O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti


RAHBARNING NOTIQLIK SAN’ATI VA NUTQ MADANIYATINI EGALLASH ZARURIYATI


Download 0.8 Mb.
bet55/59
Sana28.10.2023
Hajmi0.8 Mb.
#1732133
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59
Bog'liq
Notiqlik. Lotin 12.01.2021 (6)

RAHBARNING NOTIQLIK SAN’ATI VA NUTQ MADANIYATINI EGALLASH ZARURIYATI

“Har qanday nutq mazmun va so‘zlardan iborat bo‘ladi va har qanday nutqda so‘zlar mazmunsiz o‘z zaminidan ayriladi, mazmun esa so‘zsiz aniqlik, ravshanlikdan ay­riladi”, degan edi notiqlik nazariyasini va amaliyotini yaratgan yunon olimi Mark Tulliy Sitseron “Notiqlik haqida” kitobida. Notiq qayerda, kim uchun nutq so‘zla­shidan qat’iy nazar, “odamlarni bir narsaga undaydigan, o‘rgatadigan yoki tiyib turadigan, hayajonlantira­digan, tinchlantiradigan, yupantiradigan yoki ruhlantiradigan bo‘ladimi; ozchilikka yoki ko‘pchilikka qaratilganmi, begonalar uchunmi yoki do‘stlar uchunmi, o‘z-o‘zi uchun, bari bir, nutq hamma vaqt fikrlarga bir xilda boy va so‘zlar bilan bezatilgan bo‘ladi”. Ayniqsa, rahbar nutq so‘zlashi­dan, suhbat o‘tkazishi­dan oldin fikrlarini yig‘ib olmasa, tayyorlanmasa va ravshan tasavvurga ega bo‘lmasa, uning nutqidan odamlar bahramand bo‘lishi qiyin. Boshqa har qanday oddiy xodim, oddiy o‘qituvchi nutq so‘zlasa-yu xato qilsa, nutqi yaxshi, mazmunli chiqmasa ham, ayb hisobla­nadi, lekin rahbarning gapi, fikri, nutqi, ma’­ruzasi mazmunsiz chiqsa, ikki marta ayb sanaladi. Rahbar yosh­mi, o‘rta yasharmi, tajribalimi? Tajribasizmi? Qanday bo‘li­shi­dan qat’iy nazar, u rahbar jamoaning nazarida bo‘ladi. Uning har bir qilig‘i, gapi, xatti-harakati keng muhokama qilinadi. Ayniqsa, yoshlar rahbardan ko‘p narsani, ya’ni o‘zini tutishni, muomala qilishni, salomlashishni, ja­moada uzoq vaqtdan buyon ishlab kelayotgan xodimlar hur­matini joyiga qo‘yishni o‘rganib, alo­hida e’tiborda bo‘­li­shini ham bilishlari kerak.


Rahbarning notiqlik san’ati va nutq madaniyatini egallash zaruriyati quyidagilardan iborat:
1. Rahbar, avalo, o‘zbek tilining barcha bo‘limlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Ya’ni, o‘zbek tilida gapirdi, degani, o‘zbek tilini bilib qoldi, degani emas. Rahbar bo‘ldi, degani, ham­ma narsani biladi, aqlli bo‘lib qoldi, degani emas. Amal kur­sisi insonga emas, inson amal kursisiga yarashishi kerak.
2. Rahbar, avvalo, o‘zini yaxshi ko‘rishi, o‘zini o‘ta hurmat qilishi zarur. Chunki o‘zini hurmat qilgan kishi boshqa­larni ham hurmat qilishni biladi.
3. Rahbar muomala madaniyatini, salomlashish madaniya­tini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur. Agar muomala mada­niyati yetarli bo‘lmasa, rahbarligi uzoqqa cho‘zilmaydi.
4. Rahbar, shuningdek, har bir notiq tinglovchilar yoki ja­moa a’zolari orasida mendan ham ko‘p biladigan, ilmli, bilimli in­sonlar bor bo‘lishi mumkin, deb o‘ylab gapi­rishlari kerak.
5. Har qanday rahbarda professionalizm bo‘lishi talab etiladi. Negaki, rahbar nafaqat bilimi, ko‘p narsani bi­lishi, balki gapini jamoaga yetkazib berishni ham bilishi zarur.
6. Rahbarning so‘zamol, chiroyli gapira olishi, har bir nutqida xayrixohlik alomati sezilib, bilinib turishi kerakki, tinglovchilar uning fikrini bo‘lib, gapini to‘x­tatib, savol berishga jur’at qila olmasin. Chiroyli ga­pirish ham oson emas, lekin rah­barmisiz, albatta, toza gapirishni, gapingizga ishontira olishin­gizni isbotla­shin­giz lozim.
7. Notiqlik san’ati va nutq madaniyatini egallash rahbar uchun zaruriyat. Negaki, rahbarning so‘zamolligi jamoadagi ko‘p­­lab ko‘ngilsizliklarning, muammolar tug‘i­li­shining oldini ola­di.
8. Shirin so‘z bilan har bir ishchining, xodimning, kichik rahbarning ko‘nglini olish, shodlantirish mumkin.
9. Rahbarning jamoaga, tinglovchilarga tik turib yoki o‘tirib gapirishida ham gap ko‘p. Fikrni tinglovchiga yet­kazishda notiq tik turib gapirgani, bizningcha, ma’qul­roq. Tinglovchilar oldida tik turib gapirish o‘tirgan­larga nisbatan notiq-rahbar hurmatini ham bildiradi va fikrning to‘liq yetib borishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, rahbardan avvalo, tarbiyalan­gan odobli, axloqli, kamtar, bilimli, mustaqil fikrli bo‘lishi talab etiladi. “Adab aqlning tashqi suratidir”. “Tarbiya ishida har bir kishining individual qobiliyati­ni rivojlantirish haqida g‘amxo‘r­lik qilish bilan birga, ayni choqda, ularda atrofdagilarga nisba­tan mas’uliyat hissini tarbiyalashga ham e’tibor bermoq zarur”, degan edi Albert Eynshteyn. “G‘oyalardan uzoqlashgan har qanday odam, oxir-oqibatda hissiyotlar quliga aylanadi”. Axloq – bizning shaxsiy ehtiyojlarimiz bilan abadiy murosaga intilishimizdir. “Agar inson tabiatan olijanob bo‘lma­ganida, u yer yuzidagi eng ulug‘ mavjudod bo‘la olmas edi”. “Aqlli kishilar – bebaho qomus” (Gyote). “Notiqlik inson ongini jilovlash san’ati­dir” (Aflotun). Demak, har qan­day lavozimda ishlayotgan rahbar notiqlik san’ati va nutq madaniyatini puxta egallashi hayot zaruriyatidir.
XULOSA

Jadid alabiyotining asoschilaridan biri Abdurauf Fitrat “Madaniyatli mamlakatlarda tahsilga sazovor ilmlar bisyor va zamon talabiga qarab yana ko‘payadi, zero, bashar taraqqiyo­tining onasi ilm va fandir”, deganlar. Bugungi globallashuv davrida hayot shiddat bilan rivoj­lanib bormoqda. Uzoq yillar ilm-fan va ishlab chiqarish boshqa-boshqa shaklda ish olib bordi, hamjihatlik kam bo‘ldi. Ilm-fandagi ko‘plab kashfiyotlar hayotga tadbiq etilmadi. Qaysidir ma’noda ilm-fanga, oliy ta’lim­dagi o‘quv jarayoniga bir yoqlama munosabat bo‘linishi oqiba­tida savodsiz, layoqatsiz mutaxassislar, savodi haminqa­dar o‘qituvchilar jamoasi tayyorlanib kelindi. Yolg‘on, aldash, yaxshi ko‘rinish, mukofot olish uchun noto‘g‘ri hiso­botlar nihoyatda ko‘paydi. Prezidentimiz aytganlaridek, “og‘zakidan besh” bo‘lin­di. Bugungi kunda esa bu kabi o‘zi­bo‘larchilikka chek qo‘yila boshlandi.


Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman, hayotimiz­dagi bugungi ulkan o‘zgarishlar, islohotlarimiz man­tig‘i barcha­mizdan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va ta­shabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda”, degan edi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 27-iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodim­lariga yo‘llagan tabrigida. Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fanidan yozilgan bu darslik Prezidentimiz chaqiriqlariga asosan yaratildi. Biz uzoq yillar har bir voqea-hodisalarga “bo‘laveradi” degan iboraga moslashib, faoliyat ko‘rsatib keldik. Xo‘sh, bu­gunchi? Prezidentimiz barcha sohalarda juda katta insonpar­varlik, ma’naviyatparvarlik, ma’rifatparvar­lik nuqtayi nazardan islohotlar boshladilar va “Bugun yoki hech qachon” degan katta falsafiy ma’noga, mantiqqa ega bo‘lgan tamoyilni o‘rtaga tash­ladilar. Shu jihatdan qara­ganda, zamon talabiga javob beradigan yetuk mutaxassis­larni, tayyorlashda nafaqat o‘qituvchilarni, balki tibbiyot xodimlarini, muhandislarni, iqtisodchilarni, hu­quq­shu­nos­larni, qishloq xo‘jaligi, qisqasi, barcha sohadagi ikki yuzdan ortiq mutaxassis kadrlarda notiqlik san’ati va nutq madaniyati bo‘lishi zarur. Chunki inson borki, teva­rak-atrofida insonlar bo‘ladi, ular bilan muomala qi­lishga majbur bo‘ladi. Inson birga ishlayotgan hamkasb­lariga, ko‘chada uchragan tanishlariga, eng sodda qilib ayt­ganda, oilasidagilarga o‘z fikrlarini sodda, tushunar­li tarzda aytib bera olishi zarur bo‘ladi.Til bilish – bar­kamollik belgisi, deyiladi.Til bilish degani faqat chet tillarini ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys tilla­rini bilish emas, balki birinchi galda o‘z ona tilini mukammal bilish, xatosiz gapirish, tevarak-atrofidagi insonlarga gaplarini to‘g‘ri tushuntira olishi kerak. Afsuski, keyingi yillarda bolalarimizga chet tillarini o‘rganishga katta e’tibor berish bahonasida, o‘z ona ti­lisini esidan chiqarib qo‘yishmoqda, hatto, o‘zbek tilida gapira olmaydigan ashulachilarimiz, rassomlarimiz, ki­no­­rejissyorlari­mizning borligi achinarli holat.
O‘zbek tilini bilmaydigan, o‘zbekcha gapira olmaydi­gan, o‘zbek tilida o‘z fikrini erkin ayta olmaydigan ashulachi tele­videniye orqali qaysi vijdon bilan o‘zi tushunmagan so‘zlarda o‘zbekcha qo‘shiq aytishi mumkin? Yoki o‘zbek urf-odatlarini bilmaydigan, o‘zbekcha fikrlamay­di­gan, o‘ylamaydigan, milliy qadriyatlarni kitoblardan o‘qib o‘rgangan rejissyorlarimiz qan­day qilib o‘zbekcha kino olishlari mumkin. Yoki televizorlarda berilayotgan bir-biridan mantiqsiz, boshqa tillardan ko‘r-ko‘­rona tar­jima qilingan reklamalar, ko‘chalardagi, binolar peshto­qidagi “Biz ochildik” shaklidagi yozuvlar faqat savodsiz­likni, beparvolikni belgisi, xolos.
Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos, jonkuyar olim Omonulla Madayev barcha oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihon­lariga insho yoki diktant olishni qo‘shish kerak. Chunki, bugungi yoshlarimizda yozma savodxonlik, og‘zaki nutq, yozma nutq nihoyatda yomon ahvolda, deb bong urgan edilar.
Yaqinda rahbar xonasiga imzo qo‘ydirish uchun kirdim. Domla siz ham o‘tiring, bu o‘g‘lim bilan birgalikda gap­lashaylik, – deb qoldilar rahbarimiz. Tuproqshunoslik fakultetida o‘qiydi­gan bu talaba yarim semestr davomida o‘qigan, lekin afsuski, harf tanimaydi. Balki lotin yozu­vini o‘qishga qiynalayotgandir, kirill yozuvidagi savol­ni beringlar, dedim. Afsuski, maktabda, kollejda o‘qigan degan guvohnoma, diplomi bor yigitcha, umu­man, harf tani­mas ekan. Ota-onasi chaqirtirilib, suhbatlashildi. Otasi nima deydi, deng:
– To‘rt yilda o‘qishni o‘rganib ketadi, yordam qilinglar.
Oliygoh harf o‘rgatadigan joy emas, deb rahbar o‘quv yurtidan chetlatish to‘g‘risidagi buyruqqa imzo chekdi. Bu holat turli o‘quv yurtlarida yo‘qligiga kim kafolat bera oladi?
Notiqlik san’ati va nutq madaniyati bo‘yicha yetuk mutaxassis olim Rahimboy Jumaniyozov: “So‘z – ne’mat, so‘z – rag‘bat, so‘z – da’vat, so‘z – davlat, so‘z – savlat, so‘z – hikmat, so‘z – himmat, so‘z – hurmat, so‘z – rahmat, so‘z – zahmat, so‘z – fazilat, so‘z – illat, so‘z – tuzuvchi, so‘z – buzuvchi, so‘z – ilm, so‘z – tilsim, so‘z – bilim, so‘z – zulm, so‘z – saboq, so‘z – tayoq, so‘z – havas, so‘z – hasad, so‘z – g‘urbat, so‘z – g‘iybat, so‘z – do‘st, so‘z – dushman, so‘z – sharofat, so‘z – ofat, so‘z – olqish, so‘z –qarg‘ish, so‘z – mehr, so‘z –qahr, xullas, so‘z – borlik (R.Jumaniyozov. “Siz notiq bo‘lmoqchimisiz? Toshkent. “O‘zbekiston”. 2019. 176-bet). “Falsafa hayratla­nish bo‘lsa, undan oziq olgan voizlik hayratlanishdir”. “Nutqsiz yutuq yo‘q, nutq yutuqning garovidir”. “Nutqning hidi notiqning didi bilan bog‘liq”.
“Notiqlik odamzodning his-tuyg‘usini, ongu shuurini, aqlu idrokini rom etadigan ta’sirchan san’atdir”, deb yozadi.
Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fani bo‘lajak muta­xassislarga nafaqat chiroyli gapirishni balki o‘zbek tili qonun-qoidalarini, gap tuzish, so‘z qo‘llash, so‘z o‘yin­laridan, gapda kerakli, o‘rinli maqollardan, hikmatlar­dan, rivoyatlardan foyda­lanishni ham o‘rgatadi.
Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fanini faqat “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘na­lishlari mutaxas­sislarigina emas, balki tabiiy fanlar, fizika-matematika fanlari, jismoniy madaniyat, ishlab chiqarish texnologiyalari, pedago­gika ta’limi mutaxassis­lariga ham o‘qitilishi maqsadga muvo­fiqdir.

1-ilova.




Download 0.8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling