O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi toshkent moliya instituti


Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish


Download 1.44 Mb.
bet31/240
Sana25.01.2023
Hajmi1.44 Mb.
#1119693
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   240
Bog'liq
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi t

1. Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish.
2. Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish.


Tayanch so‘z va iboralar: bojxona qonunlarini, bojxona qonunlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik, jinoyatning predmeti, bojxona nazoratini chetlab O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish, deklaratsiyaga, tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiyaga kiritmaslik yoki o‘zgacha nom bilan deklaratsiyaga kiritish, bojxona identifikatsiya vositalaridan aldash yo ‘li bilan foydalanish, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, tabiiy monopoliya sub‘yektlari, monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etmaslik.


1. Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish
Jinoyat kodeksining 182-moddasi bo‘yicha bojxona qonunlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik tovar yoki boshqa qimmatliklar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ko‘p miqdorda sodir etilsa, shuningdek, ushbu moddada ko‘rsatilgan boshqa javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi. Tovar yoki boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan o‘tkazishning boshqa hollarida aybdor shaxslar Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 227-moddasiga muvofiq ma‘muriy javobgarlikka tortiladilar (bojxonaga doir qonun hujjatlarini buzish).
Mazkur jinoyatning ijtimoiy xavfliligi shundaki, uning sodir etilishi natijasida nazorat qilib bo‘lmaydigan tovarlar muomalasi yoki ulardan ayrimlarining respublika hududida taqchilligi holatini keltirib chiqarishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, mazkur jinoyatning sodir etilishi natijasida iqtisodiy barqarorlik izdan chiqadi, inflatsiya darajasi oshishiga real xavf tug‘diradi, bu esa jamiyatning iqtisodiy asoslariga putur yetkazib, bozor iqtisodiyotiga o‘tishni qiyinlashtiradi, iqtisodiy islohotlar g‘oyasini obro‘sizlantiradi.
Shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqilayotgan jinoyatning bevosita o‘bekti mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlari, iqtisodiyot asoslarini ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Jinoyatning predmeti har qanday tovarlar (masalan, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, mebel, hayvonlar va hokazo) yoki moddiy qimmatliklar hisoblanadi.
Bojxona kodeksining 7-moddasiga muvofiq, tovarlar har qanday ko‘char mol-mulk, shu jumladan valuta qimmatliklari, elektr, issiqlik energiyalari va energiyaning boshqa turlari, transport vositalari, intellektual mulk o‘bektlari bo‘lishi mumkin. Tovar sifatida, shuningdek, uy va yovvoyi hayvonlar ham hisoblanadi.
Boshqa qimmatliklarga shunday ashyo va buyumlar kiradiki, ular o‘zining turi, holati va qiymatidan qat‘iy nazar, alohida tarixiy, badiiy, ilmiy yoki madaniy ahamiyat kasb etadi. Bunday qimmatliklarga qadimiy buyumlar, san’at asarlari va boshqalar kiradi. Ushbu ashyo va buyumlar muomala vositasi bo‘la oladi, lekin ularning farqli jihati alohida tarixiy, badiiy, ilmiy yoki madaniy ahamiyatga egaligidir. Qimmatliklarning ush­bu jihatlarini belgilash uchun tergov organlari va sudlar tegishli ekspertizalarni tayinlashlari lozim.
Ushbu modda doirasida ashyo va buyumlarning tovar yoki qimmatliklar ekanligini belgilashda aybdor tomonidan ulardan qanday maqsadlarda foydalanilishi ahamiyat kasb etmaydi. Ular tadbirkorlik yoki shaxsiy iste‘mol maqsadlarida foydalanilishi mumkin.
Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalan­gan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Res­publikasining bojxona chegarasidan o‘tkazishda ifodalanadi.
Jinoyat predmetlarini bojxona nazoratini chetlab O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda ularni bojxona organi bo‘lmagan joydan yoki bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati amalga oshiriladigan vaqtdan tashqari vaqtda o‘tkazish tushuniladi.
Jinoyat predmetlarini bojxona nazoratidan yashirib O‘zbekiston Respublikasining bojxonasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda ularni xufiya joylardan va topishni qiyinlashtiradigan usullardan foydalanib yoki bir tusdagi ashyoga ikkinchisining ko‘rinishini berib o‘tkazish tushuniladi.
Maxsus saqlash joylari deb xufiya joylarni, shuningdek, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan o‘tkazish maqsadida transport vositalariga oldindan qayta ishlanib, yig‘ilib va shunga o‘xshash yo‘llar bilan jihozlangan va moslashtirilgan konstruktiv siqimli idishlarni va boshqa ashyolarni hisoblash kerak.
Hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanish deganda ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun asos tariqasida qalbaki hujjatlarni, qonunga xilof yo‘llar bilan olingan hujjatlarni yoxud yolg‘on ma‘lumotlar yozilgan hujjatlarni bojxona nazoratiga taqdim etish tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonuniga muvofiq bojxona identifikatsiya vositalari deganda so‘rg‘ichlash, muhrlash, raqamli, harfli va boshqacha tamg‘alar, identifikatsiya belgilarini qo‘yish, shtamplash, namuna va nusxalar olish, tovarlarni, boshqa qimmatliklarni xatlash, chizmalar tuzish, miqyosni tasvirlash, fotosuratlar, rasmlar tayyorlash, tovarlar bilan birga yuboriladigan va boshqa hujjatlardan foydalanish va hokazo tushuniladi.
Bojxona identifikatsiya vositalaridan aldash yo ‘li bilan foydalanish deganda shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi yoki o‘zga davlatlar bojxona organlari tomonidan tatbiq etilgan identifikatsiya vositalarini o‘zgartirishi, yo‘q qilishi, buzishi yoxud yo‘qotishi bilan bog‘liq harakatlari tushunilmog‘i lozim.
Tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiyaga kiritmaslik yoki o‘zgacha nom bilan deklaratsiyaga kiritish deganda shaxslarning chegaradan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiya qilish tartibini buzishi bilan bog‘liq harakatlari, ya‘ni bojxona qonunlari tomonidan o‘rnatilgan deklaratsiya qilish shakli va joyi to‘g‘risidagi, uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi, deklaratsiya va boshqa qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish muddatlari to‘g‘risidagi talablarga rioya etmaslik, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan yoki uning hududidan olib chiqilayotgan tovar yoki boshqa qimmatliklarning turi, soni xususida deklaratsiyaga soxta ma‘lumotlar kiritish tushuniladi.
Bila turib qalbaki hujjat tuzgan yoki hujjatga yoxud bila turib olgan qalbaki hujjatiga soxta ma‘lumotlar kiritgan va uni bojxona organlariga haqiqiy hujjat sifatida taqdim etgan shaxs jinoyatlar majmui bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 va 209 yoki 228- moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Deklaratsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘rnatilgan tartib va shakllarda ariza berish orqali amalga oshiriladi. Shunga alohida e‘tibor berish lozimki, Bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan paytdan boshlab, yuridik ahamiyatga ega hujjatga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni o‘tkazish ular haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasining chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan paytdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanadi20. Ana shunday olib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan harakatlar jinoyatga suiqasd deb tasniflanishi lozim.
Tovarlarni g‘ayriqonuniy ravishda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tish g‘ayriqonuniy ravishda chegaradan tashqariga chiqish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki belgilangan tartiblarni buzib chegaradan o‘tish bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday harakatlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 va 223-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarning majmui sifatida tasniflash lozim.
Aytish kerakki, birinchi marotaba sodir etilgan ko‘p miqdordan oshmaydigan miqdordagi tovar va boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish O‘zbekiston Respubli­kasining Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 227-moddasida belgilangan ma‘muriy javobgarlikka asos bo‘luvchi huquqbuzarlik hisob­lanadi. Shu sababli bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish uchun jinoiy javobgarlik (JK 182-m. 1-q.) faqat u shunday qilmish uchun shaxs­ga nisbatan ma‘muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgan kundan boshlab bir yil davomida takroran sodir etilgan holdagina kelib chiqadi.
Shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan o‘tkazish bilan bir qatorda, boshqa (masalan, qonunga xilof ravishda o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini egallash yoki ularga egalik qilish, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va hokazo) jinoyatlarni sodir etgan hollarda aybdorning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq tovar yoki boshqa qimmatliklar (JK 182-moddasi) daliliy ashyo tariqasida musodara qilinishi lozim.
Transport vositalarini jinoyat quroli deb topish masalasini hal qi­lishda, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13 dekabrdagi “Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida bayon etil­gan tushuntirishlarga rioya qilishlari lozim.
Kontrabanda ashyolari aybdor tomonidan sotilgan bo‘lsa, sud ular­ning qiymatini mahkumdan davlat foydasiga undirish masalasini muhokama qilishi kerak (Fuqarolik Kodeksining 199-m.).
Tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasining chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazishda aybdor bo‘lgan shaxslarga jazo tayinlashda sudlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi­ning 45-moddasiga muvofiq, bu shaxslarni jinoyatni sodir etishda foydalangan muayyan huquqlaridan mahrum etish masalasini hal qilishi lozim.
Tahlil etilayotgan jinoyatning sub‘yektiv tomoni aybning qasd shak­lida ifodalanadi. Jinoyatning motiv va maqsadi jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Jinoyatning sub‘yekti 16 yoshga to‘lgan har qanday jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin.
Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) chegarani buzib o‘tish, ya‘ni bojxona xizmatining roziligini olmasdan turib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respub­likasining bojxona chegarasidan ochiqdan-ochiq o‘tkazish yo‘li bilan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab;
g) xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qis­mining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatning sub‘yekti chegarada nazorat funksiyasini amalga oshirayotgan mansabdor va boshqa shaxslar, shuningdek, tovar va boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilgan shaxslar hisoblanadi.
Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qismi “a” bandida nazarda tutilgan juda ko ‘p miqdorda deganda eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdor tushuniladi. Ta‘kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarning qiymati O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 29 avgustda qabul qilingan va 1998-yil 1 yanvardan kuchga kirgan “Bojxona tarifi to‘g‘risida”gi qonuni, shuning­dek, Bojxona kodeksining 179-moddasi bilan belgilangan tartibda bozor bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanadi21.
Chegarani buzib o ‘tish deganda bojxona xizmatining roziligini olmasdan turib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respubli­kasining bojxona chegarasidan ochiqdan-ochiq o‘tkazish tushuniladi.
Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, bunday qilmish Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qismi “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. “Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaat­larini ko‘zlab sodir etilgan qilmish” tushunchasi oldingi moddalarda tahlil qilingan.
Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qismi “g” bandida nazarda tutilgan xizmat lavozimidan foydalanish deganda bojxona organlarining mansabdor shaxsi, ya‘ni vakolat doirasiga nazorat funksiyasi va bojxona qonunchiligida belgilangan boshqa majburiyatlar yuklatilgan shaxs tomo­nidan o‘z vakolatlarini suiiste‘mol qilgan holda tovar va boshqa qimmat­liklarni bojxona chegarasidan olib o‘tish tushuniladi. Ushbu jinoyatni sodir etishda mansab vakolatidan foydalanish deganda shuningdek, bojxona qonunchiligini buzish boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlarini suiiste‘mol qilishlari orqali sodir etilishini ham tushunish lozim.
Mansabdor shaxsning xizmat lavozimidan foydalanib, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish harakatlari Jinoyat kodeksi 205 yoki 206-moddalari bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi. Bunday qilmish Jinoyat kodeksi 182-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan tarkib bilan to‘liq qamrab olinadi.

2. Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish


Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatining ijtimoiy xavfliligi ushbu jinoyatning sodir etilishi bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga salbiy ta‘sir ko‘rsatib, xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning yoki raqobatchilarga zarar yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishida, shuningdek, iste‘molchilar, davlat va tabiiy monopoliya sub‘yektlari manfaatlarining mutanosibligi buzilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazilishida namoyon bo‘ladi.
Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatining bevosita o‘bekti O‘zbekiston Respublikasi tovar va moliya bozorlarida sog‘lom raqobatni ta‘minlash, tabiiy monopoliya sub‘yektlarining faoliyatini tartibga solish, shuningdek, iste‘molchilar, davlat va tabiiy monopoliya sub‘yektlari manfaatlarining mutanosibligini ta‘minlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 6 yanvardagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni tovar va moliya bozorlaridagi raqobat munosa- batlarini tartibga solsa, O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustdagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuni tovar bozorlarida tabiiy monopoliya sub‘yektlarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan munosabat- larni, shuningdek, iste‘molchilar, davlat va tabiiy monopoliya sub‘yektlari manfaatlarining mutanosibligini ta‘minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish holatlari quyidagilarda namoyon bo‘lishi mumkin:

  • mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar)ni, ularga talab mavjud bo‘lgani holda, muomaladan olib qo‘yish, shu jumladan, sun’iy tanqislik yaratish yoki uni saqlab turish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini ataylab qisqartirish yo‘li bilan;

  • xaridorgir mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar)ning amaldagi narxlarini asossiz ravishda oshirish (pasaytirish); yangi mahsulot narxini asossiz ravishda oshirish;

  • narxlarni davlat tomonidan boshqarishning belgilangan tartibini buzish;

  • shartnomaning kontragentlarni boshqa xo‘jalik yurituvchi o‘bektlarga nisbatan teng bo‘lmagan ahvolga qo‘yuvchi shartlarini majburan tiqishtirish;

  • xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlarning bozorga kirishi uchun boshqa to‘siqlar yaratish va boshqalar.

O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish holatlari quyidagilarda namoyon bo‘lishi mumkin: tovarlar uchun vakolatli organ belgilagan miqdordan ortiq haq olish; tabiiy monopoliya sub‘yektlarining tovarlaridan foydalanish shartlarini tiqishtirish yoki tabiiy monopoliya sub‘yektlarining tovarlari iste‘molchilarining kamsitilishiga yoxud iste‘molchilardan belgilangan narxlarda (tariflarda) hisobga olinmagan haq undirish evaziga daromad olishga olib keladigan boshqacha xatti-harakatlarni sodir etish; tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19 avgustdagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga muvofiq, tabiiy mono­poliya - bu tovar bozorining holati bo‘lib, unda texnologik xususiyatlar tufayli muayyan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlariga bo‘lgan talabni qondirishning raqobatli sharoitlarini yaratish mumkin emas yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas.
Tabiiy monopoliya sharoitida ishlab chiqariladigan (realizatsiya qilinadigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:

  1. neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transportirovka qi­lish sohasida: neft, neft mahsulotlari va gazni quvur orqali transporti­rovka qilish xizmatlari;

  2. elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish hamda transpor­tirovka qilish sohasida: elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish; elektr va issiqlik energiyasini transportirovka qilish, shu jumladan abonentdan subabonentgacha transportirovka qilish xizmatlari;

  3. temir yo ‘llar infratuzilmasidan foydalanish sohasida: umumiy foydalaniladigan temir yo‘llar, temir yo‘l stansiyalari, elektr ta‘minoti uskunalari, aloqa tarmoqlari, signalizatsiya, markazlashtirish va blokirovkalash tizimlari, axborot kompleksi va harakatlanishni boshqarish tizimi hamda ushbu kompleks faoliyatini ta‘minlovchi boshqa o‘bektlarni o‘z ichiga oluvchi texnologik kompleks xizmatlari;

  4. umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari sohasi­da: yozma korrespondensiyalarni jo‘natish bo‘yicha umumiy erkin foydalaniladigan pochta aloqasi xizmatlari (oddiy, buyurtma va qimmatli xatlar, banderollar, oddiy va buyurtma pochta varaqchalari hamda sekogrammalar (ko‘zi ojizlar uchun), shuningdek, mayda paketlar);

  5. suv quvurlari va kanalizatsiya xizmatlari sohasida: suv ta‘minoti va kanalizatsiya (oqova suvlarni tortish va tozalash) hamda suv va oqova suvlarni transportirovka qilish xizmatlari;

  6. aeronavigatsiya xizmatlari sohasida: havodagi harakatni boshqa­rish, parvozlarning radiotexnik ta‘minoti, aeronavigatsiya axborotlarini taqdim etish;

  7. port xizmatlari sohasida: yuklarni (shu jumladan, yukli va bo‘sh konteynerlarni) ortish, tushirish va saqlash xizmatlari; inshootlar va moslamalar kompleksiga ega va sohilning tegishli uchastkasi (port hududi) bilan suvga tutash bo‘lgan hududda (port akvatoriysida) kemalarni yoqilg‘i bilan ta‘minlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari;

  8. aeroport xizmatlari sohasida: samolyotlarning uchishini ta‘min­lash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, yuklar, pochta va bagajlarga ishlov berish xizmatlari;

  9. transport terminallari xizmatlari sohasida: yuklarni ortishtushirish va saqlash xizmatlarini bajaruvchi: temir yo‘l tarmoqlariga chiqish imkoniyatiga (shu jumladan ijara orqali) ega bo‘lgan, bojxona omborxonasi faoliyatini yuritish uchun tegishli litsenziyasi mavjud va boshqa xo‘jalik sub‘yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar; paxta terminallari (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga asosan tashkil etilgan); aeroportlar (port) terminallari.

Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etmasligi yoki bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlarni taqdim etishida ifodalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4483-son farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 322-son qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida monopoliyaga qarshi faoliyat olib borish vakolati O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, mo­nopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga berilgan22.
Shu sababli axborot taqdim etmaslik yoki bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlarni boshqa davlat organlariga taqdim qilish tahlil etilayotgan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 6 yanvardagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasiga muvofiq monopoliyaga qarshi organning mansabdor shaxslari raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi haqidagi arizalar va ishlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, raqobatning holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning hujjatlarini, axborotini olish va uning hududiga kirish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu qonunning 23-moddasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar va ularning mansabdor shaxslari monopoliyaga qarshi organning talabiga ko‘ra unga zarur hujjatlarni va axborotni belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19 avgustdagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga muvofiq, monopo­liyaga qarshi davlat organi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida uning mansabdor shaxslari mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi, shuningdek tabiiy monopoliya sub‘yektlaridagi mavjud bo‘lgan tabiiy monopoliya sub‘yektlari faoliyatiga taalluqli ma‘lumotdan moneliksiz foydalanish huquqiga ega. Tabiiy monopoliya sub‘yektlari esa ma­halliy davlat hokimiyati organlari monopoliyaga qarshi davlat organining talabiga binoan monopoliyaga qarshi davlat organi ushbu qonunda nazar­da tutilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, tushuntirishlarni va boshqa ma‘lumotlarni yozma yoki og‘zaki taqdim etishlari shart.
Monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etmaslik deganda amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda mas’ul shaxsning mustaqil ravishda yoki monopoliyaga qarshi organning talabi bilan taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlar yoki ma‘lumotlarni o‘z vaqtida taqdim qilmasligi tushuniladi.
Axborot taqdim etmaslik monopoliyaga qarshi organga axborot berishdan bosh tortishda yoki turli xil bahonalar bilan belgilangan muddatda axborot topshirmaslikda namoyon bo‘lishi mumkin. Axborot taqdim etmaslik, shuningdek, yuklatilgan majburiyatlarga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lish natijasida yoddan chiqarib qo‘yishda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Tahlil etilayotgan jinoyat o‘bektiv tomondan nafaqat monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etmaslik, balki monopoliyaga qarshi organga bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlarni taqdim qilishda ham ifodalanishi mumkin.
Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlar - tovar bozoridagi raqobat muhitini yoki tabiiy monopoliya faoliyatini belgilovchi muhim dalillar to‘liq yoki qisman buzib ko‘rsatilgan ma‘lumotlardir.
Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlarga, shuningdek, dalil- larni buzib ko‘rsatmasa-da, ularni o‘zida ifodalamaydigan yoki yashirib ko‘rsatadigan axborotlar kiradi. Bunda vujudga kelgan holatni noto‘g‘ri baholash uchun real xavf tug‘iladi.
Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatining zaruriy belgisi aybdor tomonidan bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlar taqdim etilishidir.
Bila turib deganda monopoliyaga qarshi organga ma‘lumotni xabar qilgan javobgar shaxs, ishning o‘bektiv holatlaridan kelib chiqib, ushbu ma‘lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, ularning yolg‘onligini bilgan bo‘lishidir. Agar javobgar shaxs ishni o‘bektiv holatlardan kelib chiqib bilmagan yoki bilishi lozim bo‘lmagan bo‘lsa, ko‘rib chiqilayotgan modda bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.
Bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotni monopoliyaga qarshi organga taqdim etish, ushbu ma‘lumot monopoliyaga qarshi organning vakolatli shaxsi tomonidan olingan vaqtdan boshlab jinoyat tugallangan hisoblanadi.
Jinoyat kodeksi 183-moddasi birinchi qismi bo‘yicha javobgarlikka tortish sharti shaxs shunday qilmishlari uchun avval Ma‘muriy javob­garlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi birinchi qismi bilan javob- garlikka tortilgan va ushbu qilmishlarni ma‘muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng bir yil muddat davomida takror ravishda sodir etgan bo‘lishi shart.
Jinoyat kodeksi 183-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning o‘bektiv tomoni monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarlikni tugatish to‘g‘risidagi, shuningdek, dastlabki holatni tiklash haqidagi ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslikda ifodalanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 6 yanvardagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 33-moddasida monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmasi unda belgilangan muddatda ijro etilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur moddaga muvofiq, monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmasini unda belgilangan muddatda ijro etmaganlik deganda ko‘rsatmani ijro etishni rad qilish yoki qisman ijro etish yoxud o‘z vaqtida ijro etmaslik tushunilishi zarur.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19 avgustdagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasiga muvofiq, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan monopoliyaga qarshi davlat organining qarori (ko‘rsatmasi) u qabul qilingan kundan e‘tiboran besh kundan kechiktirmay manfaatdor taraflarga jo‘natiladi hamda unda belgilangan muddatlarda ijro etilishi shart.
Bo‘yin tovlash deganda monopoliyaga qarshi organning qonun-qoidalarni buzishni to‘xtatish, dastlabki holatni tiklash, shartnomalarni bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi talablarini bajarishdan ochiqdan-ochiq yoki boshqacha yo‘sinda bajarmaslikka qaratilgan har qanday harakat tushuniladi.
O‘z vaqtida bajarmaganlik deganda ko‘rsatmaning unda ko‘rsatilgan muddatni buzgan holda bajarilishi tushuniladi.
Agar tekshirish chog‘ida qonun hujjatlari buzilishlari bartaraf etilmaganligi yoki bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmaganligi aniqlansa, ko‘rsatma bajarilmagan hisoblanadi. Monopoliyaga qarshi organning talablari va boshqa qonuniy ko‘rsatmalarini bajarmaslik yoki bajarishdan bosh tortish faol yoki faol bo‘lmagan holat (ko‘rsatmada ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmaslik)da ifodalanishi mumkin. Biroq bajarmaslik va bajarishdan bosh tortish holatlari qilmishni kvalifikatsiya qilishga ta‘sir etmaydi.
Jinoyat kodeksi 183-moddasi ikkinchi qismi bo‘yicha javobgarlikka tortish sharti shaxs shunday qilmishlari uchun avval Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi ikkinchi qismi bilan javob­garlikka tortilgan bo‘lishi va ushbu qilmishlarni ma‘muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng bir yil muddat davomida takror ravishda sodir etganligi hisoblanadi. Tahlil etilayotgan jinoyatning sub‘yektiv tomoni aybning qasd yoki ehtiyotsizlik shaklida ifodalanishi mumkin. Jinoyatning motiv va maqsadlari turlicha bo‘lishi mumkin, biroq ular jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta‘sir ko‘rsatmaydi.
Jinoyatning sub‘yekti monopoliyaga qarshi organga tegishli ma‘lu­motlarni taqdim etish majburiyati yuklatilgan 16 yoshga to‘lgan har qan­day jismoniy shaxs hisoblanadi. Ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tijorat va notijorat tashkilotlarining rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar bo‘lishi mumkin.



Download 1.44 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   240




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling