O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik -pedagogik respublika tashxis markazi


Download 490.5 Kb.
bet18/62
Sana12.11.2023
Hajmi490.5 Kb.
#1768706
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   62
Bog'liq
Sog\'lom avlod dasturi

Zarur materiallar:

Flipchart yoki vatman qog‘ozi, rangli markerlar, skotch, turli xil yeguliklar tasvirlangan yoki nomlari yozilgan kartochkalar


Videorolik “Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va bolani jismoniy tarbiya va sportga jalb etishda oilaviy an’analarning ahamiyati”.
Jismoniy faollik nafaqat shaxs, balki u yashayotgan jamiyat uchun ham muhimdir.
Tan olamizmi, yo‘qmi - jismoniy faollik hayotimizning muhim poydevorlaridan biridir. 20 yoki, hech bo‘lmaganda, 30 yoshdan boshlangan jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish odati kishining keyingi umrini sog‘lom o‘tkazishini ta’minlaydi
Har bir insonda jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘otish oiladan boshlanadi. “Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanib turuvchi kishi davolanishga kamdan-kam muhtoj bo‘ladi» deb yozgan edi Abu Ali ibn Sino.
Jismoniy mashg‘ulotlar kasalliklar oldini olish birga ularni davolab, hayotdan yanada ko‘proq zavq olishimizga imkon beradi. Hozirgi kunda biz harakasizlik oqibatida yuzaga keluvchi sog‘liq muammolaridan zamonaviy tibbiyot yordamida nisbatan xalos bo‘lishga odatlanib qolganmiz.
Insonlarning hayot tarzi, ularning sanitariyaga doir bilimdonligi, bu bilimlarni kundalik turmushda qo‘llay olishlari va unga qat’iyan rioya qilishlari, o‘z organizmlari va badanlariga bo‘lgan ongli munosabatlari, o‘z salomatliklariga bo‘lgan munosabatlari sog‘liqni saqlashdagi eng muhim sharoitlar hisoblanadi. Ana shu elementlar salomatlikni, jismoniy va ruhiy faollikni, uzoq umr ko‘rish, umrni uzaytiruvchi omillar hisoblanadi. Boshqacha kilib aytadigan bo‘lsak, har bir muayyan shaxsning salomatligi birinchi navbatda uning hayot tarziga, ana shu turmush tarzi elementlariga ongli yondoshishiga bog‘liqdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2015 yilning o‘zida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar 40 million odamning umriga zavol bo‘ldi, bu esa dunyo bo‘yicha barcha o‘lim holatlarining 70 foizini tashkil qiladi.
Sog‘lom turmush tarzi — insonning kun tartibiga rioya etishi, faol harakat asosida organizmini chiniqtirishi, sport bilan shug‘ullanishi, to‘la va sifatli ovqatlanishi, gigiyenik qoidalarga amal kilishi, zararli odatlardan o‘zni tuta bilishidir, — deydi u. — Serharakatlilik organizmni tabiiy ravishda rag‘batlantirib turadi. Shuning uchun serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli bo‘ladi.
Afsuski, hozirgi urbanizasiya sharoitida keng jamoatchilik va yoshlarimiz o‘rtasida jismoniy faolik sezilarli kamayganligi ko‘zga tashlanmoqda. Shu bois jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kamharakatlilikka qarshi ommaviy kurashish, insonlarning yuksak jismoniy va aqliy ish qobiliyatini muhofaza etish, aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish tobora dolzarblik kasb etmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda hamma sohalarda misli ko‘rilmagan keng ko‘lamli va chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yangi O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davriga asos solmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”.
Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish ushbu milliy g‘oyamizning asosiy ustunlaridan biri deb e’tirof etilganligi chuqur ma’noga ega.
Nobel mukofoti laureati Amartya Kumar Sen va pokistonlik mashhur iqtisodchi Mahbub ul-Haq tomonidan Inson taraqqiyoti konsepsiyasi ilgari surildi. Bu g‘oya jamiyat rivojlanishining markaziga faqatgina oddiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish emas, aksincha eng avvalo inson, uning kamol topishi, bahtiyor hayot kechirishi, umrboqiy bo‘lishi kerakligiga asoslangan.
Inson taraqqiyotini belgilaydigan indeks mamlakat erishgan natijalarining uch yo‘nalishi o‘rtacha darajasini: salomatlik va uzoq umr ko‘rish (umr davomiyligi), ta’lim sifati va darajasi (ta’lim olish davomiyligi) hamda munosib va farovon hayot kechirish darajasi (aholi jon boshiga yalpi milliy daromad) bo‘yicha baholanadi.
O‘rta asrlardayoq Sharqdagi ilk Uyg‘onish davrining buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino “O‘z vaqtida, me’yori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo‘lamaydi. Badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘linsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan bir tartibga rioya qilmoq ham shart”, deb uqtirgan edi. “Tibbiyot otasi” deb tan olingan ko‘hna davrning mutafakkiri Gippokrat ham “Gimnastika, jismoniy mashqlar, piyoda yurish mehnat qobiliyatini va salomatligini saqlab qolmoqchi bo‘lgan, chinakam va shodmon hayot kechirishni xohlagan har bir odamning kundalik turmushidan mustahkam o‘rin olmog‘i lozim” deb tavsiya berganligi bejiz emas.
Aslida sog‘lom turmush tarzi deyilganda salomatlikni saqlash, kasallanishlarning oldini olish, umuman inson organizmini jismoniy faollik orqali mustahkamlash tushuniladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson saomatligining 20 foizini yashayotgan joyidagi muhit, 10 foizini sog‘liqni saqlash tizimi, 50 foizini esa sog‘lom turmush tarzi belgilaydi.
Sog‘lom turmush tarzining bosh omili hisoblangan jismoniy faollik jismoniy mashqlarni, sayrlarni, faol transportdan (velosipeddan) foydalanishni nazarda tutadi. Fiziologlar jismoniy faollikning har bir soati umrni 2-3 soatga uzaytirishini ham isbotlaganlar.
Bunda jismoniy faollik haftasiga kamida 2,5 soatni (haftaning besh kunida kuniga 30 daqiqadan) tashkil etishi shart. Shu bilan birga kuniga kamida 1 soat yurish (ya’ni taxminan 8000-10 000 qadam) tavsiya etiladi. Buning uchun, masalan agar jamoat transportidan foydalaniladigan bo‘lsa, boriladigan joydan 1-2 bekat ilgari tushib, qolgan masofani yayov yurib, bosib o‘tish mumkin.
Fan-texnika taraqqiy etib, qo‘l mehnati muttasil kamayib borayotgan hozirgi paytda jismoniy faollik nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining tekshirishlari bugungi kunda kurrai zaminimizdagi har to‘rt insondan birining jismoniy faolligi xalqaro tavsiyalarda belgilangan mezonlarga muvofiq emasligini ko‘rsatgan. Shuningdek yurak xastaligining 30 foizi, qand kasalligining (diabet) 27 foizi, yo‘g‘on ichak kasalligining 25 foizi bevosita jimoniy faollikning yetishmasligi bilan bog‘liq ekan. Agar butun insoniyat jismoniy faol bo‘lganida yiliga 5 million odam o‘limiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar ekan. Bu, ayniqsa yosh avlodga taalluqlidir. Dunyodagi o‘smirlarning 80 foizida jismoniy faollik yetishmasligi aniqlangan.
Shuning uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yoshga nisbatan jismoniy faollik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqan. Xususan, 5 yoshgacha bo‘lan bolalarga kuniga 3 soat, 5-17 yoshdagilarga – kamida 1 soat ammo jadallik bilan, 18-64 yoshdagilarga haftasiga huddi shunday 5 soat jismoniy faollik bilan shug‘ullanish tavsiya etilgan.
COVID-19 koronavirus pandemiyasi jamiyatda sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollikni qaror toptirishning nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu xastalik, birinchi navbatda, jismoniy faollik yetishmasligi oqibatida yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari kasalliklarga chlinganlar hamda ortiqcha vaznga ega bo‘lganlarga halokatli ta’sir qildi.
Yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga zamonaviy sport, shu jumladan yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, mahalla va ko‘cha fitnesi zamonaviy maydonchalari tashkil etish kiritilmoqda. Yilning har choragida tuman va shaharlarda “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovi tashkil etilib, uning g‘oliblari moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirib boriladi.
Ushbu keng ko‘lamli tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida 2025 yilgacha mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilotlari va muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish ta’minlanadi. Bu jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi qaror topishiga xizmat qilishi shubhasizdir.
Bolani jismoniy tarbiya va sportga jalb etishda mutaxassislarning fikricha, ota-onalarning shaxsiy namunasi katta ahamiyatga ega. Bolalar, qachonki ota-onalari ham ular bilan birgalikda yonma-yon shug‘ullanayotganlarini ko‘rsalar bu faoliyatga yanada qiziqadilar. Chunki jismoniy tarbiya bilan oilaviy shug‘ullanish zamirida oilaning tarbiyaviy imkoniyatlari kengayadi, ota-onalar va bolalar, ayniqsa “tarbiyasi og‘ir” o‘smirlar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi.
Jismoniy tarbiya va sport ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi to‘siqni bartaraf etib, ularda o‘zaro ishonch hissini vujudga keltiradi.
Ma’lumki, xatarli guruhga kiruvchi bolalarda ota-onalari bilan muloqot yetishmasligi kuzatiladi. Jismoniy tarbiya va sport esa birinchidan, bu bo‘shliqni to‘ldiradi, ikkinchidan, faqat shu jarayondagina ota-onalar (ayniqsa ota) bola uchun doimo ibrat bo‘lishi mumkin. O‘g‘li yoki qizini jismoniy barkamollik va uyg‘unlik dunyosiga jalb etib ota-ona ularda chekish, ichkilik va boshqa salbiy odatlarga nisbatan immunitetni shakllantirishi shubhasizdir. Ochiq havoda tetiklashtiruvchi mashqlar, yugurish, shahar tashqarisiga sayr oilaviy dam olishning eng yaxshi imkoniyatlaridir hamda jismoniy tarbiya va sport bilan birgalikda shug‘ullanishdan olingan hissiy quvvat doimo pozitiv, ijobiy sarflanadi.
Jismoniy madaniyat - oila madaniyatining tarkibiy qismidir. Oila va nikoh munosabatlarining barcha sohalariga singib, jismoniy tarbiya va sport bu munosabatlarni yanada yuqoriroq pog‘onaga ko‘taradi. Shuning uchun mutaxassislar ota-onalarga, ayniqsa tarbiyasi og‘ir bolani tarbiyalashda oilaviy sport katta ahamiyatga ega ekanligini uqtirishlari lozim.
Shunday qilib, o‘smirlar uchun yengil atletika, gimnastika, suzish, turli sport o‘yinlari, turizm bilan shug‘ullanish foydaliroq. Bu sport turlari unchalik ko‘p jismoniy zo‘riqishlarni talab etmaydi va organizm rivojlanishida yaxshi imkoniyatlarga ega. Lekin, bu boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish kerak emas demoqchi emasmiz. Har bir sport turi foydali, qachonki umumiy rivojlanish mashqlari bilan birgalikda olib borilsa va bolani zo‘riqtirmasa. Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish bola organizmining imkoniyatlarini kengaytiradi.
6-10 yoshli bolalar. Bu yoshli bolalar uchun yengil atletika, tennis, futbol, basketbol, suzish, gimnastika, figurali uchish seksiyalaridagi mashg‘ulotlar, shuningdek, aniqlik, epchillik rivojlanadigan, alohida e’tibor motorikaning rivojlanishiga qaratiladigan har qanday mashg‘ulotlar afzal. Yaqqol ifodalangan kuch bilan amalga oshiriladigan va tajovuzkorlikka moyilligi bo‘lgan, og‘ir atletika, sportning to‘liq – kontaktli va kuch bilan amalga oshiriladigan turlari tavsiya etilmaydi. Chunki bolaning organizmi endigina, yana notekis rivojlanmoqda. Agar bola mushaklarini astoydil rivojlantirishni boshlasa, bo‘g‘im va paylar shunchaki ulgurmaydi. Buning oqibatida turli og‘riqlar va boshqa noqulayliklar paydo bo‘ladi. Yana bu yoshda boshga zarba beriladigan boks bilan shug‘ullanish tavsiya etilmaydi. Bola mikrojarohatlar olishi va buning oqibatlari salbiy bo‘lishi mumkin. Bolalarni suzish bo‘yicha 7-8 yoshdan, figurali uchishga 6-7 yoshdan, sport gimnastikasiga 8-10 yoshdan (o‘g‘il bolalar), 8-9 yoshdan (qizlarni), tennisga 7-10 yoshdan o‘rgatish mumkin.
10-14 yoshli bolalar. Yuqoridagi yosh tarkibiga berilgan tavsiyalar bu yoshdagi o‘quvchilar uchun ham tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, ular sportning yakka kurash turi bo‘lgan dzyudo, sambo, ushu, karate, aykido va boshqalar bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Shunday sport turlari borki, unda vaqt bo‘yicha ahamiyatli bo‘lmagan, tezlik-kuchga oid xarakterdagi mashqlarni talab qiladi: akrobatika, yengil atletika, chang‘i, konkida yugurish sporti, tezlik mashqlari, voleybol, basketbol. Sportning bu turlariga 10-12 yoshdagi bolalarni jalb qilish tavsiya etiladi. 12-14 yoshdagi bolalarda sport turlarini tanlash imkoniyati kengayadi. Biroq bu yoshda birmuncha foydalisi kuch, tezlik, epchillik, irodaviy sifatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan turlaridir. Sportning bu turlariga yengil atletika, shayba va koptokli xokkey, chang‘i, konkida yugurish sporti, eshkak eshish, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, suvda o‘ynaladigan to‘p o‘yini va boshqalar taalluqli.
15 va undan katta yoshdagi bolalar. Bu yoshdagi bolalar uchun sportning yengil atletika, futbol, basketbol, suzish, gimnastika, shuningdek, kuch talab etadigan sport turlaridan og‘ir atletika, tosh ko‘tarish, kurash, kikboksing, tayekvondo va boshqa sport seksiyalarida shug‘ullanish tavsiya etiladi. Bu vaqtga kelib, ularning mushaklari kuchga to‘lib, pay, chandirlari yetarlicha mustahkamlanadi va o‘smirning kuchi hamda irodaviy sifatlarining rivojlanishi ustida ishlash xalal bermaydi, bu, ayniqsa, xatar guruhidagi bolalar uchun muhim.
Bolalarni kuch va bardoshlilik talab qilinadigan sport turlariga jalb etishgaa odatlanaylik.

Download 490.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling