Makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni izchil amalga oshirish va ularning natijalarini mustahkamlash maqsadida davlat organlarida institutsional rivojlanishni ta’minlash va zarur imkoniyatlarni yaratish — Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘rta muddatli budjetni to‘liq rejalashtirishga muvaffaqiyatli o‘tish uchun asos bo‘lgan moliya organlarining makrofiskal faoliyati cheklangan bo‘lib, ilg‘or amaliyotga mos kelmaydi.
Makroiqtisodiy prognozlarni tayyorlash uchun asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi javobgar hisoblanadi.
Moliya vazirligi Davlat budjeti daromadlarini prognoz va tahlil qilish funksiyasini bajaradi, ammo o‘rta muddatda davlat moliyasi barqarorligini va unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni (soliq-budjet siyosatining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri tahlili va o‘z navbatida, makroiqtisodiy omillarning Davlat moliyasi tizimiga ta’siri) tahlil qilish funksiyasi mavjud emas.
Davlat moliyasini boshqarish sohasida qonunchilik bazasini mustahkamlash
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni amalga oshirish davlat moliyasini jamlash va taqsimlashga doir masalalarni tartibga soluvchi normativ va uslubiy bazani takomillashtirish bilan birga olib borilishi lozim.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tayyorlash, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish jarayonidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi.
Moliya vazirligi tarkibiy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va makrofiskal tahlil funksiyalarini mustahkamlash
Moliya vazirligi tuzilmasining samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda vazirlik departamentlari, bosh boshqarmalari va boshqarmalari funksiyalarini, ularning tarmoq vazirliklari hamda boshqa birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilari bilan munosabatlarini o‘rganish lozim.
Makrofiskal tahlil funksiyalarini mustahkamlash doirasida davlat moliyasini boshqarish tizimini maqbullashtirish maqsadida Moliya vazirligining tahliliy salohiyatini uning tashkiliy tuzilmasi va mavjud ish jarayonlarini yangilash orqali oshirishga yo‘naltirilgan holda qayta ko‘rib chiqish zarur.
Ushbu yo‘nalishni amalga oshirishda rivojlanib borayotgan axborotlashtirish jarayonlari hamda Moliya vazirligi tarkibiy bo‘linmalari va boshqa davlat hokimiyati organlari funksiyalarining maqbullashtirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘aznachilikning hududiy bo‘linmalari va Davlat moliyaviy nazorat departamentining faoliyati tahliliy o‘rganilib, boshqarishning markazlashgan tizi
mini joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida:
Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va budjet daromadlarini aniq prognozlash imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish uchun budjet jarayonining barcha bosqichlarida vazirlik va idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqligi va hamkorligini ta’minlash yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Hozirda Davlat faoliyatining sezilarli qismi amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat budjeti jarayoni doirasidan tashqarida amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan davlat tadbirlarining aksariyat qismi budjetdan tashqari manbalar, ya’ni budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan bajarilmoqda. Bu tarzdagi xarajatlar esa Parlament tomonidan tasdiqlanadigan yillik budjet miqdorlari hamda Parlamentga taqdim etiladigan hisobotlarda aks etmaydi.
Ayrim davlat korxonalari faoliyatining samaradorligi pastligiga qaramasdan, iqtisodiyotda davlatning sezilarli ishtiroki saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan davlat korxonalari faoliyatida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |