357-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish asoslari
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf:
1) hakamlik bitimi qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra haqiqiy emasligini;
2) hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalarni bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalardan ajratib olish mumkin bo‘lsa, sud hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalar mavjud bo‘lgan qismi uchun ijro varaqasi beradi;
3) hakamlik sudi tarkibining yoki hakamlik muhokamasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) to‘g‘risida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida zarur tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflari uchun hali majburiy bo‘lmaganligini yoki bekor qilinganligini yoxud uning ijrosi sud yoki iqtisodiy sud tomonidan to‘xtatib turilganligini isbotlovchi dalillarni taqdim etgan hollardagina rad etadi.
Agar hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan nizo qonunga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti bo‘lmasa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 16.10.2006-yildagi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 53-moddasi.
LexUZ sharhi
Do'stlaringiz bilan baham: |