O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
13.6. Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish
Jinoyat kodeksining 40-moddasida, shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek, mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazilgan bo‘lsa, jinoyat, deb topilmaydi, deb ko‘rsatilgan. Buyruq deganda, muayyan hokimiyat organi, tashkilot, korxona, idora boshlig‘ining o‘z vakolatlari doirasida muayyan bir harakatni bajarish yoki bajarmaslik to‘g‘risida (yozma yoki og‘zaki) buyruq berishi tushuniladi. Buyruq vakolatli shaxsning ijro etish majburiyati yuklangan shaxsga bergan ma’lum bir harakat (harakatsizlik)ni bajarish haqidagi qonun va qonunosti aktlarga asoslangan talabidir. Aynan shu ta’rif buyruqni boshqa ta’sir choralari – iltimos, ishontirish, majburlovdan ajratib turadi. Buyruq bilan birga «tavsiyalar», «farmoyishlar» va «farmonlar» ham berilishi mumkin. Bular masalalarni hal qilish, ularni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan shaxsning huquqiy maqomi bo‘yicha o‘zaro farqlanadi. Bu aktlarning asosiy umumiy jihati – ularning ijro etish majburiyati yuklangan shaxs tomonidan bajarilishidir Qonun tomonidan buyruq yoki boshqa farmoyishlarning shakli aniq belgilanmagan bo‘lib, ular yozma, og‘zaki yoki namoyishkorona (konklyudent) shaklda bo‘lishi, shuningdek, texnik aloqa vositalari orqali yuborilishi mumkin. Lekin ayrim hollarda buyruqning faqat yozma shaklda bo‘lishi talab qilinadi. Bunday talablarga rioya etilmasligi uning haqiqiy emas, deb topilishiga sabab bo‘ladi. Boshqa farmoyishlarga ta’rif berishda shuni inobatga olish lozimki, farmoyishlar berish usullari unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Buyruq yoki boshqa farmoyishlar, agar ular boshliqning vakolati doirasidan chiqmagan bo‘lsa, ijro etilishi majburiydir. Buyruq yoki boshqa farmoyishlardan farqli ravishda xizmat majburiyatlari mansab vakolatiga qarab hodimlardan bajarilishi talab qilinadigan funksional majburiyatlar doirasini o‘zida aks etadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, xizmat majburiyatlari ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomasida belgilangan yozma shaklda bo‘lishi kerak. Aks holda, ular g‘ayriqonuniy, deb hisoblanishi mumkin. Bundan tashqari, farmoyishlar va boshqaruv aktlari belgilangan mazmunda qabul qilinishi, ya’ni qonun talablariga mos holda tuzilishi kerak. Buyruq yoki boshqa farmoyishni ijro etish huquqiylik shartlariga mos kelgan taqdirda qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holat, deb topilishi mumkin. Buyruq, farmoyish yoki boshqa xizmat majburiyatlari Jinoyat kodeksidagi talablarga zid bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik orqali bajarilishi kerak. Aks holda, bunday harakat yoki harakatsizlik mustaqil jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinadi. Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etishning huquqiyligi belgilarilari quyidagilardir: birinchidan, buyruq va boshqa farmoyishlarni ijro etuvchi shaxslar shu buyruq va boshqa farmoyishlar beruvchi shaxsning bo‘ysunuvida (qaramog‘ida) bo‘lishi kerak. ikkinchidan, buyruq va boshqa farmoyishlarni tegishli shaklda bajarish uni bajaruvchi shaxsning majburiyati, ya’ni xizmat burchi hisoblanadi. uchinchidan, buyruqni ijro etuvchi shaxs tomonidan sodir qilingan qilmish harakat yoki harakatsizlik shaklida bo‘lishi mumkin. to‘rtinchidan, buyruq va boshqa farmoyishlarni ijro etishda Jinoyat kodeksi bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga ma’lum darajada zarar yetkazilishi kerak. Bajaruvchi tomonidan yetkazilgan zarar uchun o‘sha buyruq yoki farmoyishlar bergan shaxs javobgarlikka tortiladi, bunday hollarda bajaruvchi jinoyatni sodir etishning quroli sifatida xizmat qilib yoki boshqa farmoyishlarni ijro etgan qilmishi uchun javobgarlikka tortilmaydi. Buyruqning huquqiy shartlari va buyruqni ijro etishning huquqiy shartlarini ajrata olish kerak: beshinchidan, buyruqning huquqiy shartlari: – buyruq yoki boshqa farmoyishlar mansabdor shaxs tomonidan uning vakolat doirasida berilishi kerak; – buyruq qonunda ko‘rsatilgan tegishli shaklda (yozma, og‘zaki, texnik vositalar orqali) berilishi kerak; – buyruq g‘ayriqonuniy, deb hisoblanmaydi (bunday holda uning jinoiyligi haqida gap ketishi ham mumkin emas); oltinchidan, buyruqni ijro etishning huquqiy shartlari: –buyruqni ijro etuvchi shaxs tomonidan jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilganidagina buyruq ijro etuvchi shaxsning javobgarligi hal qilinadi; – ijro etuvchi buyruq bilan belgilangan harakatlar doirasidan chetga chiqmasligi kerak; – buyruqni ijro etuvchi faqat qasddan yetkazilgan zararli harakatlari uchun javob beradi; – g‘ayriqonuniy ravishda berilgan buyruq yoki farmoyish yoxud mansab vazifasini bajarmagan yoki buzgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Jinoyat kodeksining 40-moddasi, 2-qismida jinoiyligi oldindan ayon bo‘lgan buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarib, jinoyat sodir etgan shaxs umumiy asoslarda javobgarlikka tortilishi haqida bayon qilingan. Bunday hollarda jinoiy buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarishdan oldin uni bajarayotgan shaxs uning jinoiyligini bilishi va bila turib jinoiy buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarishi lozim. Ijrochi buyruqning jinoiyligini oldindan bila turib uni bajarsa, bunday holat ishtirokchilik sifatida baholanib, buyruq beruvchi tashkilotchi, uni ijro etuvchi esa bajaruvchi shaxs, deb topiladi. G‘ayrihuquqiy yoki jinoiyligi ma’lum bo‘lgan buyruq, farmoyish yoki boshqa xizmat majburiyatlarini bajarmaslik yoki buzish, agar bunday qilmish qonunda jinoyat, deb belgilangan bo‘lsa ham (Jinoyat kodeksining 279, 280-moddalari), jinoiy javobgarlikni istisno qiladi. Shaxs buyruqni, farmoyishni yoki mansab burchlarini, basharti, ular shaxsga noto‘g‘ri berilgan bo‘lsa, ijro etgani yoki buzgani uchun javobgarlikka tortilmaydi. Agar uning qilmishi boshqa jinoyat tarkibi belgilarini o‘zida ifodalagan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladi. Buyruq, boshqa farmoyishlar yoki mansab majburiyatlarining g‘ayriqonuniyligi ularning jinoiy yoki huquqqa xiloflik xususiyatidan kelib chiqadi.
Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling