III BO‘LIM. FUQAROLIK PROTSESSIDA ChET EL FUQAROLARI VA TAShKILOTLARINING, FUQAROLIGI BO‘LMAGAN ShAXSLARNING IShTIROKI
41-bob. Umumiy qoidalar
359-modda. Chet el fuqarolari va tashkilotlarining fuqarolik protsessual huquqlari
Chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi sudlariga murojaat qilish huquqiga ega va ular fuqarolik protsessual huquqlardan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadi.
Chet el tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi sudlariga murojaat qilish huquqiga ega va ular o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun fuqarolik protsessual huquqlardan foydalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va tashkilotlarining fuqarolik protsessual huquqlarining maxsus cheklanishiga yo‘l qo‘yilgan davlatlarning fuqarolari va tashkilotlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob tariqasidagi cheklovlar belgilanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-moddasi, mazkur Kodeksning 40 — 49-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 2-moddasi uchinchi qismi, 1169-moddasi ikkinchi qismi.
360-modda. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning fuqarolik protsessual huquqlari
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi sudlariga murojaat qilish huquqiga ega va ular fuqarolik protsessual huquqlardan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-moddasi, mazkur Kodeksning 40 — 49-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 2-moddasi uchinchi qismi, 1169-moddasi ikkinchi qismi.
361-modda. Chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etayotgan nizolar, shuningdek loaqal bittasi chet elda yashab turgan taraflar o‘rtasidagi nizolar bo‘yicha fuqarolik ishlari O‘zbekiston Respublikasi sudlarining sudloviga tegishli bo‘lishi
Chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etayotgan nizolar, shuningdek loaqal bittasi chet elda yashab turgan taraflar o‘rtasidagi nizolar bo‘yicha fuqarolik ishlari O‘zbekiston Respublikasi sudlarining sudloviga tegishli bo‘lishi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeks bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |