O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti


Download 0.8 Mb.
bet57/59
Sana28.10.2023
Hajmi0.8 Mb.
#1732133
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59
Bog'liq
Notiqlik. Lotin 12.01.2021 (6)

BO‘LAJAK NOTIQQA TAVSIYALAR
1. Notiq rejali gapirishni, ma’ruza o‘qishni, suhbat­lashishni, savol-javob o‘tkazishni bilishi lozim.
2. So‘zga chiqayotgan notiq (qayerda, kimlar hokim, vazir va boshqalar oldida so‘zga chiqishidan qat’iy nazar) mendan zo‘r notiq inson yo‘q, men hammani lol qoldira olaman, deb o‘ziga ishonishi zarur. O‘ziga ishonch har qanday qo‘rquvni, hayajonni yengishga yordam beradi.
3. Notiq so‘zga chiqishi oldidan eng yoqimli voqea-ho­disani eslab yoki meni yoqtirgan, meni qo‘llab-quvvatlay­digan inson­lar zalda, auditoriyada bor, deb o‘ylab, ilhom­lanib, keyin so‘z boshlashi kerak.
4. Notiqqa hurmat bilan qarashni hosil qiladigan hodisa bu matnni o‘qimaslik, tinglovchilarga hurmat bilan qarab og‘zaki gapirishdir.
5. So‘zga chiqqan notiq zaldagi eng chiroyli ayolga yoki e’tibor bilan tinglayotgan insonga qarab gapirishi ke­rak. Agar qiyshayib, boshqa ish bilan shug‘ullanayotgan in­songa ko‘zi tushsa, fikri buziladi.
6. Notiq auditoriyadagi, zaldagi tinglovchilarni e’ti­bordan chetda qoldirmasligi zarur. Agar tinglovchilarga ma’ruza zeri­karli tuyulsa, o‘rtada qiziqarli rivoyat, kul­gili latifa, maqol, she’r, g‘azal yoki badiiy asardan parcha aytib, barchaning e’tiborini o‘ziga qaratishi kerak.
7. Auditoriyada kimdir xayolparastlik bilan o‘tirgan bo‘lsa, ovozni to‘satdan ko‘tarish yoki ataylab pastlashish, ovoz tonini o‘zgartirish orqali tinglovchilar e’tibori­ni tortish mumkin.
8. Notiq har qanday ma’ruzaga, suhbatga jiddiy tayyor­la­nishni odatga aylantirishi shart. Tinglovchilarni men­simaslik, “bu mavzuni men yaxshi bilaman-ku” deb e’ti­borsiz bo‘lish notiqni shu tashkilotga ikkinchi marta bo­rish eshigini o‘zi xoh­lamagan holda berkitib qo‘yishi de­makdir.
9. Notiqlikda farosatning roli katta. Har bir in­sonda Xudo bergan farosat mavjud. Undan o‘z o‘rnida foy­dalanish kerak. To‘rt yuz kishilik zalda notiqqa oltinchi bo‘lib so‘z berildi: Notiq minbarga yonboshlab olib, yozib kelgan yigirma betlik ma’ru­zasini shoshmay, bemalol yarim soat o‘qib berdi. Bu juda yaxshi, mazmunli ma’ruzani hech kim eshitmadi, hech kim hech narsa uqmadi, esiz behuda sarflangan vaqt. Shunday voqea yuz be­rishga aqlli notiq yo‘l qo‘yishi mumkin emas.
10. Notiq qaysi mavzuni qayerda, qanday, qancha gapiri­shini bilishi shart.
11. Nutqda ovozning roli katta. Notiq ovozining yoqimli chiqishini mashq qilishi kerak. Dag‘al, qo‘pol yoki yoqimsiz ovoz hech kimga hech qachon yoqmaydi.
12. Notiq nutqidagi asosiy hodisa bu so‘zlarga to‘g‘ri urg‘u qo‘yilishi bilan o‘lchanadi. Chunki tinglovchi notiq aytayotgan fikrlarni so‘zlar orqali eshitadi. Shuning uchun har bir so‘z yamlanmagan, so‘z oxirini, gap oxirini “yeb qo‘ymay” gapirishga, so‘zlashga o‘rganish zarur.
13. Nutq har doim sun’iylikdan holi, tabiiy, sami­miy, halim, xayrixohlik ruhida bo‘lishi lozim. Afsuski, ayrim rahbarlar nutqida buyruq, mensimaslik, manman­lik ohangi sezilib turadi, bu tinglovchilarning g‘ashini keltiradi. Natijada hech kim, hech narsa tushunmaydi. Va berilgan topshiriq umuman bajaril­maydi. Vaqt o‘tib, natijasi so‘ralganda hamma yolg‘on gapiradi. Yolg‘onchilik­ning ildizi e’tiborsizlik, loqaydlik, uqmaslikdadir.
14. Notiq gapirayotgan gapiga, fikriga o‘zi ishonishi va unga amal qilishi shart. Yolg‘on, bari bir, yolg‘on-da.
15. Notiq o‘z ma’ruzasida ta’kid, kinoyadan unumli foydala­nishi, ayrim hollarda aytayotgan fikrlarining manbasini, mualli­fini ham aytib, tinglovchilar hurma­tiga sazovor bo‘lishi mumkin.
16. Notiq ma’ruzasi qaysi, qanday mavzuda bo‘lishidan qat’iy nazar, bugungi kun bilan bog‘lanishi, kecha yoki bugun sodir bo‘lgan eng yaxshi voqea-hodisa, yangi qabul qilingan Qaror, Farmon, Farmoyishga bog‘lab gapirilsa, nutq mazmun-mohiyati, notiqqa nisbatan hurmat ortadi.
17. Notiq jismoniy jihatdan charchagan, ma’naviy jihatdan toliqqan, aqliy jihatdan zo‘riqqan holatda ma’­­ruza o‘qimasligi kerak bo‘ladi. Chunki bu holatda ma’­ruza ko‘ngildagidek chiq­maydi.
18. Notiq hammaning ko‘z o‘ngida, e’tiborida bo‘lishini unutmasligi lozim. Po‘rim yoki ayol kishi bo‘lsa, “shpatlyov­ka” holatda emas, balki oddiy, sodda, xushbichim kiyinish zarur. Yoqimli kiyinish, ko‘rinish notiqlikda katta aha­miyat kasb etadi.
19. Notiq har qanday ahvolda bo‘lishidan qat’iy nazar, tinglovchilarga muloyim, kulimsirab turishi shart. Va nutqini yaxshi kayfiyatda boshlab, yaxshi kayfiyatda yakun­lashi lozim.
20. Notiq ma’ruzasi davomida imo-ishoradan, qo‘l hara­ka­tidan, gavda harakatidan unumli foydalanib, mavzuni tushun­tirishi kerak.
21. Notiq misollar keltirib, o‘z fikrini isbotlasa, yaxshi bo‘ladi. Lekin u o‘zini hech qachon maqtamasligi kerak. Maq­tanchoqlik manmanlikka olib keladi. Maqtanchoqlik tinglov­chilar oldida notiqning obro‘sini tushiradi.
22. Notiq psixolog bo‘lishi shart. Chunki tinglovchi­larga qanday gaplar ma’qul bo‘lmoqda yoki qaysi gaplar, fikrlar yoq­maganligining farqini ajrata olishi darkor. Notiq nutq so‘zla­ganda tinglovchi, suhbatdoshi holatiga qarab gapirishi lozim.
23. Notiq artist, aktyor bo‘lishi zarur. Mavzuning mazmun-mohiyatini tushuntirish uchun, kerak bo‘lsa, rolga kirib ketishi kerak. Maqsad tinglovchilarni jalb qilish, nimadir o‘rgatish, maqsadga yetish. Lekin, bu - oson ish emas. Siz notiqmisiz, o‘qi­tuvchimisiz, rahbarmisiz, marhamat, aktyor, artist bo‘ling, yoq­maydimi, unda oddiy xizmatchi bo‘la qoling, topshiriqni baja­ruvchi bo‘lib yurabering.
24. Nutq hech qachon bir xil tonda, bir xil ovozda bayon qilinmasligi kerak. Ayniqsa, o‘qituvchi talaba-yoshlar oldida o‘tirib olib, gapirsa, bunday nutqning ta’sir kuchi umuman bo‘l­maydi. Bunday ma’ruzaga talabalar kam qatna­shadilar.
25. O‘qituvchi-notiq har doim adolatli bo‘lishi shart. Ado­latsizlik ma’ruzachining obro‘sini to‘kadi.
26. Notiq, rahbar, ayniqsa, o‘qituvchi notiq badiiy ada­biyotlarni ko‘p o‘qigan, ko‘p she’rlar, g‘azallar yodlagan bo‘lishi va xotirasi baquvvat bo‘lishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, maslahat berish oson, amalga oshi­rish qiyin. Ammo hech qaysi bir ishda oson narsa yo‘q va bo‘l­maydi ham. Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fani insonlarga katta mas’uliyat yuklash bilan birga katta obro‘-e’tibor, hurmat ham olib kelishini unutmaslik lozim.

Download 0.8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling