmat qilishni, e’zozlashni va qachon, nimani gapirishni nasihat qiladi. “Qobusnoma”dagi suxango‘ylar, ya’ni notiqlar, so‘z aytuvchilar haqidagi bu fikrlar o‘z davri va keyingi davr olimlari, donishmandlari, madrasa ilmi toliblari uchun hamda ayni kunlarda ham, qo‘llanma vazifasini bajarib kelmoqda. Har bir voqea-hodisaning tarixi bo‘lganidek, notiqlik san’ati va nutq madaniyatining ham o‘ziga xos tarixi ham bor. Ma’lumki, VII-VIII asrlarda podshohlar ham juma kunlari xalq oldida davlat qonun-qoidalari, itoatkorlik, odob-axloq to‘g‘risida nutq so‘zlaganlar. IX asrga kelib, bu odat boshqacha tus oldi. Endi podshohlar emas, balki ularning maxsus tayyorgarlik ko‘rgan odamlari uning nomidan va’z ayta boshlaganlar. Qadimda so‘z aytuvchi notiq – voiz, nutqi esa va’z deb atalgan. Ming-minglab xalq oldida va’z aytish juda og‘ir yumush edi. Bu ishni hamma ham uddalay olmasdi. Chunki voizlik bilimdonlikni, salohiyatni, so‘zga boylikni, va’z ayta olish iste’dodini, yoqimli ovozni talab etardi. Biron gapni xalqqa ma’qul qilish, ularga oddiy, sodda qilib tushuntirish uchun notiqlar so‘zning tovlanishi, sinonim-omonimlarini bilish bilan birgalikda, davlat qonun-qoidalaridan, mamlakat hayotidan to‘la xabardor bo‘lishini taqozo etardi. O‘z fikrini xalqqa manzur qila olmagan notiq ikkinchi marta minbarga chiqa olmas edi. Shuning uchun notiqlar minbarga chiqishdan oldin doimo puxta tayyorgarlik ko‘rardilar. So‘z aytishning turli xillarini, vositalarini o‘ylab topardilar. Natijada, notiqlik san’ati, ayniqsa, o‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda keng rivojlandi. “O‘zbek sovet qomusi”da yozilishicha, XII asrda Bahovuddin Valad, XIII asrda Jaloliddin Rumiy, XV asrda Husayn Koshifiy, Mu’inuddin Voiz, Voiz Haraviy, Zayniddin Vosifiy kabi notiqlik san’atini puxta egallagan so‘z ustalari yetishib chiqdilar. XVI asrga kelib, notiqlik san’ati turlari, qonun-qoidalarini aks ettiruvchi bir necha ilmiy-metodik qo‘llanmalar vujudga keldi. Ayniqsa, Muhammad Rofi Voizning “Avbob ul-jinon”, Voiz Qazviniyning “Zilolu maqol”, Voiz Shirvoniyning “Axsan ul-ahodis”, Muhammad Bobur binni Muhammad Voizning “Hidoyat ut-taqdim”, Quraysh Sindiyning “Anis ul voizin”, Mullo Kalon Voiz Samarqandiyning “Ravzat ul voizin”, Qozi O‘shiyning “Mirmoh un-najoh” kabi asarlari yosh voizlar uchun qo‘llanma vazifalarini bajargan. Bundan tashqari, tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Alisher Navoiyning “Majolis un nafois”, Zayniddin Vosifiyning “Badoe ul-vaqoe’”, Xondamirning “Makorim ul-axloq” kabi asarlarida ham notiqlik, ya’ni voizlik san’ati haqida atroflicha fikr yuritilgan. Notiqlik qadimda, Sharqda umumdavlat ahamiyatiga molik ish hisoblangan. U bir necha turga ajratilgan: 1. Ilmiy-siyosiy nutq. 2. Bahs-munozarali nutq. 3. Targ‘ib va tashviq qilish ruhidagi nutq. 4. Marsiya nutqi. 5. Tabrik nutqi (qutlov) va boshqalar. Notiqlik san’ati qadimda voizlik san’ati deb yuritilgan (R.Mahmudov. Husayn Voiz Koshifiy. “San’at” jurnali. 1990. 3-son. 14-15 betlar). “Qomusi usmoniy” nomli lug‘atda va’z “kishilarning qalbini yumshatadigan pand-nasihatdir”, deb ta’rif beriladi. Haqiqatan ham, voiz har gal so‘zga chiqishida ma’lum bir g‘oyani, vazifani, qonun-qoidani ilgari surishni maqsad qilib oladi. Download 0.8 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling