O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi termiz davlat universiteti filologiya va tillarni o`qitish: O`zbek tili ta`lim yo`nalishi


Download 1.95 Mb.
bet2/8
Sana07.11.2020
Hajmi1.95 Mb.
#141954
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Abduraxmonov S. Kurs ishi


Obraz, badiiy obraz— voqelikni fakat sanʼatga xos usulda oʻzlashtirib va oʻzgartirib harakterlovchi estetik kategoriya. Shuningdek, badiiy asarda ijodiy qayta yaratilgan har qanday voqea ham obraz deb yuritiladi.

obrazda obyektiv anglash bilan subʼyektiv ijodiy tafakkur qorishib ketadi. Badiiy obrazning oʻziga xos xususiyatlari real voqelikka va fikrlash jarayoniga boʻlgan munosabatda aniq namoyon boʻladi. Obraz vokelikning badiiy inʼikosi sifatida real mavjud obʼyektning hissiy aniq, tayin zamon va makonda davom etgan, moddiy tugal, oʻzicha yetuk xususiyatlariga ega boʻladi. Badiiy obrazni real obʼyekt bilan chalkashtirmaslik kerak; u shartlilik, ramziylik xususiyati bilan real voqelikdan farq qiladi va asarning ichki "illyuziyali" olamini tashkil qiladi. Obraz voqelikning oddiy inʼikosi boʻlmay, balki uni umumlashtirib, aloqida, oʻtkinchi, tasodifiy hodisaning eng mohiyatli, oʻzgarmasmuqim, adabiy jihatlarini ochib beradi. Mavhum tushunchadan farqli ra-vishda obraz koʻrgazmalilik xususiyatini namoyon etadi, u voqealarni mavqum mulohazalar bilan emas, balki hissiy yaxlit, bir butun takrorlanmas tarzda aks ettiradi. Obrazning badiiyligi mavjud voqelikni aks ettirish va uni anglash xususiyati bilan belgilanmaydi, balki badiiylik obrazning misli koʻrilmagan, yangi oʻylab chiqarilgan dunyo yarata olish imkoniyatida yuzaga chiqadi. Obrazda obʼyektiv mavjud va muhim jihatlar bilan birga, boʻlishi mumkin boʻlgan, moʻljaldagi, xohishdagi, yaʼni turmushning emotsional-irodaviy tomonlariga munosabat, uning koʻrinmas, ichki imkoniyatlari bilan bogʻliq xususiyatlar ham muxrlangan boʻladi. Shuningdek, badiiy obrazda xayolot, boʻyoq, tovush, soʻz va boshqalarni ijodiy ishlash yoʻli bilan sanʼat asari yaratiladi.

Obraz murakkab tuzilish va murakkab koʻrinishga ega; u borliq bilan ruhiy dunyoning bir-biriga oʻtishidagi barcha momentlarni oʻz ichiga oladi. Badiiy obraz vositasida subyektivlik bilan obyektivlikning , yakka holat bilan umumiylikning , ideallik bilan reallikning oʻzaro muvofiq munosabatlari ijodiy ishlab chiqiladi.

Badiiy asarda obraz soʻz vositasida yuzaga chiqariladi. Adabiy asarning materiali ashyoviy asosdan (boʻyoklar, marmar, tosh va boshqalar) emas, balki belgilar tizi-mi, til, soʻz materialidan iborat boʻlgani uchun ham soʻz bilan ifodalangan obrazda koʻrgazmalilik tomoni plastik obrazga nisbatan kam aks etadi. Shoir hatto konkrettasviriy soʻzlardan foydalanganda ham, predmetning koʻzga koʻrinadigan qiyofasini emas, assotsiativ aloqadagi mazmuniy koʻrinishini yaratadi.

Badiiy obrazning muhim vazifasi uning hayotdagidek salmoqdorlik, yaxlitlik va jonlilikka ega boʻlishidir.

Adabiy tur va janrlar, uslub va tasviriy vositalarga ko’ra obrazlar quyidagicha bo’ladilar:

1. Epik obrazlarda hayot voqea - hodisalari keng va atroflicha tasvirlanadi. Voqeabandlik, ob’ektiv tasvir ustunlik qiladi. Epik turlarning hamma janrlarida yaratilgan obrazlar – epiklik xislatlariga ega bo’ladi. Mirzo Ulug’bek, Qalandar, Ali Qushchi (“Ulug’bek xazinasi”), Alpomish, Barchin (“Alpomish”), Qobil bobo (“O’g’ri”), Sotiboldi (“Bemor”) kabilar shular jumlasidandir.

2. Lirik obrazda voqyelik inson kechinmalari (tuyg’ulari, hislari, o’ylari) orqali ifodasini topadi. Lirik turning janrlari (she’r, g’azal, qasida, ruboiy, qo’shiq, ashula, yor-yor, alla va sh.k.)dagi lirik qahramon (oshiq, yor, raqib) obrazi – tipik misoldir.

3. Dramatik obrazda voqyelik xarakat orqali sahnada voqye bo’ladi. Tragediya, komediya, drama, libretto, miniatyura kabi janrlarda yaratilgan obrazlar (Qo’chqor, Alomat, Olimjon, Qumri, Sharofat, Saltanat, Suvon-“Temir xotin”) – dramatik obrazlar deb yuritiladi.

4. Hayoliy-fantastik obrazlar – haddan tashqari bo’rttirilgan, ilohiylashtirilgan, mo’jizaviy xarakterga ega bo’lgan qiyofalardir. Xalq og’zaki ijodi (doston, ertak) dagi uchar gilam, ur to’qmoq, dev, ajina, jin obrazlari va fantastik janrdagi (Hojiakbar Islom Shayxning “Tutash olamlar” mistik-fantastik romanidagi) Nazira, Nargiza, Nafisa, G’avsul A’zam, hazrat Shayhontohur, Iblis obrazlari – kishilarning tasavvurlarini kengaytiradigan, ruhiyat dunyo sirlari bilan oshna etadigan timsollardir.

5. Afsonaviy obrazlar – butunlay xayolning mevasidir, ular bitmas - tuganmas qudratga, yuksak fazilatlarga, mo’jizaga ega bo’ladilar. Alpomish (“Alpomish”), Go’ro’g’li (“Chambil qamali”), Avazxon (“Malikai ayyor”), Ram (“Ramayana”), Yudhishthira, Bhimasena, Arjuna (“Mohabhorat”) – ana shunday qahramonlardir.



6.Mifologik obrazlar – afsona asosida yaratilgan asotiriy qahramonlar (Antey, Prometey, Qayumars, Jamshid kabilar)dir.

Mifologiyaga ko’ra, Gaya Martan (Kayumrs) yer yuzida paydo bo’lgan birinchi odam bo’lib, Axura Mazda (Xurmuz) tomonidan yaratilgan va ikki vujuddan: ho’kizdan va odamdan tashkil topgan ekan. Insoniyatning ashaddiy dushmani bo’lgan Axriman Kayumarsni o’ldiradi. Kayumars jasadining ho’kiz qismidan 55 xil don, 12 xil o’simlik, sigir va ho’kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo bo’ladi; oda qismidan insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga keladi (Natan Mallayev. Њzbek adabiyoti tarixi, T., “O’qituvchi”, 1976, 45 - bet).

7. Ma’joziy (simvolik) obrazlar – predmetlar, o’simliklar, jonivorlar, ranglar orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirib ifodalash demakdir. Ma’joziy obrazlarda ifodalangan tasvirdan bevosita insonlarning munosabatini, ruhiy olamini anglaymiz.

Sahroni yosh to’kib ko’l qilgan hutman,

Bir lahza bexudman, bir lahza xudman.

Ollohim, rahm et, uvol ketmayin –

Yigirma uch yilda g’arq pishgan tutman.

(Nodir Jonuzoq, “Chilla” )

Keltirilgan to’rtlikda lirik qahramon (shoir) o’zini majozan “hutga” va “G’arq pishgan tutga” o’xshatmoqda. “Hut” - shamsiya yil hisobidagi o’n ikkinchi (21 fevraldan – 21 martgacha), yomg’ir mo’l yog’adigan oyning obrazi bo’lsa, “g’arq pishgan tut” - yigirma uch yoshlik yetilgan yigitning ramzidir. Yigitlik davrida goh yaxshi, goh yomon (goh o’ziga kelib, goh behush) umrguzaronlik qilar ekan, u Allohdan rahmdillikni so’raydi, uvol ketmaslikni iltijo qiladi.

8. Satirik obrazlarda hayotdagi qusurlar ustidan zaharxanda kulgu, sarkazm, masxaralash usuli yetakchilik qiladi. Qahramonlardagi tashqi jihatdan ko’zga ko’rinmaydigan, lekin ichki jihatdan bijg’igan, yaramas, arzimas odatlar fosh etiladi. Kulgu qanchalik fosh etsa, uning mohiyati shunchalik ochiladi – qusur va yaramasliklar o’limga mahkum etiladi. Mulla Dilkash (“Hiylai sha’riy”-G’.G’ulom), Kalvak mahzum (“Kalvak mahzumning xotira daftaridan”-A.Qodiriy), Qori Ishkanba (“Sudxo’rning o’limi”-S.Ayniy) kabi obrazlar faoliyatini achchiq kulgu ila fosh etish yo’li bilan yozuvchilar inkor etadilar. “Malaydursan... ”da yaratilgan ig’vogarlarning satirik obraziga (O’zAS, 27 noyabr, 1998) diqqat qilaylik:


Alayhil-la’na iblisga sadoqatli malaydursan,

Qayon yaxshi odam borki, go’riga g’isht qalaydursan.
Ko’rinsa bir ayol xushro’y, yo’tal tutgay seni birdan,

Baroq qosh ostidan qiyg’ir ko’zing-la parmalaydursan.
Bale, fisqu-fasod “ilmi” aro senga taraf yo’qdir,

Jame’i rasvo hunarni sen bilursan, uddalaydursan!
Agar afting esa qiyshiq – nachora, oynada ne ayb,

Nechun ahli zamondan, ham zamondan o’pkalaydursan?
Necha boshga balo bo’lding, baloi tim qaro bo’lding,

Tuzalmas, bir yaro bo’lding, qishu yoz maddalaydursan.
Odamsan, zohiran, lek benasibsan odamiylikdan,

Ya’nikim, shunchaki maxluq erursan, o’rmalaydursan...

9. Yumoristik obrazlarda hayotdagi ayrim nuqsonlar yengil, quvnoq kulgu ostiga olinadi va ularni tuzatishga chorlaydi. Mullado’st (“Maysaraning ishi”-H.H.Niyoziy), Hamrobuvi, Xolnisa (“Shohi so’zana”- A.Qahhor), Toshbolta (“Toshbolta oshiq”-H.G’ulom) kabilar yumoristik obrazlarning jonli namunalaridir. Asqad Muxtorning “Afsona” she’ri (yuqorida keltirgan edik)ni qayta bir o’qisangiz, yumoristik obrazlarga xos yoqimli kulguni jonli shohidi bo’lasiz.

Asar qurilishida tutgan o’rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:

1. Asar voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va oxirigacha rivojlantiradigan, asar bosh g’oyasini o’zida tashiydigan shaxslar – Bosh obraz yoki Bosh qahramon deb yuritiladi.

Jumladan, XX asr boshida o’zbek xalqi o’zini qanday taniganini ko’rsatish “Qutlug’ qon” (Oybek)ning bosh g’oyasidir. Ana shu g’oyani o’zida tashigani va asarning boshidan oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo’lchi romanning bosh qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek, Otabek “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning, Po’lat “Qudratli to’lqin” (Sh.Rashidov)ning, Avaz “Qora ko’zlar” (P.Qodirov)ning, Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.

2. Badiiy asarda ma’lum bir g’oyani (asardagi bosh g’oyaning kichik bir bo’lagini) ifodalovchi, syujet davomida bir, ikki ko’zga ko’ringan obrazlar epizodik yoki yordamchi obrazlar deyiladi.

Jumladan, “O’tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat, Ahmadxon, Komilbek kabilar – epizodik obrazlardir.

Usta Farfi romanda bir epizodda ko’rinadi va Otabek bilan usta Alimni “Komilbekni qotili Hamid” ekanligiga ishontirish, Kumushning xaridori, uni o’ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun, “bu bir it, tomdagi luqmani o’zi ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o’zi!” - deya Hamidni xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Hamidning yordamchisi Sodiq usta Alimga qo’shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu vazifani o’tab bo’lgach, romanning keyingi voqealari tasvirida ko’rinmaydi. Shunga asosan u-yordamchi obrazdir.

Adabiyot hayotni ikki xil yo’l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash, ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko’ra obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:

1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan asosan ijobiy xislatlarni o’zida tashisa va kitobxon uchun o’rnak bo’la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu xususiyatlarga ega bo’lgan Otabek, Yo’lchi, Bobur, Po’lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.

2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan salbiy xislatlarni o’zida tashisa, kitobxonni o’ziga nisbatan nafratini uyg’otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u- salbiy obrazdir. Hamid, Musulmonqul cho’loq (“O’tgan kunlar”), Ahmad Tanbal (“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil obrazlarning tipik vakilidir.

Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko’ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi:

1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo’lib o’tgan voqyelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjoninng “Zaynab va Omon”idagi Zaynab, Oybekning “Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.

2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi g’oyalarni ifoda etsa, bu g’oyalarni zamondosh, “tanish bo’lgan notanish” xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obrazi deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko’chirgan, Istiqlol mohiyatini o’zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O’zbekistonining buyuk davlat bo’lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi – bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.

Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud: o’zgaruvchan obrazlar (Yormat-“Qutlug’ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-“Qora ko’zlar”) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.

Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog’liq obrazlar majmui - obrazlar (sistemasi) tizimi (“O’tgan kunlardagi” Yusufbek hoji – O’zbekoyim- Otabek – Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar – obrazlar galeriyasi (“O’tgan kunlar”dagi Hamid – Sodiq – Mutal - Jannat kampir kabi) deb yuritiladi.

Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o’rtasiga Xitoy devorini qo’yish tamoman noto’g’ridir. Chunki go’zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni - realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to’g’ri kelaverdi.

Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi xislatlari borligiga hyech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor (beayb-Parvardigordir) bandalardir. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto’g’ridir.

Jumladan, “Oltin zanglamas” (Shuhrat)dagi Mirsalim, “Chiniqish” (Mirmuhsin)dagi Bo’rixo’ja, “Senga intilaman” (H.G’ulom)dagi Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning deyarli barchasini o’zlarida jamg’argan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o’zlarining jonli qiyofalarini yo’qotib, salbiy xususiyatlarning yig’indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon kolxozga rais bo’lib kelgan Mirhosil – qo’li egri, qo’pol, xushomadgo’y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin qo’yuvchi va hokazo...

Adabiyot – insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi kishilarning fe’l - atvorlariga – xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy bo’lishi talab qilinadi.

Adabiyotshunoslikda “obraz” tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli ishlatildigan “personaj”, “qahramon” tushunchalari ham bor.

Personaj (lat. Personal-shaxs so’zidan) atamasi badiiy asarda ishtirok etuvchi hamma shaxslarga nisbatan qo’llaniladi. Ko’pincha asardagi epizodik obrazlar-personajlar deb yuritiladi, shu sabab uning tushunchasi obrazga nisbatan tor hisoblanadi. “Ona lochin vidosi” (P.Qodirov) romanidagi Ibn Ali, Ahmad Tarxon, Bobo Husayn, Habiba Sulton, Robiya Sulton, Uvays Tarxon, Sherhoji kabilar – personajlardir.



Qahramon deganda, shijoati, dovyurakligi, botirligi bilan shuhrat qozongan, jonbozlik, mardlik qilib o’zini ko’rsatgan (M., O’zbekiston Qahramoni) kishi tasavvurga kelsa-da, bu tushuncha umuman asarda ishtirok etuvchi (Yo’lchi, Yormat, Unsin; Hamid, Sodiq, Mutal; lirik qahramon, epik qahramon) ijobiy yoki salbiyligidan qat’iy nazar hamma shaxslarga, ko’pincha, bosh ishtirokchilarga nisbatan qo’llaniladi. Chunki, har qanday salbiy qahramon ham adabiy asarga to’qib-bichib kiritilar ekan, u ham asardagi biror voqea-hodisaning yuzaga kelishida asosiy rol o’ynashi, shubhasizdir.



Download 1.95 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling