287-modda. Sudning arizani qabul qilganidan keyingi harakatlari
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qiladi, ularga ushbu ariza va unga ilova qilingan materiallarning ko‘chirma nusxalarini yuboradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 156, 158 — 162, 283, 286-moddalari.
288-modda. Arizani ko‘rib chiqish
Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza u kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Sud arizani ko‘rib chiqib, ajrim chiqaradi. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi yoki sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 260, 283, 286, 287, 289 — 291-moddalari.
289-modda. Sudning vakolatlari
Sud sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqib, o‘zining ajrimi bilan:
arizani qanoatlantirmay qoldirishga;
sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni ilgarigi tarkibdagi yoki boshqa tarkibdagi sud tomonidan mazmunan ko‘rib chiqishni tiklashga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 260, 283, 286, 290, 291-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandi birinchi, o‘n beshinchi xatboshilari.
290-modda. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari
Agar sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishda sud tarafning sud majlisiga kelmaganligiga uzrli sabablar borligini va bu haqda sudni o‘z vaqtida xabardor qilish imkoniyati bo‘lmaganligini hamda taraf sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni taqdim qilayotganligini aniqlasa, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarori bekor qilinib, ishni mazmunan ko‘rib chiqish tiklanishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 280, 282-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 19.05.2018-yildagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 25-bandi to‘rtinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |