O’zbekiston respublikasi toshkent shahar abdullo avloniy nomidagi


II BOB. AMIR TEMURNING SIYOSIY FAOLIYATI TARIXSHUNOSLIGI


Download 283.72 Kb.
bet4/7
Sana14.12.2022
Hajmi283.72 Kb.
#1003800
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
A. TEMUR JAXON TARIXIDA TUTGAN O\'RNI

II BOB. AMIR TEMURNING SIYOSIY FAOLIYATI TARIXSHUNOSLIGI.

2.1- Amir Temur harbiy yurishlari va qo‘shin tuzilishi.

Amir Temur davlat mustaqilligi va muhofaza yo‘lidagi ichki va tashqi siyosatida asosan qo‘shinga suyanar edi. Shuning uchun ham u qo‘shin boshliqlarini tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda ichki intizom masalalariga nihoyatda katta ahamiyat berardi. Sohibqiron intizomli qo‘shin tuzishga, jang paytida qo‘shin qismlarini oqilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yo‘llashga, mavjud to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, qo‘shindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan.


Amir Temur dastlab oʻziga mustahkam tayanch barpo etish maqsadida barlos qabilasidan maxsus qoʻshin tashkil qiladi, soʻngra oʻz davlati chegaralarini mumkin qadar kengaytirishga kirishadi. Avval u Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi yerlarni, shuningdek, Fargʻona va Shosh viloyatlarini oʻz tasarrufiga oladi. Amir Temur Chigʻatoy ulusining oldingi chegaralarini tiklash maqsadida 1372- yilda Xorazmga birinchi bor yurish qildi. Xorazmliklar magʻlubiyatga uchragan boʻlsalar ham, Amir Temurga boʻysunmadilar. Shu boisdan Amir Temur Xorazmga 5 marta yurish qilib, nihoyat, 1388- yilda uni butunlay qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Tashqi siyosatda oʻz yurishini Amir Temur dastavval Xurosondan boshladi. 1381- yil u Hirotni, 1381-84- yillarda Eronning katta qismini egalladi. Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga 3 marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda “uch yillik”, “besh yillik” va “yetti- yillik” urushlar nomi bilan mashhur.
Amir Temur Oltin Oʻrdaning faqat Sirdaryoning quyi oqimidagi Xorazm va Movarounnahrga iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan bevosita bogʻliq yerlarinigina qoʻshib olmoqchi edi. Bu davrda Oltin Oʻrda va Oq Oʻrdada 2 mustaqil hokimiyat qaror topib, ular oʻrtasida kuchli nizolar davom etardi. Urusxonning tazyiqidan qochib, oʻz huzuriga homiylik istab kelgan Oq Oʻrda xonzodalaridan Toʻxtamishga Amir Temur bir necha bor harbiy yordam berdi. 1379- yilda Toʻxtamish Amir Temurning homiyligida Oq Oʻrda, keyinroq Oltin Oʻrdani qoʻlga kiritgandan soʻng, Amir Temur kutgandek uning ta’siri va panohi ostida qolmadi. Toʻxtamish oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurgizib, kezi kelganda hatto Amir Temurga qarshi ish koʻra boshladi. 1387-88- yillarda Toʻxtamish Amir Temurning navbatdagi harbiy yurishi vaqtida fursatdan foydalanib, Movarounnahrga hujum qiladi. Natijada Amir Temur Toʻxtamishga qarshi 1389, 1391 va 1394-95- yillarda 3 marta katta yurish qildi. Ayniqsa soʻnggi 2 yurish uning uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.
Amir Temur va Toʻxtamish qoʻshinlari oʻrtasida soʻnggi shiddatli jang 1395- yilda Shimoliy Kavkazda Terek daryosi vodiysida sodir boʻldi. Bu daf'a jangda ham Amir Temur oʻz dushmaniga qaqshatqich zarba berdi va Toʻxtamish hukmronligiga barham berildi. Shundan soʻng Amir Temur oʻzining diqqat-e'tiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyoni zabt etishga qaratdi.
Shunday qilib, 1399-1404- yillardagi harbiy yurishlar natijasida Shomning Halb, Xums, Baalbek, Damashq kabi yirik shaharlari va arab Iroqining Ubuliston oʻlkasi bilan Bagʻdod zabt etiladi. Usmonli turk imperiyasi sultoni Boyazid I yildirimga tegishli Kamoh qal'asini, soʻngra Anqarani qamal qiladi. Boyazid zudlik bilan Anqaraga koʻmakka oshiqadi. Amir Temur bilan Boyazid qoʻshinlari oʻrtasida jang 1402- yilning 20- iyulida Anqara yonida boshlandi, bu jangda Boyazidning 160 minglik qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi.
1404- yil mayida Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytib keladi va oʻzining Xitoyga boʻladigan harbiy yurishiga taraddud koʻradi. Safar uchun kerakli ma’lumotlar- yillar davomida Xitoyga yuborilgan savdo karvonlari orqali allaqachon toʻplab olingandi. 1404- yilning oxirida qahraton qishda u yaxshi qurollangan 200 minglik qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqadi. Lekin Xitoy ustiga yurish Sohibqironning Oʻtrorda vafoti (1405- yil 18- fevral) tufayli amalga oshmay qoladi.
Amir Temur qo‘shiniga chorvadorlar qatori o‘troq aholidan ham askar to‘plangan. Askariy qismlarni viloyatlardan to‘plash bilan tavochi mansabidagi amaldorlar shug‘ullanar edi. Qo‘shinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan. Amir Temur qo‘shini son jihatdan aniq tashkil etilgan, uning jangovar tartibi takomillashib borgan, o‘z zamonasining ilg‘or qurol va texnikasi bilan ta’minlangan, qismlar bir-biridan kiyim-bosh, bayroq va tug‘lari bilan farqlangan. Bunday farqlanish jangda qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan.
Amir Temur qo‘shini o‘ntalik askariy birikmalar asosida tuzilgan harbiy qismlardan iborat edi. Lashkar tuman – o‘n minglik, hazora – minglik, qo‘shun – yuzlik va ayl – o‘nlik birikmalariga bo‘lingan. Amir Temur o‘n minglik askarni boshqarish uchun tuman og‘asi, minglik bo‘linmalar uchun mirihazora, yuzliklar uchun qo‘shunboshi va o‘nliklar uchun esa aylboshi kabi harbiy mansablarni ta’sis etadi. Amir Temur jang qilishning yangi harbiy uslublarini qo‘llagan. Sohibqiron Sharqda birinchilardan bo‘lib qo‘shinga o‘tsochar qurol – to‘pni olib kirgan. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilingan. Jang vaqtida qo‘shin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va o‘z navbatida, g‘anim kuchlarini yon tomondan aylanib o‘tib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qism – qunbulning joriy etilishi bo‘lgan.
Harbiy yurish paytida oldinda xabarchilar, ular orasidan yasovul bo‘linmasi, undan keyinroqda manglay – avangard qism borardi. Manglay bilan qo‘shinning asosiy qismlari oralig‘ida esa qo‘mondonning qarorgohi va uning yon-atrofida zaxira (rezerv) qismlar joylashgan bo‘lib, u “izofa” deb yuritilgan. Amir Temur qo‘shinining asosiy jangovar qismlari markaz, o‘ng – burong‘or va chap – juvong‘or qanotlaridan iborat bo‘lgan. Har bir qanotning oldida bittadan qo‘shimcha qo‘riqchi manglay – avangardi, yon tomonida esa bittadan qo‘riqchi askariy qo‘shilmalar – qanbullar bo‘lar edi. Shu tariqa qo‘shin yetti qism – qo‘llardan iborat edi. Sharafiddin Ali Yazdiy qo‘shinni yetti qo‘lga – qismga bo‘lib joylashtirish tartibini birinchi bo‘lib Amir Temur joriy qilgan deb yozadi. Bu qo‘llar janglarda mustaqil harakat qilib, faqat qo‘shin qo‘mondoniga bo‘ysungan.


Download 283.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling