Oʻzbekiston respublikasining soliq kodeksi (Yangi tahriri) Oʻzbekiston Respublikasining
-modda. Tovarlarni realizatsiya qilish joyi
Download 4.81 Mb. Pdf ko'rish
|
Снимок экрана 2023—11—28 в 12.18.51
- Bu sahifa navigatsiya:
- 241-modda. Xizmatlarni realizatsiya qilish joyi
240-modda. Tovarlarni realizatsiya qilish joyi
Quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududi tovarlarni realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladi: 1) tovar Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan boʻlsa va bitim natijasida uning hududidan tashqariga chiqarilmaydigan boʻlsa; 2) tovar joʻnatish yoki transportda tashish boshlangan paytda Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan boʻlsa. 241-modda. Xizmatlarni realizatsiya qilish joyi (1-q.) Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, basharti bunday xizmatlarning xaridori Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshirsa yoki tursa, Oʻzbekiston Respublikasi hududi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladi. (2-q.) Agar xizmatlarning xaridori Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxsni (uning filiallarini yoki vakolatxonalarini) yoki jismoniy shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish asosida haqiqatda hozir boʻlsa, mazkur hudud xaridorning faoliyatni amalga oshirish joyi deb eʼtirof etiladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan taqdirda, xaridorning Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda hozir boʻlishi yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan joy yoki uni boshqarish joyi, uning doimiy muassasasi joylashgan yer (agar xizmatlar ushbu doimiy muassasa orqali olingan boʻlsa), jismoniy shaxsning yashash joyi asosida belgilanadi. (3-q.) Quyidagi hollarda ham Oʻzbekiston Respublikasi hududi xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladi, agar: 1) xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan koʻchmas mol-mulk bilan bevosita bogʻliq boʻlsa. Bunday xizmatlar jumlasiga, xususan, arxitektura loyihasini ishlab chiqish, qurilish faoliyatini tayyorlash va muvofiqlashtirish, arxitektura va qurilish faoliyati ustidan mualliflik va (yoki) texnik nazorat bilan bogʻliq boʻlgan qurilish, montaj qilish, qurilish-montaj xizmatlari, koʻchmas mol-mulkka doir ishga tushirish-sozlash, taʼmirlash, restavratsiya qilish ishlari, koʻkalamzorlashtirish ishlari, shuningdek koʻchmas mol-mulkni ijaraga berish kiradi; 2) xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida haqiqatda boʻlgan koʻchar mol-mulk bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, bundan transport vositalarini ijaraga berish mustasno. Bunday xizmatlar jumlasiga, xususan, koʻchar mol-mulkni montaj qilish, sozlash, yigʻish, ishlov berish, qayta ishlash, taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish, saqlash kiradi; 3) umumiy ovqatlanish, koʻngilochar, dam olish va boshqa shunga oʻxshash xizmatlar, turizm, mehmonxona xizmatlari va joylashtiruvi, madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sport, oʻqitish (taʼlim) sohasidagi, shu jumladan malaka imtihonlari oʻtkazish, seminarlar, malaka oshirish kurslarini, pullik koʻrgazmalarni, konferensiyalarni, simpoziumlarni va boshqa shunga oʻxshash tadbirlarni tashkil etishga doir xizmatlar haqiqatda Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻrsatilsa. Ushbu bandning qoidalari elektron shaklda koʻrsatiladigan oʻqitish (taʼlim) sohasidagi xizmatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. 4) tashish va (yoki) transportda tashish boʻyicha xizmatlar yoxud bevosita tashish va (yoki) transportda tashish bilan bogʻliq xizmatlar quyidagilar tomonidan koʻrsatiladigan boʻlsa: a) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, agar joʻnatish punkti va (yoki) belgilangan punkt Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlsa. Ushbu kichik bandda koʻrsatilgan qoida ushbu transport vositalarida tashishni (transportda tashishni) nazarda tutuvchi, kemada vaqtincha yuk tashishga doir shartnoma boʻyicha (ekipaj bilan boʻlgan vaqtga) transport vositalarini berish chogʻida ham qoʻllaniladi. Bunda, agar havo kemalaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan punktlar oʻrtasida tashish uchun foydalaniladigan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududi kemada vaqtincha yuk tashish shartnomasiga koʻra havo kemalarini foydalanishga berish boʻyicha xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etilmaydi; b) chet ellik shaxslar tomonidan, agar joʻnatish punkti va belgilangan punkt Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlsa (bundan chet el yuridik shaxslari tomonidan yoʻlovchilarni, pochtani va yukni ushbu yuridik shaxsning doimiy boʻlmagan muassasasi orqali tashishga doir xizmatlar mustasno). Ushbu kichik bandning qoidalari tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga yetib kelish joyidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketish joyigacha transportda tashish chogʻida bojxona tranzitining bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni bevosita tashish va (yoki) transportda tashish bilan bogʻliq xizmatlarga hamda ushbu qismning 5-bandida koʻrsatilgan xizmatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi; 5) tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga yetib kelish joyidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketish joyigacha tashish chogʻida bojxona tranzitining bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni tashish va (yoki) transportda tashish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlar (bundan ushbu qismning 7-bandida koʻrsatilgan xizmatlar mustasno) Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar yoki chet el yuridik shaxsining doimiy muassasasi yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan koʻrsatilsa; 6) havo kemalariga bevosita Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarida va Oʻzbekiston Respublikasining havo hududida koʻrsatiladigan xizmatlar, shu jumladan aeronavigatsiya xizmatlari koʻrsatilsa; 7) Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tabiiy gazni quvurlar orqali tashishni tashkil etish boʻyicha xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan koʻrsatilsa; 8) ijaraga berish paytida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish bilan bogʻliq xizmatlar. Agar xizmatlar transport vositalarini uzoq muddatli ijaraga berish bilan bogʻliq boʻlsa, transport vositalarining joylashgan yeridan qatʼi nazar, xizmatlarni sotib oluvchining faoliyatini amalga oshiradigan joyi (joylashgan yeri) bunday xizmatlarning realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladi. Bunda havo va dengiz kemalariga, vertolyotlarga va temir yoʻl transportining harakatdagi tarkibiga nisbatan shartnoma, agarda u 90 kungacha boʻlgan muddatga tuzilgan boʻlsa, qisqa muddatli deb hisoblanadi. Boshqa transport vositalariga nisbatan bunday shartnomalar 30 kungacha boʻlgan muddatga tuzilgan boʻlsa, qisqa muddatli deb hisoblanadi; 9) televideniyeda va (yoki) radioda, ommaviy axborot vositalarida va boshqa shakllarda reklamani joylashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining hududida amalga oshiriladigan xizmatlar; 10) ushbu Kodeksning 282-moddasida koʻrsatilgan elektron shakldagi xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan yoki faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar tomonidan olinsa. Bunda, agar quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilsa, Oʻzbekiston Respublikasining hududi jismoniy shaxs tomonidan elektron shakldagi xizmatlarni olish joyi deb eʼtirof etiladi; a) xaridorning yashash joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlsa; b) xaridor tomonidan xizmatlarga haq toʻlash uchun foydalaniladigan bank yoki xaridor tomonidan xizmatlarga haq toʻlash amalga oshiriladigan toʻlov tizimlarining operatori Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlsa; v) xaridor xizmatlarni olish chogʻida foydalangan tarmoqning manzili Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa; g) xizmatlarni olish yoki xizmatlarga haq toʻlash uchun foydalaniladigan telefon raqami mansub boʻlgan mamlakatning xalqaro kodi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan berilgan boʻlsa. (4-q.) Oʻzbekiston Respublikasi, agarda ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan xizmatlarni realizatsiya qilish joyi unda belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlmasa, ushbu xizmatlarni realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etilmaydi. (5-q.) Agar xizmatlar koʻrsatish asosiy xizmatlarni realizatsiya qilishga nisbatan yordamchi xususiyatga ega boʻlsa, bunday realizatsiya qilish joyi deb asosiy xizmatlar realizatsiya qilingan joy eʼtirof etiladi. Download 4.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling